Xalqning suyukli adibi

0
493
marta koʻrilgan.

Bir farzand voyaga yetishi uchun ota-onaning qancha mehnati singadi. Bir daraxt hosilga kirishi uchun bogʻbon qancha aziyat chekadi! Bir odamning qaddini rostlab el-yurtga nafi tegishi uchun qancha ustoz parvarish qiladi. Shu maʼnoda hamma qatori mening ustozlarim ham oz emas. Maktabda savodimni chiqargan, universitetda saboq bergan, birinchi asarimni eʼlon qilgan ustozlarning barchasini birdek hurmat qilaman. Biroq shular orasida oʻzim alohida ehtirom bilan qadrlaydigan, quvonchli damlarda ham, boshimga “bulut” kelgan onlarda ham yonimda turgan, hamisha toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan ikki insonga ayricha ixlos qoʻygan edim. Biri – Ozod Sharafiddinov, biri Said Ahmad aka edi… Afsuski, bugun Said Ahmad aka haqida ham “edi” deyishga toʻgʻri keladi…

Said Ahmad toʻla maʼnoda xalq yozuvchisi edi! Ustoz bilan mamlakatimizning turli chekkalarida boʻlganmiz. Odamlar bu atoqli adibni hamma yerda boshiga koʻtargudek boʻlishar, bir lahza boʻlsa-da, suhbatini olish uchun yopirilib kelishar, quvonchini ham, tashvishini ham yozuvchi bilan sidqidildan boʻlishar edilar. Buning boisi Said Ahmad aka oddiy insonlarning turmushini, quvonch va armonlarini juda yaxshi bilar, oʻzining teran va goʻzal asarlarida shu tuygʻularni tasvirlar edi.

Adibning toʻngʻich hikoyalaridan tortib “Ufq” trilogiyasigacha, kichik hajviyalaridan tortib oʻnlab mamlakatlarda sahnalashtirilgan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasigacha oʻzbek xalqining sodda-donishmandligi, bagʻrikengligi, joʻmardligi manaman deb koʻrinib turadi.

Birgina “Kelinlar qoʻzgʻoloni”ni oling! Gʻarb tomoshabini komediyani koʻrganida bir narsaga hayron qolishi tabiiy. Farmonbibi yoshi bir joyga borgan kampir boʻlsa, oddiy nafaqaxoʻr boʻlsa, savod masalasi ham “juda maqtanadigan” darajada boʻlmasa, nega kazo-kazo lavozimda ishlaydigan oʻgʻillari, kelinlar uning oldida ikki bukilib taʼzim qiladi? Nega har gapiga “Xoʻp boʻladi, oyijon”, deb turadi? Qizigʻi shundaki, aynan oʻsha ajnabiy tomoshabin bir jihatdan hayron boʻladi, ikkinchi tomondan Farmonbibi bilan uning oilasini, farzandlarini yaxshi koʻrib qoladi! Dunyoda oʻzbek degan xalq borligiga, uning ota-onani eʼzozlash degan gʻaroyib udumi borligiga qoyil qoladi! Shu holatning oʻziyoq Said Ahmad degan ulkan sanʼatkor oʻz xalqining fazilatlarini jahon sahnasiga olib chiqdi, degan maʼnoni anglatadi. Shuning uchun ham adib sanʼatiga tasanno aytsak, isteʼdodiga taʼzim qilsak arziydi…

Said Ahmad yuzlab dilkash hikoya, oʻnlab qissa va roman yaratgan adibgina emas, oʻnlab shogird tarbiyalagan ustoz ham edi. Xalq yozuvchisi boʻladimi, oddiy talabami, kim yaxshi asar yozsa quvonib ketar, xuddi oʻz ustozi Abdulla Qahhor kabi oʻsha qalamkashni, albatta topib, boshini silar edi. Said Ahmad maktabidan bahramand boʻlganim bilan faxrlanaman. Hali aytganimdek, ustozim bilan mamlakatimizning deyarli barcha tumanlarida boʻlganman. Said Ahmad kirib borgan davraga ayricha fayz qoʻnar, oʻsha xonadon nurga toʻlib ketgandek boʻlardi. Koʻplar Said Ahmadni dunyodagi eng baxtli, xushchaqchaq inson deb hisoblar, ammo bu odam qalbida qanchadan-qancha armonlar borligini hammayam bilavermas edi…

 

***

Saida Zunnunova goʻzal va dardli sheʼrlar yozgan shoira edi. Saida Zunnunova teran mantiqli hikoyalar yozgan adiba edi. Saida Zunnunova vafodor ayol, poʻlat irodali inson edi…

Ustozim Said Ahmad akaning xonadonida koʻp boʻlganman. Saida opaning dasturxonidan tuz ichganman. Bir qancha asarlarim qoʻlyozmasini Said Ahmad aka bilan birga Caida opa ham oʻqigan. Samimiy, joʻyali maslahatlar bergan.

Bir safar Said Ahmad aka bilan Vodilga bordik. Ustoz oʻzining “tesha tegmagan” xushchaqchaq gurungi bilan davrani obod qilib oʻtirdi. Ittifoqo bir kishi Saida opaning hayotdan erta ketgani haqida oʻkinib gapirib qoldi. Said Ahmad aka indamay oʻrnidan turdi-da, sigaretining uchini ezgʻilagan koʻyi nari ketdi. Anchagacha ustozdan darak boʻlmagach, koʻnglimga gʻulgʻula tushdi. Izlab borsam, soy boʻyidagi kattakon xarsangtosh ustida sigaret chekib oʻtirgan ekan.

Suvning shovullashidan kelganimni eshitmadimi, qayrilib qaramadi. Yaqin borib qarasam, botib ketayotgan quyoshga tikilib oʻtiribdi. Ikki koʻzi jiqqa yosh! Qoʻrqib ketdim. “Unaqa qilmang, ustoz”, deb yelkasiga kaftimni qoʻygan edim, chuqur xoʻrsindi. “Bolam, bu dunyoga nuqul azob chekish uchun kelgan ekanman”, dedi-da, yuzini kafti bilan toʻsib oldi…

Shu kecha boshiga tushgan savdolarni birma-bir aytib berdi. Umrining eng baxtli onlari ham baxtsizlik bilan qorishib ketganini aytdi. Saida opaga uylangan kuni Toshkentda toʻy boʻlgan, Andijonda – aza! Oʻsha oqshom Saida opaning ukasi toʻsatdan vafot etib qolgan… Yosh kelin-kuyov bir-birining diydoriga toʻymay turib, 1950 yil bahorida koʻchada ketayotgan yosh yozuvchini ikki soʻxtasi sovuq ikki qoʻlidan ushlab, mashinaga tiqqan-u, he yoʻq-be yoʻq “Xalq dushmanisan!” deb oʻn bir oy “odinochka”ga oʻtqazib qoʻygan. Gunohi nimaligini bilmagan odamning, ayniqsa, koʻngli qogʻozdek oppoq ijodkorning salkam bir yil qorongʻi kamerada bir oʻzi oʻtirishini tasavvur qiling! Bunisi ham mayli. Yozuvchi Said Ahmad qamalgach, shoira Saida Zunnunovani ham siquvga oladilar. Yozuvchilar uyushmasida majlis qilib, “Yoki “Erim xalq dushmani – undan voz kechaman”, deb tilxat yozib berasan, yoki yozuvchilar safidan oʻchirilasan”, deb shart qoʻyadilar.

Oʻsha mashʼum yillarda erining “xalq dushmani” ekanini tasdiqlab, gazetaga yozib chiqqanlar ham, erini qamatib yuborganlar bilan “apoq-chapoq” boʻlib ketgan xotinlar ham boʻlgan… Balki shoirani oʻrtaga olib “talagan” hamkasblar Saida Zunnunovadan ham shuni kutgandir. Ammo Saida opa boshqacha yoʻl tutgan: “Mayli, erimni “xalq dushmani” deyishim mumkin. Ammo mening ham bitta shartim bor. Meni erim bilan yuzlashtiringlar! Erim oʻz ogʻzi bilan “Ha, men xalq dushmaniman”, desa, oʻshanda ishonaman!”

Shoirani haqorat qiladilar. Yozuvchilar uyushmasidan haydaydilar. Asarlarini bosishni taqiqlab qoʻyadilar. Yosh kelinchak bilan qaynona och qoladi. Shunda Saida opa kelinlik bisoti – tilla taqinchoqlarini sotib, mashinka xarid qiladi. Qozoq adibi Muxtor Avezovning Davlat nashriyotida chiqayotgan “Abay” romani tarjimasini mashinkadan chiqaradi va mehnati evaziga haq olish uchun nashriyotga boradi.

Oʻsha yillari nashriyotda Kasabov degan mashhur buxgalter ishlagan ekan. Uning laqabi “Qassobov” boʻlgan. Sababi – qalam haqi olishga kelgan odam borki, “Qassobov”ga “choʻtal” toʻlashga majbur boʻlgan. Hatto Oybek, Gʻafur Gʻulom kabi allomalar ham “Qassobov”ga shirinkoma berishgan…

Shunday qilib, Saida Zunnunova ham “mashinistkalik” qilib topgan pulini olish uchun nashriyotga boradi. Oʻziga tegishli boʻlgan haqni olgach, “Qassobov”ga ulush tashlab chiqib ketadi. Shunda buxgalter uning orqasidan yugurib chiqadi. Yoʻlak boshida unga yetib olib, bunday deydi:

– Qizim, kelib-kelib sendan pul olamanmi? Ma, oʻzingga ishlat! Sen, qizim, xafa boʻlma. Xudo xohlasa, ering qutulib keladi. Bu kunlar unutilib ketadi!

Xoʻrliklar koʻraverib, haqoratlar eshitaverib, yuragi tosh qotib ketgan, butun irodasini mushtiga tugib, hech kimning oldida bir tomchi yosh toʻkmaslikka qasam ichgan Saida opa, qoʻni-qoʻshnilar u yoqda tursin, uncha-muncha qarindoshlar ham “xalq dushmani”ning xotinidan yuz oʻgirgan bir paytda yetti yot begona odamdan bu gapni eshitib, dod solib yigʻlab yuboradi!

Agar men haykaltarosh boʻlsam, Saida Zunnunovaning boshini silab turgan Kasabov haykalini yaratardim!

 

***

Said Ahmad aka shuncha koʻrguliklarga qaramay, nolimadi, hayotdan bezmadi. Aksincha, bir-biridan goʻzal, nurli asarlar yaratdi. Adib ijodi mustaqillikdan soʻng yanada samarali boʻldi. Mustabid tuzum zugʻumi tufayli boshiga tushgan shoʻrishlar tasvirlangan kitoblari bugungi yosh avlodni Istiqlolni qadrlashga undovchi xitob kabi yangraydi.

Men bir narsaga qattiq ishonaman. Yaratganning tarozusi bexato ishlaydi! Said Ahmad Badbaxtdala degan qor sahrosining mis konida ming bir azobda oʻtkazgan yillarini Alloh unga nurli qilib qaytarib berdi. Oʻzining iborasi bilan aytganda, bir vaqtlar ona shahri – Toshkentdan qoʻliga kishan urib “xalq dushmani” sifatida badargʻa qilingan adib Xalq yozuvchisi boʻldi. “Oʻzbekiston Qahramoni” degan unvonga sazovor boʻldi.

Said Ahmad akaning hammaga ham nasib etavermaydigan tagʻin bir boyligi bor. Bu – Kitobxon mehri! Imonim komil, yangidan-yangi avlodlar Said Ahmad ismli ulugʻ adib asarlarini yana koʻp yillar bagʻriga bosib oʻqiydi!

 

Oʻtkir Hoshimov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.