Ustoz mehri

0
1758
marta koʻrilgan.

Hajviy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ustoz adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov “Ikki pullik obroʻ” nomli ilk kitobi bilanoq muxlislar eʼtiborini qozongan ekan. Yozuvchining “Qirq uchinchi pochcha”, “Labihovuz xandalari”, “Tillo tabassumlar” singari hajviy kitoblari qoʻlma-qoʻl oʻqilgan va hozir ham oʻqilayapti. “Yolgʻonchi farishtalar” hajviy romani oʻzbek adabiyotida oʻziga xos voqea boʻldi. Ustoz adibning “Qahqaha” saylanmasi, “Bir asr hikoyati” asari ham oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Sermahsul ijodkor hajviy hikoyalar, roman va qissalar yaratish bilan birga Molyerning “Soxta oqsuyak”, Derfashning “Tirqish”, Sergey Mixalkovning “Dumaloq xat”, Gorinning “Sen kimu men kim?” kabi komediyalari, Chexov, Zoshchenko, Aziz Nesin kabi yozuvchilarning hajviy hikoyalarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi.

Talabalik yillarimda “Bir qaynovi ichida gaplar”dan yozib hali siyohi qurimasdan “Mushtum” jurnali tahririyatiga yugurardim. Boisi, bu yerda meni ochiq chehra bilan qarshi olishardi.

Oʻsha paytlarda, aniqrogʻi, 1983 yilda jurnal oyda ikki marta nashr etilardi. Ilk marta tahririyatga borganim hamon esimda. Xonada ikki-uch kishining gurungi avjida ekan. Tahririyat eshigidan moʻraladim.

– Keling, ukajon, tortinmasdan kiravermaysizmi, – deya meni ichkariga taklif qildi ochiq chehrali kishi. Bu koʻngli ochiq, samimiy inson Neʼmat Aminov edi. – Bir nima yozib kelganga oʻxshaysiz, qani koʻraylik-chi, – dedi qoʻlimdagi qogʻozga ishora qilib.

Yozganlarimni u kishiga uzatdim. Neʼmat aka qogʻozga koʻz yugurtira boshladi, bir vaqt sharaqlab kulib yubordi.

– Zohidjon aka, quloq soling, – deya yonidagi Zohidjon Obidovga yuzlandi-da, “Bir qaynovi ichida gaplar”ni ovoz chiqarib oʻqib berdi. – Baraka toping, ukajon, koʻproq yozing. Keyin xandalar, hajviyalardan ham boʻlsin.

Shu topda quvonchim ichimga sigʻmasdi. “Mushtum”da ketma-ket mashqlarim bosildi. Lekin familiyam Ayizov emas, Azizov boʻlib ketibdi.

– E, ukaginam, xafa boʻlmaysiz-da, endi. Familiyangiz Aistov emasmidi, ishqilib. Keyingi sonda xandalaringizni berayapmiz. Endi familiyangiz bexato chiqadi. Yozib turing, xoʻpmi… – deya ustoz tabassum bilan yelkamga qoqib qoʻydi.

1998 yil. Uzoq yillar Qashqadaryoda ishlab, poytaxtga qaytdim. Hajviy hikoyalarimni toʻplam holiga keltirish niyatida Neʼmat Aminov rahbarlik qilayotgan idoraga yoʻl oldim.

Menga boshdan-oyoq razm solgan kotiba:

– Boshliqning vaqtlari ziq. Hech kimni qabul qilmaydilar… – dedi.

– Bir ogʻiz aytib qoʻysangiz, vaqtlari boʻlmasa, boshqa kun kelarman, – dedim.

Kotiba darrov ichkariga kirib chiqdi-da:

– Kirar ekansiz, – dedi xijolatomuz.

Neʼmat Aminov meni har doimgidek ochiq chehra bilan qarshi oldi. Niyatimni aytdim.

– Juda yaxshi oʻylabsiz-da, Abdullajon, hajviyalarni oʻqib chiqqach, maʼqul boʻlsa, fikrimni aytaman, – dedi ustoz samimiylik bilan.

Qoʻlyozmalarimni qoldirib ketdim. Oradan ancha kunlar oʻtgach men xizmat qilayotgan gazetaning bosh muharriri xonasiga chaqirib:

– Sizni Neʼmat Aminov soʻradi… – deya savolomuz tikildi, – uchrashar ekansiz.

Ustoz tagʻin mehr bilan qarshiladi:

– Ukajon, oʻqidim. Ijodingizga baraka. Mana soʻzboshi ham yozdim. oʻayrat qiling, – deya yaxshi istaklar bildirdi.

Shunday qilib “Bir gap boʻlar” nomli hajviy kitobim Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov soʻzboshisi bilan chop etildi.

Endi oʻylab qarasam, soddalik qursin, oʻshanda tushunmagan ekanman. Katta lavozimda ishlayotgan, ming bir tashvishga koʻmilgan, hatto biroz orom olishga ham vaqt topolmaydigan, ham rahbarlik masʼuliyati, ham badiiy ijod fikrini chulgʻagan, buning ustiga yoshi ulugʻ adib – Neʼmat Aminov qoʻlyozmalarimni oʻqishga fursat topibdi. Bu chinakam ustozlik mehri edi.

Ustoz shifoxonaga tushib qolganini eshitib, koʻrgani bordim. Bemor holida ham “Afandi” gazetasiga koʻz yugurtirib oʻtirgan ekanlar. Stol ustida gazeta-jurnallarning yangi sonlari… Nazira yangamiz ustoz atrofida parvona. Buxoroyi sharifdan singillari, kuyovlari kelib qolishdi. Ahvoli durust boʻlmasa-da, koʻrishga kelganlarga minnatdorlik bildirar, hazil-huzul qilib suhbatni qizdirardi. Oradan bir necha kun oʻtib betakror ijod sohibi, mashhur hajvchi Neʼmat Aminovning vafoti haqidagi sovuq xabarni eshitib dilim vayron boʻldi.

Ustozdan qolgan bebaho meros – sara asarlar adabiyotimizning yutugʻi hisoblanadi. Adibning umri asarlarida davom etaveradi. Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon aytganidek, iymonli inson edi Neʼmat aka. U kishi halollikning nodir namunasidir. Hatto salbiy qahramonlarni ham xuddi koʻnglini avaylayotgandek haqoratomuzlikdan yiroqlashib taʼriflar edi.

Neʼmat Aminovning shogirdi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali Joʻrayev taʼkidlaganidek: “Kulgi Neʼmat Aminovni izlab yurardi. Oʻz navbatida Neʼmat Aminov ham yaxshi kulgini axtarishdan toʻxtamasdi. Ustoz adib kulgi bilan tugʻilib, kulgi bilan yashab oʻtdi. Umrbod kulgiga, hajvga sodiq qoldi. Buxoro va buxoroliklarning barhayot kulgisini adabiyotda muhrlab ketdi. Uning halollik bilan tutgan qalami aslo titramadi…”

Neʼmat Aminov uzoq yillar “Mushtum” jurnalida faoliyat yuritdi, Bosh muharrir sifatida ijodiy jamoaga bosh boʻldi. Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markaziga rahbarlik qildi. Har doim ochiqkoʻngil, samimiy, benazir inson boʻlib yashadi. Odamlardan, hamkasblari va shogirdlaridan, yosh ijodkorlardan oʻzining qimmatli maslahatlarini ayamadi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻzidan ezgu amallar, yorqin xotiralar, munosib adabiy meros qoldirdi.

 

Abdulla AYIZOV

 

“OʻzAs”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.