“Vaqt“ning tugʻilishi

0
717
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

(Bir sheʼr tarixi)

Butun ilhomini, talantini, bilimu bilagʻonligini xalqiga, xalqining orzu-umidlariga bagʻishlamagan yozuvchi chinakam xalq yozuvchisi boʻlolmaydi.

Ajoyib soʻz sanʼatkorlari qoldirgan meros – badiiy adabiyot xazinasiga koʻz tashlasak, butun umrini xalq manfaatlari yoʻlida sarflagan katta talantlarni koʻramiz.

Gʻafur Gʻulom ana shunday benazir sanʼatkor edi. U biron daqiqa xalqidan chetda, xalqining niyatlaridan uzilib qolmadi.

Men mana shu hamisha faxr-gʻurur bilan tilga olinadigan zukko sanʼatkor bilan oʻttiz yildan ortiq yonma-yon boʻlganimdan hamisha faxrlanib yuraman.

Gʻafur Gʻulom mening koʻzim oldida juda koʻp sheʼrlar yozgan. Faqat oʻzbek adabiyotidagina emas, Umumittifoq adabiyotida ham faxrli oʻrin olgan yetuk sheʼrlar yozilayotganda birga edim.

Adabiyotimiz tarixini yaratishda har birimiz, ulugʻ voqealar guvohi boʻlgan kishilarni, qaytarib boʻlmas daqiqalarni qogʻozga tushirib qoldirishimiz kerak.

(Bu oʻrinda oʻzbek romanchiligini boshlab bergan Abdulla Qodiriy romanlari qay tariqa yaratilgani haqida adibning oʻgʻli Habibulla Qodiriy maqolalari juda yaxshi ish boʻlganligini eslatib oʻtmoqchiman).

Biz yosh yozuvchilar Gʻafur Gʻulomdan, Oybekdan, Abdulla Qahhordan, Shayxzodadan taʼlim olganmiz. Ular bilan birga safarlarda boʻlganmiz, ularning ijodxonalariga kirganmiz. Suhbatlarida qatnashganmiz.

Demak, biz shu muhtaram adibu shoirlarimizning xotirasi oldida qarzdormiz. Ularning ijod jarayonlarini, xususiyatlarini yozishimiz, xalq ogʻziga tushib ketgan qoʻshiqlari, har bir xonadonning mulki boʻlib qolgan kitoblari qay tariqa yaratilganligini tarixda qoldirishimiz kerak.

Men Gʻafur aka bilan uzoq yillar ota-boladek birga boʻlganim, beqiyos goʻzal, sermaʼno sheʼrlarining yozilishida yonida yurganim uchun ham bu zukko shoirning ijod jarayonini yaxshi bilaman.

Maʼlumki, har qanday oʻtkir shoirning ham hamma yozgan yaxshi, aʼlo sheʼrlari orasida uning butun ijodiy kuchini, sanʼatkorlik choʻqqisini belgilab beradigan bir necha sheʼrlari boʻladi.

Men Gʻafur Gʻulomning ana shunday sheʼrlaridan “Turksib yoʻllarida”, “Sogʻinish”, “Sen yetim emassan”, “Vaqt”, “Qozoq elining toʻyi” va “Alisher” degan sheʼrlarini bilaman.

Bu sheʼrlar haqida vaqti-soati bilan gaplashamiz. Hozir men juda mashhur boʻlib ketgan “Vaqt” sheʼrining yozilishini aytib bermoqchiman.

Urush tugagan yilning kuz oylari edi. 1945 yilning oʻn sakkizinchi sentyabri boʻlsa kerak. Oʻsha paytlarda men “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida felyetonchi edim. Oʻsha kuni ertalab ishga kelishim bilan muharrir chaqirdi. U menga Gʻafur akadan bir sheʼr undirishimni tayinladi.

– Gʻafur aka bilan gaplashdim, ilhom parisi kelsa, yozaman, deyaptilar.

Gʻafur aka meni “ilhom parisi” deb atardi. Chunki men tahririyat topshirigʻi bilan u kishidan koʻp sheʼrlar undirganman. Ikkovimiz ham tez til topishib ketardik. Boshqa odam borsa, gap gapga qovushmay, sheʼr unmay qolardi. Shuning uchun ham sheʼr zarur boʻlganda meni yuborishardi. Darrov Gʻafur akaning uylariga telefon qildim.

– Xabarim bor, – dedi Gʻafur aka. – Peshindan keyin kel. Kechgacha men bilan valaqlashib yursang, sheʼr boʻladi, boʻlmasa yoʻq.

Men rozi boʻldim. Tayinlangan vaqtda bordim. Domla uyda yoʻq ekanlar. Xonalariga kirib biron nima oʻqimoqchi boʻldim. Stol ustidagi bir taxta qogʻozga mening suratimni chizib ikki yelkamdan kemtik qanot chiqarib qoʻyiptilar. Tagida shunday yozuv bor: “Ilhom parisi, men dorixonaga chiqib ketdim. Kelgunimcha uchib ketmagin deb qanotlaringni qirqib qoʻydim. Gʻafur akang”.

Shuni ham aytib qoʻyayki, Gʻafur aka uncha-muncha oʻrtoqlik hazili suratlarini chizib turardilar. Ayniqsa Shayxzoda, Turob Toʻla, Temur Fattoh, Mannon Uygʻur, keyin oʻzlarining suratlarini juda kulgili qilib chizardilar. Mening suratimni boʻlsa koʻz yumib chizardilar.

Domla oʻsha kuni meni kechgacha ovora qildilar. Feʼllarini bilganimdan xalaqit bermadim. Kech boʻldi. Qorongʻi tushdi. Domlaning sheʼr yozib berish niyati yoʻqqa oʻxshardi.

– Menga qara, – dedilar. – Ke, shu ishni ertaga qoldiraylik.

Men koʻnmadim. Ertaga ertalab sheʼrsiz tahririyatga borsam, muharrir xafa qilishini aytdim.

– Azonda yozamiz. Boʻptimi? Gʻafur Gʻulomning gapi bitta boʻladi. Tamom. Yaxshi sheʼr yozaman, degan shoir kechqurun palov yeb yotishi kerak. Hozir ikkovimiz osh qilamiz.

Koʻnmay ilojim yoʻq edi. Oshdan keyin to yarim kechagacha Bedil oʻqib maʼnosini tushuntirib berar, afandi aytib kulardi. Bilib turibman, domla sheʼr yozish oldidan ruhini yengillatmoqchi, oʻziga yaxshi kayfiyat yaratmoqchi. Yotish oldidan bilagidagi soatni yechib, koʻzoynak taqib qaradi.

– Boʻldi, – dedi domla, qayta oʻrnidan turib. – Sheʼr tayyor. Komil Aliyev shunday degan edi: “Sarlavhasi bilan tagiga yoziladigan oʻz noming naqd boʻlsa, asaring bitdi deyaver”. Sheʼrning nomi bilan tagidagi “Gʻafur Gʻulom” bitdi.

U kishiga savol nazari bilan qaradim.

– Jiyanim Hamidulla oʻtgan kuni shu soatni sovgʻa qilgan edi. Shu soatga bagʻishlab sheʼr yozaman.

Boshqatdan kiyinib oʻtirib oldik. Men pastga tushib choy damlab chiqdim. Stolga choynakni qoʻya turib qarasam, sheʼrning ikki satri yozilib qopti.

Gʻuncha ochilguncha oʻtgan fursatni

Kapalak umriga qiyos etgulik.

Xayolini buzmaslik uchun choy quyib stol qirgʻogʻiga qoʻydim. Qarab turibman, Gʻafur aka oʻylayapti. Koʻzi goh shiftga tikilar, goh qoshlari chimirilib xuddi urishmoqchi boʻlgandek menga yomon qarab qolardi. Bilaman, bunaqa paytda Gʻafur aka qaragani bilan meni koʻrmaydi. Xayolida yaratayotgan narsasinigina koʻradi. Ruchkani siyohdonga zarda bilan botirdi-yu, yoza ketdi:

Gohida bir muddat olgulik nafas…

Bu satrni shoshib oʻchirdi-yu, boshqatdan yozdi:

Baʼzida bir nafas olgulik muddat

Ming yulduz soʻnishi uchun yetgulik.

Shundan keyin oʻchib qolgan papirosni soʻrdi. Gugurt chaqib qayta oʻt oldirdi-da, menga qaradi.

– Qalay? Mana buni Gʻafurovskiy sheʼr deyiladi.

Gʻafur akaning butun xususiyatlarini yaxshi bilib olgan edim. Shunaqa paytda maqtab qoʻysang, ruhi koʻtarilib ketadi-yu ajib bir gʻayrat bilan ishga tushadi.

– E, qoyil qivordingiz, Gʻulomup aka.

– Jim tur, aralashma. Kelib qoldi.

Yana ruchkani olib bir oz oʻyladi-yu, juda ham tez yoza boshladi. Soʻzlar qofiyasi bilan, vazni bilan, maʼnosi bilan quyilib kelardi. Ruchkani tez-tez siyohdonga botirib, bironta soʻzni ustidan oʻchirmay, ketma-ket oʻn ikki satrni dam olmay yozib boʻldi. Endi dam oladi deb oʻylab nimadir demoqchi edim, qoʻlini siltab gapirtirmadi. Oʻrnidan turib u yoq-bu yoqqa yurdi. Yana oʻtirdi, yana yozdi. Bu gal ikkita toʻrtlik yozdi. Qimirlagani qoʻrqaman. Gʻafur akaning yomon odati bor edi. Biron narsani oʻzi buzib qoʻysa ham, alamini boshqa odamdan olardi.

Stol ustidagi soat chiqillab turibdi. Sekin qaradim. Toʻrt yarim. Tong otishiga hali ancha vaqt bor. Ishqilib sheʼr chala qolmasin-da, deb qoʻrqaman. Bu yogʻiga charchab qoldi shekilli, barmoqlarini shaqirlatib menga qaradi.

– Endi boʻlar-a?

– Yoʻgʻ-e, – dedim, – Gʻafur Gʻulom boʻlaturib shunaqa kalta sheʼr yozasizmi? Sheʼr degani gazetada bitta qaraganda koʻrinadigan boʻlishi kerak.

– Shoshma, hali aytadigan gap koʻp.

Uy tutun boʻlib ketgan edi. Derazani ochib shamollatdik. Oʻzimiz boloxonadan pastga tushib hovlida aylanib yurdik.

Shahar jimjit. Tramvaylar ham yotgan. Gʻafur aka papiros tutatib kuldi:

– Bu shoirlik ham ajib gʻalati hunar ekan-da. Odam bolasi borki, hammasi maza qilib uxlayapti. Biz magazin qorovulidek koʻz yummaymiz.

Domlaning haziliga hazil qildim:

– Xoʻp, sheʼrni-ku siz yozasiz, ertaga pulini ham siz olasiz, men nima qilib yuribman.

– Senmi, sen… – dedi bir oz oʻylanib Gʻafur aka. – Sen bir vaqt kelib Gʻafur Gʻulom qanaqa qilib sheʼr yozishini maqola qilib pul olasan. Mendanam senga maza.

Tong yorishay deb qoldi. Indamasam – sheʼr qolib ketadigan. Yuqoriga chiqishga qistadim. Gʻafur aka ancha sovib qolgan ekan, koʻngli tilar-tilamas yuqoriga chiqdi.

– Ilhom parisi boʻlgandayam judayam xira ilhom parisi ekansan.

Achchiq choydan keyin men yana qimirlamay oʻtiraman. Gʻafur aka ruchkani qitirlatdi.

Tong yorishib birinchi tramvay oʻtganda sheʼrning oxirgi satri yozilayotgan edi. Gʻafur aka allaqanday maza qilish bilan tagiga chizdi-yu, oʻrnidan turdi.

– Mana oʻqi.

– Yozayotganingizdayoq oʻqib qoʻyganman, – dedim.

– Boʻldi, tamom!

– Yoʻq, – dedim. – Tamom boʻlgani yoʻq. Menga qarang, Gʻafur aka. – Domlani jindek maqtab ishga solmoqchi boʻldim. – Navoiy ham, Mashrab ham, umuman, ilgarigi shoirlar sheʼrlarining oxiriga “ketur soqiy” degan gap qoʻshib qoʻyardilar. Nima, Gʻafur Gʻulomning oʻshalardan kamligi bormi?

Gʻafur aka oʻylanib turdi-da, darrov ruchkani oldi.

– Gʻafur Gʻulomniki boshqacha boʻladi. Gʻafur Gʻulomniki Gʻafurovskiy boʻladi. – U shunday deb yozishga tushib ketdi. Birpasda oxirgi toʻrtlik bitdi.

Hayot sharobidan bir qultum yutay,

Kosani toʻldirgin, umrzoq soqiy.

Quyosh-ku falakda kezib yuripti,

Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

Shu bilan tong otar paytda Gʻafur Gʻulom nomini juda uzoq ellarga olib borgan sheʼrga nuqta qoʻyildi. Bu sheʼr ulkan shoirning falsafiy qudratini, soʻz sanʼatkorligini, hayot hodisalarini nihoyatda chuqur bilishini namoyish qilgan edi.

Shuni ham aytib qoʻyayki, bu sheʼrni birinchi oʻqigan kishi Mannon Uygʻur edi.

Oʻsha kuni sheʼr zavqi bilan Gʻafur aka ertalab ham jindek mizgʻib olmadi. Nari-beri choy ichishib koʻchaga chiqdik. Hali vohli, idoralar ochilmagan. Beshyogʻochdan piyoda ketyapmiz. Oʻqchiga yaqin qolganda mutaxassislar uyi oldida toʻxtab, balkonda papiros chekib oʻtirgan Mannon Uygʻurni chaqirdi. Ogʻa pastga tushishi bilan salom-alik qilib oʻtirmay yonidan sheʼrni oldi-yu, oʻqib berdi.

Uygʻur ogʻa Gʻafur akaning feʼlini yaxshi bilardi. Moʻljaldan oʻtkazib maqtadi. Uning maqtovini eshitib xotirjam boʻldik.

Tahririyatga sheʼrni topshirib tinchigach, tramvay bekatiga kelganimizda Gʻafur aka qoʻlimni qattiq qisdilar.

– Rahmat, uka. Agar sen xiralik qilib turib olmaganingda, kim biladi, bu sheʼr yozilarmidi, yoʻqmidi.

Sal kunda sheʼr rus tiliga tarjima boʻlib, “Pravda”da bosildi.

Gʻafur Gʻulom nomini yana bir pogʻona yuqoriga koʻtargan “Vaqt” sheʼri shu tariqa ming toʻqqiz yuz qirq beshinchi yilning oʻn toʻqqizinchi sentyabr tongotarida dunyoga kelgandi.

 

Said AHMAD

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

1969 yil 5 fevral

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.