Xalqqa qaytarilgan xazina

0
366
marta koʻrilgan.

Shoʻro siyosatining eng katta xatolaridan biri – eʼtiqodni yoʻq qilish, xudosizlikni targʻib etish edi. Eʼtiqodsiz odam imonsiz deganidir. Imonsiz odamdan esa har qanday razillikni kutish mumkin. Negaki, u hech kimga va hech nimaga ishonmaydi. Oʻn yillar davomida minglab xudojoʻy qatagʻon qilindi, quvgʻinga uchradi. Machitlar choʻchqaxonaga aylantirildi. Cherkovlar yoqildi. Sinagoglar portlatildi. Ammo millionlab insonlar qalbidan Tangriga boʻlgan eʼtiqodni siqib chiqarishni eplay olmadilar.

Esimda bor. Elliginchi yillarda oʻn toʻrt yoshga toʻlgan har bir oʻquvchi, albatta, komsomol safiga kirishi shart edi. Va komsomolga qabul qilayotganlarning birinchi boʻlib beradigan savoli “Xudo bormi-yoʻqmi?” degan soʻroq edi. Oʻshanda har bir boʻlajak komsomol avval ichida “Oʻzing kechir, Xudo!” deb soʻng “Yoʻq”, deya javob berishga majbur edi. Boshqacharoq qilib aytganda, siyosat yosh yigitcha va qizchalarni oʻzi istamagan holda munofiqlik qilishga majbur etardi… Tagʻin bir gap: balki men nohaqdirman. Ammo negadir bir narsaga ishongim keladi. Hatto eng ashaddiy xudosiz ham oʻlimi oldidan aqalli bir soniya Yaratganga iltijo qilmagan boʻlishi mumkin emas…

Shunday qilib, saksoninchi yillarda “qayta qurish”, “oshkoralik” degan tushunchalar paydo boʻldi. Biroq hali Kompartiya hokimi mutlaq boʻlib turgan, “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan tuhmat bilan oʻzbek xalqi boshiga kulfatlar yogʻilgan, akasini dafn etish uchun qabristonga borgan uka kommunist boʻlaturib shunday “siyosiy koʻrlik” qilgani bois partiyadan oʻchirilgan, xalqning goʻzal va azaliy bayrami – Navroʻz tazyiqqa uchragan bir pallada muqaddas Kitobning oʻzbek tilidagi maʼno tarjimasini chop etish oson ish boʻlmagan. Bu xayrli yumushga 1989 yilda kirishildi. Tarjimon Alouddin Mansur bilan tarjima xususida bir necha bor batafsil suhbatlashildi. Bu masala Yozuvchilar uyushmasida ham muhokama qilindi. Biroq gap aylansa, kaltakning kattasi jurnal tahririyati boshida sinishi aniq edi. Shu boisdan avvalo Qurʼoni karimni, arab tilini, din tarixini biladigan, qolaversa, kerak paytda jurnalni qatʼiy himoya qilishga qodir mutaxassis va ijodkorlardan iborat maxsus tahrir hayʼati tuzildi. Hayʼatga Abdulaziz Mansur, Alibek Rustamov, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Neʼmatilla Ibrohimov, Islom Shogʻulomov, Umarali Normatov, Nosir Fozilov va boshqalar kiritildi. Xayriddin Sultonov, Anvar Tursun, Omon Muxtor, Aʼzam Oʻktam nashrga tayyorlovchi maxsus muharrirlar sifatida tasdiqlandi.

Bu – nihoyatda murakkab, masʼuliyatli va birinchi bor amalga oshirilayotgan vazifa boʻlgani bois tahrir muharrirlari har bir soʻz, har bir ibora ustida sinchiklab ish olib borishi kerak edi. Omon Muxtor jurnal tahririyatida ishlar, Xayriddin Sultonov, Anvar Tursun va Aʼzam Oʻktamlar boshqa joyda xizmat qilsa ham, deyarli har kuni tahririyatga kelib, matn ustida ishlashar edi.

Nihoyat, 1990 yil mart oyida Qurʼoni karimning dastlabki suralari “Sharq yulduzi”ning 3-sonida bosilib chiqdi. Adashmasam, oʻsha paytda jurnal tiraji 150 ming nusxa edi. Jurnal tezda tarqalib ketdi va… oʻzimiz kutgan “gʻalvalar” boshlandi. Adabiy jurnalda “diniy asar”ning bosilishi, ateistlarning gʻashini keltirishi aniq edi. Bir tomondan ular haqli: sovet siyosatini targʻib qilishi kerak boʻlgan nashr dinni “propaganda” qilsa! Ustiga ustak, tahririyat xodimlarining ham, tahririyat aʼzolarining ham koʻpi partiya aʼzosi boʻlsa! Albatta, bunday eʼtirozlar hali jurnal chiqmasidanoq boshlangandi.

Biroq asosiy “zarba” boshqa yoqdan kelib tushdi. Qurʼoni karim tarjima qilinib, jurnalda bosilishiga olimlar, akademiklar qarshi chiqdilar. Albatta, hammasi emas, bir guruh oʻta “bilimdon” va oʻta “jangarilari”!

Bosh muharrir sifatida meni Markazkomga taklif qilishdi. Har qanday vaziyatda ham “toʻnini yechib maydonga tushib ketadigan” Ozod aka, afsuski, oʻsha kuni universitetda, darsda ekan. Tarjimon Qirgʻizistonda. Tahririyat aʼzolaridan boshqa olimlarni topishning ham iloji boʻlmadi. Yuqori tashkilotga bir daqiqa ham kechikib borish mumkin emas. Yaxshiyam, baxtimizga atoqli adabiyotshunos va tilshunos, arab tilini mukammal biladigan olim Alibek Rustamov bor ekan! Jurnal masʼul kotibi Nosir Fozilov, olim – uchovlashib, aytilgan joyga bordik.

Markazkoʻmning masʼul xodimi bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Muomalasidan u kishining jurnalga xayrixoh ekani sezilib turardi. Koʻnglimiz ancha ravshan tortdi. Men kam deganda oʻn nafar “olimu fuzalo” qamchi oʻqtalib kelgan boʻlsa kerak, deb oʻylagan edim. Yoʻq, akademiklar nomidan bir kishi – qadimshunos (arxeolog) olim rasman vakil boʻlib kelgan ekanlar. Muhtaram olimning “pozitsiyasi” mustahkam, talabi keskin va qatʼiy edi. Oʻsha bahsda har jihatdan mantiqli, qilichdek keskir mulohazalar bilan “raqibini” mot qilib tashlagan Alibek Rustamovdan hamon minnatdorman! (Darvoqe, Alibek aka oradan koʻp oʻtmay mustaqillik sharofati bilan akademik unvoniga sazovor boʻldi!)

Xullas, ikki oʻrtada shunday “savol-javoblar” boʻlib oʻtdi.

Masala jiddiy, vaziyat qaltis boʻlgani uchunmi, oʻsha “suhbat”ni deyarli soʻzma-soʻz eslab qolganman.

– Qurʼon tarjimasi bilan “Sharq yulduzi” shugʻullanishi shartmi? – deb soʻradilar muhtaram akademik.

– Boʻlmasa kim shugʻullansin?

– Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi bor. Bunaqa jiddiy ishlar akademiyada qilinadi, sizlar sheʼr bosing, hikoya bosing.

– Marhamat, akademiya ham shugʻullanaversin.

– Akademiya shugʻullansa, Qurʼon tarjimasi oʻn yilda ham chiqmaydi! – dedi Alibek Rustamov ishonch bilan. – Buni men yaxshi bilaman.

Akademik boshqa vaj topdi:

– Qurʼonni tarjima qilish mumkin emas. U faqat arab tilida oʻqilishi kerak!

– Kitob ingliz, fransuz, nemis, ispan, rus tillariga allaqachon tarjima qilingan-ku!

– Ular xristian mamlakatlari!

– Turkiya, Pokiston, Afgʻonistonda milliy tillarda nashr etilgani-chi? Uygʻur tiliga tarjima qilingani-chi? Ular ham nasroniymi?

Muhtaram akademik bu safar ham boʻsh kelmadilar.

– Toʻgʻri, bu tillarda ham tarjimasi chiqqan. Ammo yaxlit kitob boʻlib chiqqan. Qurʼonni maydalab bosish mumkin emas!

– Xaftiyak nima? Qurʼoni karimning yettidan biri emasmi? Eski maktablarda Xaftiyak oʻqitilgan-ku!

– Haftiyak – kitob. Jurnal esa vaqtli nashr. Qurʼonni jurnalda bosib boʻlmaydi.

– Nega axir?

– Chunki Qurʼon muqaddas kitob, jurnalingizni birov yirtib nomaqbul joyda ishlatsa…

Bunisi endi mantiqqa sigʻmaydigan gap edi.

– Hoy, baraka topgur! Qandaydir befahm non burdasini axlat qutisiga tashlashidan qoʻrqib novvoy non yopmay qoʻyishi kerakmi endi? Bizning odamlar orasida bunaqa betavfiqlar yoʻq!

– Boʻlsa-chi?

Anchadan beri jim oʻtirgan Alibek akaning yirik-yirik koʻzlari chaqnab ketdi.

– Hoy, mulla! – dedi ovozi jaranglab. – Sizning sohangizning Qurʼonga nima aloqasi bor? Din tarixini bilasizmi oʻzi? Men arab mamlakatlarida ishlaganman! Hamma gazetalarda, har kuni Qurʼon suralaridan parchalar bosiladi! Kitobni davomli qilib bosish mumkin emas, degan gap – absurd! Mantiq yoʻq! Undan koʻra, nima uchun jurnal akademiyadan soʻramay bu ishni boshladi, deb qoʻyaqolmaysizmi? Bilib qoʻying, nimani bosishni jurnal tahririyati hal qiladi! Akademiya shu ishga jazm etgan ekan, marhamat, oʻzi ham nashr qilaversin!

Muhtaram akademik fikridan qaytmadi:

– Baribir, jurnalni toʻxtatish kerak!

– Qoʻlingizdan kelsa, toʻxtating! Ammo bilib quying, obunachilar nashr nega toʻxtab qoldi, desa, “Men shuni xohladim”, deb javob berasiz! Qolaversa, 150 mingta jurnal tarqalib boʻldi. Bu – 150 ming soʻm degani! Keyingi soni ham tayyorlab qoʻyildi. Unga ham shuncha mablagʻ ketgan. Hammasini toʻlaysiz (u paytda bu – juda katta pul edi).

– Bunisi oʻz yoʻliga, – dedi Alibek aka fikrimni quvvatlab. – Uchalamiz televideniyeda chiqish qilamiz. Siz nashrni toʻxtatish kerakligini isbotlaysiz, biz esa toʻxtatish mumkin emasligini! Qani, odamlar kimni maʼqullarkin?

Muhtaram akademik oʻz fikridan qaytmadi. Markazkom xodimi indamay, kulimsirab oʻtirardi. Bildimki, u kishi kim haq ekanini bilib turibdi. Biroq vaqtida harakat qilinmasa, mayda gaplar gazak olib ketishi, nashrni toʻxtatishga qodir kuchlar ishga kirishishi mumkin edi.

Baxtimizga hal qiluvchi suhbat mamlakat rahbari Islom Abdugʻaniyevich Karimov huzurida boʻldi. (Bu paytda Islom Abdugʻaniyevich Markazkomning birinchi kotibi edi). U kishi nashr atrofida boʻlayotgan tortishuvlar haqidagi gapni diqqat bilan eshitib, bu xayrli ishni toʻxtatmaslik, nashrni davom ettirish toʻgʻrisida qatʼiy topshiriq berdi.

Shu tariqa Yurtboshimizning bevosita rahnamoligida Muqaddas kitob tarixda birinchi marta zamonaviy oʻzbek tilida chop etildi.

Albatta, keyin ham bir tomondan johil ateistlar, ikkinchi tomondan johil mutaasiblar “choʻqilab” koʻrishdi. Lekin boshlangan xayrli yumush xayrli yakunlandi… Allohga shukr!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1994 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.