Yoqimli-yu, biroq…

0
170
marta koʻrilgan.

“Oʻzbek xalq maqollari” kitobini varaqlayotib “Xushomadgoʻyga qoʻy soʻydirma” degan maqolga koʻzim tushdi. Oʻylanib qoldim: nega bunday deyilyapti? Xoʻp, xushomad-ku yomon odat, aytayotgan odamni tubanlashtiradi, nomussizligini koʻrsatadi, eshitayotgan odamni esa gʻururlantirib, oʻzida yoʻq sifatlarga egaligiga ishontirib qoʻyadi. Lekin bunga qoʻy soʻyishning nima aloqasi bor?

Agar laganbardor odam qassobchilikka tanlansa, ishlayotgan paytida ham maqtovlarini qoʻymaydi, qoʻydan boshlab uni sotib olganlar, sotib oldirganlarni ulugʻlayveradi. Agar qoʻy bechoraning boʻgʻziga pichoq tortib qoʻygan boʻlsa, gap qizib ketganidan unga eʼtibor ham bermay qoʻyishi, u boʻlsa jon talashib yotaverishi mumkin. Har holda, bu maqolning yuzaga kelishiga shunga oʻxshash biror hodisa sabab boʻlgan boʻlsa kerak.

Balki xushomadgoʻylarni uchratgandirsiz. U holda laganbardorlikning jirkanch, koʻngil tortmaydigan holat ekanini yaxshi bilasiz. Xoʻsh, uning zarari shuginami? Xushomad qilayotgan odam aytayotganlari haqiqat emasligini yaxshi biladi, lekin yuzsizlarcha gapiraveradi. Chunki oʻrtada manfaat bor. Agar ana shu manfaat koʻtariladigan boʻlsa, yoʻq joydan maqtovlar topgan odam yoʻq joydan ayblar topib koʻkka koʻtarilgan kishining ustidan magʻzava agʻdarishi hech gap emas.

Abu Bakra rivoyat qiladi: «Rasuli amin (s.a.v.) huzurlarida bir kishi haqida gap ketdi va uni kimdir maqtadi. Shunda Rasululloh (s.a.v) “Uni shunday maqtashing bilan boʻynini uzib qoʻyding”, dedilar. Va shu gaplarini necha bor qaytardilar-da, keyin: “Agar bittangiz bir birodarini (haqiqatdan bor boʻlgan xislatlari bilan) maqtamoqchi boʻlsa, mening fikrimcha, bu shunday odam, degan soʻzni oldin aytib qoʻysin. Chunki uning haqiqiy holini Alloh taolo oʻzi biladi. Bandalar bir-birlarini Alloh taologa bu kishi albatta pok, deb hukm qilib berishi durust emas”, dedilar” (Buxoriy).

Bu hadisda boshqalar haqida maqtov gaplarni qay tariqa aytishimiz kerakligi tushuntirilyapti. Haqiqatan, bandaning haqiqiy holini banda bilmaydi, u oʻzining dunyoqarashi va tarjribalariga asoslanadi.

Aldov maqtovlar laganbardorning ishi bitishiga, muvaqqat hurmat-eʼtibor topishiga sabab boʻlishi mumkin. Biroq bunday kishining odamlar orasida obroʻsi, hurmati tutday toʻkilib boradi, soʻzining qadri ushaladi. Maqtovlarga oʻrgangan odamlar boʻlsa, bora-bora bu gap-soʻzlarga chindan ishonib qolishi, natijada oʻzini isloh qilishdan toʻxtashi, gʻururlanib ketishi mumkin. Bu esa jamiyat uchun katta bir illatdir.

 

Orif Tolib

 


“Irfon” taqvimi (2014 yil 1-chorak)da chop etilgan.


 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.