Xudo va yig‘i

0
52
marta ko‘rilgan.

Mening hikoyam

 

Men, Yomg‘ir va Xudo

2004–2010 yillar

Bolaligimda Xudo-Xudo degan o‘z o‘yinim bo‘lardi. Bunda ishim yurishmasa, Xudodan arazlardim, omadim kelishi bilan yana yarashib olardim. Bu menga shunchalar zavq berardiki! U bilan o‘ynash menga judayam yoqardi. Ilk bor Undan qattiq ranjiganimni yaxshi eslayman: 5-sinfda o‘qib yurgan kezlarim nima uchun hamma ota-onasi bilan yashaydi-yu, men bobo buvimnikida yashayman, degan savol bilan Unga murojaat qilib, javob olomadim.

Keyin meni mehribonlik uyidan asrab olishgan bo‘lsa-chi degan xayolda katta tanaffus payti o‘qituvchilar xonasidan tabelimni o‘g‘irladim(o‘g‘rilik yomon, bu savolimga javob bermagani uchun Unga jazo edi go‘yo) va ota-onasining ismi degan joyida uzoqda yashab, har zamonda xabar olib turadigan onamning ismiga va notanish erkak ismiga ko‘zim tushdi. Uyga kelib momamdan buning javobini so‘radim. Momam mendan bunday gapni kutmagan shekilli, avvaliga bir so‘z demay qotib qoldi, keyin uzoq yig‘ladi, judayam ko‘p yig‘ladi. Meni bag‘riga bosib yig‘ladi va ko‘chamizning boshida turadigan odam otam ekanini, onam bilan tug‘ilmasimdanoq yo‘llari ayro tushganini va men shu yerda qolib, onam boshqaga turmushga chiqib ketgani aniq bo‘ldi. Men o‘n ikki yoshda edim. Men ozgina yig‘ladim. Keyin do‘stim-Xudo bilan apoq-chapoq bo‘lib ketganim murg‘ak qalbimning ezilishiga yo‘l qo‘ymadi. Har holda endi kimning bolasi ekanim aniq edi.

Men otam bilan yuzma-yuz bo‘lish rejalarini tuza boshladim va bir kuni bu bo‘ldi. Maktabdan qaytishimda u kishi xotini bilan bozordan qaytayotgan ekan. Qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Orqalaridan qolmay kelaverdim. Ko‘zlarimga qarasa, chiroyli tabassum qilaman va shu bilan meni yaxshi ko‘rib qoladi, degan tasavvur mavjud edi menda. Ko‘chamiz boshigacha keldim. Lekin qaramadi. Bir bora bo‘lsayam ortiga o‘girilmadi. Uyiga kirib ketguncha turdim. Yo‘q, qaramadi.

Katta ko‘chada men, Yomg‘ir va Xudo qolib ketdik. Shu bilan hammasi o‘zgardi. Hammasi tugadi. Hammasi boshlandi. O‘shanda murg‘ak yuragimda ilk bora og‘riq sezganman. Keyin bu og‘riqlar ko‘paydi va Xudo bilan ham endi o‘ynamay qo‘ydim. Yuragim tez-tez sanchib qo‘yadigan bo‘ldi, keyin oyoqlarimdan mador keta boshladi. Har qadamda shamollar meni ta’qib etardi. Nazarimda, undan arazlaganimni bilib, o‘zini tanitmaslik uchun shamol shaklida ortimdan so‘zsiz ergashardi Xudo.

Mening arazlarim beozor edi. Hech kim bilmasdi og‘riqlarimni. Faqat o‘zim… dunyoning chalkash chiziqlarida muvozanatimni qanday saqlay olishim haqida ko‘p o‘ylardim. Maktabni bitirib, kollejga kirdimu ko‘p vaqt o‘tmay butunlay yotib qoldim. Toshkent qaytardi, Samarqandda jonim omon qoldi. To‘rt marta murakkab jarrohlik operatsiyasini boshimdan o‘tkazdim. Sochimni olib tashlashdi. Birinchi operatsiyadan keyin uyg‘onsam, boshimning terisini teshib, ikki chakkamdan temir bilan tosh osib qo‘yishgan ekan, ikki oyog‘imning ikki chetiga ham tosh osishibdi. Farroshlar ehtiyotsizlik qilib, osilib turgan toshga tegib ketishsa, miyamning ichida qolib ketardim. Shu zayl o‘n uch kun turdim. Momam va xolamlar almashib qarashdi.

Bandasining boshini falakning toshidan ham mustahkam qilib yaratgan ekan Xudo. Boshim uzilib tushadi deb o‘ylardim. Hech narsa qilmadi. Uchinchisida klinik o‘lim qayd etilgan menda va o‘shanda bir lahzaga jannatga tushib qoldim(shekilli). O‘qishimni davom ettirish uchun ruhsat oldim. Oyoqlarim yengil, hech qanday og‘riqlarsiz, xotirjamlik va quvonch bilan o‘quv binosi tomon yugurdim. Ikki-uchta qizlar bilan tanishdim. Ular meni sinfxonaga emas, boqqa olib borishdi. Kiraverishda yigitlar men tomon hayron boqishdi. Yangi kelgan bu, dedi yonimdagi qiz. Keyin hamma bog‘ning o‘rtasida osmonga ilinib turgan tolalarga osilib olishdi. Shunday ingichka tolalar qanday qilib bir odamni ko‘tarib turganiga aqlim yetmasdi. Shoshilgancha o‘z tolamni qidira boshladim. Ammo hammasi band edi. Qizlarga yalindim, hech kim bermadi. Yangi qiz, sening arg‘imchog‘ing yo‘q, endi o‘qiyolmaysan bizda, dedi yigitlardan biri. Yig‘lamoqchi bo‘laman, tomog‘imda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi faqat. Keyin yana nimalardir bo‘ldi, yaxshi eslay olmayman. Ammo uyg‘onganimda bildimki, men yana o‘sha og‘riqlar, rahmdil qiyofalar ichida edim.

“Haliyam kislorodni vaqtida topdik!” dedi kimdir. “Nimaga topasan? Shunday chiroyli hayotdan meni tortib olding. O‘ynab-kulib o‘qib yurmoqchiydim, og‘riqlarsiz yashamoqchiydim, kislorodga balo bormidi?!” dedim alamli. Ammo ovozim chiqmas, qo‘llarimni qimirlatishga-da madorim yetmasdi.

 

Tushlarim

Xudo bilan arazlashganimdan buyon har kuni tushlar ko‘raman. Ularning aksariyati qorong‘u. Deyarli barchasida katta-katta toshlar egallab olgan uzun yo‘llar, nursiz loy ko‘chalar, sirpanib, muvozanatimni tutolmayotganim, zinalardan chiqishga qiynalayotganim tasvirlanadi. Ammo hammasida yuraman. Bir kuni kichkina xolam bilan bozor aylanishga bordim va chiroyli kiyimlar xarid qildim. Qaytar chog‘imizda qayerdandir momam va buvam paydo bo‘ldi. Buvam meni ko‘tarib mashinaga o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Buva, meni qo‘yib yuboring, o‘zim yurolamanku, deb qo‘rqib uyg‘onib ketdim. Qarasam, o‘sha xolam xonamni supurayotgan ekan. “Turdingmi, yonbosh qilib qo‘yayinmi?”-dedilar xolam nihoyatda sokin ovozda. Yurish tugul, mustaqil o‘tirish tugul, yonboshga ag‘darila olmasligim yodimga tushib ketdi. Indamadim. Men tushlar ichida yo‘qolib ketishni shunchalar istadimki!

Keyingi kuni qo‘shnimiznikidagi qandaydir marosimda qatnashayotgan ekanman. Yaxshi yuribman, hamma og‘riqlarim unutilgan. To‘satdan qachondir operatsiya bo‘lib yurolmay qolganim yodimga tushib ketdi. Tushlarimda yurganlarim xayolimdan o‘tdi. Cho‘ntagimdagi telefonga qaradim-u, qo‘shni qiz – Zuhraning oldiga chopib bordim.

– Zuhra, meni suratga ol, tez bo‘l! – dedim hovliqib.

– Nega? – dedi ajablanib. – Rasmga tushib nima qilasan. Yur, undan ko‘ra, daryoga boramiz, – dedi xotirjam.

– Zuhrajon¸ meni rasmga olmasang bo‘lmaydi, shu turishimda rasmga ol. Juda ko‘p tushlar ko‘ryapman. Yurolmasmishman, Zuhra. Ishongim kelmaydi. Yurib turgan odam ham yurolmay qoladimi axir? Mana, menga qara, hozir o‘nggimmi bu, mana qo‘llarim, mana oyoqlarim, demak, o‘nggim. Sog‘ yuribman. Ma, telefonimga rasm tushib olay, – dedim yig‘lab.

– Jinni bo‘ldingmi, yuribsanku, tushga nimalar kirmaydi deysan. Rasmni nima qilasan o‘zi? – dedi Zuhra achchiqlanib.

– Bilasanmi, hozir juda baxtiyorman. Lekin shu quvonchim ham tush bo‘lishi mumkin, qo‘rqyapman, Zuhrajon. Nima qilay, bu tushlar meni ado qilyapti. Yuragimni oldirib qo‘ydim shu tushlarga. Shu yerda qolishni istayman. Shu zaylda qolmoqchiman. Shu holimcha yashamoqchiman. Meni bag‘ringga bos, mahkam quchoqla, qo‘yib yuborma, yomon tushlarning meni tortib olishiga yo‘l qo‘yma. Qo‘rqyapman. Mabodo… Agar sen hozir meni rasmga tushirsang va mabodo bu tush bo‘lsa ham, shu telefonimni tushimdan olib o‘taman va meni davolay olmagan do‘xtirlarga ko‘rsataman, keyin davolab, tuzatishadi, – dedim.

Lekin bu tush emasligidan ko‘nglim xotirjam edi. Zuhra meni suratga oldi. Zudlik bilan qafasidan ozod bo‘lgan qushday telefonni mahkam quchoqlab oldim. Atrofimdagi minglab nigohlardan yashirdim. Shu alfoz qancha vaqt turdim bilmayman, uyg‘onganimda qo‘llarim bo‘m-bo‘sh edi. O‘zimni paypaslab, telefonni uzoq qidirdim, ammo topa olmadim.

2011 yil

 

***

Tanamda jarohatlar nihoyatda ko‘p. Besh oydan beri muntazam, kuniga ikki mahal muzlab isitma qilaman, qaltiroq suyak-suyaklarimgacha yetib boradi. Oxirgi kunlarda isitma tushiruvchi ukol ham ta’sir qilmay qoldi. O‘tirg‘izib qo‘yishsa, ko‘nglim behuzur bo‘ladi, boshim aylanadi. Oxiri bo‘lmadi, tog‘am yana shifoxonaga olib bordi. Qonimga infeksiya tushib ketibdi. Qonimni almashtirishdi. Ammo isitmam tushay demaydi. Shifoxonaga kelganimning to‘rtinchi oylarida sal-pal ahvolim o‘nglangandek bo‘ldi. Ertalab shifokor bitta ukol qilib ketadi va kuni bo‘yi kayfiyatim yaxshi bo‘ladi. Bu ukoldan besh kun oldim, oltinchi kuni yakshanba edi, shifokor biroz kechikdi. Ahvolim to‘satdan og‘irlashdi. Yana issig‘im ko‘tarildi, hech qanday ukol ta’sir qilmadi. Qaltiroqlarim ortib ketaverdi. O‘n daqiqalardan so‘ng, shifokorim hovliqib kirib keldi va o‘sha ukolini qildi. “Yo‘lda ushlanib qoldim” dedi. Birpasda tinchidim. Juda yengil bo‘ldim. Ammo ko‘nglimga bir havotir oraladi. Bu qanaqa ukol o‘zi? Nega menga shundan bo‘lak boshqa hech narsa ta’sir qilmayapti? Unga o‘rganib qolsam nima bo‘ladi? Ertasiga barvaqt turdim va o‘zimni sinadim. Shifokor kelguncha oz-moz bezovtalandim. Ukol o‘z vaqtida keldi.

– To‘xtang, bu qanaqa ukol o‘zi, nomi nima? – dedim.

Shifokor talmovsiradi.

– Tinchlaning, bu qo‘rqinchli emas, hozir ahvolingiz nihoyatda og‘ir. Faqat shu ukolgina sizni tinlantiryapti. Buni biz eng so‘nggi chora sifatida qo‘llaymiz. Bu garmon, narkotikning bir turi desa ham bo‘ladi, – dedi.

Jahlim chiqib ketdi. O‘z hayotim uchun o‘zim mas’ulman, olmayman garmoningizni, deb qat’iy turib oldim. Og‘riqlarga chidayman, desangiz, mayli, deb chiqib ketdi shifokor. Juda qattiq og‘ridim. Odamning joni bitta shpritsning ichiga bemalol sig‘adi-ya! Mendan ham momam azobda. Qo‘rqmang, deyman, shu ukolga o‘rganib qolsam bundan battar bo‘laman, deyman. Momam baribir qo‘rqaveradi. G‘ujanak bo‘lib qolaman, oyoq qo‘lim qaltiraydi. Ammo ertam uchun chidashim kerak. Uzog‘i bilan uch kun qiynaldim. Xudoga shukr, hammasi o‘tib ketdi. Shu shifoxonada momam bilan yangi yilni ham, navro‘zni ham o‘tkazdik. To‘qqiz oydan keyin uyga qaytdik. Jarohatlarim o‘n yetti oyda bitdi.

2012 yil

 

***

Biroz o‘tirib qoldim. Uyda zerikyapman. Biror yumush bilan ovunmasam bo‘lmaydi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim u bu nima qoralardim. Shuni davom ettiraman. Juda ko‘p narsa yozyapman. Ayniqsa, nasrda. She’rga xafsalam yo‘q. Ammo yuragimda juda katta vulqon otilishga tayyorlanayotgandek his qilaman o‘zimni. Kitoblarim chop etilganini, unga katta-katta shoirlar yuqori baho berganini tushlarimda eshitaman. Yana men haqimda judayam ko‘p maqolalar yozilayotganini his etaman. Hammasi she’rlarim haqida. Yana o‘ylayman, men she’r yoza olmayotgan bo‘lsam, bu tushlar ham shunchaki xom-xayol. Ammo ko‘nglimga kelganlarini umid bilan qog‘ozga tushirib qo‘ydim. Bir nechta gazetaga yubordim, 2-3 tasi chop etildi. Buvam har hafta “Bekajon” olib keladi. Hamma sahifasini o‘qib chiqaman va fikrlarimni yozib, har hafta maktub yuboraman. Ko‘pi chop etildi. Lekin she’rlarimni hech chiqarishmayapti. Ammo bir kun chiqarishadi, o‘zimdan so‘rab olishadi. Ko‘nglim to‘q. Demak, yashasa bo‘ladi.

2013 yil

 

***

Ijodni sevib qoldim. Tinimsiz yozaman. Uyimizga viloyatimiz gazetasidan muxbirlar kelishdi. Hatto tashakkurnoma ham berishdi. Men bir haftada ikkita ijodiy ishim bilan tinimsiz gazetada chiqish qilaman. “Bekajon” gazetasida uch-to‘rtta she’rlarim chiqdi. Hatto tadbirlariga ham taklif etishdi. Hech ko‘chaga chiqmas edim. Hamma ustimdan kulayotgandek tuyulardi.

Ko‘zimni chirt yumdimu, Samarqandga bordim. Dovdirab ikkita she’r o‘qidim. Bunday davrada birinchi bo‘lishim edi. Kimga qanday muomala qilishni ham bilmadim. Shoira Xosiyat Bobomurodova kitoblariga dastxat yozib, qo‘limga berdilar. Katta shoira bo‘lasan, dedilar. Kulgim keldi. Men sizlarga o‘xshab, katta davralarga borolmayman, katta yig‘inlarga qatnasholmayman, zinalardan chiqolmayman, shuning uchun orzuda ham me’yorni unutmaslik kerak, degim keldi. “Bekajon” gazetasi she’rlarimni so‘radi. Kitob qilar emish. Mening pulim bo‘lmasa. Indamay berdim. Bir necha oydan so‘ng, “Hovuchdagi yurak” nomli ilk kitobim qo‘limda bo‘ldi. Xosiyat Bobomurodova juda chiroyli so‘z boshi yozibdilar. Bir haftadan so‘ng, “Bekajon”da ustoz yozuvchi Tohir Malik so‘zlari bilan bir turkum she’rlarim bosilib chiqdi. Momamlar ham xursand. Hech bo‘lmasa, ijodiy yutuqlarim ko‘paymoqda.

2014 yil

 

***

Ijodkor do‘stlarim ko‘paygandan ko‘paygan. Tumanimiz yoshlari hokim qabuliga kirib, meni davolatish va oyoqqa turg‘azish haqida murojaat qilganlari haqida eshitib qoldim. Toshkentda bepul davolanishim uchun qo‘limga order berishdi. Avvaliga bormayman, dedim. Momam qo‘ymadi, shularning mehnati zoye ketmasin, bir havo almashtirib kelasan, dedi.

Bordim. Meni goh u shifoxonaga yuborishadi, gohida bu. Oxiri Respublika neyroxirurgiya markazida to‘xtadik. Shifokor barcha tekshiruvlardan o‘tkazdi. Shunaqasiyam bo‘ladimi, oyoqlaring sog‘lomku, nega yurolmayapsan, dedi. Hayron bo‘ldim. Ertasiga yana bitta apparatga soldi. Uch-to‘rtta vrach birgalashib tekshirishdi. Momam tashqarida edi.

Shifokor juda hissiz ekan. Oldimga kelib o‘tirdi-da, ko‘p operatsiya bo‘lganing natijasida orqa miyangda kista paydo bo‘libdi, deydi. O‘zbekistonda olib bo‘lmas ekan. Mikroskoplari yo‘q emish. Kista nihoyatda orqa miyaning ichkarisida emish. Shu turishda yuraversam, hech narsa qilmaydimi, desam, ko‘zlarimga qarab, qiladi, avval qo‘lingning harakatini cheklaydi, keyin ko‘rish faoliyatingga ta’sir qiladi, oxiri o‘lim bilan tugaydi, deydi. Nima deyishni bilmadim. Endigina yashamoqchiydim-a?!.

Hamshira meni zalga, momamning oldiga olib chiqdi. Momam ko‘p savol berdi, qulog‘im eshitib eshitmay qoldi. Faqat yig‘ladim. Chorasizman. Nariroqda buvam turardi, yonimda momam. Shunday ojiz va vayron turib qoldim. Uyga kelib, o‘yladim, xo‘sh, kasalimning oxiri o‘lim bilan tugar ekan, hayotimning ham oxiri o‘limku. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar, yozaveraychi. Alam bilan, iztirob bilan juda ko‘p she’rlar yozdim. Bitta homiy topilib, ikkinchi “Ufqqa yo‘l” kitobim ham chop etildi. Hech xursand bo‘lgim yo‘q. Xayolimda shu kitobimni o‘qib, meni xotirlab, kimlarningdir yig‘lab o‘tirgani paydo bo‘laveradi.

Tumanimizda bir tanlov o‘tkaziladigan bo‘ldi. Uyda siqilib qoldim. Buvamga aytgandim, olib bordi, qatnashib, jurnalistika yo‘nalishida 1-o‘rinni oldim. Gazetada chiqqan hamma ishlarimni yig‘ib, to‘pladimu, biroz vaqtdan tanlovning viloyat bosqichiga yo‘l oldim. O‘zim o‘qigan kitoblar bo‘yicha savollar tushdi, aytishim mumkinki, hamma savolga xotirjamlik bilan to‘g‘ri va aniq javob berib, Respublika bosqichiga yo‘l oldim. Momam yo‘l uzoq, o‘n kun turarkansan, bormaysan, dedilar. Men boraman, deb qat’iy turib oldim, bitta jiyanimni olib yo‘lga tushdim. Qiynalsam, o‘zim aytaman, olib ketasizlar, dedim. Hamma yordam berdi. Qiynalmadim. Respublikada ham g‘olib bo‘ldim.

Endi she’r yozish jarayonim umuman o‘zgarib ketdi. Huuv o‘sha ichimga kirgan qaltiroqlar tashqariga she’r bo‘lib chiqar edi. Ko‘zlarimdan chiqar edi. Men lovullab yozdim, devonaday yig‘lab yozdim, majnun shamollarga sovrilib yozdim, goho tuproqdayin hokisor, gohida osmondan-da yuksalib yozdim. Shu she’rlarni o‘qiyotsam, qaltiroqlar ovozimga ham qalqib chiqadigan bo‘ldi. Mast bo‘ldim, ko‘nglimning ichida sarson bo‘ldim. Yozdimu, nima deb yozayotganimni bilmay yozdim.

2015 yil

 

***

Qolganini yozgim kelmaydi. Xudo umr bersa, 50-60 yoshlarimda hammasi haqida batafsil yozarman. Balki uni kitob ham qilarman. Hammani kechirdim, hech kimdan arazim yo‘q. Dardlar ham tabarruk, dardlar ham joiz. O‘n olti yil yugurdim, yetti yildan beri yiqilib turibman. Nega mana shu o‘n oltim yettimdan yengilroq, yettimdan sayozroq? Yettining toshlari o‘n oltining toshlari oldida bunchalar og‘ir!

Nima bo‘lsa ham Xudoyimning tarozisi to‘g‘ri ishlaydi. Xudoyimning shu dardlari meni kuchli qildi, irodali qildi. Har qanday vaziyatga ko‘niktirib, har qanday nohaqlik oldida jahlimni jilovlay oladigan qildi.

Atrofga qarayman, momam, buvam, tog‘am, yangam va jiyanlarim, hammasi atrofimda girdikapalak. Mana bu yangam, birovning bolasi, men unga kimman, necha yildan beri momam bilan yonma-yon menga qaraydi, nega u onamdan ham mehribon? Momamniku har kun o‘ylayman. Jiyanlarim o‘z opasidek ko‘radi meni, uyga mehmonlarim kelishsa, yugurib xizmat qilishadi, biror marta bo‘lsa-da malol olganlarini eslolmayman.

Men o‘zi kimman? Yaqinda bir psixolog bilan gaplashib qoldim. Men unga tushkunlikka tushmasligimni isbotlamoqchi bo‘ldim. Lekin uning gaplaridan angladimki, men tushkunlikning eng tubiga yetib bo‘libman. Endi pastga yo‘l yo‘q. Endi yo‘l faqat yuqoriga, dedi psixolog.

Yuqoriga qarasam, na zaminni ko‘raman, na dunyoni, na osmonni. Faqat Xudo va yig‘i, Xudo va yig‘i… tegramda charx aylanadi, boshim aylanadi, ko‘zim tinadi, yuragim behuzur bo‘ladi. “Meni tortib ol” deyman Xudoga. Toqatsizlanaman. Bezovtalanaman. “Men ko‘rsatgan yo‘ldan kelaver” deydi. Yig‘ining yelkasiga boshimni qo‘yaman. Huzurlanaman.

Ko‘p o‘ylayman, hayot yo‘llarida nega buncha ko‘p dovdiradim? Ortimga qarab, savollarimga javob topgandek ham bo‘laman.

Maktabga juda katta mehr, cheksiz ishtiyoq bilan chiqqanman. Alifbeni barcha sinfdoshlarimdan oldin o‘rganib oldim, harflarni tushimda ham takrorlab chiqardim. Ikkinchi chorakdan so‘ng, darslarni zo‘r o‘zlashtirganim sabab, ustozimiz “Kitobim-oftobim” nomli kitob berdilar. Suratlariga shunchalik mahliyo bo‘ldimki! Hayotimni ham shu kitoblarda tasvirlangandek o‘tkazishga urinardim. Kitobiy so‘zlar yod bo‘lib ketgandi. Faqat oilaviy suratlarida ota-onamni ko‘ra olmasdim, hech nimaga aqlim yetmasdi.

Keyinchalik Odobnoma kitobim menga yo‘lboshchi bo‘ldi. Odobli, aqqli qiz bo‘lishga urinardim. Kattalarning aytganini qilishga o‘rgandim. Halol bo‘laman, keyin hech qachon ozorlanmayman, derdim. Hatto hozir ham kitoblar ichida yashayman. Odamlar orasida yashashni istamaganim uchun dovdirayotgandirman balki. Bilmasam. Odamlarga qaragim kelmaydi. Qarasam, faqat nasihat o‘qishadi. Nasihatlarni yomon ko‘raman. Qo‘shni kelin qaynsinglisi bilan kelisholmay, ketib qoldi. Ajrashishdi. U xomilador edi. Birinchi farzand. Yaqinda tug‘iladi. Qo‘shnimiz o‘g‘lini uylantirmoqchi. Farzandi tug‘ilgandan keyin onasini turmushga berishadi. U chaqaloqning taqdiri nima bo‘ladi? Odamlar kimlargadir maslahat berguncha, o‘z hayotlarini to‘g‘ri yashasalar yaxshi bo‘lardi.

Hozir o‘zimni yig‘ib ololmayapman. Shunday to‘zg‘ib ketganmanki! Yaxshiyam Xudo bor. Yaxshiyam U yonimda. Nihoyasiz baxtli kunlarimning birida U bilan hayot haqida to‘la-to‘kis xulosa aytaman. Aytaman.

 

 

Baxtiniso Mahmudova

 

1993 yil 31 oktyabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. “Yurt kelajagi – 2015” iqtidorli yoshlar tanlovi g‘olibasi. “Hovuchdagi yurak”, “Ufqqa yo‘l” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari “Xurshid Davron kutubxonasi” sahifalarida muntazam yoritilgan. 2019 yilning 6 yanvarida Turkiyada o‘tkazilgan og‘ir jarrohlik amaliyotidan 3 kun o‘tib Turkiyada olamdan o‘tdi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.

 

kh-davron.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.