Yoʻqlab yonimga bir kelmaysiz, doʻstim

0
289
marta koʻrilgan.

Yoʻqlab yonimga bir kelmaysiz, doʻstim

Assalomu alaykum, Iroda Umarova!

Necha yildan beri eʼtibor beramanki, hech qachon, garchi sizdan ikki yosh kichik boʻlsam-da, xabarlaringizda “salom” deya soʻz boshlamagansiz. Doimo “Assalomu alaykum, dugona”, deysiz…

Siz bilan tanishganimizga ham sakkiz yil boʻlibdi. Adashmasam, ikkimiz ham ijodni deyarli bir vaqtda boshlaganmiz. Eng qizigʻi, ikkimiz ham “Bekajon” gazetasida tengma-teng, goʻyo musobaqa qilgandek qatnashib kelardik. Sizni ilk marta shu gazeta orqali taniganman. U paytlar 16-18 yashar qizlar edik. Vaqt suvdek oqib, yoshimiz ham oʻttizga qarab ketyapti. Endi yozadigan mavzularimiz ham oʻzgargan…

2010 yili siz bilan Samarqandda, gazetaning bayramona tadbirida birinchi marta uchrashdik. Ziyoratgohlarda tushgan suratlarimiz albomimda turibdi. Shu tariqa internet orqali xabarlashib turadigan boʻldik. Masofa uzoqligi bois siz bilan juda kam uchrashamiz, hozir hatto oxirgi marta qachon koʻrishganimizni ham eslolmay turibman. Shunday boʻlsa-da, virtual olamda doim hamnafasmiz. Ijodiy ishlarimizni oʻzaro kuzatib boramiz, yutuqlarga erishsak qutlaymiz. Sizni koʻpchilik shoira sifatida taniydi. Ha, chindan ham sheʼrlaringiz yurakka yetib boradi. Qay nashrda sizning sheʼrlaringizni uchratsam, albatta oʻqiyman. Oʻtgan yili “Yoshlik” va “Ijod olami” jurnallarida turkum sheʼrlaringizni koʻrib suyundim. Dardli, taʼsirli, samimiy sheʼrlar edi…

“Yoshlik” jurnalining (2007 y, 6-son) “Birinchi uchrashuv” ruknida qator shoiralar safida sheʼrlaringiz chop etilgandi. “Taskin” degan sheʼringizdagi ikki satr sizdan kelgusida katta shoira chiqishiga bizni inontirardi:

 

Yolgʻiz ovunchogʻim – hech kimda yoʻq SHEʼR,

Demak, men Xudoning erka quliman…

 

Ha, siz chindan Yaratganganning suygan bandasisiz, satrlaringiz koʻplab yuraklarni zabt etgan, zabt etib kelayapti. Oradan sakkiz yil oʻtib yana “Yoshlik”da (2015 y, 3-son) muxlislaringiz bilan dillashdingiz. Ammo bu  sheʼrlar endi ezgin emas, xiyla koʻtarinki, umidbaxsh edi. Bejiz soʻlim Forishda tugʻilmagan ekansizki, bahor taʼrifini tobiga keltirgansiz:

Bahor bu – bir dona lola qasdida,

Oqsoch choʻqqilarga intilgan soʻqmoq…

 

Mingta shoir boʻlsa, bahor ularning tilida ming xil taʼriflanadi. Sizning ham har bir sheʼringizda boshqalarda uchramagan topilmalar bor. Goʻyo manzaralar rassom qoʻlida jonlanayotganga oʻxshaydi. Koʻz oldimizda sheʼringiz nafis harakatlana boshlaydi, bizni oʻsha oppoq choʻqqilarga olib ketadi…

Sevgi! Bu haqda kim yozmagan, kim oʻqimagan? Shoirlarning shoh asarlari ham koʻp hollarda muhabbat haqida boʻladi. Sizning ham talay sheʼrlaringiz aynan ishq mavzusida. “Ijod olami” jurnalining birinchi sonida sevgi satrlaringizga muxlis boʻldim.

“Bu sevgi”, “Uni koʻrdim”, “Ilinj”, “Birinchi muhabbat”, “Koʻnglingiz” kabi sheʼrlaringizda oʻzbek ayoliga xos ibo, nafosat, umid, shu bilan birga, biroz ranj, qaysarlik, gʻurur seziladi.

 

Tikonli gul

 

Menga achingandek qaramang

Va mehringiz qilmang sadaqa.

Bilmaysizki, kulgidan koʻra

Koʻz yosh yaqin qiladi Haqqa.

Oʻylaysizki, yarimta qalbim,

Kemtigiga armon taxlayman.

Yoʻq. Tikon-la tugal gul kabi

Shu dardlarim bilan baxtliman. 

 

Bu sheʼr shunchaki ayriliq haqida emas, unda Vaqt, Qadr, Imon, Ishonch, Sabr barq uradi. Shunchaki chiroyli qofiyalar yigʻindisi emas, qalblarga chuqur kirib boruvchi teran maʼno… Uni faqat oʻqish, his qilish, koʻzingizni yumib, xotiralarga berilish mumkin.

Ona mavzusidagi sheʼrlar hech qachon oʻlmaydi. Sizning volidangizga boʻlgan sogʻinchingizni shu satr­lar bilan his qilish mumkin.

 

Diydor lahzalari oʻtadi zumda,

Kapalak bir kezib chiqqandek chaman.

Uyimga siz bergan non-mevalar va

Onamning hidini olib qaytaman…

 

Bularni oʻqigan kitobxonda eski xotiralar uygʻonadi, tanish hislar uning qalbini tirnaydi, oʻyga choʻmadi, onasining iforini sogʻinadi… Ha, siz onalarga qarab balandparvoz satrlar bitmadingiz, birgina ishora va holatlar bilan bor mehringizni sezdira oldingiz.

Bahor – sevimli faslingiz boʻlsa kerak. Oʻzingiz ham goʻzal mart oyida tavallud topgansiz. Aksariyat sheʼrlaringizda tabiatga boʻlgan iliq tuygʻularni sezaman. Ayniqsa, “Yoshlik” jurnali (2015 yil, 3-son) da chop etilgan “Yalpizginam”, “Navroʻzgullar” bunga yoqqol misol boʻla oladi. Sheʼrlarni oʻqirkanman, goʻyo chamanzorga tushib qolgandek, betakror gullarni tuyib-toʻyib hidlagandek, koʻnglim bahoriy hislarga chulgʻangandek boʻladi. Unda nafaqat gullar taʼrifi, balki yurakdagi iztiroblar ham qogʻozga tushgan.

 

Tushimda bodomlar gullagan oqshom,

Zaminni uygʻotdi yashil xoʻrsiniq.

Osmon kamalakdan yasadi ishkom,

Yomgʻir gul labidan tomgandek tiniq.

Hovuchlab samodan oqqan sellarni,

Doʻst, koʻzga suraylik navroʻzgullarni.

 

Oʻqidim-u, keng dalalarga borib, muattar gullarni koʻzlarimga surgim keldi…

Yana bir rost gapni aytish kerak, qancha nashrlarda chiqish qilmaylik bizni baribir “Yoshlik” jurnali kashf etdi. Bu gapni sevimli nashrimizning mualliflaridan biri va albatta, oʻquvchisi ham boʻlganim uchun aytmayapman. Sizning ham shu nashrda chiqish qilib turishingizdan xursandligimni bildirmoqchiman. 2016 yili jurnalning 8-sonidagi bir dasta – guldastadek sheʼrlaringizdan “Doʻstimga xat”dagi:

“Men sizni tiladim Fargʻonajondan,

Yoʻqlab yonimga bir kelmaysiz, doʻstim”, satrlarini oʻqiyotib oʻpkam toʻlib, koʻzlarimdan yosh tirqirab ketdi. Axir, shunday ham boʻladimi?! Sizga oʻzini yaqin olgan barcha doʻstlar mening holatimga tushgan boʻlsalar ajab emas. Ammo na qilay, oʻzni ovutmoq uchun yana sheʼr oʻqishga tutinaman:

 

Har gal maktubimga qoʻshilib joʻnar

Mehr qushchalari – biram chiroyli…

Har gal sheʼr ufurib bagʻrimga qoʻnar,

Xatingizdan chiqqan Qoʻqon shamoli.

 

Nazm va nasrda tengma-teng ijod qiladigan yoshlar koʻp emas. Sizning hikoya va qissalaringizning ham talaygina muxlislari borligini bilaman. Ular hayotiy, xalqchil, kimlargadir oʻrnak, ibrat boʻladigan asarlardir.

Menga dastxat bilan sovgʻa qilgan “Siz uchun” nomli nasriy kitobingiz javonimni bezab turibdi. Shu vaqtga qadar oltita kitobingiz chiqib ulgurdi, 30 yoshgacha shunday yutuqlarga erishganingiz ham katta gap.

 “Nikoh uzugi”, “Mehrga zor”, “Munisa”, “Mehribonginam”, “Singillarim”, “Oʻgaylik” kabi hikoyalaringiz dilga yaqin, biroq ularda bayonchilik seziladi. Boshini oʻqigach, oxiri qanday yakunlanishini taxmin qilasiz. Kutilmagan yechim, kulminatsiya yetishmaydi. Boshdan oxirigacha bir maromda davom etadi. Hikoyalardagi mavzularingiz shu davrdagi hayotiy muammolar, maishiy ikir-chikirlar, turmush tashvishlari… Koʻrqamanki, bunday mavzularning umri qisqa. Kelgusi asrlarga qadar hikoyalarimiz yetib borishi uchun marrani balandroq olgan, umumbashariy mavzularda yozgan maʼqulmikan?

Koʻplab hikoyalaringiz kuzatuvlar, hayotiy voqealar asosida yozilganini bilaman. Ammo badiiy adabiyotga bularning oʻzi kam. Albatta, yuksak tafakkur asosidagi badiiy toʻqima, yangi fikr-mulohazalar, maʼnaviy ozuqa ham boʻlishi shart. Xayolot olamingiz juda keng, agar hikoyalaringizni qayta-qayta ishlashga va badiiy ozuqa qoʻshishga erinmasangiz, albatta, muxlislaringiz yanada koʻpayadi, deb oʻylayman. Darvoqe, nasrdagi mashqlaringizni ham adabiy jurnallarga taqdim etishni maslahat berardim.  Nasringiz ham sheʼrlaringiz kabi baland boʻlishini istardim!

Iroda, sizdan yanada taʼsirli, yanada samimiy sheʼrlar, hikoyalar, qissalar kutib qolamiz! Men ham muxlislaringizdan biriman. Dildan toʻkilgan soʻzlaringiz hech kimni befarq qoldirmaydi. Adabiyotimiz sizdek dilbar shoirasi bilan gʻururlansin. Tez orada yuzma yuz uchrashish, diydorlashish, kitoblarimizni almashish orzusidaman.

 

Sizga salomatlik, ijodiy barkamollik tilayman.

 

Dugonangiz

Nodirabegim Ibrohimova

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.