“Yoʻlbars yuragini yegan ayol”

0
470
marta koʻrilgan.

Jonajon Vatanimiz, olijanob xalqimizning ishonchini qozonish, uning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish uchun faqat tinimsiz mehnat, izlanish va tashabbus koʻrsatib yashash kerak.

 

Shavkat Mirziyoev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

aql qilishlaricha, qadimda baʼzi qoraqalpoq ayollari yoʻlbarsning yuragiga boshqorongʻi boʻlisharkan. Boʻlajak ota bundan xursand boʻlib, qudratli yirtqichni ovlash uchun toʻqayga yoʻl olarkan. Chunki yoʻlbarsning yuragini tanovul qilgan onadan mard, bahodir farzandlar tugʻilarkan.

Bu bir rivoyat, albatta. Biroq asrlar davomida tildan-tilga koʻchib yashab kelayotgan afsona va ertaklarda ana shu naql bot-bot tilga olinadi. Xalq oʻzining sevikli farzandlarini “yoʻlbarsning yuragini yegan onaning zurriyodi” deya alqashga odatlangan.

Moʻynoq shahrida Manzura ismli bir ayol yashaydi. Garchi u oʻtmishda yashab oʻtgan momolari singari botir farzandlarni dunyoga keltirmagan boʻlsa-da, odamlar uni “yoʻlbarsning yuragini yegan ayol” deb eʼzozlashadi. Manzura oʻzining metindek mustahkam irodasi, toʻrt muchasi sogʻ odamlarga ham ibrat boʻladigan matonati bilan ana shunday eʼtirofga sazovar boʻlgan.

 

* * *

Men Qoraqalpogʻistonning deyarli barcha shahar va tumanlarida, chekka ovullarida boʻlganman. Sodda, samimiy odamlari bilan dildan suhbatlashib, ularga mehrim ortgan. Hatto bir gal sir-sinoatlarga qorishib yotgan Ustyurt sahrosida uch-toʻrt kun kezish ham nasib qilgan. Chek-chegarasiz kenglikning ulugʻvorligi meni lol qoldirgan. Oftob nurlarida jilvalanib yotgan Borsakelmas tuz konining ertakmonand manzarasini hayrat bilan tomosha qilganman. Million yillar burun yuz bergan qudratli tektonik evrilish natijasida paydo boʻlgan Chink jarliklaridagi gʻaroyib shakllar menga cheksiz zavq bagʻishlagan. Sudachye koʻli boʻyidagi baland tepalikda turib sahroda quyosh botishini kuzatgan paytlarimni hamon entikish bilan eslayman. Oʻsha lahzalarda Ustyurt sahrosi til bilan taʼriflab boʻlmas darajada goʻzal qiyofaga kirgan edi.

Qoraqalpogʻiston – ulugʻvor yurt. Uning bagʻridagi bepoyon yoʻllardan yurgan sari kishining ruhi koʻtarilib, shavqi oshadi.

Ochigʻi, qoraqalpoq zaminini shuncha kezib, aynan Moʻynoqqa yoʻlim tushmagan ekan. Moʻynoq haqida gap ketganda beixtiyor koʻz oʻngingizda qurigan Orol dengizi, qumlar orasida zang bosib yotgan kemalar manzarasi namoyon boʻladi. Bu ovloq maskanni oʻz koʻzingiz bilan koʻrgingiz keladi. Men ham har gal qoraqalpoq safariga otlanayotganimda Moʻynoqqa ham borishni koʻngilga tugib qoʻyardim. Ammo yoʻl uzoqligi, vaqt tigʻizligi bois niyat-niyatligicha qolib ketardi. U yerda umrguzaronlik qilayotgan Manzura Yerniyazovaning jasorati haqida eshitganimdan soʻng qarorim qatʼiylashdi. Nihoyat, kuzak oxirlagan kezlarda bu orzumiz ham ushaladigan boʻldi.

Shanba kuni tong salqinida Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Murodboy Nizanov bilan birga yoʻlga tushdik. Nukusdan Moʻynoqqacha masofa qariyb ikki yuz ellik chaqirim. Buning ustiga, kechqurun poytaxtga qaytishim lozim. Shoshilishimiz kerak.

Mashinamiz shahar va ovullar oralab oʻtgan keng, ravon “Buyuk ipak yoʻli”da bir maromda yelib boryapti. Atrofni qiziqish bilan kuzataman. Har qadamda taraqqiyot, yangilanish nafasi seziladi: yangi qurilgan koʻrkam binolar, bir tekis saf tortgan namunali uy-joylar… Orada zaminni baxmal tusga boʻyab ulgurgan gʻalla maysalari koʻzga tashlanib qoladi. Shoʻr bosgan dalalarga yaxob suvi berishga taraddud boshlangan. Qoraqalpoq dehqonlari yerdan hosil olish uchun nechogʻlik zahmat chekishini tasavvur qilish qiyin emas.

Qoʻngʻirot shahriga yetgach, oʻngga burilgan yoʻl boʻylab ketdik. Yana yuz chaqirimdan ziyod yurishimiz kerak. Onda-sonda uchrab turgan ekinzor dalalar ortda qolib, saksovul, turangʻil kabi sahroyi buta va daraxtlar quyuq oʻsgan choʻl hududi boshlandi. Baʼzan qirgʻovullar uzun dumini likillatib yoʻrgʻalagancha yoʻlimizni kesib oʻtadi. Sinchiklab qaralsa, ana shu oniy lahzalik kuzatuvdayoq bu qushning qanchalik chiroyli ekanini payqash qiyin emas. Ayniqsa, nar qirgʻovulning qora, qizgʻish, siyohrang patlari oʻziga yarashgan.

– Qirgʻovulni choʻlning koʻrki deyishadi, – dedi Murodboy ogʻa. – Keyingi paytlarda bu jonivorlar ancha koʻpayib qoldi.

– Shoqol, tulki deganday, kushandalari ham yetarli boʻlsa kerak?

– Qirgʻovul ayyor qush. Ularga osonlikcha tutqich bermaydi. Joʻjalarini himoya qilishni ham biladi.

“Boʻrini yoʻqlasang qulogʻi koʻrinadi” deganlaridek, xuddi shu payt yoʻl chetidagi ulkan saksovul tagida mallarang tulki biz tomonga hushyorlik bilan qarab turganiga koʻzimiz tushdi.

Choʻl manzarasi tarovatli edi. Tomosha qilgan sayin kishining bahri-dili ochiladi. Odatda, odam biror manzilga ilk bor qadam qoʻyganida taassurotlari shunaqa quyuq boʻladi.

Kun choshgohga chamalaganda Moʻynoqqa kirib bordik. Odmigina shaharcha ekan. Koʻchalarda odam siyrak, mashinalar koʻp emas. Qachonlardir dengiz poʻrtanalarining shovqiniga qorishib yotgan bu manzil bugun ancha sokin tortib qolgandek. Balki menga shunday tuyulgandir.

Dastlab Orol dengizi oʻrnida paydo boʻlgan barxanlarni, uning bagʻrida qumga qorishib yotgan kemalar qoldiqlarini tomosha qildik. Ufqqa tutashib ketgan bu kengliklar oʻrnida bir paytlar moviy dengiz mavjlanib turgan.

Moʻynoq oʻlkashunoslik muzeyiga kirib, jafokash Orolning oʻtmishidan hikoya qiladigan ashyolarni birma-bir koʻzdan kechirdik. Qurum bosgan langar va qayiqlar, chirib ulgurgan toʻr va qarmoqlar… Devordagi suratlarda esa poyonsiz dengizda saf tortib suzib borayotgan kemalar flotiliyasi, baliq tutayotgan odamlar, toʻlqinlar uzra charx urayotgan oqcharloqlar va yana qanchadan-qancha holatlar tasvirlangan. Bir paytlar Orol suvlarida suzib yurgan turfa xil baliqlar, dengiz qushlari, sohildagi toʻqaylarda yashagan yovvoyi hayvonlarning qotirilgan jasadi goʻyo sizga moʻltirab termilib turibdi… Ularning xira tortgan koʻzlarida allaqanday savol qotib qolganga oʻxshaydi. Bu soʻroqqa javob bera olmasligingni oʻylab ezilasan…

Tuman hokimligidan chiqib kelayotgan yosh yigit bilan salomlashib, muddaomizni aytdik. U bizni hokimlik binosining orqa tarafidagi hovliga boshladi. Peshtoqiga “Qoraqalpoq chevari Manzura” MCHJ yorligʻi osilgan bino oldida yoshgina, istarali ayol bizga peshvoz chiqdi. Tanishdik: Manzura Yerniyazova!

Ichkariga kirdik. Keng-moʻl xona jihozlari odatdagi xonadon manzarasini eslatadi. Gilam, koʻrpachalar yozilib, oʻrtada xontaxta qoʻyilgan. Ustida turli xil chizmalar, naqshlar, mato qiyqimlari, jurnallar sochilib yotibdi. Toʻrdagi devorga har xil diplomlar, faxriy yorliq va sertifikatlar osib qoʻyilgan. Xullas, shinamgina xona.

Narigi tomondagi kattagina zalda bir gala qizlar kompyuterlashtirilgan zamonaviy tikuv mashinalarida matoga bejirim naqshlarni darj etishayapti. Bir chekkada yangi tikilgan kostyum-shimlar, kelinlik liboslari taxlab qoʻyilgan.

– Stolda oʻtirib ishlashni sogʻligʻim koʻtarmaydi, – dedi Manzura. – Shuning uchun bu xonani oʻzimga moslab jihozlab olganman. Kun boʻyi shu yerda oʻtirib ishlayman.

Manzura samimiy, kirishimli ayol ekan. Bir zumda suhbatimiz qovushib ketdi.

– Moʻynoqqa birinchi marta kelishingiz boʻlsa kerak? – deya soʻradi u mendan.

– Ha.

– Muzeyga kirdingizmi?

– Hozir oʻsha yerdan kelayapmiz, – dedi Murodboy ogʻa.

– Orol ketgani bilan hayot toʻxtab qolgani yoʻq. Odamlar umid bilan yashayapti. Turish-turmushimiz ham baʼzilar oʻylaganchalik yomon emas. Balki qachonlardir dengiz ham ortiga qaytar…

Men Manzura Yerniyazovani yurish-turishi va gap-soʻzlaridan dardmandlik alomatlari yaqqol sezilib turadigan, koʻrgan odamning yuragini ezadigan yarimjon ayol boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Oʻzimcha unga dalda berishga, koʻnglini koʻtarishga chogʻlanib kelgan edim. Ammo qarshimda hayotidan koʻngli toʻq, shijoatli bir ayol jilmayib turardi. Xiyol oqsoqlanib qadam bosishini va koʻylagining oʻng yengi shalvirab osilib turishini hisobga olmaganda, uning nogironligiga ishonish qiyin.

Bu orada qizlardan biri chaqqonlik bilan xontaxtaga dasturxon yozib, qatlama non, qoʻlbola sariyogʻ, asal, turli shirinliklar keltirib qoʻydi.

– Oviz teging, – deb Manzura bizni dasturxonga manzirat qilib, chap qoʻlda qaynoq sutchoy quyib uzatdi. Ertalab choy ham ichmay yoʻlga chiqqan edik. Ishtaha bilan nonushta qildik. Issiq qatlamaga sariyogʻ surtib yeb, ustidan sutchoy ichganda tanangiz rohatlanar ekan. Qoraqalpoqlar juda mehmondoʻst, biroq ortiqcha mulozamat qilishga odatlanmagan. Topgan-tutganini oldingizga chiqarib qoʻyadi-da, bemalol suhbatlashib oʻtiraveradi. Bizning ham suhbatimiz dasturxon ustida qoʻr oldi.

– Korxonamizda hozircha 15 nafar xotin-qiz ishlaydi, – dedi Manzura. – Xudo xohlasa, kelajakda kattaroq imorat qurib, rosmana tekstil fabrikasi ochmoqchimiz. Shundan keyin yanayam koʻproq qizlarni ishga olamiz.

– Asosan nimalarni tikasizlar? – soʻradim men.

– Maktab oʻquvchilari uchun kostyum-shim, kofta-yubka, ular koʻkragiga taqadigan maktab nishonlari… Yaqin orada kollej oʻquvchilari uchun forma tikishni oʻzlashtiramiz. Tumanimizdagi shifoxona va bogʻchalarga ham buyurtma boʻyicha maxsus kiyim-kechaklar, toʻshaklar tikib beramiz. Keyin, turmushga chiqayotgan qizlar kelinlik liboslariga, kashta va naqshlarga buyurtma berishadi. Sanayversam, qiladigan ishimiz koʻp. Qizlarimiz juda chevar. Hammasiga ulguradi.

– Ular qancha maosh olishadi? – soʻradi Murodboy Nizanov.

– Oʻrta hisobda oyiga yetti-sakkiz yuz mingdan. Buyurtma koʻpayganda undan ham koʻproq…

– Moʻynoq sharoitida bu juda yaxshi-ku.

– Gapingiz toʻgʻri, – dedi Manzura. – Moʻynoq – ovloq tuman. Katta shaharlar bu yerdan ancha uzoq. Qizlarimizning ish topishi oson emas. Shuning uchun korxonamizga ishga kirishga havasmandlar koʻp. Doim ularga “Mijozlar bilan yaxshi muomala qilib, hurmatini joyiga qoʻyinglar, chunki ular tufayli ishlab, maosh olyapsizlar”, deb uqtiraman. Bu yerga kelgan odamlar ishimizdan rozi boʻlib, rahmat aytib ketishi kerak.

Oraga jimlik choʻkdi. Asosiy mavzudan gap ochishning mavridi yetgan edi. Men taraddudlanib hamrohimga qaradim.

– Nima demoqchi ekaningizni sezib turibman, – dedi Manzura sokin ohangda. – Shu paytgacha boshqalar ham mendan shu haqda soʻrashgan… Mayli, sizga hammasini bir boshdan gapirib beraman. Xullas, men 1981 yili Moʻynoqda tugʻilganman. Shu yerda voyaga yetdim. Maktabda yaxshi oʻqirdim. Yoshligimdan jurnalist boʻlishni orzu qilardim. Toʻqson oltinchi yili tumanimizda ochilgan litseyga meni suhbat asosida qabul qiladigan boʻlishdi. Kutilmaganda qattiq kasal boʻlib, besh oy toʻshakka mixlanib qoldim. Litseyda allaqachon oʻqish boshlanib ketgan edi. Tuzalganimdan soʻng u yerga qaytib borishga gʻururim yoʻl qoʻymadi. Keyingi yildan biznes-maktabda oʻqiy boshladim. Institutga tayyorgarlik koʻrayotganimda yana sogʻligʻim pand berdi. Jurnalist boʻlish haqidagi orzularim ushalmay qolib ketdi. Oʻzi, bolalagimdan koʻp kasal boʻlardim…

Manzura oʻn toʻqqiz yoshida qoʻshni Qoʻngʻirot tumaniga kelin boʻlib tushdi. Eri “Nukus – Qoʻngʻirot” yoʻnalishida qatnaydigan yoʻlovchi poyezdida vagon kuzatuvchisi boʻlib ishlardi. Dastlab hammasi joyida edi. Manzura uyda yolgʻiz oʻtirishdan zerikib, koʻpincha eri bilan poyezdda Nukusga yoʻl olar, shu bahona shaharni tomosha qilib, roʻzgʻorga kerakli narsalarni xarid qilib qaytardi. Shu tariqa oradan besh yil oʻtdi. Garchi ular farzand koʻrishmagan boʻlsa-da, bir-birini avaylab yashardi. Lekin hayot bir maromda kechmaydi. Taqdir baʼzan insonni kutilmagan sinovlarga, ogʻir mashaqqatlarga duch qilishi mumkin.

2004 yilning 17 iyul kuni Manzuraning hayotida dahshatli falokat yuz berdi. Oʻsha kuni ham odatdagidek shaharga otlangan edi. Perronda tezlik olayotgan poyezdga shoshilinch chiqa turib bir zum hushyorlikni unutdi. Ayol kishining stansiya uzra yangragan ayanchli faryodini poyezd shovqini bosib ketdi…

Manzura koʻzini ochganida boshdan-oxir oppoq tusda boʻyalgan allaqanday xonada yotardi. Aʼzoyi-badanini chidab boʻlmas ogʻriq qamrab olgan, qimirlashga ham majoli yoʻq. Shuuri karaxtlashib qolgani bois hech narsani eslay olmas edi.

– Oʻshanda poyezd gʻildiragi oʻng qoʻlim bilan oʻng oyogʻimni yulib ketgan ekan, – deya xotirlaydi Manzura. – Meni zudlik bilan Qoʻngʻirot shahridagi shifoxonaga olib borishgan. Baxtimga, Ahmed ogʻa ismli ajoyib jarroh bor ekan, shu odam meni operatsiya qilib, hayotimni saqlab qolibdi. Operatsiyadan keyin roppa-rosa oʻn kun hayot va oʻlim orasida osilib, behush yotgan ekanman. Koʻpchilik vrachlar mendan umidini uzib qoʻyishgan. Erimga “Taraddudingni koʻraver, xotining baribir oʻladi”, deyishgan.

Hayotdan nasibam uzilmagan ekan, omon qoldim. Biroz oʻzimga kelib, yuz bergan voqealarni idrok eta boshlagach, Ahmed ogʻaga rahmat aytdim. “Sen menga emas, yuragingga rahmat ayt, yuraging judayam baquvvat ekan, – dedi u kishi. – Yoʻqsa, bizning qoʻlimizdan hech narsa kelmasdi”. Balki shundaydir. Lekin men Ahmed ogʻadan umrbod minnatdorman. U kishi meni davolab, hayotga qaytardi. Tushkunlikka tushgan paytlarimda dalda berib, koʻnglimni koʻtardi. Shu insonning sharofati bilan oʻzimni har tomonlama tiklab oldim. Hayotda shunday ajoyib insonlar borligini oʻylasam, koʻnglim yorishadi.

Besh oy deganda shifoxonadan chiqdim. Lekin qiyinchiliklar hali oldinda ekan. Axir, yigirma uch yoshimda nogiron boʻlib qolganman. Kun boʻyi hech ish qilmay toʻshakka mixlanib oʻtirish ayol kishi uchun juda ogʻir ekan. Roʻzgʻor ishini qilish u yoqda tursin, oʻzim koʻmakka muhtojman. Erim bilan qaynonam navbatma-navbat ovqatlantirib qoʻyishadi. Ularga tirik tovon boʻlib qolganimni oʻylab siqilaman.

Oʻylab-oʻylab ortiq bu ahvolda yashab boʻlmasligini tushundim. Erim bilan ochiqchasiga gaplashib olishga qaror qildim. “Erkak kishiga mehr kerak, – dedim unga. – Men bu ahvolda sizga gʻamxoʻrlik qilolmayman. Endi taqdirga tan berib, ajrashganimiz maʼqul”. U avvaliga koʻnmadi. Peshonamizga yozilganiga rozi boʻlib, birga yashayveramiz, oʻzim senga gʻamxoʻrlik qilaman, dedi. Lekin men qaror qabul qilib boʻlgan edim…

Halichaga baʼzilar bu ishi uchun undan domangir boʻlishadi. “Ering nomardlik qildi”, deyishadi. Aslida unaqa emas. Axir, u kishi meni tashlab ketgani yoʻq, oʻzim shuni istadim. Men-ku ehtiyotsizligim tufayli shu ahvolga tushdim. Lekin uning aybi nima? Bir umr yarimjon ayol bilan yashab, qiynalib oʻtishi kerakmidi? Ikkovimiz besh yil baxtli yashadik. Ana shu hayotimizdan bir umrga tatiydigan shirin xotiralar qoldi. Menga shuning oʻzi kifoya…

Manzura kelinlik uyi bilan xayrlashib, toʻrkiniga qaytib keldi.

Bu yogʻiga irodasini qoʻlga olib, osoyishta hayot kechirishni koʻngliga tukkan edi. Shu niyatda vujudidagi kemtiklikka ham oʻzini koʻniktirdi. Baribir oson emas ekan! Aslida, uyda hamma narsa badastir. Shoʻrlik onaizor ertayu kech atrofida parvona. Lekin yuragini allaqanday noayon xijillik tark etmaydi. Bot-bot “Menga nima yetishmayapti?” deya oʻzini savolga tutadi. Aniq javob yoʻq. Manzura ikki yil ana shunday mahzun hissiyotlarga berilib, ruhan qiynalib yashadi.

Harqalay, bu orada bir qadar kuchga kirib, qoʻltiqtayoqda yurishni oʻrganib oldi. 2007 yili yaqinlarining maslahati bilan bankdan 600 ming soʻm kredit olib, bozordan bitta sogʻin sigir xarid qildi. Uni parvarishlab, sut-qatigʻini qoʻni-qoʻshnilarga sotish bilan andarmon boʻldi.

Bir kuni kechqurun Manzura onasining quroq koʻrpacha tikib oʻtirganiga koʻzi tushib qoldi. Uning chaqqon harakatlarini ancha vaqt kuzatib oʻtirdi. Negadir shu choqqacha oʻzi biror marta quroq tikib koʻrmagan ekan. Beixtiyor koʻnglida shu ishga havas uygʻondi. Ertasi kuniyoq qoʻliga igna-ip oldi. Lekin bir qoʻlda tikishning turgan-bitgani azob ekan. U matoning bir uchini oyogʻi bilan bosib, ikkinchi uchini tishlab, chap qoʻlda tikardi. Ana shunday mashaqqat bilan kechgacha ikkita quroq koʻrpachani tikib qoʻyibdi. Shunga yarasha quroqlari ancha bejirim chiqdi. Onasi uning ishini koʻrib hayron qoldi. Shundan soʻng Manzura bu mashgʻulotga butunlay berilib ketdi. Avvaliga quroqlarni shunchaki ermak uchun tika boshlagan edi. Kutilmaganda unga xaridorlar paydo boʻldi. Qoʻni-qoʻshnilar, turmushga chiqayotgan qizlar uyga kelib, buyurtma beradigan boʻlishdi.

– Nega sogʻ paytimda shu ishlar bilan shugʻullanmagan ekanman, deb oʻzimdan xafa boʻlardim, – deya eslaydi Manzura. – Keyinroq onam bilan dugonalarimga koʻylaklar tikib bera boshladim. Maqtanishga yoʻymang-ku, koʻylaklarim ham xushbichim edi. Men ularni bir qoʻlda boʻlsa-da, qunt bilan tikardim. Shuning uchun boʻlsa kerak, koʻylaklarimga talabgorlar koʻpayib qoldi.

Manzuraning hayotiga mazmun kirdi. Ertadan-kechgacha uyda oʻtirib tikish tikar, mato koʻtarib kelgan qiz-juvonlar uyidan arimasdi. Tez orada Moʻynoqda yashaydigan ikkinchi guruh nogironi Muhabbat ismli ayolni ham “bekor oʻtirmang”, deb yoniga oldi. Ikkalasi zavq bilan ishlar, koʻpincha tonggacha tikish xonasida qolib ketishardi.

Manzura tabiatan kuyinchak ayol. Qolaversa, boshiga tushgandan keyin nogiron ayolga hayotda qanchalik qiyinligini angladi. Ularni imkoniyati darajasida ish bilan taʼminlash orqali yordam berish mumkin, degan qarorga keldi. Moʻynoqda boshqa nogiron xotin-qizlar ham yoʻq emas. Oʻzi yashaydigan mahalla qoʻmitasida maslahatchi boʻlib ishlaydigan Roza Boymanovaga shu haqda gapirdi.

– Gapingizda jon bor, – dedi Roza opa. – Yaqinda Moʻynoqqa Oyzoda Nurimbetova keladi. U bilan gaplashamiz.

– Oyzoda Nurimbetova kim?

– Nukuslik taniqli modelyer-dizayner. Qoraqalpoq milliy liboslari boʻyicha katta mutaxassis. Nukusda “Chevar qoʻllar” degan shaxsiy korxona ochgan. Tumanimizda uyda oʻtirgan ayollarni ishga jalb etish boʻyicha bir haftalik seminar oʻtkazadi.

Shundan soʻng Manzura nukuslik dizaynerni sabrsizlik bilan kuta boshladi. Nihoyat, Oyzoda keldi. Manzura uni chorlab odam yubordi. Biroq mehmon hadeganda kelavermadi. Noiloj oʻzi u yerga borib, uyiga boshlab keldi.

Oyzoda Nurimbetova qahramonimizning ishlari bilan tanishgach, beixtiyor yigʻlab yubordi.

– Meni kechir, dugonajon, seni notoʻgʻri tushunibman, – dedi u hayajonini bosolmay. – Nogiron holingga shuncha ishlarni qilibsan. Matonatingga qoyil qoldim.

Shundan soʻng ikkalasi qalin doʻst boʻlib qolishdi. Oyzoda undan yordami va maslahatini ayamadi. U bir gal Moʻynoqqa kelganida Manzurani tuman hokimligiga boshlab bordi.

– Men yaqinda shaxsiy korxonamni yopib, boshqa ish boshlamoqchiman, – dedi u hokimga. – Agar siz Manzuraga birorta bino ajratib bersangiz, korxonamdagi tikuv dastgohlarini unga sovgʻa qilaman.

Hokim ham boʻsh yotgan uch xonali binoni taʼmirlab, Manzuraning ixtiyoriga berdi. Tez orada bu yerga Nukusdan zamonaviy toʻqimachilik dastgohlarini olib kelishdi. Manzura ulkan konteynerlarga joylangan dastgohlarni koʻrib, dafʼatan koʻzlariga ishonmadi. Shunday qimmatbaho, noyob uskunalarni bir nogiron ayolga beminnat tuhfa qilish uncha-muncha odamning qoʻlidan kelmaydi. U Oyzodaning tantiligiga tan berdi.

Eng qizigʻi, toʻquv dastgohlarini eshikdan ichkariga olib kirishning imkoni boʻlmadi. Shuning uchun binoning tomini ochishga toʻgʻri keldi.

– Oyzoda Nurimbetova ajoyib modelyer-rassom, – deya suhbatimizga aralashdi Murodboy Nizanov. – Xitoydan toʻqimachilik dastgohlarini keltirib, qadimiy liboslarni tikishni yoʻlga qoʻydi. U “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Mehrigiyoh” filmi uchun milliy kostyumlar tikib bergan edi. Keyinroq “Oyzoda korxonasini yopib, dastgohlarini sotib yuboribdi”, degan gapni eshitib xafa boʻldim. Qoʻngʻiroq qilib, uni urishdim.

– Dastgohlarni sotmadim, – dedi u kulib. – Moʻynoqlik bir nogiron ayolga sovgʻa qildim.

– Nogiron boʻlsa, ularni qanday ishlatadi? – dedim ajablanib.

– Oʻsha ayol jismonan nogiron boʻlgani bilan uncha-muncha sogʻlardan ziyod. Moʻynoqqa yoʻlingiz tushsa, u bilan gaplashing, oʻzingiz ishonch hosil qilasiz.

Shundan soʻng Murodboy ogʻa azza-bazza Moʻynoqqa yoʻl oladi. Matonatli ayolning hayoti bilan tanishib, amalga oshirayotgan ishlarini koʻrgach, unga mehri tushadi. Manzura Yerniyazova haqida “Yoʻlbars yuragini yegan ayol” nomli hujjatli film ssenariysini yozadi. Shu kunlarda ana shu filmni suratga olishga tayyorgarlik koʻrilayotgan ekan.

Manzurani bugun Qoraqalpogʻistonda koʻpchilik yaxshi taniydi. 2014 yili “Tashabbus” tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ikkinchi oʻringa sazovar boʻlgan. Oʻsha yili Prezident farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. Chindan ham, uning har bir kuni, amalga oshirayotgan ishlari jasorat namunasidir. Keyingi yili esa Nukusda oʻtkazilgan “Ardoqlov” tanovida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishi boʻyicha gʻolib deb topilgan.

Manzura sunʼiy protez oyoqda yurishga odatlangan. Bu moslamani unga tekinga berishgandi. Biroq, ochigʻi, sifati unchalik yaxshi emas edi. Harakatlanishda anchagina noqulayliklar tugʻdirardi. Lekin u shunisiga ham shukr qilib yashab kelayotgandi. Ikki-uch yil burun Baxtiyor ismli bir yigit Manzuraning hayotidan xabar topib, internetda unga xorijda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli protez oyoq xarid qilishda koʻmak berish borasida aksiya boshlabdi. Shu maqsadda bankda Manzuraning nomida maxsus hisob raqami ham ochishibdi. Uning oʻzi esa bundan bexabar. Saxovatpesha fermerlar, tadbirkorlar, oddiy insonlar baholi qudrat koʻmak berishibdi. Hatto xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ham bu xayrli ishdan chetda qolishmabdi. Fransiyadan Oygul ismli ayol 3 million soʻm, Amerikada ishlayotgan Gulzoda Nurimbetova 3700 AQSH dollari miqdoridagi pulni uning hisob raqamiga oʻtkazib berishibdi. Qisqa vaqt ichida 36 million soʻm pul toʻplanibdi.

– Toʻgʻrisi, buni kutmagan edim, – deydi Manzura. – Hech qachon ahvolimdan shikoyat qilgan yoki birovdan yordam soʻragan emasman. Oʻzim tanimagan-bilmagan odamlarning men uchun jon kuydirib, shuncha pul toʻplaganini eshitganimda yigʻidan oʻzimni tiyolmadim. Ularning koʻrsatgan mehr-oqibati menga qattiq taʼsir qildi.

Manzura yaxshi insonlarning sharofati bilan qulay va sifatli protez moslamasiga ega boʻlib, katta bir tashvishdan qutuldi.

– Bitta protez 36 million soʻm tursa, oʻz oyogʻimizning bahosi qancha ekan? – deydi u oʻychan qiyofada. – Menimcha, insonning atigi bitta barmogʻi ham dunyoning bor boyligidan ustun turadi. Xudo odamzodni mukammal qilib yaratgan. Har birimiz oʻzimizni avaylab yashashimiz kerak. Keksalar bekorga “Toʻrt muchang sogʻ boʻlsin” deb duo qilishmaydi. Men ehtiyotsizligim tufayli shu ahvolga tushdim. Shuning uchun oʻzimdan xafa boʻlaman.

Manzura Yerniyazova bilan ancha vaqt suhbatlashib oʻtirdik. Samimiy, fikrlaydigan ayol ekanligi gap-soʻzlaridan sezilib turibdi. Biror marta hayotidan, boshiga tushgan sinovlardan nolimadi. Holbuki, hamon salomatligida muammolar yetarli. Ozgina yursa toliqib qoladi. Tugʻma buyrak xastaligi tez-tez bezovta qiladi. Vaqti-vaqti bilan Nukusdagi nogironlar reablitatsiya markazida davolanishiga toʻgʻri keladi. Lekin u hayotni boricha qabul qilishga, qiyinchiliklarni yengib yashashga odatlangan. Ish bilan ovunadi. Chevar qizlari bilan yangi rejalar, gʻoyalarni amalga oshirishga harakat qiladi. Yangi bichimlar ustida bosh qotiradi. Bu mashgʻulot hayotining mazmuniga aylanib qolgan. Bir soʻz bilan aytganda, bu matonatli ayolning mashaqqatlar ila kechayotgan hayoti juda koʻpchiligimiz uchun ibrat boʻla oladi. Manzura Yerniyazova bilan xayrlashayotganimizda shu fikrlar koʻnglimdan kechdi.

Moʻynoqdan iliq taassurotlar bilan ortga qaytdik.

 

Gʻafur SHERMUHAMMAD

 

Nukus – Moʻynoq – Toshkent

 

“Yoshlik”, 2017-1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.