Uvaysiy izidan…

0
1188
marta koʻrilgan.

Oʻzbek mumtoz adabiyotida dilbar shoiralar anchagina. Ularning tashqi koʻrinishi, qalbi, hayotiy ibratigina emas, ijodining har satridan ibrat, hikmat va harorat yogʻiladi.

Mumtoz shoiralar xususida soʻz ketganda, avvalboshi Nodirabegim, Jahon Otin Uvaysiy, Anbar otin nomlari tilga olinadi. Bu ularni anchayin yaxshi bilganimizdan emas, balki yuz yillardan beri xalqimizning qalbida muqim joy olib kelayotganidandir.

Hazrat Naqshbandiy eʼtiroficha, “Safar dar Vatan” baxti nasib qilib, Margʻilonga yoʻlimiz tushgan chogʻda, beixtiyor Uvaysiy momomizning qabrini ziyorat qilish orzusiga yetgandek boʻldik.

 

* * *

Uvaysiy (1779–1845) adabiyotimizning yirik namoyandalaridan ekani yaxshi maʼlum. Uning naqadar zukkoligini anor haqida mana bu chiston ham tasdiqlab turibdi:

 

Ul na gumbazdur: eshigi, tuynugidin yoʻq nishon,

Necha gulgunpoʻsh qizlar manzil aylabdur makon.

Sindurub gumbazni, qizlar holidin olsam xabar,

Yuzlarida parda tortigʻliq, turarlar bagʻri qon.

 

Garchi Jahon otin Uvaysiy ijodiy merosi 269 gʻazal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabbaʼ, 1 chiston, 3 doston, tugallanmagan bir manzumadan iborat boʻlsa-da, uning nomi bugungi avlodlari xotirasida koʻproq shu chiston bilan bogʻliq holda saqlanib qolgan.

Margʻilonda bugun Uvaysiy bilan bogʻliq ikki makon bor: biri Jahon otinga nisbat berilguvchi qabr va uning qarshisida shoiraga atab tiklangan haykal. Shoira nomi bilan atalguvchi koʻcha hamda “Oʻzbekiston” koʻchalari kesishmasida joylashgan ushbu maskanni ziyorat etarkanmiz, qarovsizlik, beparvolik ruhidan mungʻaygan, gʻarib shoira chehrasini koʻrgandek boʻldik.

Ikkinchi makon: koʻp qavatli uylar va mahalla oʻrtaligʻida joylashgan uy-muzeyda esa buning aksicha – saranjon-sarishtalik, allanechuk osoyish hukmron. Eksponatlar ham oʻziga yarasha, muzeyning har boʻlmasida xodimlarning sidqidildan qilayotgan mehnati yarq etib koʻzga tashlanadi. Uvaysiy davriga oid qoʻlyozmalardan nusxalar, shoira ijodiga oid zamonaviy tadqiqot namunalari, ijodkor avlodlari haqida “soʻzlovchi” stendlar… Bir adabiyot ixlosmandi, Uvaysiy sheʼriyatining havaskor muxlislari uchun oʻziga xos sirli maʼvo. Uy-muzeydagi eng qiymati baland eksponatlardan biri, bu Uvaysiyni “koʻrgan” tut daraxtidir.

Uvaysiy shu xonadonda tugʻilib, voyaga yetadi. Oilada xat-savodini chiqarib, avval xalfa, soʻngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat ilmini oʻrgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (sheʼrda fikrni yashirib ifodalash) sanʼatini mukammal egallagan. Qoʻqon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning maʼlumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. Uvaysiyning Qoʻqondagi oxirgi yillari azob ichra kechadi. Chunki umr yoʻldoshidan yodgor ikki farzandining taqdir bitigi ham shoiraga koʻp dardu hasrat yetkazadi: yoshgina oʻgʻli Muhammadxonning Muhammadalixon (amir Umarxonning oʻgʻli) tomonidan sarbozlikka joʻnatilishi va jangda halok boʻlishi shoiraning butun dunyosini zulmatga aylantirdi. Qizi Oftobxonning gul yoshida vafot etishi uning dardini ming chandon oshiradi. Yoshligida beva qolgan, ikki farzandini koʻz qorachigʻidek asrab katta qilgan ayol, beqiyos qalb sohibi uchun bu koʻrgiliklar nihoyatda katta zarba boʻladi. Margʻilonga qaytib, hovlisini izlagan shoira shu katta tut daraxtini nishon bilib, ota hovlisini topadi. Biroq Qoʻqonga yoʻl olgan chogʻidagi oddiygina uy oʻrnida oʻymakori ustunlar bilan bezatilgan sirkor uy turardi. Shoirani butun umr eʼzozda tutgan Nodira begim hamda Amir Umarxonning soʻnggi sovgʻasi edi bu uy. Nabirasi Xadicha bonu bilan shu uyda yashash shoiraga koʻp vaqtga nasib qilmaydi…

Muzey xodimlari tut bilan bogʻliq ajoyib hodisani soʻzlab berishdi:

Aytishlaricha, Uvaysiyga qoʻshni uyda eʼtiqodi kuchli, islomiy ilmi yuksak eshon yashab oʻtgan. Tut daraxtida hazrat eshonga yolli ilon uchragan, shundan soʻng xalq tomonidan u kishiga “Sochli eshon” nomi berilgan ekan. Uvaysiyni oʻz vasiyatiga koʻra, hovlisining bir burchagiga, mana shu Sochli eshonning qabri yoniga dafn etishadi. Hozir ham uy-muzeyning orqa boʻlagida oʻn bitta qabr boʻlib, ulardan biri Uvaysiyga nisbat beriladi. Aynan shu qabr usti kichik maqbara koʻrinishida yopilgan. Biroq qor-yomgʻirli kunlarda qabrga yogʻin suvi toʻplanmoqda va qabr choʻkib borayotir. Muzey maʼmuriyati, mazkur holatni bayon etib shahar hokimiyatidan yordam soʻradi. Umidvorlarki, tez kunda qabrlar tubdan taʼmirlanadi. Yaxshi odamlar hamisha topiladi, Zero, elning yashashini bilmoqchi boʻlsang bozoriga, oqibatini koʻray desang mozoriga bor, deb bejiz aytishmagan.

Uy-muzey Margʻilon shahrining 2000 yillik toʻyini nishonlash arafasida mukammal taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilganiga yetti yil boʻldi. Bu vaqt orasida minglab muxlislar ushbu makonga qadam ranjida qilishdi. Ularning orasida mahalliy ziyoratchilar ham, xorijlik sayyohlar ham bor. Shu oʻrinda Prezidentimiz oʻtgan yil 25 mart kuni Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahallada boʻlib, faollarga Uvaysiy tugʻilib oʻsgan yurt bilan aloqa oʻrnatish, kitobxonlik, Uvaysiy ijodiy merosini oʻrganish borasida ham tavsiya va takliflar bildirganini eslash oʻrinlidir.

 

Dildora RAHMONOVA,

“Ishonch” muxbiri

 

“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.