“Yana bormi?” “Kimlar?!”

0
14
marta ko‘rilgan.

Gohida tevarak atrofga nazar solib, insofu diyonat, mehru muruvvat, saxovat kamayib ketayotganiga bevosita guvoh bo‘lasan. Yordam berish qo‘lidan kelsada, o‘zini bilmaganga solish, o‘zini niqoblab do‘st qilib ko‘rsatishu, zimdan payt poylab choh qazuvchilar ko‘payganiga ham shohid bo‘layapmiz. Ayniqsa o‘zini ziyoli sanovchi kishilar orasida bunaqangi holatlar uchrab turishi g‘oyat afsuslanarlidir. Shularni ko‘rib, kuzatib “nahotki insofu diyonatli ziyoli zamondoshlarimiz ham kamayib ketayapti?” deb o‘yga tolishga majbursan. Shukrki, marhum professorlar G‘aybulla as-Salom (1932–2003) va Begali Qosimov(1942–2004)lar bilan bog‘liq hayotiy voqealarni eshitib yaqin davrda ham shu kabi saxovatli, halollikni hayotiy mezon qilib olgan zamondoshlarimiz yashaganiga shukr qilamiz. Dastlab ular bilan bog‘liq voqealarga nazar solsak.

Taniqli ijodkor Sherali Sokin bir suhbatida professor G‘aybulla as-Salomning insoniy fazilatlaridan so‘z ochib u kishini shunday xotirlagandilar:

–… O‘sha kezlari, gapning ochig‘i, moddiy jihatdan qiynalib yurgandim. Do‘stim, shoir Rauf Parfi maslahat berdi:

– Yaxshisi, ustoz G‘aybulla as-Salomdan qarz so‘ragin. Qulay yo‘li – shu. Yurasanmi qiynalib?

“Qalay bo‘larkin?” deya andak taraddudlanib oxiri yurak yutgancha Ustozdan qarz so‘radim. Ul zoti sharif o‘ng qo‘lidagi hassasini chap qo‘liga olib hamyonidagi hamma pullarni sanamasdan-netmasdan kaminaga uzatarkanlar, mehribonlik bilan dedilar:

– Tushunaman, mirzam. Sizga hozir juda qiyin. Og‘ir operatsiyani boshdan kechirishning o‘zi bo‘lmaydi. Jo‘jabirday jonsiz. Ustiga ustak, Ivo Andrichning “Drina ko‘prigi” romanini tarjima qildingiz. Tarjima o‘ta mashaqqattalab yumush: kishini juvozdan chiqqan otday qilib qo‘yadi. Ha, modomiki shunday ekan, bu pullarni ishlating. Badavlat bo‘lib ketganingizda qaytararsiz.

Ittifoqo, o‘sha kuni birodarim Olimjon Hakimov o‘zi guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib qoldi:

– Negadir G‘aybulla as-Salom domla bugun “Sharq” konserni oshxonasidagi tanish oshpazdan nasiyaga taom olib tushlik qildilar…

Men mulzam bo‘lib qoldim.

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanilik Hanifa Suyarqulov esa ijodkorlar orasida “so‘nggi jadid” nomini olgan Begali Qosimov bilan bog‘liq ibratli bir voqeani shunday so‘zlaydilar:

– O‘g‘limni institutga imtihon topshirish uchun Toshkentga olib bordim. Toshkentga kam borganmiz, shaharni bilmaymiz. Bir uzoq qarindoshimizni qora qilib, 2-3 kun yashashga joy topib berar degan umidda uyini topib bordik. Albatta, bizning tashrifimiz ularga yoqmadi. Suhbatlashib o‘tirganimizda uyning bekasi: “O‘g‘ling muncha yuvosh, ustiga kamgap, uyatchan ekan. Shu turishi bo‘lsa institutga kirolmaydi, “x” variant sotib olgin”, dedi masxaraomuz ohangda. Ustimdan sovuq suv quygandek bo‘lib ketdim. O‘g‘limni bilmayman, lekin mening yuragim ezilib, ko‘zyoshimni arang to‘xtatdim.

Kechki payt o‘g‘limning o‘rtoqlari turadigan joyni daraklab topdik, bir amallab tong orttirdik. Ertasi kuni bir qarindosh talaba yigit kelib, bizni Begali Qosimov uyiga taklif qilayotganini aytdi. O‘z qarindoshimizdan iltifot ko‘rmaganimiz uchun u kishinikiga borishga istihola qildik, to‘g‘risi qo‘rqdik. Lekin u yigit domla tayinlaganini aytib, bizni olib ketdi. Ko‘chada qolganimizni bolalardan eshitib, uyiga chaqirgan ekan.

Biz iymanib, zo‘rg‘a darvozadan kirib borganimizda, hovlidagi so‘rida o‘tirgan er-xotin shoshilib o‘rinlaridan turib, peshvoz chiqishdi. Yuragimga kecha o‘rnashgan dard bu mehrdan erib, ko‘zyoshlarim bilan oqib tushib, jismimni tark etgandek bo‘ldi. Men o‘zga bir olamga, suv o‘rniga mehr to‘ldirilgan dengizga tushib qolgandek edim.

Bizni Begali akaning ish xonasi yonidagi mehmonlar kutiladigan xonaga joylashtirishdi.

Ertasi kuni Matluba opa domlaning xonasini ko‘rsatdi. Xonada minglab kitoblar, go‘yo bu inson umri davomida topgan-tutganlarining hammasiga kitob sotib olganday tuyuldi menga.

Biz bu yerda uch kun turgan bo‘lsak, domlaning qachon uyquga yotgani-qachon turganini bilolmadim. Faqat tinmay ishlab o‘tirganini ko‘rdim. Endi o‘ylasam, bu hazrati inson salomatligi yomonlashganiga qaramay, umri tugab qolmasdan ishlarini oxiriga yetkazishga shoshilgan ekan.

Domla nonushtani ham, tushki, kechki ovqatni ham biz bilan birga qilib, bir oz suhbatlashardi. O‘ta kamtar bu inson bilim qaynab chiqayotgan bir buloqqa o‘xshardi. O‘g‘lim iqtisodchi bo‘lmoqchiligini eshitib, fanning turli sohalaridan savollar berib, maslahatlar berdi. Imtihondan bir kun oldin u kishiga minnatdochilik bildirib, institut yaqinidan birorta joy topmoqchi ekanimizni aytganimda, bizga ruxsat bermadi. O‘g‘limga bugun kechqurun yaxshilab dam olishni, imtihonga ortiqcha narsa olib kirmaslikni, aks holda vaqtdan yutqazib qo‘yishi mumkinligini aytdi. Ertasi ertalab bizni Matluba opa bilan birga o‘z mashinasida imtihon bo‘ladigan joyga olib borib qo‘ydi, o‘g‘limning ko‘nglini ko‘tarib: “Siz albatta institutga kirasiz. Kelajakda moliya vaziri bo‘lasiz, yaxshi topshirib olishingiz uchun omad tilayman”, deb o‘g‘limning qo‘lini qisdi. Bu tabarruk insonning tilaklari ijobat bo‘lib, o‘g‘lim o‘qishga kirdi, hozir vazirlikda faoliyat yuritmoqda.

Ha, Hanifa aytgan voqeaga ham 15 yildan ortiq yil bo‘ldi. Bu orada 2004 yili Begali aka ham afsuski vafot qilib ketdilar. Biroq undan adabiyotshunoslik va tarixga oid ko‘plab tadqiqot asarlari, eng asosiysi yaxshi nom yodgor bo‘lib qoldi. Begali aka halollikni umrining asosiy mezoni qilib qa’tiy belgilab olganidan hattoki o‘g‘lining xorijga o‘qishga ketishiga ham aralashmagan ekanlar.

Bu haqda o‘g‘li Behzod Qosimov otasining qa’tiyatligi to‘g‘risidagi bir voqeani shunday xotirlaydi:

– Xorijda o‘qishga yo‘l ochilgan paytlar edi. O‘qishni Amerikada davom ettirmoqchi bo‘ldim. Hujjatlar tayyorladim, ayrim sinovlardan o‘tdim. Seytl universitetiga boradigan bo‘ldim. Endi ToshDU tashqi aloqalar bo‘limining ruxsatini olish kerak ekan. Dadam o‘shanda universitetda prorektor edi. Menga: Lyubov Maksimovna (tashqi aloqalar bo‘limi boshlig‘i)ga o‘zing kirgin. Maqsadingni tushuntir, lekin mening o‘g‘lim ekaningni aytma, dedi. Kirdim, tushuntirdim. Rad javobini oldim. O‘shanda dadam aralashganlarida Amerikaga ketar ekanman. Shunday qilib xorijda o‘qish orzusi orzuligicha qolib ketdi.

Ha, G‘aybulla va Begali akalar afsuski bugun oramizda yo‘q… Xo‘sh, ular kabi saxovatli, halollikni umr bezagi deb bilgan yana qancha ziyolimiz bor bugun oramizda? Agar bo‘lsa o‘zini atayin insofli qilib ko‘rsatishga urinmay, to‘qima voqeani keltirmay yuqoridagi kabi misollarni aniq keltiraoladimi? Balki bordir… Xo‘sh, qani ular?!

 

Umid BEKMUHAMMAD

 

kh-davron.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.