Yulduz shuʼlasi

0
158
marta koʻrilgan.

Hayotda bosilgan yoʻllar ortda qoladi, xayol esa to tirik ekanmiz, koʻz oʻngimizda turadi.

Erkin Vohidov voqelikka ziddiyatda yashamasdi, aksincha, doim voqelik bilan uygʻunlik qidirardi: butun rang-barang ijodiyoti shunday uygʻunlikka erishmoqlikning ajib samarasi.

Uygʻunlikka intilish insoniy feʼl-atvorini, tabiatini boshqarardi va tomirlarida misoli qon kabi oqardi.

U hayot va ijtimoiy voqelikning achchiq haqiqatlarini dadil koʻtarishdan sira qaytmasdi, bundan uni qaytaradigan kuch yoʻq edi. U ziddiyatli hollarni yengib oʻtishni, xalqni Sharq odob-axloqiga tayangan holda ilgʻor xalq sifatida koʻrishni istardi. Bunda u yaqin ustozlar Behbudiy, Qodiriy, Avloniy, Tavallo, Choʻlpon, Fitratga izdosh, ular orzu-aʼmollarini roʻyobga chiqarishga tarafdor edi. Hayot esa ziddiyatlarga toʻlib-toshib yotardi.

Erkin Vohidov “Hadson koʻrfazidan Tokio bandargohigacha” degan publitsistik serfikr maqolasida quyidagilarni yozgandi: “Shahar tiklash, yurt obod qilish oson, tafakkur tarzini oʻzgartirish qiyin. Toki yangicha fikrlovchi insonlar jamiyatda yetakchi kuchga aylanmaguncha rivojlanish, yuksalish boʻlmaydi. Bunday soʻzlarning, ayniqsa, fikrlar qarama-qarshiligi, bahs muhiti, konstruktiv oppozitsiya, soʻz erkinligi, real koʻppartiyaviylik haqidagi oʻtkir xitoblarning hammaga ham xush yoqavermasligi tayin. Amaldorlar ichida “men bilan bahslashib koʻr-chi, qisqichbaqalar qishlaydigan joyni koʻrsatib qoʻyaman” deguvchilar ozmi? Ular buni tilda aytmasalar ham dilda aytadilar. Jasoratli ishlar jasoratli insonlarga nasib etadi. Erkin Vohidovning oʻzi shunday jasoratli inson edi. Bu xalq manfaatlarini koʻzlaydigan va himoya qiladigan maʼrifatli jasorat edi. Oldi-qochdilar, bulhavasga aytiladigan puch-tumtaroq gaplar emasdi. Uning sheʼrlari publitsistikasining davomi, publitsistikasi esa tafakkur zavqlariga toʻla sheʼrlarinig uzviy va jonli davomi edi. “Bizning zuvalamizda yaponlarda bor xususiyatlar yoʻqmi? Mardlik, Oriyat, Insof-Diyonat, Lafz kabi ota-bobolarimizdan meros, zamonlar oʻtib ham yoʻqolmagan fazilatlar xalqimizning barcha imkonlardan aʼlo imkoni, salohiyatidir. Jahon bilan muloqotlarda bizga asqotadigani ham shu fazilatlardir”. Oʻquvchimiz sezgandir bu kabi fikr-oʻylarning bari shoir ijodidan buyuk insoniy-gʻoyaviy oqimga aylanib harakat qiladi va jon-dildan harakat qilishga undaydi. Erkin Vohidov yaxshiliklarga chin dildan yayrab quvonardi, gʻazab-jaholatlardan qattiq ozor chekardi. Uning shoir yuragi oʻta nozik qurilgandi.

Atoqli shoir, koʻzga koʻringan jamoat arbobi Erkin Vohidovning bolalik va oʻsmirlik ongi XX asr 30-yillarining oxirlari, qattol Ikkinchi jahon urushi davrida suvratlandi. U 1936 yilning 28 dekabrida ikki kamolga yetgan ziyoli muallim oilasida dunyoga keldi. Otasi tarix muallimi edi – otasidan tarixga zoʻr qiziqishlar oʻtdi; onasi juda mohir hunarmand edi – joʻgʻrofiyun onadan jahonbonlik, dunyo koʻrish, tinimsiz sayyohatlarga ishtiyoqlar kasb etdi. Dunyoni necha bor Yaponiyadan Los-Anjelesgacha paydar-pay kezib chiqdi. Koʻzining ufqlari behad kengaydi. Sayohat, sayrlar ishtiyoqi uni to soʻnggi damlarigacha tark etmadi.

Erkin Vohidovning butun hayoti va ijodi xalqning, muxlislarning koʻz oʻngida kechdi. Koʻpminglab, balki millionlab muxlislar uning hayoti sahifalarini yaxshi biladilar, shoirlari, donishmandlari kabi yaxshi taniydilar va sevadilar. Shuning uchun bu kichkina maqola doirasida uning hayoti sanalariga keng toʻxtalib oʻtishning hojati yoʻq. Faqat shuni yana bir karra qayd etib oʻtaylikki, shoirning yorqin dunyoqarashi, ijod masalalariga munosabati, tinimsiz aqliy-ruhiy oʻsa-oʻzgara borishida XX asrning oltmish toʻrt yili oʻz chuqur izlarini, muhrlarini qoldirdi. Urush yillari ota-onadan bevaqt judo boʻlish kelajakning porloq niholiga xiyla dramatik chiziqlar tortdi. Shoir oʻzi boshidan kechirgan voqealarni eslab, “umrim halovatsiz kechdi. Na uyquda va na uygʻoqlikda halovat koʻrdim, – deb yozdi. – Ijodiy mehnatning tabiati shunday ekan, men uni baxt deb qabul qildim. Boshimga koʻp gʻamlar ham tushdi… gʻamlarimning koʻprogʻi ezgulik tashvishlari boʻldi: Kitob yozish va nashr qilish gʻami, imorat qurish gʻami, yangi jurnalni oyoqqa turgʻizish gʻami ( Erkin Vohidov kezi kelganda “Yoshlik” jurnalini tashkil etishda bosh-qosh, uning ilk bosh muharriri boʻlgan, juda koʻp talantlarni yuzaga chiqishiga katta saʼy-harakatlar qilgan, juda koʻplab yoshlar Mirtemir, Zulfiya, Shayxzoda qatori Erkin Vohidovni oʻzlariga ustoz bilib, unga sidqidildan ergashganlar) to tirik ekanman, meni bu xil gʻamlar tark etmasa deb niyat qilaman”. Shoir bu oʻrinda ajib lutf bilan “gʻam”ning tarxini ochgan. Zero goʻzal lutf hech qachon bu lutf uchun yaralgan insonni, lutf egasini tark etmagan…

Kuzatishlar shunday bir xulosa chiqarishga imkon beradiki, dunyodan soʻraydigan narsasi gʻoyatda koʻp boʻlgan, dunyoga savoli tugamaydigan (Erkin Vohidovning muallimlar farzandi boʻlganligini unutmaylik) odamlar ijodkor boʻlib yetiladilar, odatda. Erkin Vohidov bolaligidan kuchli zakovatli, qiziquvchan edi. Hayot ichiga ichkarilab borarkan doim boshida savollar quyunday aylanardi. Savollariga javob qidirib, izlovchan shoirga aylandi. Bejiz emas, uning ijodida savol ruhida yozilgan asarlar koʻp. 2007 yili yozgan bir sheʼrida shunday degandi:

 

Yozgan savolim koʻp haddan ziyoda

Javobin vijdonga havola qildim.

Ollohim kechirsin: yorugʻ dunyoda

Kamroq shukr qildim, koʻp nola qildim…

 

Bu yerda adolat yuzasidan qayd etib oʻtish oʻrinliki, bu soʻzlar nechogʻliq kamtarona boʻlmasin, Erkin Vohidov oʻzi qoʻygan, el-yurt taqdiri, kelajagi taqozo qilgan savollarga donishmandona javoblar, yechimlar topdi, muammolarni qoʻyishgina emas, ularni hal qilishning adolatli yoʻllarini koʻrsatdi. Vaqtida oʻquvchilar sevib oʻqigan va oʻzi uchun foydali xulosalar chiqargan Erkin Vohidovning “Iztirob” deb atalgan kuchli publitsistik kitobi buning yorqin misoli. Istiqloliy taraqqiyot yuzasidan bu kitobda shunchalar koʻp qimmatli masalalar koʻtarilganki, ular hali hamon oʻzining qaynoq, joʻshqin dolzarbligini zarracha yoʻqotgan emas. Bu yerda bilib turib nega yigirma besh yilga kechikdik?  – degan savol shoir aytmoqchi yana karra-karra iztirobga sabab boʻladi. Shoir kechikish azob-armonlarini oʻsha paytlarda bir salmoqdor soʻz bilan “iztirob” deb atagan edi. Baʼzan shoir tabiatining, sheʼriy yoʻlining, niyat-maqsadlarining oʻzagini ochadigan noyob bir soʻz boʻladi.

Gʻafur Gʻulom sheʼrlarini sinchiklab oʻqisak, shoir bir qator yuksak koʻtarinki ruhda yaratilgan sheʼrlarida “bilonihoya” soʻzini takror-takror qoʻllaganini koʻrishimiz mumkin: “Gʻurbatda kezganman bilonihoya” (“Men yahudiyman”), “Qiyomat kunning ham soʻnggi bor axir, Boʻlmagay bu zulmat bilonihoya” (“Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak”). “Bilonihoya” bu yerda har narsaning oxiri boʻladi degan maʼnoda. Gʻafur Gʻulom oʻz sheʼriyatida yuksak pafosga daxldor, koʻtarinkilikni ifodalovchi soʻzlarga alohida eʼtibor beradi. Bunday koʻtarinki shoirona soʻzlar uning sheʼriyati yuqori uslubini belgilaydi va shunday koʻtarinkilik uslubini yaratadi. Demak, “bilonihoya” kabi jonli xalq tilida koʻpda qoʻllanmaydigan soʻzlar maʼlum maʼnoda optimistik falsafaning belgisi, qolaversa, mutafakkir shoirning oʻziga xos sevib ishlatadigan tilidir. Koʻtarinkilik belgisidir. Ehtimol, Gʻafur Gʻulomdan boshqa shoir tilida bu kabi soʻzlar tushunarsiz va oʻrinsiz boʻlib tuyulishi mumkin, Gʻafur Gʻulom sheʼrida esa ular tabiiy yuksak pafos bilan jaranglaydi. Har bir shoirning shunday sheʼriyati, nasri, publitsistikasi bilan tugʻishgan soʻzlar olami bor. Abdulla Oripovda ham, Rauf Parfida ham, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Halima Ahmadda ham shunday xos belgili soʻzlar bor. Erkin Vohidov sheʼriyati ham bundan mustasno emas. Zero “sheʼriy oʻxshatish bilan qalbimizdir lolagun” deb Gʻafur Gʻulom goʻzal lutf qilganidek, oʻxshatishlar sheʼr tomirida hayotbaxsh qondek shovullab oqib, uni lolarang boʻyoqlarga boʻyab, qalblar mulklariga bezab-bezantirib olib kiradi. Erkin Vohidov aytadi:

 

Vatan hurriyati uchun hamisha,

Fidolikka tayyor hayoting kerak.

 

Boshqa bir sheʼrida:

 

Qulluq qil demasman,

Yurt tuprogʻin oʻp.

Unga qullar emas,

Fidolar kerak.

 

Uning senu mendek shoirlari koʻp,

Buyuk elga endi daholar kerak.

 

U erta yaratgan sheʼrlaridan birida esa:

 

Ona Vatan! Bir oʻgʻling kabi

Fido etay jonimni senga! –

 

deydiki, uning sheʼriyatidan bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Ammo, biz aytmoqchi boʻlgan fikrga shular ham kifoya qiladi. Ziyrak oʻquvchi darrov anglagandir, misollarda urgʻu bilan jaranglayotgan “fido”, “fidokorlik”, “fidoyilik” soʻzlari shoir sheʼriyatida suyub qoʻllanadigan motivlarning  – maʼnolarning ochqichlari. Ular fidokorlik zaminida turib Erkin Vohidov sheʼriyatida vatanparvarlik, insonparvarlik, yuksak axloqiylik va mumtoz maʼnodagi adab muhitini yaratadilar, shu maʼnoda uslub hosil qiluvchi unsurlar kabi sheʼr mundarijasi ichida harakat qiladilar. Erkin Vohidov sheʼriyatidagi va butun ijodiyotidagi uslub mundarija bilan chambarchas bogʻlangan holda uslub yaratuvchi – fidokorlik, fidoyilik uslubini yaratuvchi badiiy-sheʼriy mazmundor texnik (sheʼr texnikasiga koʻra) juda ham eʼtiborli adabiy-badiiy hodisalardir. Ushbu muhr soʻzlar shoir sheʼriyatining mundarijasida mundarija hosil qiluvchi, mundarijaviy ahamiyatga ega deb ayta olamiz. (Abdulla Oripov sheʼriyatida chunonchi misol tariqasida “bas” soʻzining qoʻllanishi doiralari va oʻrin maqsadlariga bir qarab qoʻyaylik). Sheʼriyatda juda qiziq, chunonchi, tavorud hosil qiluvchi misollar koʻp. Ular sheʼriy uslublar kahkashoni nimaligini yanada oydinroq koʻrsatadi. Bir misol:

 

“Miyamiz globus

Millimetrasi – ming kilometr

Har chizgi

Qurilishdan bir belgi

Yutuqlardan plyus.

 

Bularni Gʻafur Gʻulom poyonsiz mayakovskiycha koʻtarinkilikdagi “Turksib yoʻllarida” sheʼrida aytgan, oʻzingiz ham darrov esladingiz. Erkin Vohidov daraxtlar falsafasi haqida turkum sheʼrlar bitgan. Ulardan biri shunday:

 

Miya kabi shaklim bor

Boshim toʻla aqlim bor.

Meni yegan donishmand

Boʻlur degan naqlim bor.

 

Miya va uning shakli haqida yozayotgan ikki shoir ikki turli uslub falsafiy natijaga erishadi. Erkin Vohidov daraxt tilidan juda sodda va tabiiy fikrni ifodalaydi. Gʻafur Gʻulom esa soʻzlarning yuksak materiyalari dunyosiga kirib boradi. Mubolagʻa va zaminiy uslub. Yongʻoq va globus. Millimetra chiziqlar va miya aqlning yoylari. Erkin Vohidov ijodiy maqsadlariga koʻproq zaminiy uslub, soddalik uslubi, lekin erishish qiyin sahli mumtane poetik vositasi va tashbehlari birlan erishadi. Gʻafur Gʻulom esa umidbaxsh mubolagʻalar orqali oʻquvchini hayajonga soladi. Bularning barida, albatta, davrlarning, vazifadorliklarning oʻz takrorlanmas muhrlari bor. Bu uslublarning hosil boʻlishi shoirlardan ortiqroq hukmga ega davr va ijtimoiyot talablari hukmlari bunda koʻproq amal qiladi. Ammo, Erkin Vohidov ham “Inson”, “Oʻzbekiston”, “Oʻzbegim” – uchlik qasidasini yaratganda, inson, tarix, vatan, xalq, millat yuksakliklariga koʻtarilganda janrlar, davr va mavzu talabiga koʻra koʻtarinkilik uslubiga murojaat qiladi va nihoyatda unumli foydalanadi. Yangi zamon, yangi adabiyot qasidasining juda yorqin yangi namunalarini yaratadi. Sharq mumtoz adabiyotida madhning qonun-qoidalari va anʼanalari dunyoga kelgan, Arab, fors, turkiy adabiyotlarda uzoq asrlik tajribalar bor. Gʻazallar, qasidalar, ruboiylar, masnaviylar, qitʼalar va boshqa janrlar maʼlum qonun-qoidalarga boʻysungan va ularga qatʼiy rioya qilgan holda yaratiladi. Shoirlarning mahoratlari shu qonun-qoidalar va ular taqozo qilgan sheʼriy texnik vositalar asosida yuzaga chiqariladi. Har qanday mahorat va mahorat ulugʻligi bu maʼlum chegaralar ichidagi, ular bilan cheklangan mahoratlarning oltin qirralaridir. Imruulqays muallaqalarida va undan bir necha asr keyin oʻtgan Abu Tammom qasidalarida janrning cheklangan doirasida oʻz buyuk mahoratlarini toʻla namoyon qila olganlar. Erkin Vohidov uch qasidasida, devon va dostonlarida dunyo adabiyotidan chuqur xabardor ziyoli kabi sheʼriy uslublarni qoʻllaydi. Janr chegaralariga dunyo adabiyoti mayllaridan kelib chiqib qaraydi va shuning uchun ham qasidalari yangilanish ohanglarini oʻzida aks ettiradi. Qadim qasida anʼanalaridan esa faqat koʻtarinkilik va mubolagʻadorlikka rioya qiladi. Bu qasidalar va gʻazallar tom maʼnoda zamon ruhi va zamon kayfiyatlarini aks ettirishi, yaʼni maʼnoga, qofiyalar va radiflarga, ritmik pardalarga yangicha munosabati va yangicha uslub qirralarini ochgani bilan ajralib turadi. Erkin Vohidov gʻazal formasi koʻhna va u zamonga mos emas degan qarashlarga oʻz devoni qasidalari bilan munosib amaliy javob qaytardi. Anʼanalarning yangilanishi zamondoshlar koʻz oʻngida roʻy berdi. Yevropada roman va hikoya qanday yangilangan boʻlsa, bizda gʻazal, ruboiy, qasidalar shunday yangilandi. Gʻazal bir zamonlar Hyote amaliyoti taʼsirida shunday Yevropacha ruhda yangilangan edi. Zamondoshlar Erkin Vohidov gʻazallarini shunchalar oʻzlariga yaqin oldilar, bu janr ularga shunchalar suyukli boʻldi. U har bir yurakda, har bir xonadonda doimiy suratda yangraydi, doimiy ezgulik taratadi, doimiy goʻzallik tarbiyasini beradi. Bular adabiyotda anʼanaviylikning zamonaviylik – zamon ruhi bilan bogʻlashning original namunalaridir.

Erkin Vohidov boy ijodiyotining har bir satrida originallikka intilgan desak, bu aslo mubolagʻa boʻlmas. Bunda har satrda originallikka intilish original ijod qilish shoirning tugʻma tabiatidan oziqlanadi. Biz shoir ijodida originallik motiviga hali yana batafsilroq tahlilga oʻtirsak deb niyat qilganmiz. Ammo bu muxtasarlik doirasida shuni qayd etib oʻtishni zarur deb bilamizki, Erkin Vohidov ijodiyotida originallik ajoyib-gʻaroyib tarzda suvratlanadi… Lekin originallikning oʻzi nima degan savolga javob qidirish adabiyot va ilm-fan, sanʼat uchun hamisha dolzarb, hamisha eng qiziqarli masala. Bunda men originallik nima ekanligini juda yaxshi bilaman deb kekkayishning oʻrni emas. Ha, xoʻsh, originallik oʻzi nima! Yangicha talqinlarmi? Tesha tegmagan soʻzlar, iboralar, jumlalarmi? Yangi suvratlar, yangi maʼnolarmi? (Biz bu oʻrinda “suvrat” deganimizda “obraz”ni nazarda tutamiz. Obrazni “suvrat” deb tarjima qilamiz va bu obrazning eng yaxshi mubaddali deb bilamiz. Afsuski, keyingi zamonlarda suvratni faqat rasm, chizma deb tushunyapmiz. Yoʻq, “suvrat”, bu avvalo obraz, ammo surat – fotosurat boshqa. Farq qilaylik. Suvratning maʼnosi “qiyofa” bilan sinonim boʻloladi.) Xoʻsh, originallik yangi va yangi suvratlar, adabiy-badiiy qiyofalarmi? Motivlarga yangicha yondoshuvlarmi? Doim oʻzgacha talqinlarmi? Boshqalardan farqli oʻzgacha badiiy tizimmi? Yoki badiiy ixtirolarmi? ( Esingizdami Zulfiya “Bahor boʻlmasaydi, odamzod albat, Oʻzi kashf etardi kashf etganday baxt!” degan gʻaroyib satrlarni aytgandi. Kashf bilan ixtiro bir narsa. Lekin biz keyingi paytlarda kamtarlikka zoʻr berib “ixtiro” demay qoʻydik) Ammo, adabiyotda, ilm-fanda ixtirolar haqida doim soʻylashib turish zarur. Haqiqatan shoir, adib baxtni kashf etganday ixtironi kashf etadi. Bu shoirdan ortiq narsa. Bu azalda Xudodan kelayotgan narsalar.

Originallik talantning mezoni, oʻlchovi boʻlsa, ehtimol. Talantning mezoni uning takrorlanmas oʻziga xos asarlar yaratishida, umuman, oʻziga xoslik yaratishida. Maʼnolar, tashbehlar, lafzlarning originalligida. Ammo, har qanday sheʼr yo original yo original emas. Originallikning ziddi siyqalik va puchlik. Shaxsan oʻzim originallikni yangicha fikrlash deb bilaman. Yangicha fikrlash boʻlmasa, yangicha suvratlar ham, maʼnolar ham, tashbehlar ham, yangi ifodalar ham yoʻq. Yangicha fikrlash originallikning asl maʼnosi, qolganlari bari unga bogʻliq va unga ergashadi. Erkin Vohidovda yangicha fikrlash va ixtiro juda kuchli, bu uning tom analitik fikrlash tarzi bilan bogʻliq. Uning talqinlari oʻzgacha. Unda ijodiy individuallik yorqin namoyon boʻlgan. Individualligining oʻziga xosliklarida tugʻilgan, yashagan muhitining jonli taʼsirlari gʻoyatda baravj. Hozir Koʻkaldosh madrasasi peshtoqlari, hujralari, koshinlariga qarab turib bu yerda kimlar tahsil olgani, madrasada qanday kayfiyatlar hukmron boʻlganligini bilish juda qiyin. Sheʼrga qarab turib ham, uning nima uchun, qanday yozilganligini aytishning iloji yoʻq. Bunda faqat tasavvur qilish imkoniyati bor bizda. Ammo, ijodiy ibtidoni bilishimiz kerak. Aks holda adabiyotshunos, tilshunos, tarjimashunos olim boʻlganimizning maʼnosi qolmaydi. Ijodiy ibtidoni bilsakkina Erkin Vohidov, mumtoz atama bilan aytganda, tom maʼnoda mubtadeʼ shoir. Yangiliklar adibidir. U inson va ijodkor sifatida anʼanaviy muhit stixiyasini yorib chiqdi. Aksincha, gʻazal hech kamsitmagan holda Sobir Abdulla maqomida qolardi.

Ha, rostdan ham ixtiro boʻlmasaydi, odamzod bunchalar uzoq yashamasdi, urushlar, ocharchiliklar, taʼqiblar, zulmu zulmatlar, shafqatsizliklarga, qirgʻinlarga dosh berolmasdi. Bularning hammasiga qarshi ixtirolar qilib, u tabiatda muvaqqat gʻolib boʻlib chiqdi. Boshqalar yurgan yoʻllar bor va boshqalar yurmagan yoʻllar ham bor. Bu haqda Navoiydan oʻtkazibroq hech kim aytmagan boʻlsa kerak.

Maktabda oʻqib yurgan chogʻlarida muallimlari Erkinga qarab suyub erkalab, bu Aflotundan zoʻr matematik chiqadi deyishardi. U zamonamizning Ulugʻbegi boʻladi, deb bashorat qilishardi. Buning sababi Erkin Vohidov oʻquvchilik yillarida aniq fanlarga intiluvchi edi. Aqli analitik edi. Lekin u hammasini qoʻyib Navoiy, Lutfiy, Atoiy etagidan tutdi. Gʻafur Gʻulom va Hamid Olimjonga ergashdi. Boshdan oyoq ular sheʼrlarini yodlab oldi. Men adabiyotimizda “Gʻafur Gʻulom bolalari” degan bir tushuncha boʻlishini yoshlik paytlarimdan beri orzu qilaman. Urush va urushdan keyingi avlod Gʻafur Gʻulomning otashin porloq erkalovchi padarona sheʼrlarini oʻqib tarbiyalandi, aql tishi chiqdi. Ularni shu maʼnoda chin “Gʻafur Gʻulom bolalari” deyish oʻrinli. Erkin Vohidov ham Gʻafur Gʻulom bolalaridan edi. Gʻafur Gʻulomni yodlamagan kuni yoʻq edi. Bu xossa uning har bir sheʼrida mana men deb turadi. Gʻafur Gʻulomcha sheʼrlarga ishqibozligi, miyasining analitik fikrlashi oʻzi sezgan-sezmagan holda ijodida juda chuqur iz qoldirdi.

Avvalo, bu uning sheʼrda aniq fikrlashida; keyin, fikr tarxining tozaligida; uchinchidan, asarlari kompozitsiyasi pishiq-puxtaligida; toʻrtinchidan, hech qachon hech bir asarida bosh mavzu jilovini yoʻqotib qoʻymasligida; beshinchidan, puch, maʼnosiz gaplardan uzoqligida, mavzu doirasida mavzunlik va uygʻunlik yaratishida; oltinchidan, mantiqiy tafakkur doim shoirona tafakkur bilan tutashib ketishida; yettinchidan, tashbehlarining badiiy-hayotiy asosi teranligida; sakkizinchidan, badiiy va hayotiy haqiqatdan chekinmasligida; toʻqqizinchidan, dunyoqarashining mustahkam va asosli axloqiy prinsiplarga qurilganida; oʻninchidan, tugʻma odob-ikromining oʻsib bora bukilmas pok eʼtiqod darajasiga koʻtarilganida.

Bunday xususiyatlarni yana sanashni davom ettirish mumkin. Lekin muxtasar maqola doirasida shularning oʻzi yetarlidir. Uning Vatan va xalq ozodligi, mustaqilligi, tarix va inson oldidagi “tobanda”ligiga eʼtiqod-ishonchi yuragida, shuurida komil edi. Zero, shuning uchun ham asarlarini yurak qoni, komil aql-idrok bilan yaratardi.

 

Men jilgʻaman,

Daryo boʻlib toʻlgim keladi.

Ona yurtim,

Senga oʻgʻlon boʻlgim keladi.

 

Oʻn besh yashar oʻsmirda fidokorlik tuygʻulari qanday tugʻilgani, nimalar bois tugʻilgandi, qanday buncha erta oʻsib yetilgandi? Erkin Vohidov musaffo va navqiron sevgi-sadoqatning farzandi edi. Uning saylanmalari “Muhabbatnoma”, “Muhabbat”, “Sadoqatnoma”, “Ishq savdosi”, “Sheʼr dunyosi”, “Umr daryosi”, “Koʻngil nidosi” singari nomlanishida ota-onaning sevgi-muhabbati moʻjizaviy bir tarzda aks sado topgandi. Ota-onasi suyukli farzand tugʻilganda, oʻsha kezlar hamma yod oʻqigan Gʻafur Gʻulomning “Bari seniki” sheʼridan qattiq mutaassir boʻlib farzandiga Erkin deb nom tanlashgandi.

Erkin Vohidov nihoyatda shuurli inson edi. Shuur hayotining soʻnggi damlarigacha uni tark etmadi. Insoniy shuur ijtimoiy shuurga aylandi. Uning shuuri sheʼriy shuur bilan hech ajralmas boʻlib tutashib ketdi. Uning butun qiziqishlari, intilishlari, afzal koʻrgan narsalari qadrlash prinsiplari aks etgan kitoblaridan birining nomini ham u “Shuur” deb atagandi. Erkin Vohidov umri davomida koʻp vazifalarda jon-dildan berilib mehnat qildi. Mustaqillikka bor iqtidori va muhabbatini bagʻishladi. Ona tilining goʻzalligi, tozaligi uchun kurashdi. Doimo bir zum tinmay xalq bilan ozodlik va munosib yashash uchun muloqotlar olib bordi. U jamoat ishini oʻziga doim yaqin olardi.

Erkin Vohidov oʻz asarlariga oʻxshaydi. Oʻz asarlari kabi toza edi. Uning barcha iboralari, sheʼriy jumlalari maʼnolarga toʻla.

Maʼno suratlari bilan muzayyan. Ular yulduz shuʼlalariday insonlar koʻzlarini yashnatib turadi va hayotning sir-sinoatli suvratlaridan darak beradi. U mumtoz maʼnoda ham, zamonaviy maʼnoda ham adab tajassumi edi. Qodir Olloh ruhi dunyosini hamisha shod va munavvar qilsin.

 

Ibrohim GʻOFUROV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.