Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan

0
344
marta koʻrilgan.

Dam olish kuni kechgacha uyda boʻlib, anchadan beri ortga surilib kelayotgan ishlarimni tartibga soldim. Kamtargina ijodxonaning kunbotar tarafidagi derazasi qiya ochiq, undan endigina kirib kelgan bahorning yengil-yengil nafas olishlari eshitilib turardi. Biroz oldin oppoq bulutlardan yogʻib oʻtgan yomgʻirning isi xonani tutgan, bu yomgʻir goʻyo mening ruhimga yogʻib, undagi bor tashvish va dardlarimni oʻzi bilan yuvib ketgandek edi. Ayni damda oʻzimni qushdek yengil his qilardim. Botayotgan quyoshning soʻnggi nurlariga qishi bilan sogʻinib chiqqanimiz – oftobning iliqligi enib, u yuzimga tekkani sari qandaydir mehrga oʻxshash bir taftni his qilardim. Asta oyna yoniga bordim va deraza raxiga tayangancha tashqaridagi koʻklamning ovoziga quloq tutdim. Shu damda olis-olisdan bir kuy sasi kela boshladi. Bu kuy mening qalbimga shu qadar singib ketgan ediki, xuddi mening ichimdan chiqayotgandek. Bu navo bundan ancha vaqt oldin boʻlib oʻtgan, yurakning tub-tubida yotgan bir xotirani uygʻotib yubordi.

 

* * *

…U auditoriyaga kirib kelgan kuni men allaqachon yigirma besh yoshni urib qoʻygan, qoʻshni qizlarning mish-mish gaplari bilan aytganda “ancha-muncha narsalarni koʻrib, ichidan qarib ketgan” yigit edim. U esa endigina oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshga kirgan, boʻyi mendan ham baland ukamning taʼbiri bilan aytganda: “Qibla tarafdan shabada essa ham yiqilib tushadigan darajada” nozik edi.

Guruhdoshlarim ichida yoshim katta boʻlganligi uchun auditoriyaning “toʻri”, yaʼni eng orqa tarafi hamisha kaminaga tegishli boʻlar, bu esa, baʼzida darsning qoq yarmida uyquni tortib yuborish uchun-da qulay edi.

Xullas, u biroz jilmaygan koʻyi bir-bir qadam bosib xona oʻrtasigacha keldi-da, boʻsh joy qidirganday bir zum taraddudlandi. Yonimdagi boʻsh joyni koʻrib, qimtinibgina, yerga tikilgancha men tomonga yura boshladi. Guruhimizda ungacha oʻttiz yigit va bir qiz oʻqirdik. Oʻsha kuni yolgʻizgina erka qizimiz ham darsga kelmagan, qush bozoriga oʻxshab, qiy-chuv qilib oʻtirgan bolalar u kirib kelishi bilan negadir gʻayritabiiy bir tarzda tinchigan, bundan ham qizigʻi, xonaga birorta begona qiz adashib yoki dekanatning ishi bilan kirib qolgan mahallarda boshlanib ketadigan hushtakbozligu qarsakbozliklar bu safar birdan hammaning esidan chiqib qolgandek edi. U asta qadam bosib kelar ekan, qadamlarining “taq-tuq” tovushi xona boʻylab aks-sado berardi.

Shu paytgacha qancha qizlarning qoʻlidan ushlab, qulogʻiga sheʼr shivirlab yurgan boʻlsam-da, biror marta bu qadar qattiq hayajonga tushmagan edim. Uning men tarafga kelayotganligining oʻziyoq, ich-ichimdan qandaydir bir toʻlqinni uygʻotdi… Beixtiyor parta ustida betartib sochilib yotgan kitob va daftarlarimni yigʻishtirib, unga joy ocha boshladim. U esa hamon men tarafga kelardi: taq-tuq, taq-tuq…

U xuddi quyoshga oʻxshardi. Biz – butun auditoriya – kungaboqarday burilib, undan koʻz uzolmasdik. Bir tekis, oʻlchanganday tashlanayotgan qadamlar: taq-tuq, taq-tuq…

Va nihoyat u men oʻtirgan partaga juda yaqin keldi. Men esa, bu paytda u mening yonimga oʻtirishiga butkul ishongan, men tarafga oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻyayotgan guruhdoshlarimga gʻolibona bir nazar bilan – labimning bir chetini sal uchirgancha, kulib turardim…

U yetib keldi-yu oʻylab ham koʻrmasdan shart burilib, narigi qatordagi boʻsh joylardan biriga borib oʻtirdi. Xonaga ogʻir sukunat choʻkdi. Hech kimdan ovoz chiqmas, hamma ustimdan jimgina kulayotgandek edi. Oʻzining qitmirligi va shoʻxligi bilan guruhda otning qashqasidek boʻlib qolgan qashqadaryolik kursdoshim Jasur sekingina, lekin hamma eshitarli qilib “Imm…” dedi-yu, “shilq” etib parta ustiga yiqildi. Yana bir andijonlik joʻramiz esa mingʻirlab sheʼr oʻqiy boshladi:

 

Oy yuzidan nur yogʻar sim-sim,

Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…

 

Men esa ayni damda oʻzimni tahqirlangandek his qilar ekanman, dam daftarni, dam kitobni sababsiz, asabiy varaqlardim. Shu lahzalarda ongu shuurimning ich-ichidan, qandaydir oʻzim ham bilmagan joylardan, yurakning hali xayol yetib bormagan burchaklaridan hazin bir kuy, kuy-ki odamni jang oldidan ruhlantirishga qodir, navo-ki, unda insonga chek-chegarasiz olamni bosib oʻtishga yetadigan qudrat bagʻishlovchi kuch bordek edi. Bu koʻngil kuyining ohangidan men faqat bir narsanigina ilgʻashga ulgurdim: “Albatta uning muhabbatini qozonishim kerak!” Qolganlarini anglashga menda fursat va tafakkur yetmadi, chogʻi. Zero, shuning oʻzi ham menga bir olam ishonch baxsh etgan edi.

Bu paytda auditoriya ham asta-sekin oʻzining eski holatiga qayta boshlagan, hamma oʻz ishini qolgan joyidan davom ettirishga tushib ketgan edi: kimdir kimgadir latifa aytar, yana kimdir sherigining telefonidagi suratlarni tomosha qilishga tushib ketgan. Shunday boʻlsa-da, u hamon hammaning diqqat markazida edi. Bolalar tez-tez unga oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻyar, u qayoqqa qarayotganligini bilmoqchi boʻlayotgandek, zimdan kuzatishardi. U esa beparvo, faqat baʼzan derazadan tashqariga koʻz tashlar ekan, boshqalar ham unga taqlid qilgandek oʻsha tarafga qarab qoʻyishardi. Lekin birorta talaba uning oldidagi boʻsh joyga borib oʻtirishga jurʼat topa olmasdi. Shu mahal eshik shahd bilan ochilib, darsga kechikkan domla xonaga kirib keldi va hamma birdan oyoqqa qalqdi. Uch-toʻrt kishi boshlagan “As-salomu a-ley-kum” soʻzlarini butun auditoriya joʻr boʻlib tugatdik. Shundan keyin xonani portfellarning “qars-qurs”lari-yu kitoblarning “tap-tup” ovozlari tutib ketdi – hamma darsga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Mening xayolimda hamon uning “taq-tuq, taq-tuq” qadam tovushlari-yu, shoirning sheʼri aks-sado berib turardi:

 

Shirin tushlar koʻrsin sevgilim,

Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan…

 

Darslar tugab, hamma uy-uyiga tarqalish harakatiga tushganda, kuni boʻyi shahar xiyobonlaridagi daraxtzorlar ichida mudrab oʻtirgan qorongʻulik atrofga yoyila boshlagan, biroz oldin yogʻib oʻtgan bahor yomgʻiri yoʻlaklarni ham yangi kelin suv sepib, supurganday qilib qoʻygan edi. U bilan oliygoh qopqasidan izma-iz chiqib borar paytimizda havodan ham qishning zahri ketgan, bahorning yoqimli shabadasi endigina sharflardan holi boʻlgan yoqalardan kirib, etni huzurbaxsh junjiktirayotgan, kech tushishi bilan xiralashgan osmondagi bulutlar qoʻngʻir-qora tusga kirib turgan bir mahal edi.

Ketma-ket ketib boryapmiz-u, xayolan unga nima deyish haqida oʻylayman. Aksiga olib kallamga ham biror tuzukroq fikr kelmayotgan edi. Nihoyat bir chuqur nafas oldim-da, ketidan yetib olib:

– Salom! Endi bizning guruhimizda oʻqiysizmi? – dedim.

Shunday dedim-u, ovozimdan oʻzim uyalib ketdim. Ovozim juda past, buning ustiga bemorlarnikiga oʻxshab xirillab chiqqan edi.

Tabiiyki, u gapimga tushunmadi va menga “yalt” etib qaradi. Keyin jilmaygancha:

– Kechirasiz, nimadir dedingizmi? – dedi.

– Salom, degandim. Keyin, endi bizning guruhda oʻqiysizmi, deb soʻradim, – dedim bu safar tetikroq tovushda.

– Hm-m, – dedi u. Keyin jilmaygan koʻyi davom etdi: – Men boʻlsam, oʻzingizga oʻzingiz gapiryapsizmi, deb oʻylabman.

– Savolimga javob bermadingiz?

– Javob berishim shartmi?

– Ha endi… balki, bundan keyin kursdoshmizmi, deyman-da.

– Boʻlishi mumkin…

Suhbatimiz u qadar qovushmadi. U esa hamon xiyol jilmaygan koʻyi, yerdan koʻzlarini uzmagan holda men bilan yonma-yon ketib borardi. Uning birgina shu tabassumi ham shu qadar chiroyli ediki, u yoʻlak boʻyidagi endigina bosh koʻtargan maysalar bilan yaxlit bir manzarani kasb etardi. Biz bu mahalda bekatga yaqin kelib qolgandik.

– Kechirasiz, ismingiz nima? Odatda guruhga yangi kelganlarni tanishtirishardi. Siz bilan esa birorta domla kelib, tanishtirmadi ham, – dedim. Bu paytga kelib ichimda potirlayotgan hayajon bosilmagan boʻlsa-da, oʻzim anchagina dadillashib qolgan edim. U menga taftishchi nigohlari bilan qarab turdi-da:

– Sizni faqat shu qiziqtiradimi? – dedi kulimsirab.

Yana kalavaning uchini yoʻqotib qoʻydim. Boshim qizib, quloqlarim shangʻillay boshladi.

– Yoʻq, e-e, ha, umuman aytaman-da.

– Mayli, xayr boʻlmasa. Meni olib ketgani kelishdi.

U yonginamizga kelib toʻxtagan avtobusning zinalaridan salonga koʻtarilar ekan, men tarafga yana bir bor “yalt” etib qarab qoʻydi.

– Mayli… xayr… – dedim boʻshashibgina. Lekin ovozimni oʻzimdan boʻlak hech kim eshitmadi.

Yurilaverib har bir muyulishi, har bir binosi tanish boʻlib qolgan koʻchalardan talabalar shaharchasidagi yotoqxonamga qaytar ekanman, atrof ham har kungidan boshqacha goʻzal edi. Butun borligʻim va xayolimda u bilan nomini oʻzim ham bilmaydigan bir joylarda sayr qilib yurardik.

Mening nazarimda u bilan chiqishib ketish osondek, umuman dunyoda hamma ishni qilish osondek koʻrina boshladi. Ayni damda butun Toshkentni piyoda aylanib chiqishga qodirdek sezardim oʻzimni.

Yotoqxonaga yetib keldim-u ertangi kunni orziqib kuta boshladim. Xonadoshlarimning qochirimli gaplariga ham eʼtibor bermay, faqat u haqda xayol surardim. Zero, men uchun hozir eng zavqli narsa ham shu edi. “Qiziq, uning ismi nima ekan? Maftunamikin? Yoʻ-oʻq, uning ismi bundan ham chiroyli. U dunyodagi eng chiroyli ismga munosib.”

…Gap-soʻzlaridan biroz shoʻx boʻlib koʻrinsa-da, oʻziga yetarli darajada jiddiy ham edi va xuddi mana shu jiddiylik u haqda yengil xayollarga borishimdan saqlab turardi.

Ertasi kuni uning ismi maʼlum boʻldi. Guruh jurnaliga yozilganda bildik. Ruxshona. Bu ism oʻy-xayollarimni shu qadar band etdiki, koʻzimga koʻringan yozuvlardan uning ismida ishtirok etgan harflarni izlaydigan boʻlib qoldim. Bir soʻz bilan aytganda shoirlar mubolagʻa qilib yozadigan devonalik menda haqiqatga aylangan edi. U bilan qisqa-qisqa suhbatlarimizdan yana shu narsani bildim: u men birinchi kunda oʻylaganimdek har doim shoʻx-shodon emas ekan. Uning koʻzlarida qandaydir mung yashirin edi. Shu sabablimi, baʼzan maʼyus tortib qolar va bu damlarda men ham dunyolarga sigʻmay ketardim…

Shu tariqa uch oy koʻz ochib yumguncha oʻtdi-ketdi. Bu orada uning maʼyusligi, gʻamginligi ham ortaverdi. Uning birinchi kundagi, huvv oʻsha, ilk bahorda, yangi yomgʻir yogʻib oʻtgan yoʻlakda boʻlib oʻtgan suhbatdagi shoʻxligi, quvnoqligidan bu paytga kelib asar ham qolmagandi.

U mening soʻrovlarimga ham javob bermas, negadir doim yolgʻiz qolishga intilardi. Bir koʻnglim “u seni hech qachon yaxshi koʻrib qolmaydi,” desa, yana bir koʻnglim “hammasi oʻzingning harakatingga bogʻliq,” derdi. Men uning oʻsha, birinchi kungi shoʻx kulgusi-yu quvnoqligi, ovozidagi jarangdorlikni sogʻinardim. Uni yana shu holatda koʻrgim kelardi…

 

Sen, dilimda yashnagan chechak,

Biz birgamiz, qayda yashasak!

 

Shoir mening dardlarimni bilib yozgandek edi goʻyo. Qani endi oʻz muhabbatingni yetaklasang-u, hech kimning qadami yetmas joyga olib ketsang. Uni oʻsha joyga yashirib qoʻysang. U joyga begona nigohlar oralamasa. Har xil koʻngilxiraliklar-u bu dunyoning tashvishlari yetib bormasa. Shunday joy bormikin? Agar bor boʻlsa, qayerda boʻlishi mumkin? Koʻngilning tubidami? Lekin koʻngilning eng tubidagi muhabbat ham vaqti kelib oʻzini oshkor qilib qoʻyishi mumkin-ku.

Yozgi taʼtil ham boshlanib, barcha talabalarning quvonchi ichiga sigʻmaydigan palla kelgan edi. Hamma xursand, faqat meni undan uzoqlashish qaygʻusi qiynar edi. Uni koʻrmasdan uch oylik taʼtilni qanday oʻtkazaman? Koshki oramiz yaqin boʻlsa. U boshqa viloyatda, men boshqa viloyatda. Buning ustiga qishloq sharoiti… Tomorqa va uydagi ishlardan ortib, biror joyga chiqish muammo. Yana bizning xonadonda bir soʻm pulning ham oʻz ishlatiladigan joyi bor ediki, bu holatga men ham allaqachonlar koʻnikib boʻlgan edim. Buning ustiga ota-onamga ham biror qiz haqida gapirish juda qiyin edi.

U menga roʻyxushlik bermagan boʻlsa-da, negadir ich-ichimdan “u ham meni yaxshi koʻradi” degan oʻy oʻtaverardi. Bu orada necha bor unga qoʻngʻiroq qilgan boʻlsam, hammasi besamar ketdi. Telefonxatlar ham havoga uchgandek javobsiz qoldi…

Qushlarning chugʻur-chugʻurlariyu, hamma yoqni changitib podadan qaytayotgan mol-qoʻylarning ovozlari bilan azim yoz fasli ham oʻtib ketdi. Oʻqish boshlanishi oldidan talabalar yotoqxonasiga joylashdim. Darslar boshlangan kuni yuragim hapqirib, institut tomonga uchib bordim. Kursdosh bolalar hammasi bir-biri bilan quchoqlashib hol-ahvol soʻrashar, yozgi taassurotlarni soʻzlab charchashmasdi. U ham shu yerda edi. Jilmaygan koʻyi kimningdir soʻzlarini tinglarkan, qoʻlidagi besh-oltita kichik xatjildlar titrab turardi. Men bilan ham oʻshanday, jilmaygancha bosh qimirlatib soʻrashgan boʻldi. Mening koʻzlarim esa xatjildlarda – ular titrab turardi.

Oʻsha kunning oʻzidayoq men uchun mashʼum bir haqiqat ayon boʻldi. Titrayotgan xatjildlar uning toʻyiga taklifnomalar ekan. Shundan keyin nimalar boʻlganligini aytib oʻtishimga hojat yoʻq, deb oʻylayman. Faqatgina darslar tugab, yana oʻsha yoʻlakdan yonma-yon qaytar ekanmiz, havoda ham kuzning ogʻir qora bulutlari izgʻib yurardi. U qoʻlidagi soʻnggi taklifnomani qoʻlimga tutqazdi-da:

– Meni kechiring. Sizni xafa qilmoqchi emasdim, – dedi.

– Nega axir… Qanday qilib axir…

– Bu ancha oldin pishitilgan savdo. Ota-onam meni yoshligimda unashtirib qoʻyishgan.

– Men hech kimdan xafamasman. Lekin odam oʻzi uchun ham yashashi kerak-ku. Istasangiz hamma masʼuliyatni boʻynimga olaman.

U aqlli qiz edi. Nima demoqchi boʻlayotganligimni darrov tushundi.

– Yoʻq! Buning keragi yoʻq. Men hech qachon ota-onamning yuzi yerga qarashini istamayman. Ular oldidagi masʼuliyatim ham, burchim ham bunga yoʻl qoʻymaydi. Hissiyotlarga berilib ish koʻrsam, oxiri yaxshi boʻlmasligi mumkin, – dedi qatʼiy qilib.

U soʻnggi gaplarini qatʼiylik bilan aytgan boʻlsa-da, ovozidagi titrashni anglash unchalik qiyin emasdi. Bekatga kelib toʻxtagan avtobus tomon burilar ekan, past ovozda:

– Mayli, xayr, meni olib ketgani kelishdi. Xayr, Siz yaxshi odamsiz, – dedi. Unga diqqat bilan, xuddi soʻnggi bora koʻrayotgandek termular ekanman, koʻzlarining tub-tubidan toʻfon kabi yopirilib kelayotgan yoshlarni koʻrdim. Shu lahzada uning nima uchun kundan-kunga gʻamginlashib borayotganligi ham ayon boʻlgan edi men uchun.

U avtobusga chiqdi-yu odamlar orasiga singib ketdi. Huvillagan bekatda yana yolgʻiz oʻzim qoldim. Kuzning ilk kunlari boʻlishiga qaramay oldin bitta-bitta, keyin esa shovullab yomgʻir yogʻa boshladi. Ammo bu safargi yomgʻir kuz yomgʻiri edi. Qoʻlimdagi taklifnomaga qayerdandir tomchilar tomar, bu tomchilar yomgʻirmi yoki mening koʻzimdan tomchilayotgan yoshlarmi, buni aniq ajrata olmasdim.

 

Biz ketsak, yer kengayib qolar,

Osmon ham sal enkayib qolar,

Bir qora koʻz jilmayib qolar,

Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan!

 

* * *

Hamon deraza raxiga suyangancha, tashqaridagi bahorni tomosha qilardim. Qayerlardadir haliyam oʻsha kuy oʻzining hazingina ohangini taratardi. Shu paytda bir narsaga amin boʻldim – Muhabbat hayot ekan, bu kuylar oʻlmaydi. U abadiy yashaydi!

 

Behzod BIYBOLAYEV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.