Uch ustoz eʼtirofi

0
408
marta koʻrilgan.

40-50 yillik Xorazm madaniyati tarixini

Yunus Yusupovsiz tasavvur qilish mumkin emas.

(Matyoqub Qoʻshjonov)

 

XX asr oʻzbek adabiyoti va adabiyotshunosligining mashhur namoyandalari sifatida tanilgan, ustozlik maqomiga erishgan adib va olimlar silsilasida akademik Oybek, Matyoqub Qoʻshjonov, filologiya fanlari doktori, professor Natan Mallayevlar faxrli oʻringa ega. Ular shaxsiyatidagi ibratli qadriyatlardan biri – badiiy va ilmiy isteʼdod sohiblariga, fidoyi izlanuvchilarga eʼtibori va saboqlaridir. Bu fazilatning yorqin ifodasi ustozlarning Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, xorazmlik ijodkor Yunus Yusupov – Ayyomiyga (1907–1983) munosabatda yaqqol koʻrinadi va u hozir ham koʻplarga oʻrnak boʻla oladi. Bu hol Yu. Yusupovning zahmatkash adabiyotshunos, Xorazm madaniyati tarixining bilimdoni, iqtidorli shoir va dramaturg sifatidagi salkam yarim asrlik mehnatining xolis bahosi edi. Darhaqiqat, oʻz ijtimoiy-ijodiy faoliyatini 1925 yildan boshlagan Ayyomiy viloyat yoshlar tashkiloti, madaniyat, teatr-estrada, yozuvchilar boʻlimi, matbuot muassasalarida rahbarlik lavozimlarida samarali ishladi.

Ayyomiydan salmoqli ijodiy meros qoldi. Bu meros badiiy va ilmiy-publitsistik xarakterda boʻlib, koʻplab sheʼrlar, oʻnga yaqin drama hamda oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixiga doir bir necha tadqiqotlar, maqolalarni qamrab oladi. Turli mavzularda yozilgan sheʼrlarining hammasi chinakam sanʼat namunasi boʻlmasa ham ular muallif badiiy didi va mahorati takomilida muhim omil boʻldi, Vatan va xalqqa sadoqat tuygʻusini ifodalashga xizmat qildi. Ayyomiy ijodiy iqtidorining bir qirrasi dramaturgiyada koʻrindi. Uning ogʻzaki ijoddan ragʻbatlanib yozgan “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” dramasi respublikamiz teatrlarida namoyish etildi. Xorazm viloyat teatri repertuaridan mustahkam oʻrin olgan “Mavlono Ogahiy”, “Respublika oʻt ichida”, “Mauzerli qiz”, “Tun va noxun”, “Qizlar isyoni” dramatik asarlari uning Toshkentda chop etilgan “Mavlono Ogahiy” (1971), “Qalbimda davronim” (1978) nomli toʻplamlaridan joy oldi.

Tabiiyki, muallifning oʻziga xos ijodkor sifatidagi oʻrni oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixini oʻrganish sohasidagi xizmatlari bilan belgilanadi. Uning bu boradagi izlanishlari qamrovli boʻlib, Xorazm adabiy muhitining deyarli barcha bosqichlariga daxldor, lekin asosiy qismini XVIII-XIX asr boshlaridagi adabiyot muammolari tashkil etadi.

Ayyomiy adabiy merosning tolmas toʻplovchisi, fidoyi muxlisi va matnshunos tadqiqotchisi edi. Muhimi shundaki, shaxsiy bisotidagi birlamchi manbalar, qoʻlyozma, toshbosma devon va boshqa asarlarning koʻpchiligi ilk marta topilgan va tahlil etilgan bitiklardir. Muallif oʻzining 1940 yilda “Guliston” jurnalining 9-sonida bosilgan “Avaz Oʻtar oʻgʻli” sarlavhali maqolasi bilan avazshunoslikka asos soldi, Avaz, Munis saylanma asarlarining nashrga tayyorlovchisi va soʻzboshilar muallifi boʻldi, umrining oxirigacha davom etgan ilmiy izlanishlarida 20 dan ziyod xorazmlik adiblar haqida maʼlumotlar toʻplab, ularni turli darajada tadqiq qildi, kitoblar yozdi. Bu kitoblar akademiklar Oybek, M. Qoʻshjonov, N. Mallayevning soʻzboshilari bilan chop etilgani bejiz emas.

Ayyomiy ilmiy salohiyatining yuzaga chiqishida Oybek domlaning ragʻbat va yordami katta boʻldi. Bu haqda muallif “Oʻt chaqnagan satrlar (1983) kitobida shunday yozadi: “Baxtimga akademik Oybek ishlarimdan xabardor boʻlib qoldi. Xorazm adabiy muhiti haqida asar yaratishga meni undadi va ragʻbatlantirdi. Keyinroq domla Oybek ish tugallanganini kimdandir eshitib, asarni oʻqish uchun soʻrab qoldi. Domla bu kezlarga kelib xastalikka chalingan edi. Men kattagina qoʻlyozmani oʻqishga berib, domlani qiynab qoʻymasmikanman, degan xayolga borib olib bormadim. Domla har uchrashganda oʻsha ishni soʻrardi. Bir kun koʻrishib qolganda, ahvoli yaxshi ekanligini, roman yozayotganini, mening qoʻlyozmamni oʻqishga ishtiyoqi borligini aytib, albatta olib kelishimni tayinladi, uni oʻqigach taqriz yozib berdilar. Oybek domla ishni nashrga tavsiya etar ekan, unda tahrirtalab oʻrinlar borligini alohida taʼkidladilar”.

Ayyomiyning “Adabiy merosimiz tarixiga doir” deb atalgan ushbu qoʻlyozmasiga yozilgan taqriz Oybek tanlangan asarlari 13-tomiga kiritilgan (406-407-betlar). Unda asarning umumiy tavsifi yoritilib, oʻn toʻrt bobdan iborat ekani, Pahlavon Mahmudning davridan XX asr boshigacha yashagan oʻn toʻrt shoir ijodi toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar, “tarixiy materiallar, voqealar, faktlar gʻoyat koʻp”ligini alohida taʼkidlaydi va ishning ayrim jihatlarini yanada mukammallashtirish zarurligini uqtiradi. Diqqatga loyiq yana bir jihat shundaki, muallifning “Oʻt chaqnagan satrlar” kitobiga ustoz taqrizining biroz muxtasar varianti soʻzboshi oʻrnida berildi. Quyida Oybek fikrlarining mohiyatini ifodalovchi ushbu taqriz matnini keltirish bilan cheklanamiz: “Yunus Yusupov (Ayyomiy)ning Xorazm adabiyoti tarixi haqida yozgan “Adabiy merosimizga doir” asarini varaqlab koʻrar ekanman, menga yoqib qoldi. Soʻng men bu asarni boshdan oxirgacha toʻla oʻqib chiqdim. Avvaldan men Xorazm adabiyotini bir qadar oʻrganganman, bu asardagi shoirlarning koʻpining ijodi bilan tanishman. Ammo bu asar menga shu jihatdan yoqdiki, Yunus Yusupov (Ayyomiy) chuqur, keng tadqiqoti natijasida gʻoyat koʻp tarixiy materiallar, voqealar, faktlar toʻplagan. Shoirlarning jafo va mashaqqatga toʻla hayotlari, ularning boshidan kechirgan fojia, voqea, xonlarning jabr-zulmi, hayotiy manzaralar, lavhalar koʻp yigʻilgan. Ayniqsa, xonlarning zulmini koʻrsatadigan faktlar juda koʻp. Bu jihatdan asarning qimmati juda zoʻr.

Men bu asarni gʻoyat kerakli deb topaman. Yunus Yusupov (Ayyomiy) klassik adabiyotni yaxshi bilgan, tarixni chuqur oʻrgangan adabiyotshunosdir. Asar materiallarga boy boʻlishiga qaramasdan, lozim boʻlsa ozgina qisqartirilishi mumkin, balki tahrir protsessida qisqartib boʻlar. Shu asrlarning adabiyotini, tarixini yaxshi, mukammal biladigan bir muharrirga tahriri topshirilsa, albatta asarni baʼzi takrorlardan tozalash, silliqlash mumkin boʻladi (ortiqcha qaytariqlar koʻp). Asar qunt bilan tahrir qilinishi lozim, ayniqsa, kirish bobi koʻproq mehnat talab qiladi. Yana takror aytamanki, asarning qimmati juda katta. Bundagi boy materiallar yosh olimlarimiz uchun katta manba boʻla oladi. Asarning albatta bosilishini tavsiya qilaman. Oybek. 1964”.

Bir ming sahifadan iborat asar haqidagi ushbu taqrizdagi xolis tanqid va foydali maslahatlardan ruhlangan muallif qoʻlyozma ustidagi ishni davom ettirdi, unga sayqal berib, hajmini biroz ixchamlashtirdi, qaytariq fikrlar oʻrniga tahlillarni birmuncha kengaytirdi, ilmiylikni chuqurlashtirishga, oʻzi aytganidek, “ayrim maqolalarning “suvini siqish”ga harakat qildi. Eng muhimi, asarni mustaqil ikki kitob shaklida nashr ettirdi. Ularning birinchisi 1967 yilda “Xorazm shoirlari” nomi bilan chop qilinib, unga Oybek nazarda tutgan “adabiyotni mukammal biladigan muharrir” qilib talabchan olim N. Mallayev tanlandi. Natan Mallayev qoʻlyozma umumiy mazmunini saqlagan holda bayon tarzi va uslubga dahldor gʻalizliklarni jiddiy tahrir qildi hamda Oybek fikrlarini quvvatlab, 25. VI. 66. sanasi bilan raqamlangan soʻzboshisida “kitob Xorazm zaminida yetishgan shoirlar bisotini toʻplash va tadqiq etishda yangi bir odimdir”, – degan fikrga keldi va 9 shoir haqida bahs yuritilgan bu asar, ayniqsa, Soʻfi, Mirzo, Rojiy, Bayoniy, Mutrib, Chokar, Mugʻanniy, Partav ijodlarini oʻrganishda yangi sahifalar ekaniga alohida urgʻu berdi. Quvonchlisi shundaki, zukko va sinchkov muharrirning bu bitik “adabiyotning sergʻayrat muhibi Yunus Yusupovning koʻp yillik izlanishlari, zahmati va sobitligi zamirida vujudga kelgan kitob”ligini eʼtirof etishi yakuniy xulosa vazifasini bajargan.

Ikkinchi kitob yuqorida qayd etilgan “Oʻt chaqnagan satrlar” boʻlib, unda yaxlit qoʻlyozmaning ilk qismlari, XVIII asrgacha boʻlgan davrga mansub adabiy materiallar, shoirlar merosi umumiy sharh tarzida yoritilgan. Asosiy eʼtibor adabiy portretlar talqiniga qaratilgan. Bular – Nishotiy, Andalib, Munis Xorazmiy, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Rogʻib, Mugʻanniylar boʻlib, birinchi kitobdagi Soʻfi va Avaz haqidagi fikrlar yangi maʼlumotlar hisobiga boyitilgan va kengaytirilgan holda bayon etilgan. Kitobdan oʻrin olgan har bir shoir hayoti va ijodiga oid faktlar, birlamchi manbalar, hali ilm ahliga maʼlum boʻlmagan nodir asliyat namunalari ekanligi asar originalligini oshirgan. Shu bois XIX asr va XX asr boshlaridagi Xorazm adabiy muhiti, xususan Avaz, Soʻfi, Mutrib kabi shoirlar ijodiga bagʻishlangan keyingi davrdagi koʻpchilik tadqiqotlarda ham Ayyomiy izlanishlariga murojaat etilishi tasodifiy emas. Zero, bu materiallar Oybek domla aytmoqchi, “yosh olimlarimiz uchun katta manba” boʻlganining isbotidir.

Ayyomiyning “Qalbimda davronim” sheʼrlar, dramalar toʻplami atoqli tanqidchi M. Qoʻshjonovning “Zulmatga – qahr, ziyoga – madh” sarlavhali salmoqli soʻzboshisi bilan ochiladi. (U munaqqidning “Qalb va qiyofa” kitobiga ham kiritilgan). Bu soʻzboshi-maqolani Yu. Yusupov hayoti va ijodining mazmun-mohiyatini xolis baholovchi umumlashgan tavsiyanoma deyish mumkin. Tabiiyki, unda sheʼriyat, dramatik asarlar, badiiy iqtidor talqinlari ustuvorlik qiladi. Ustoz tanqidchining, xususan, sahna asarlarda dramaturgning oʻziga xosligini koʻrsatishga eʼtibor berishi bejiz emas. Chunki dramalar asosan tarixiy mavzuda yozilgan boʻlib, Ayyomiyning oʻtmish voqealari, mashhur shaxslar haqidagi qarashlari bilan uygʻunlashib ketgan. Bu jihatdan ularni ikki guruhga ajratib tahlil qilingan. Birinchisi – ijodkorlar haqidagi dramalar boʻlib, Ogahiyga bagʻishlangan “Mavlono Ogahiy”, Komil Xorazmiy toʻgʻrisidagi “Tun va noxun” dramalari xarakterli ekani alohida taʼkidlanadi.

Bu asarlarda davr voqealari, tarixiy siymolar shaxsiyati va ijodi sintezida ifodalanib, Ogahiyning buyuk shoir, tarjimon, Komil Xorazmiyning maʼrifatparvar, tadbirkor, davlat arbobi, shoir va sanʼat bilimdoni sifatidagi obrazlari ishonarli yaratilgani qayd etiladi. XX asr boshida erk va maʼrifatni kuylagan Xonimjon va Onajon nomdor xalfalarning jasorati haqidagi “Qizlar isyoni” dramasi muallifning yutugʻi, deya eʼtirof etildi.

Tanqidchi “Respublika oʻt ichida”, “Mauzerli qiz” dramalarini yana bir guruhga kiritib, ular 20-30-yillardagi oʻtish davrining muhim ijtimoiy masalalariga bagʻishlangani va xalqchil ruh, haqqoniy talqin bilan dolzarblik kasb etganini yuqori baholaydi. Quyidagi fikrlar ustoz olimning dramalar xususidagi umumiy xulosasidir: “Dramalarning hammasi Xorazm oʻlkasining shonli tarixiy materiallari asosida yaratilgan. Ularga xos ikkinchi bir xususiyat ham bor: ular bir maqsad, aniq estetik gʻoyani targʻib qiladi”.

Har uchala ustozning Ayyomiy ilmiy-badiiy ijodiyoti haqidagi eʼtiroflari mohiyati bir nuqtada mujassamlashadi. Bu – milliy, adabiy-madaniy merosga mehr, uni izlash va oʻrganishda sobitlik va fidoyilik, umuman oʻtmish maʼnaviy qadriyatlarini anglash, eʼzozlash va targʻib qilish tamoyili boʻlib, bugungi kunda ham ahamiyatga molikdir.

 

Hamdam ABDULLAYEV,

Bekposhsha RAHIMOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.