U

0
449
marta koʻrilgan.

Kech bahorning bu tuni qop-qorongʻi boʻlsa-da, koʻnglimda oʻzim ham tushunib boʻlmaydigan sirli surur hukmron edi. Tashqarida shovullab yomgʻir yogʻar, men deraza oldida turgancha katta-kichik tomchilarning oynaga urilib-chertilib pastga oqib tushishini yosh boladek zavqlanib tomosha qilardim. Chiroq yorugʻida akslanib, jilvalanayotgan deraza oynasini oʻksib-oʻksib koʻz yosh toʻkayotgan sohibjamol bir qizga oʻxshatib, azboroyi koʻnglimga oʻtirganidan bu mengzashimni yon daftarimga yozib qoʻyishni oʻylab qoʻydim.

Xizmat safari bilan avvallari ham bu mehmonxonaga bir necha bor kelgan edim va har gal bu yerdagi sirli bir osudalik meni oʻziga tortardi. Shahar shovqini va ishdagi odatiy holatlardan bezib, tinchlikni qoʻmsaganim uchun bu gal ham ana shu qoʻnalgʻani oʻzimga makon qilib tanladim. Men xotirjam koʻrinar edim, ammo xayolimda bu tun, bu kecha butun hayotimni oʻzgartirib yuboradigan nimadir sodir boʻladigandek tuyulardi.

Birpasdan keyin yomgʻir toʻxtadi, borliqqa farahli bir sukunat choʻkdi. Dumalab-dumalab tushayotgan oxirgi tomchilarni kuzata turib, beixtiyor deraza oynasida parishon bir holda turgan OʻZIMni koʻrib qoldim. Oynada sochlari ancha-muncha toʻkilgan, keng peshonada uch-toʻrtta ajin uzun va chuqur chiziq tortgan, yuz-koʻziga mulohazali kishi nuqsi urgan MEN turar edim. Avvaliga hayrat, keyin esa vahima aralash oynadagi oʻzimga tikildim, afsus chekkan kishi boʻldim, keyin esa hammasini birdan esladim.

…199… yilning avgust oyining issiq bir kunida “dars berishi juda yaxshi” deb maqtalgan qoʻshni tumandagi maktab-internetga yoʻl oldik. Men oʻshanda endi beshinchi sinfni tugatgan edim. Uydan koʻp chiqmaganim uchun avvaliga olis bir joyda oʻqish juda qiziqarli va ayni paytda gʻaroyib boʻlib tuyuldi, shuning uchun boʻlsa kerak, yoʻlda ketishda har bir narsani zavq bilan tomosha qilib bordim. Ammo akam bilan hujjatlarni topshirib boʻlgach, direktorning gaplarini eshitib birdan shashtim soʻndi, gapning ochigʻi, meni umidsizlik aralash vahima bosdi. Chunki bu yerda kamida bir oy uyga bormasdan, yotoqxonada yotib oʻqishga majbur ekanman. Koʻz oldimga hovlining toshdevoriga suyangancha daraxtlarga qarab turgan otam, tandir oldida kuymalanib yurgan enam, opa-akalarim, uyimiz, qishloqdoshlarim, oshnalarim, hatto soyada boshini koʻtarmasdan faqat uxlaydigan oqtoʻsh itimizgacha koʻrinib ketdi, hujjatlarimni shunday olib qaytib ketgim keldi. Lekin sinfdoshlarimga kuni kecha shaharda oʻqimoqchi boʻlib maqtanganimni, endi qaytib borish uyat ekanini oʻylab indamasdan akamga ergashdim.

Odam yoʻqligi tufayli tumanimizga ketadigan avtobusning joʻnashini ancha kutishga toʻgʻri keldi. Zerika boshladim. Bir payt bu yerga qora-qura bola-chaqalarini ergashtirib besh-oltita loʻli ayol kelib qoldi. Ular oʻz tillarida chugʻur-chugʻur qilishib, bizdan bitta nari oʻrindiqqa oʻtirishdi. Qiziq, ulardan biri, qoʻlida chaqalogʻi bor yoshgina kelinchak sal fursat oʻtmasdan biz tomonga tez-tez koʻz tashlab qoʻya boshladi. Yoshi kattaroq qishloqdoshlarimizning “Loʻli xalqi kashmiri boʻladi, aldab-suldab odamlarning borini qoqib oladi” degan gapini eslab hushyorroq boʻlishga harakat qildim, akamni ham ogohlantirmoqchi boʻlganday turtib qoʻydim.

Avtobusning joʻnashini kutib yana ancha oʻtirdik. Bu orada haligi loʻli kelinchak biz tomonga kamida oʻn-oʻn besh marta qaradi, keyin esa toʻsatdan irgʻib oʻrnidan turdi va toʻgʻri mening oldimga keldi. U, biz kutganimizdek, sadaqa soʻramadi, baxtimdan fol ochishini aytib, koʻzimga qarab turaverdi. Akam ham menga oʻxshab loʻli ayoldan shubhalangani uchun qoʻrs ohangda uni haydaganday boʻldi, u unayvermagach, oxiri doʻq-poʻpisa ham qildi. Loʻli kelinchak bu gaplarning birortasiga ham parvo qilmasdan koʻzimga tikilgancha bir muddat turdi, keyin esa deyarli pichirlagan ohangda “U sening hayotingga oʻzing bilib-bilmagan holda kirib keladi, hayotingdan chiqib ketishda ham xuddi shunday boʻladi” dedi va shu gaplarni aytgach, shartta burilib sheriklarining oldiga qaytdi. Men hayronu lol edim, akam esa yupatmoqchi boʻlgandek: “E, bu aytaveradi”, deb qoʻydi.

Endi oʻylasam… U, chindan ham, hayotimga oʻzim bilib-bilmagan holda kirib keldi. Qachon, qaysi paytda kirib keldi, buni vaqti bilan aytolmayman, ammo shunisi aniqki, U juda tez fursatda eng yaqin hamrohimga, sirdoshimu dildoshimga aylandi. U doimo xursand yurar, hamma narsaga begʻuborlik koʻzi bilan boqar, meni ham hech qachon xafa qilib qoʻymaslikka intilar, bu bilan hayotga mehr-muhabbatimni yanada oshirardi. Hamisha men bilan birga boʻlib orzu-havaslarimga qanot berar, intilishlarimni qoʻllab-quvvatlardi. Ayrim paytlari notoʻgʻri ish qilganimda yonimdagilar aybni unga toʻnkashganda jimgina indamasdan boʻyniga olardi. Hozirgina aytganimdek, U doimo menga dalda berardi, buni men yetmish ikki tomirimda ham his qilardim va ruhlanib, osmon-osmon orzular bilan yurardim.

Talabalik yillarida ham U bilan eng shirin, eng yodda qolarli damlarni boshdan kechirdik. Men baʼzan darslarga bormagan paytlarimda yoki saboqdoshlarim bilan ulfatchilik qilganimda, ayniqsa, kursimizdagi chiroyli qizlardan biri bilan koʻproq gaplashib qolganimda U mendan arazlagan kishi boʻlar, yolgʻiz qolgan paytlarim “qadrimga yetmayapsan” deganga oʻxshash iddaoli gaplarni aytib qolar, “Ha, endi davringizda oʻynab-kulib turaylik”, degan hazil aralash kinoyali soʻzlarni aytganimdan soʻng negadir maqtovdan eribmi yo boʻlmasa oʻziga maftun boʻlibmi, bilmayman, labiga tabassum yugurib, yuz-koʻzi porlab ketar va darhol murosaga kelardi. Oʻrtamizdagi bunday gina-kudrat, umuman olganda, koʻpga bormas, bir-birimizni kechirib, darrov inoqlashib ketardik.

U bilan oramizdagi yaqinlik, dilkashu dardkashlik uylangunimga qadar davom etdi. Toʻgʻri, U toʻydan keyin ham meni yolgʻiz tashlab qoʻymadi, vaqtimni topdi deguncha men bilan hamnafas boʻlishga intildi. Lekin, endi oʻylab qarasam, turmush va hayot tashvishlariga oʻralashib, avvalo, men Uni unutib, esdan ham chiqara boshlagan ekanman. Tirikchilik bilan bogʻliq muammolarim meni Undan, Uni esa mendan yiroqlashtirdi, biz borgan sari bir-birimizdan begonalashib, uzoqlashib ketdik.

Oʻttiz yoshga toʻlganda tugʻilgan kunimni qadrdon ogʻaynilarim bilan nishonlaganda U bilan yana bir esda qolarli holat yuz berdi. Oʻsha kun toʻkin dasturxon atrofida, tabiiyki, shaʼnimga iliq gaplar aytildi, qadahlar koʻtarildi. Men, albatta, yaqinlarim davrasida bunday oʻtirganimdan juda xursand edim. Biroq ayni damda necha yillar davomida menga dildoshu sirdoshlik qilgan Uning ham yonimda boʻlishini qattiq qoʻmsayotgandim. Bir payt gurungimiz oʻz-oʻzidan talabalik yillaridagi voqealarga borib taqaldi, birimiz qoʻyib, birimiz olib, oʻsha damlarni xursandchilik va sogʻinish bilan esladik. Men uchun juda quvonarli boʻlgani shuki, bu eslashlarda U ham koʻz oldimda borligicha namoyon boʻldi, xotiramda boʻlsa-da Uni qayta topganimdan juda-juda suyundim.

Oshnolarimni kuzatib, uyga kirayotganimda Uning mendan borgan sari begonalashib, uzoqlashib borayotganini ogʻrinish bilan esladim, koʻnglimdan “Hayot oʻzi shunaqa-da, kerak paytda bir yoʻqlaring topilmay qoladi”, degan iddaoli fikr “yalt” etib oʻtdi. Keyin esa yomgʻir shivalab yogʻayotgan qop-qora tunga tikilib turib U ning bundan buyogʻiga hech qachon qaytib kelmasligini, faqatgina qalbimda yashashini tuydim.

Adashmagan ekanman, chindan ham, shunday boʻldi. U eslasa entiktiradigan xotiralar bilan koʻnglimda yashay boshladi. Baʼzan tushlarimga kirar, yuz-koʻzlarida hali-hanuz samimiylik va begʻuborlik ufurib turardi. Biror marta ham Uni mahzun bir qiyofada koʻrmadim. U shoʻx-shodon kular, shirin jilmayar, yengil va nafis harakatlar bilan oʻzining goʻzalligini namoyon etar edi. Yaqinlashmoqchi boʻlsam uzoqlashar, uyqudan turgach esa, sogʻinchli bir qoʻmsash bilan Uni eslar edim.

Bu eslashlar, bu qoʻmsashlar meni bir qiz bilan tanishtirib, uni yaqin qadrdon sirdoshimga aylantirdi. Bu qizni birinchi bor koʻrganimdayoq chaqnab turgan qop-qora koʻzlariga, qayrilma qoshlariga qarab beixtiyor Uni esladim va ayni oʻsha lahzalarda qalbimni oʻzim ham tushunib boʻlmaydigan nomaʼlum, ammo yoqimli bir his qoplab oldi. Oʻsha kuni bir ogʻiz ham gaplashishning iloji boʻlmadi, koʻnglim simillab ishxonamga qaytdim. Ammo taqdirni qarangki, oradan ikki kun oʻtib haligi qizni ishxonamiz katta zalida, yolgʻiz oʻzi xayol surib oʻtirganida uchratib qoldim. Bir muddat jim qotdim, yonidan oʻtayotib beixtiyor eski tanishlardek “Yaxshimisiz?” deganday bosh silkib qoʻydim va undan ham shu taxlitdagi ishorali javobni olib yuragim gupurib ketdi. Keyingi kunlarda ham uni shu yerda uchratdim, bir martasida sal dadillik bilan “Yaxshimisiz?” dedim, u ham shirin jilmayib yaxshi ekanligini qoʻngʻiroqdek, nafis ovozi bilan menga bildirdi. Shu kuni biz u bilan yanada yaqindan tanishdik, keyin esa juda inoqlashib ketdik. U ham menga “Sizni qayerdadir koʻrganman”, dedi, men ham chin dildan shu gapni aytardim (aslida ham shunday edi), ikkalamiz ham bundan hayron qolardik, eslashga urinib koʻrardik, taajjublanardik, kulardik, izohini esa topolmasdik. Oʻrtamizda muhabbat ham deb boʻlmas, ammo juda samimiy, iliq bir munosabat paydo boʻldiki, bora-bora biz bir-birimizga… oʻrganib qola boshladik. Men oilali edim, koʻnglimdan boshqa bir nomahramga joy berishga hech qanday haqqim yoʻqligini juda yaxshi anglardim, oʻz navbatida, uning ham hayotimga suqilib kirish niyati yoʻq edi. Biz bir-birimizni soʻzsiz tushunardik, qadrlardik, imkon darajasida yordam berib, tirgak boʻlishga harakat qilardik. Lekin baribir ich-ichimizdan bir-birimizni yaxshi koʻrishimizni sezib turardik.

Bir kun yarim tunda uygʻonib ketdim. Xonada xira nur taratayotgan tungi chiroqqa bir muddat tikilib oʻylanib yotdim, uni ham xotirladim. Siqilib oʻrnimdan turib, deraza oldiga bordim. Kecha oydin, osmonda oʻn besh kunlik toʻlin oy suzib yurardi. Oyga qarab turib, yana uni esimga oldim, biroq bu koʻpga choʻzilmadi.

“Uyat, uyat, – dedi aqlga boʻysungan bir koʻnglim. – Uch bolaning otasi bunday xayollarga berilib oʻtirishining oʻzi uyat”.

“Nimasi uyat boʻlar ekan? – dedi ikkinchi koʻnglim. – Ha, endi, hayotda boʻp turadi-da”.

“Ha, boʻp turadi, – dedi aqlim piching bilan. – Boʻlib turadimish. Oxiri nima boʻlishini esa men yaxshi bilaman. Oʻzingni qoʻlga olmasang, hayoting izdan chiqadi”.

Bu gaplardan keyin qalbimni umidsizlik egalladi, beozorgina, pishillab uxlab yotgan bolalarimga qarab bu gaplarda jon borligini sezdim.

“Seni ham tushunaman, – dedi aqlim bir payt. – Sen hali ham Uni eslaysan, Uni qoʻmsaysan. Uning endi sening oldingga hech qachon qaytib kelmasligini ham juda yaxshi bilasan. Hozirgi munosabatlaring ham Uni qoʻmsash ekanini men ham juda yaxshi bilaman. Lekin tentak koʻnglingning aytganlari bilan yursang, oʻhhu… Toʻgʻrisini aytsam, U bilan bu ishlarni qilsang juda yarashardi, lekin hozir kulgili holat. Shuning uchun esing borida etagingni yop”.

Men indamadim, sukut saqladim va aqlimning aytganlariga jimgina koʻndim. Keyin-keyin, “Nega shunday qildim?” deb oʻzimni koʻp bora soʻroqqa tutdim, bu soʻroqning javobi esa har gal topilmasdan qolaverdi. Balki men oʻshanda, aqlim aytmoqchidek, hayotim izdan chiqib ketishidan juda qoʻrqqandirman, balki xudbinlik qilgandirman, bunisi haligacha qorongʻi, lekin shunisi aniqki, men oʻsha tunda “Boʻldi, bundan bu yogʻiga endi u bilan umuman gaplashmayman, koʻrishmayman ham” degan qatʼiy xulosaga kelgan edim va bu xulosam qizni yoʻqotish bilan tugashini aslo bilmagan edim. Gap shundaki, ertasi kun qizni zalda uchratmadim, bizdan bir qavat tepada joylashgan ishxonasiga oʻtib ham topolmadim. U yerdagilar men soʻragan qizni hech qachon koʻrmaganday yelka qisishib, tayinli bir gap aytishmadi. Mening koʻnglim yana egasi tashlab ketgan eski uyday huvillab qoldi.

Shundan keyin ham oʻsha qiz haqida hech narsa eshitmadim. Soʻng bir psixolog doʻstim aytdiki, “Odam bir narsani qattiq sogʻinsa, qoʻmsasa, xayolidagi narsa hayotdagidek jonlanishi mumkin. Bu fanda isbotlangan”. Bilmadim, bilmadim. Bu qiz ham farishta misol suvrati bilan yodimda bir umrga muhrlanib qoldi.

Hayot davom etaverar ekan. Turmush, ishim tashvishlari bilan band boʻlib, asta-sekin bu yoʻqotishga ham koʻnika boshladim. Lekin Uni hech qachon yodimdan chiqara olmadim, balki vaqt oʻtgan sari Uni yanada koʻproq eslaydigan boʻldim. Endi U tushlarimga borgan sari koʻp kirar, yuz-koʻzlarida hali-hanuz samimiylik va begʻuborlik ufurib turardi. Biror marta ham Uni mahzun bir qiyofada koʻrmadim. U shoʻx-shodon kular, shirin jilmayar, yengil va nafis harakatlar bilan oʻzining goʻzalligini namoyon etar edi. Yaqinlashmoqchi boʻlsam uzoqlashar, uyqudan turgach esa sogʻinchli bir qoʻmsash bilan Uni eslar edim…

Dumalab-dumalab tushayotgan oxirgi tomchilarni kuzata turib, beixtiyor yana Uni esga oldim, xoʻrsinish bilan entikdim. Keyin esa karavotim yoniga borib, sumkamni ochdim va ichidan suratlar solingan, doimo yonimda olib yuradigan fotoalbomni qoʻlga oldim. Oxirgi paytlarda Uni yodga olganimda men rasmlarga termulib-termulib, qayta-qayta qaraydigan odat chiqargan edim. Hayotimning U bilan bogʻliq eng shirin, ortga qaytmas damlarini eslatuvchi bu rasmlar turli suratkashlar tomonidan har xil holatlarda suratga olingan edi.

Mana, suratlarning birida oqquvadan kelgan, sochlari biroz hurpaygan, yuz-koʻzlari chaqnab turgan navqiron yigit xiyol kulimsirab turibdi. Bu – menman, oʻn toʻqqiz-yigirma yoshning nari-berisidagi men. Rasmni tomosha qila turib loʻli kelinchakning gaplarini yana bir bor esladim: “U sening hayotingga oʻzing bilib-bilmagan holda kirib keladi, hayotingdan chiqib ketishda ham xuddi shunday boʻladi”.

Shunday ham boʻldi. Sen hayotimga oʻzim bilib-bilmagan holda kirib kelding, Yoshligim! Endi esa istab-istamaganim holda meni tashlab, borgan sari uzoqlashib borayapsan, Yoshligim! Seni juda-juda sogʻinaman, koʻnglimda yashayotgan boʻlsang-da juda-juda qoʻmsayman, Yoshligim!

 

Sodiq NORBOYEV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.