Yangiobod bozorida…

0
123
marta koʻrilgan.

Bir kuni tushgacha ochligimizdan burogʻib yotdik-da, ikkalamiz ham baravariga uf tortib yubordik. Kichikroq boʻlsa-da, oʻzimizga yarasha roʻzgʻor qilmasak boʻlmaydi, dedi doʻstim, sirdoshim, kursdoshim, hamxonam. Darvoqe, qozonimiz yoʻq-ku! Hamma balo shundan boshlandi.

Shu desangiz, pishir-kuydir degani taʼbimizga tobora yoqmay borayapti. Ayniqsa, bu yumush moʻylabi sabza urgan, abjirgina boʻlsak-da biz kabi oʻspirinlar uchun naq daxmazaning oʻzginasi. Ishoning, oshxonada kapgir yo qozon tutib turishga toqat yoʻq. Ammo na chora, talabalik. Ota-ona, opa-singillar yonimizda boʻlmasa… Shu paytgacha bunaqangi ishlarga boʻynimiz yor  bermay kelayotgandi. Bunga arzigulik sabab bor edi. Oʻzingiz bilasiz, talabalar turarjoyida “qozoningizni berib turing” deb qoʻshni eshikka bir kirasiz, ikki kirasiz, uch… ana boring, toʻrt… Buyogʻiga eshikni oʻylani-i-ib chertasiz. Har holda, yaxshi emas. Boʻlmaydi. Toʻgʻri kelmaydi! Doʻst bor, dushman bor. Qolaversa, togʻ togʻ bilan emas, odam odam bilan uchrashadi, deganday. Yillar oʻtib birorta kattaroq davrada yuzma-yuz boʻlib qolsak, dasturxonga bamaylixotir qoʻl choʻzolmasang, yeganing ichingga tushmasa, oʻtirsang yo tursang, oʻtsang yo qaytsang ham birodarlaring yodida “qozon soʻrab yurishardi” tarzida esda qolsang, bu vaziyat kimga ham xush yoqardi?! Tamom! Yaxshisi, bozorga boramiz. Qozon olamiz. Ortiq soʻramaymiz. Eshik taqillatmaymiz. Xullas…

 

Qozonga ketib…

Maslahat pishdi. Yangiobod bozoriga boradigan boʻldik. Xoʻjalik buyumlari u yoqda nisbatan arzon deyishdi. Bir-ikki soʻm choʻntakka qolsa, yaxshi-da. Oʻzingni ming qoʻyli boyday his etasan. Har holda, ilmi toliblarga shunday tuyuladi. “Yangiobod, qaydasan?” deya yoʻl taraddudini oldik. Mashinaga oʻtirdik. Yoʻlning teng yarmi bosib oʻtilgandayam xayolimizga kelmovdi, ammo kulging qistaydi: qozon degani shu atrofda topilmaydigan matohmidiki, shaharning u boshidan bu boshiga borsang. Yana deng taksida. Narxi ot bilan tuya boʻlarmidi! Yoʻlkiraga ketadigan pulni tejab, shuginani xoʻjalik mollari doʻkonidan xarid qilsak, otamiz soʻkarmidi yo enamiz urisharmidi? Boʻlar ish boʻldi. Bu orada shofyor “Yangiobodga keldik” degannamo kira haqini berishga ishora qildi.

Bozorga kirib bordik. Uning koʻrinishi (aniqrogʻi, ahvoloti)ni qanday tasvirlagan yo izohlagan maʼqul: bir qarasang, toʻzgʻigan uyga oʻxshaydi, bir qarasang, ayollarning sumkasiga – tartibdan boʻlak hamma narsa bor. Oltmishinchi yillarning oynagi deysizmi, yetmishinchi yillarning yelpigʻichimi yoki saksoninchi yillarning samovori, xullas, angishvonadan tortib KamAZning motorigacha topiladi. Shu mahal…

Gʻalatiroq xatti-harakat qilayotgan odamlarga koʻzimiz tushib qoldi. Ulardan biri – chamasi oʻttiz yoshlardagi erkak serchoʻntak kamzuliga joylangan nimalarnidir soʻrab kelayotgan xaridorlariga tezgina topib berib, yana oʻz koʻyiga tushib olardi. Yaqinroq borib, u-bu kimlardan soʻrasak, avval jilmayishdi. Soʻng “haligiday” filmlar ekaniga shaʼma qilishdi. Bildikki, haligi sirli odam haligiday voqealar yozilgan disklarni shodasidan ajratib, soʻralganini axtarib, betoʻxtov pullayotgan ekan. “Fransuzkiy” yo “intalyanskiy” talabi tushsa, barmoqlar oʻz-oʻzidan kamzulning oʻng yelka choʻntaklariga oshiqadi. “Aralash”idan soʻralsa, oʻng qoʻl chap yelka tomonga ajib ustamonlik, ajab “mohir”lik bilan yoʻrgʻalab ketadiki, harakat shu zayl izchil, bemisl va benuqson ado etilmoqda edi. Motsart yo Betxoven kuy bastalayotib, notada yoxud klavishlarda adashib ketgan boʻlsa bordir, ammo bu diskfurushning barmoqlari nomiga boʻlsa-da, aqalli bir marotaba adashib ham ketmaydi. Bordi-yu, bu kimsaning oyogʻini osmondan qilib, ikki marta silkib olinsa, ogʻzidagi nosvoy ichiga yutilib, shoda-shoda disk poyingizga toʻkilsa kerak.

Ammo ularning oyogʻini osmondan keltirib silkiydigan mardning oʻzi topilarmikan? Bu qalpoq bozori, yoʻgʻ-e, “lappak” bozorini tartibga solishga qodir tashkilot bormikan? Jami bozorlarda, vey, hatto benzin quyish shoxobchalaridayam mana shu “lappakfurush” – diskfurushlar urchib yotibdi. Bular xonandayu goʻyandalarning aytimlarini oʻgʻrincha yigʻib-terib, kompyuter degan vaqt mashinasida koʻz ochib yumguncha koʻpaytirib, kamiga yetmaganini oshirib, oshigʻini yashirib deganday pullayotgani birinchi illat boʻlsa (mualliflik huquqi, sotish huquqi, degan qonun-qoidalar nazarda tutilmoqda), maishiy buzuq, behayo filmlar yozilgan disklarni ayolu erkakka pullab (bunday odamlarni nima deb aytsa boʻladi?), ayniqsa yoshlarning ahvol-ruhiyasini bulgʻayotgani, endi bunisi ancha jiddiy masala. Taʼsir doirasi yillarga, bir necha avlodlarga yetgulik jirkanch jinoyat!..

Bexosdan miyamga urilgan ana shunday maʼnaviy zarbadan bodroqdek sochilib ketgan xayolimni yigʻib ulgurmasimdan yonginamizda kimdir past ovozda, ilondek vishillab xaridorlarni oʻz komiga chorlardi: 

– Erkaklarga dori… Dori… Erkaklarga! 

 

 “Quvvatfurushlar…”

– Aka, qanaqa dori ekan? – sir olmoq uchun mijoz qiyofasiga kirib biz ham  shivirlab soʻz qotdik.

– Mana, yotishdan oldin iliq suv bilan ichvolasiz. Yarim soatda kuchini koʻrsatadi. – Sotuvchi yana chaqqon bir harakat bilan ters oʻgirilib oldi-da, ishida davom etdi. Nimanidir aytish yodidan koʻtarildimi, biz tomonga nim qayrilib, dedi:

– Qoʻrqmanglar, uyaltirib qoʻymaydi.

Bu odamning sovuq irshayishidan bizni ich-ichidan mazax qilayotgani sezilar, bozordan tezroq chiqib ketmasak, yana bir nimalarga roʻbaroʻ kelishimiz kunday ravshan edi nazarimizda. Shunday boʻldi ham. Bozor darvozasidan tashqarilab ulgurmayoq, aksar nazoratchilarning tartib jarayonini amalga oshirishda koʻziga shubhali koʻringan (aytaylik, soch-soqoli oʻsgan, ust-boshi odmiroq) odamlarni toʻxtatib, ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini soʻrash bilangina chegaralanib qolayotgani, faqat shu yoʻsindagina oʻz xizmat vazifasini “munosib” oʻtashayotganiga guvoh boʻlasiz. Vaholanki, bozor ichkarisidagi asovlik, dilozor “savdolar”ga ham sagʻalgina nigoh tashlansa, foydadan holi boʻlmasdi! Nima, ular bu yerda nimalar sotilishini bilmaydi, deb oʻylaysizmi?!     

…Boyagi quvvatdorining qanday “karomat”ga ega ekani haqidagi savollar miyamizda gʻujgʻon oʻynayvergach, sabrimiz chidamay shu atrofdagi dorixonalardan biriga kirdik. Yangioboddan beri kaftimizda siqib kelayotgan tabletkani sotuvchiga uzatdik. Qadogʻiga “Erkaklar uchun!” (…for men) birikmasi yozib qoʻyilgan, soʻnggi kukunigacha kafolatlangan (“100 % healthy food”), kamiga xitoy iyeroglifida bitilgan yozuvlarni obdan kuzatgach:

– Bizda bunaqasi yoʻq, – dorixona xodimi miyigʻida kulib qoʻydi. Keyin koʻrsatkich barmogʻini “Qoʻyliq ota” masjidining (topgan joyini qarang bu muttahamlarning!) orqa tarafida qaldirgʻochdek tizilib oʻtirgan ayollarga niqtadi:

  •  Oʻsha yerdan topasizlar… 

Alqissa – anovi pista sotib oʻtirgan xolajonlar, aslida, oʻsha badbaxtlar yashirincha quvvatdorilar savdosini olib borishadi. Sigaret, nos sotib togʻday gunohga botgani yetmaganday, manovi yashirin biznesni “yoʻlga qoʻyib” olganiga oʻlasanmi? Xullas, oʻsha “bechora”lar asl maqsadni pardalash uchun chogʻroq stolda maydaroq, kichikroq qabihlik – noqonuniy ravishda tamaki mahsulotlari oldi-sotdisi bilan shugʻullanadilar. Onalik, ayollik nomi xayf sizlarga, ey, shayton domiga tushgan quvvatfurushlar! 

Oʻzimizni goʻllikka solib (maqolani faktga boyitish muddaosi bilan!) biz ham mijozlar safiga qoʻshildik. Engashib, doriga qoʻlimizni uzatuvdik hamki:

– Shoshma, mana, eng zoʻri. Bunisi toʻqson yashar boboylarniki! – onamiz tengi sotuvchi ayol urishdan nari-beri boʻlib, qoʻlimizga zargʻaldoq tabletkani tutqazdi. Demak, ushbu dorilar yosh nuqtai nazaridan ham taqsimlanadi: ona suti ogʻzidan ketmagan oʻspiringa, qirchillama erkakka, soqoli koʻksiga tushgan otaxonga, yuz yoshni urib qoʻygan boboyga… Sotuvchi ayolning yuziga razm solaman. Uyalmaydiyam-a?!

 

Muxtasar fikr! 

Jumanazar BEKNAZAR, tibbiyot fanlari doktori, professor:

Inson organizmining jinsiy faoliyatni meʼyorlashtirib turuvchi garmonlarni ishlab chiqarishini tibbiyot izohlab bergan. Shunga qaramay, boyagi dorilardan isteʼmol qilish tabiiy muvozanatga putur yetkazadi. Soʻngra organizm bu boradagi butun faoliyatini ushbu vositalar izmiga topshiradi. Avvalida tanaga maʼlum maʼnoda kuch bagʻishlab, uni quvvatlantirib turgan dorilarning taʼsir kuchi oxiriga borib inson tanasini yemira boshlaydi.

Millatimiz azal-azaldan iligi toʻq, tanasi va maʼnaviyati sogʻlom boʻlib kelmabmidi! Yoki oʻzbek xonadonlarida Yetmishboy, Saksonboy, Toʻqsonboylar bu singari vositalarsiz ham tugʻilmaganmidi! Oila – hayot bardavomligi nishonasi, “kelajak nasllar taqdiriga kuchli taʼsir koʻrsatadigan tarbiya maskani”. Sogʻlom bola nafaqat oila va jamiyatning, balki millatning sogʻlomligi demakdir. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” naqli mohiyatini hali anglab ulgurmagan, muqaddas rishtalar, ezgu fazilatlarni daromad manbaiga aylantirib olgan bu singari kimsalar ham yon-verimizda uchrab turgani ayni haqiqat. Iymoni but, moʻmin-qobil, diyonatli avlodni ulgʻaytmoq uchun, avvalo, insonning oʻzi shunday sifatlarga ega boʻlmogʻi darkor emasmi? “Qoʻyliq ota” masjidi tegrasidagi nomushtarak manzara aqlu shuurimizga sigʻmay borayotir: masjid ichkarisida odamlar Yaratgandan ezgulik, insof, diyonat – yaxshiliklar tilab, koʻnglini yomon ishdan saqlamoq umidida sajdaga bosh qoʻyayotir; masjidning orqa tomonida esa…

Bunday xil vositalar axborot xuruji, ommaviy madaniyat niqobi ostidagi tashqi taʼsirlarning egizagi, millat irsini aynitish, uni ichdan yemirish uchun tahdid emasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Mazkur holatda mahalla oqsoqollari, posbonlari, diniy maʼrifat maskanlarining jamiyatimiz hayotida osoyishtalik, xushyorlik va ogohlik muhitini mustahkamlashdagi masʼuliyatini yanada oshirishga toʻgʻri keladi. Axir kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat, insonparvarlik, oʻz eliga sadoqatli boʻlish kabi olijanob xislatlar sogʻlom muhitda shakllanadi-da!

Darvoqe, yanagi safar biror yumush bilan, qozon bahonalabmi, Yangiobod bozoriga yoʻlimiz tushar. Oʻshanda hammasi joy-joyida boʻladi. Harqalay, shunga umid qilamiz!

Qozonmi? Oldik. Ammo bozordan muztar boʻlib qaytar chogʻimizda, bu zormandaga termilgancha dono xalqimizning dono naqli yodimizga tushdi:

Qozonchining erki oʻzida! Qayeridan quloq chiqarsa…

Ey, hamyurtlar, ogʻa-inilar, endilikda fayzu barakaga toʻla bozorlarimizni tartibga sola oldik-ku, qolganlarini ham oʻzibilarmon, pulga sigʻinib yashaydigan odambashara kaslardan asraylik!

 

 

Akmal Murod

 

“Hurriyat” gazetasi,

2014 yil 29 yanvar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.