Vatan suratiga chizgilar

0
118
marta koʻrilgan.

Sayohatni yaxshi koʻraman.

Oʻzbekistonimizning hamma goʻshalarini aylanib koʻrgim keladi. Koʻrganim sari mehrim ortaveradi. U naqadar bepoyon, naqadar goʻzal va boy. Poyezdda borar ekanman, soʻngsiz temir yoʻllarga, qir-adirlarga, osmonoʻpar togʻlarga qarab – Vatanimniki, bular ham Vatan deyman. Koʻpriklar ustidan oʻtaman, paxtazorlarni, adoqsiz bugʻdoyzoru bogʻ-rogʻlarni kezaman, bepoyon yaylovlarda yayrab yurgan qoʻy-qoʻzilar, azim choʻl bagʻrida Toj Mahaldek hashamatli, osmonga boʻy choʻzgan zavod minoralari, oʻquv yurtlari, maktablar, kutubxonalar, sevimli shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek, “Gul yaprogʻidek sochilib yotgan” shahar va qishloqlar – Vatan. Mening Vatanim.

Men uning zarrasi ekanligimdan faxrlanaman. Uni madh etish men uchun sharaf va baxt.

 

Sen tuganmas chashmadirsan

Ey, ona xalqim.

Abdulla ORIPOV

 

Qoʻngʻirotlar

Gʻuzor tomonlarda yashovchi aholining koʻp qismini qoʻngʻirotlar tashkil qiladi. Ularning turmush tarzida qadimiy udumlarimizning koʻpi saqlanib qolgan. Onajonim shu urugʻdan edi.

Saksonni qoralagan xolamni, togʻalarimni koʻrish uchun borganimda, boshqa qarindoshlar ham yigʻilib kelishadi. Kechga borib xolamning uyi torlik qilib qoladi.

– Tashqariga chimning ustiga joy qilinglar, – deydi xolam kelinlariga. Guldor kigizlar, arabi gilamlar toʻshalib katta joy hozirlanadi. Davra toʻrida yoshi ulugʻ, Alpomish kelbatli togʻam Xushvoq hoji oʻtiradi. Hamma togʻamning gaplariga quloq soladi, hech kim soʻzini boʻlmaydi. Mehmon kelsa ham yoshi ulugʻ kishi birinchi hol-ahvol soʻraydi. Taomni ham birinchi yoshi katta kishi boshlab beradi. Otadan oldin farzandlar qoʻl uzatishmaydi. Qaynonaning oldida kelin ovozini balandlatib gapirmaydi.

Suhbat qiziydi. Bu urugʻga nima uchun qoʻngʻirot nomi berilganini togʻam soʻzlab beradi:

– Qadim zamonlarda ikki qabila oʻrtasida urush ketayotganda yerlik qabila boshligʻining oti yarador boʻlibdi, shu payt qoʻngʻir ot mingan bir yigit paydo boʻlibdi-yu, otini qabila boshligʻiga beribdi.

Oradan birmuncha payt oʻtgach, qabila yangi kuch toʻplab, dushman ustidan gʻalaba qozonibdi. Qabila boshligʻi oʻziga ot bergan yigitni topibdi-da, “Ey, bahodir yigit, tila tilagingni” debdi. Yigit “Sizning omonligingiz kerak” deyishdan nariga oʻtmabdi. Uning mardligi va odobiga qoyil qolgan qabila boshligʻi, “Ey, qoʻngʻir otning egasi boʻlgan yigit, mana shu bepoyon kengliklarni senga inʼom qildim. Toki Amudaryogacha sening yurting boʻlib qolsin”, deya yigitga iltifot koʻrsatgan ekan. Shu yigitning avlodlari boʻlgan qoʻngʻirotlilar urugʻi bizning vohamiz va Surxondaryo viloyatida istiqomat qilishadi.

Qoʻngʻirotlar qadimdan chorvachilik bilan shugʻullanishadi. Ularning yashaydigan muqim joylari boʻlmagan. Mol boqishga qayer qulay boʻlsa, oʻsha joyga oʻtov (qora uy) tikib yashayverishgan.

Oʻtov (qora uy)

Yoshi toʻqsondan oshgan chechamdan oʻtov haqida gapirib berishini soʻrayman.

– Shu desam, – deb gap boshlab checha joylashib oʻtirib oladi. Terilari tirishib qoqsuyak boʻlib qolgan qoʻllari bilan peshonasiga tushgan oppoq sochlarini dastori tagiga tiqadi. – Bobongizning toʻrtta qora uyi bor edi. Bahor kelishi bilan yozgi yaylovga, kuz kelishi bilan qishlovga – qishloqqa koʻchilar edi. Choʻponlarning koʻchishi ayollar uchun katta tashvish. Qora uy uskunalarini qorongʻi tushguncha oʻrnatib, ustidan kigizlarni yopib olish shart. Ulgurolmasa, ochiq havoda yotishga toʻgʻri keladi. Choʻl joylarda tun sovuq boʻladi. Yomgʻir yogʻishi ham mumkin. Bir gal bahorda koʻchganimizda yuklarni tushira boshlagan paytda yomgʻir izidan qor yogʻa boshlagan.

Checha qora uyning tuzilishini bizga obdan tushuntirib beradi:

– Choʻponning nabirasisiz, bilib qoʻying. Axir qadimda xalqimizning koʻpchiligi oʻtovda yashagan-ku!

Toʻrt metrga toʻrt metr keladigan toʻrtta yogʻochdan qilingan chambaraksimon keraga aylana qilib qattiq yerga oʻrnatiladi. Uning ustiga uzunligi ikki yarim, uch metr keladigan tol yogʻochdan sal egik qilib yasalgan 50 ta oʻq oʻrnashtiriladi, toʻgʻrirogʻi, keragaga mahkam qilib bogʻlab chiqiladi, oʻqlarning tepa qismi toʻqiladigan asosiy narsa chongʻoroq deyiladi. U aylana shaklida boʻlib, nechta oʻq boʻlsa shuncha teshigi boʻladi. Chongʻoroq ham tol yogʻochdan yasaladi. Uning ustiga ham savat toʻqimasidek, yogʻoch toʻqima joylashtiriladi.

Oʻqlar ustiga kigizdan boʻlgan katta-katta 5 ta toʻrliq yopiladi. Toʻrliqning ustidan chongʻoroqning girdi bilan yana boshqa xil kigizdan boʻlgan uzuk yopiladi (shakli uzukka oʻxshash boʻlgani uchun shunday ataladi), bogʻlari mahkam bogʻlanadi.

Chongʻoroq usti va eshikka ham qalin kigiz tutiladi. Bulardan tashqari uyning chiroyli boʻlishi uchun tizma, togʻobchi, otma bogʻ, bogʻishdan foydalaniladi.

Shamol payti kigizlar koʻtarilib ketmasligi uchun uy tashqarisida bitta katta, bitta kichik beldov mahkam qilib bogʻlab qoʻyiladi.

Kelin tushirish uchun esa hamma anjomlari oppoq boʻlgan oʻtov bezatiladi.

Ona qishlogʻim

Tuproq koʻchali, loy suvoqli devor bilan aylantirilgan keng hovlilari, dala tomon choʻzilib ketgan yoshligim izlari qolgan yoʻl chetidagi tutzorlaru shovullagan terakzorlari, hammasidan ham sodda, oqkoʻngil, bagʻrikeng odamlari yuragimga yaqin va aziz. Men ularni doimo sogʻinch bilan eslayman.

Talabalik yillarimda bayramlarda beriladigan hordiq kunlarining birortasini ham shaharda oʻtkazgan emasman. Koʻzga koʻrinmas bir kuch meni qishlogʻimga tortardi. Ha, qishlogʻimning mehri, onam sogʻinchi meni qayerda boʻlmay bu goʻshaga chorlar edi. Dugonalarim esa shahar bayramini koʻrishni orzu qilishardi.

– Shunday tantanalarni tashlab keldingmi? Qishloqda nima bor? – deyishardi ular.

Yuragim shu tomonga tortgani tortgan edi. Men uning har bir giyohida, yulduzli sokin kechalarida boshqa hech bir joyda boʻlmagan goʻzallikni koʻrardim.

Katta asfalt yoʻldan uyimizgacha yayov boriladigan yoʻlning ikki chetida isiriq, tuyaqorin va qirq ogʻayni gullari yayrab-yashnab ochilib yotardi, ularning yonidan befarq oʻtolmasdim, uzishga koʻzim qiymay boshlarini silab oʻtib ketardim. Boshqa biror joyda bu gullarning shu qadar qiygʻos oʻsganini uchratmadim.

– Aylanib ketay sendan, kelib qoldingmi? Onang koʻzlari toʻrt boʻlib kutib oʻtiribdi, – degancha yoʻlimga chiqardi qoʻshni kampir Ulugʻoy xola. Yoʻl-yoʻlakay bolalar qoʻshilib bir guruh boʻlib hovliga kirib borardik. Kovushini kiyolmay, yalangoyoq uydan yugurib chiqqan onam:

– Voy, bolam kelipti-ku, – degancha bagʻriga bosardi…

Hovli gavjum boʻlib ketar, ukalarim allaqayoqlardan yugurib kelishar, onam darrov tansiq taom tayyorlashga kirishib ketardi.

Hech qachon takrorlanmas bu onlarni, onam bilan barobar meni sevinib-quvonib bagʻriga olgan qishlogʻimni, tugʻilgan uyimni ne uchun ham sevmay. Faqat sevish emas, ularga jonim tutash.

Onamni sevgandek men seni sevdim,

Umrim fido boʻlsin Vatanim senga.

Issiq quchogʻingda baxt nedir tuydim,

Soʻnggi manzilgoh ham oʻzing boʻl menga.

 

Boʻston RAHMONOVA

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.