Tezlik dasxati

0
200
marta koʻrilgan.

Bir tomoni adirlikka tutashgan kenglikni ikkiga boʻlib oʻtgan ariqning adogʻi kattagina jarlik hosil qilgan. Uning ikki yonida yozning oltin rang maysalari har zamonda esadigan daydi shamolda tebranadi. Jarning soya joyida nam tuproqni kovlab, zaxga bagʻrini berib yotgan it, inlariga kirib chiqayotgan chumchuqlarga loqaydgina qarab qoʻyadi. Qushlarning bir maromdagi chugʻur-chugʻuriga monand qattiq yerga botayotgan ketmon ovozi elas-elas quloqqa chalinadi. Loyqa suvga choʻmilaverib, yuzi toʻrlab ketgan bola jarlikdan tepaga shiddat bilan chiqadiyu, keng dalada ishlayotgan otasini koʻrib tek turib qoladi. Bolalikning yumushlarni tez unutadigan xotirasi bilan suvsiz qolgan sigirni, chaylada yigʻilmagan oʻrin koʻrpani eslagach, otasining jahlidan qoʻrqib, oyoq uchida yura boshlaydi. Jazirama oftobdan saqlanish uchun gazetadan yasalgan shlyapasini boshiga bostirib kiyganicha, yelkasini quyoshda toblab, ketmonni osmon toqidan yulqib olib, yerning ildizigacha botirib yuborayotgan ota uni koʻrmaganga oladi. Padarining “koʻrmay” turganidan foydalangan bola barcha yumushlarni bir zumda bajarib, dalaning nargi chetida tanob tashlab qolgan polizni chopiq qila boshlaydi.

Yorilgan yuzining achishganidan oromsizlanib, oʻtning bargida yurgan xonqiziga tikilgancha xayolga choʻmgan oʻsha bola bir kun kelib shu damlar eng aziz xotiralariga aylanishini hali bilmasdi. Oq oralagan soqolini tarab oʻtirgan otasiga tikilib oltin rang maysalarniyu jaziramadan oʻzini jar labidagi inlariga urayotgan chumchuqlarni koʻz oldiga keltirib entikishini tasavvur ham qila olmasdi. Oʻshanda otasining yengilgina dakilaridan qochib, uzoqroq joyga chopiqqa tushgani bilan unga qay darajada yaqinligini, kun kelib padari yonginasida oʻzini undan nihoyatda olis turgandek his qilishidan-da bexabar edi. Eng dahshatlisi, oʻshanda ham hozir ham otasidan oʻzini qancha uzoq tutgan boʻlsa, padari unga shu darajada talpinayotganini koʻrib koʻrmas, bilib bilmasdir.

Adogʻi jarlik hosil qilgan ariqni butun umr yoddan chiqarib yuborishi mumkin esa-da, oʻgʻlini chaqirganida, u velosipediga andarmon boʻlib, yoniga kelavermagach oʻsha jarlik va poliz ekilgan kenglik koʻz oldiga kelishini kim ham bilibdi deysiz?!.

Turmush tashvishlaridan qoraygan yuzini yerga tikancha ketmonni osmon qadar koʻtarib, kesakli joʻyakka urganidan tarsillab chiqayotgan ovoz aslida otasining koʻkragidan chiqayotganini ham bilmasdi-da! Mana endi bilib koʻrib turibdiyu, tagʻin xoda yutgandek tik qotgan boʻyni otasining poyiga borib yiqilmoqlikdan, hech qursa sizni yaxshi koʻraman, degan soʻzni aytmoqqa tob bermaydi. Bu tomonda otasi qanchalik sekin odimlamasin, umr atalmish shoshqin daryo shovullab oqqancha har lahzada uni keksalik sari yetaklab borayotir. Xoda yutgan mardum esa hamon oʻn besh yoshli bola misol ketmonga tayanib “ishdan qochish” rejasini tuzish bilan band.

***

Yuk mashinasining matori shidat bilan guvillaydi. Adogʻi torayib ketgan yoʻl borgan sari kengayib, suvdek jimirlab koʻringan sarob yaqinlashishing hamon gʻoyib boʻladi. Rul chambaragini ketmon dastagidek mahkam tutgan otam gardanini bir qoʻli bilan qashib, boshini sarak-sarak qiladi, soʻng hukm oʻqiyotgan qozidek qatʼiy ohangda: “Odam boʻlmaydi bu”, – deydi. Savol nazari bilan tikilaman, otam indamaygina qoʻl siltab qoʻyadi-da, yon oynadan kirayotgan shamolga yuzini tutib, xayolga beriladi. Meni savollar qiynay boshlaydi. Kim u, nega odam boʻlmaydi?! Shu kunlarda aytilgan har bir soʻzni, sodir boʻlgan katta-kichik voqealarni bir-bir koʻz oldimga keltiraman. Ammo hech bir “odam” boʻlmaslikka arzigulik sabab topilmaydi. Mashinaning sekinlashishi hamon tagʻin otamga qarayman. U kishi suvi ancha past tashlab ketgan suv omboriga tikilganicha:

– Shu yerlarga ikkovimiz bir kun kelib aylanib ketishimiz kerak-da, – deydi.

– Mana koʻrib turibmiz-ku, – deyman bilagʻonlik bilan.

Otam:

– Ey, bilmaysizda, otaboy, – deydi oʻshanday maʼyus ohangda. – bu yerlarda bizning bolaligimiz oʻtgan. Huv, anavi yerda suv tegirmon bor edi. Shundan sal narida… ana shu yerlarda boʻlsa kerak, uyimizning joyi. Daryo naryoqda edi, – deb hozirgi suv ombori oʻrnida boʻlgan, eski qishloq joylarini qoʻli bilan chizib koʻrsatadi. Mashinaning sekin yurayotganidan yuragim siqilib:

– Tezroq “gaz”ni bosing, vaqtliroq uyga boraylik, – deyman.

Otam gaplarimni eshitmagandek xotirjamlik bilan:

– Baribir shu yerlarni aylanib ketishimiz kerak, – deydi.

– Aylanish kerak boʻlsa aylanimiz-da, – deyman sabrsizlik bilan. Mashina birdan tezligini oshiradi. Tagʻin oʻylay ketaman. Otam nega qoʻl siltadi? Nima uchun “odam” boʻlmaydi, – dedi. Kim u “odam” boʻlmaydigan?!! Bilmadim! Bilolmadim!!!

***

– Manavi “znak” ni bilasanmi? – deydi, otam.

– Ha, tezlikni 60 dan oshirmaslik kerak, degani – deyman.

Otam bu yoʻl belgisining qayerlarga, nima maqsadda qoʻyilishini soʻraydi, yelka qisaman. U kishi maktab oʻqituvchisi kabi yoʻl belgilari haqida hijjalab tushuntirish beradi. Shunday… otam har doim keta-ketguncha yoʻl qoidalarini, oʻtayotgan manzillarimiz haqida bilganlarini aytib beradi. Qaysidir qishloq yoki shahar haqida gap ketganda, oʻsha yerning odamlari bilan bogʻliq voqealar ham eslanadi. Baʼzan otam bir voqeani aytib berib soʻng: “Shuni yozish kerak”, – deydi. Otam zavqlanib aytib bergan voqeasini, qarichim bilan oʻlchab koʻrib, yozsa boʻladi yoki boʻlmaydiga chiqaraman. Otam esa:

– Hayotni yozish kerak, boshqasi bekor! – deydi, soʻng hammadan yashirib, sheʼr yozib yuradigan daftarimni yana topib olganlarini maʼlum qilganday: – Kecha yozgan sheʼringni koʻrdim. Boʻlmaydi!.. Sevgi haqida sheʼr yozmasang shoir boʻlolmaysan, – deydi.

Bu gapdan yuzim duv qizaradi. Yon oynadan tashqariga tikilaman. Oʻzimni nimanidir oʻylab ketayotgandek tutaman va otamni adabiyotni tushunmaslikda ayblayman. Shu oʻylar bilan yillar davomida “sheʼr”larimni qoʻltiqqa qisib, qancha eshiklarni taqilatmadim deysiz?! Ammo otamning gapi, gap – BOʻLMAYDI!

Darvoqe, u kishining yonida mashina boshqarsam yoʻl qoidalariga imkon qadar rioya qilaman. Yolgʻiz ketayotganimda esa… shitob bilan yelib borayotgan avtoning gaz tepkisiga zoʻr bergancha, suvi jimirlab koʻrinayotgan daryoga birov qarab olaman. Shu tobda osmondan tushgandek YPX xodimi yoʻlni toʻsadi. Tezlikni 60 dan oshirmaslik kerak boʻlgan belgidan besh yuz metr oʻtib-oʻtmay, mashina qatiq bosilgan tormozdan keskin toʻxtaydi. YPX xodimi bilan murosa qilaolmay jarima qogʻozini olib yoʻlda davom etaman. Ha, oʻsha toʻlovdan soʻng yoʻl qoidalarini oʻzlashtirib olibgina qolmay ularga qatiq rioya qilaman. Otam esa umr boʻyi erinmasdan hayot “qoida”larini oʻrgatib kelmoqda. Men… jarimasidan, Oʻzi saqlasin!!!

***

Tonggi soat beshda telefonning ovozidan choʻchib uygʻondim. Ona koʻkragiga endigina yetgan goʻdakday bir qoʻlim bilan tunning yoqasidan mahkam tutib, istar-istamas telefonga qaradim. Ekranda raqam oʻrniga “Otam” degan yozuv chiqib turardi. Yashil tugmani bosishim bilan:

– Tinchlikmi? – dedim entikib.

Savolimga javob olmasimdan:

– Oʻzing yaxshimi? – degan soʻz eshitildi.

– Yaxshi, nima gap! – dedim asabiy holda bemahal boʻlgan qoʻngʻiroqdan negadir choʻchib.

Otam oʻshanday bosiq ovozda:

– He, baraka topgur, “mantyor”lar ertalabdan “svet”ni yoqib yubordi, uygʻonib ketdim. (Odatda chiroq kechki 10,11 lardan soʻng oʻchib, ertalab 6 larda yonadi. Shu bois, xona chirogʻini oʻchirmasdan yotadilar.) Nima qilarimni bilmay senga telefon qildim-da, – dedi.

– Bunday bemahalda telefon qilmang-da, qoʻrqitib yubordingiz, – dedim oshkora ranjib.

Gunoh ish ustida qoʻlga tushgan bolaning ovoziday:

– Zerikdim-da, – degan gapdan soʻng aloqa uzilib qoldi.

Menda “chiqish” yoʻq edi. Otam ham qaytib telefon qilmadi, keyin bildim telefonning quvvati tugagani uchun aloqa uzilgan ekan… Uxlolmadim.

Kun davomida bildimki, otam tush koʻrib uygʻonib ketgani bois gaplashgisi kelibdi. Malomatlarim sabab: “Sogʻindim-da”, degan soʻzning oʻrniga: “Zerikdim-da” soʻzi aytilganini keyin angladim va shifoxonada ahvoli ogʻir boʻlgan oʻgʻlining yuziga tik boqolmay, gʻamning zoʻridan qum toʻlgan quduq singari qurib qolgan koʻzlarini undan olib qochayotgan odamni koʻrib, OTAlarning qanday inson boʻlishini tushinib yetdim.

Oʻshanda shifokorlar deyarli hech narsa aytmas, bemorning yoniga ham hammani kiritavermasdi. Olis viloyatdan oʻgʻlini yolgʻiz oʻzi shifoxonaga olib kelgan ota esa oq xalat kiygan har bir insonga Xizrga qaragandek, umidvor nigoh ila tikilar, bir qarashda beadoqdek koʻrinadigan yoʻlakcha boʻylab tinimsiz u yoqdan, bu yoqqa borib kelardi. Goho bizning yonimizda toʻxtab oʻgʻli bilan bogʻliq voqealarni yodlab kular, soʻng birdan oh, tortib yuborardi. Shunday chogʻlarda u kishining yuragida oqayotgan koʻz yoshlari chakillab tomchilab turgani eshitilandek boʻlardi.

Bir vaqt qarasak oʻgʻlini koʻrish uchun ketgan ota quvonib deyarli yugurib kelayapti. Shu qadar shodlangan ediki, hatto xastaligiga hech bir chora topilmayotgan oʻgʻli tugʻilganida ham bu qadar shodlanmagan boʻlsa kerak. U kishini qarshilab nima gapligini soʻradik. Quvonchdan namlangan koʻzlari yaltirab, shoshgancha:

– Doktorlar, doktorlar osh, deyabdi. Abed yemagan ekan, – dedi va bizning ajablanib qarab turganimizga izoh bergandek. – Nimadir soʻrayaptimi demak umid bor-da. Yaxshi gap boʻlmasa, ular ham shuni olib keling, buni olib bering, deb yurak yutib aytolmaydi-ku! – dedi.

Ha, shifokorlarning: “osh olib keling”, degan gapidan quvongan ota oʻgʻlining ahvolini ham soʻramasdan yonimizga chopib kelgandi. Buning nima ekanini anglab ichimda dahshatli bir qichqiriq uygʻondi va davosiz xastalik bilan olamdan oʻtgan ukam, uni yillar davomida shifoxonama-shifoxona olib yurgan ota-onam koʻz oldimda nomoyon boʻldi, tagʻin oʻsha oltin rang maysalaru jarlik yonidagi poliz ekilgan dalani hotirladim.

Dalaning bir tomoni ulanib ketgan tepalikda chayla, uning yonida yer oʻchoq, qumgʻon va kattakon suv idish turardi. Rangi uniqqan gilam, bir chetga taxlab qoʻyilagan koʻrpa-toʻshak xuddi otam kabi tongda, huv baland qirdan mening ertaroq koʻrinish berishimni, kechqurunlari tunni mana shu yerda tiniq osmondagi charogʻon yulduzlarga tikilib ulardan ertak tinglab uxlashimni istardi. Men esa qishloqdan bir yarim, ikki kilometr uzoqlikdagi dalada otamni yolgʻiz qoldirgancha uch, toʻrt kilometr naridagi ovulga – amakimning uyiga tunash uchun ketardim. Kechqurun yoʻlga otlanar ekanman, otam meni olib qolishga koʻp bora urinar, men esa amakimning oʻgʻillari bilan boʻladigan yarim soatlik oʻyinni oʻylab, ertalab tong yorishmasdanoq yetib kelishga vaʼda berib, uch kilometrdan koʻproq yoʻlni piyoda bosib oʻtardim. Oʻshanda gilamning soʻniq rangidek koʻzlari bilan ortimdan tikilib qolagan otam, olis shaharda onam bilan shifoxonada yotgan ukamdan meni kam sogʻinmaganini endi-endi anglab yetayapman. Otamning bundayin sogʻinchi va ichikishi, tonggi suhbatlarda yaqqol koʻzga tashlanar edi.

– Ertalab choy qaynatib berishing kerak, quyosh chiqmasdan shu yerda boʻl, – boʻlmasa bormaysan, – derdi padarim yoʻlga otlanishim bilan. Men esa albatta vaqtida yetib kelishga vaʼda bersamda, tongda otamga salom berganimda allaqachon qumgʻonda choy biqirlab qaynab turargan boʻlar edi. Otam ketayotganimda qarab qolganicha qimirlamay, tongda ham oʻsha alfozda yoʻlimga koʻz tikib oʻtirardi. Men kechikkanim bois dakki eshitishimdan qoʻrqib qanchalik shoshib kelsam, otam oʻshanday bosiqlik bilan:

– Bugun ham kech qolding, – der, soʻng men yoʻgʻimda boʻlib oʻtgan voqealarni birma-bir hikoya qila boshlardi. Bu voqealar sigirning koʻrsatgan “hunari” yoki umuman boshqa bir narsalar boʻlardi. Bir safar otam odatdagidek,

– E, otaboy, kecha qolmadingiz-da, – deb itning echkiemarni oʻldirganini hikoya qilib, soʻng, – hozir ham jarning oldida uning oʻligi yotgan boʻlsa kerak, – dedi. Chopib borib qaradim rostdan ham bir metrcha keladigan echkiemar jar labida jonsiz yotardi. Men otamdan voqeaning tafsilotlarini ikir-chikirigacha surishtira boshladim. Shunda otam:

– Bu kecha qolsang, echkiemarning sherigi keladi. Shunda oʻzing koʻrasan qanday boʻlishini, – dedi.

Qolishga vaʼda berdim. Oʻsha kuni negadir otam menga deyarli ish byurmadi. Kunni bilganimcha oʻyinqaroqlik bilan oʻtkazdim. Kechga yaqinlashgach esa… eh, bolalik, bolalik! Oʻyin uchun necha chaqrim yoʻl bosib otangning koʻngli tomon bir qadam tashlolmagan gʻoʻr yoshlik! Bilasanmi, bugun otamning oʻsha sogʻinch toʻla koʻzlarini naqadar koʻrgim keladi. Oʻshanday yaqindan, otam menga qanday talpingan boʻlsa shunday tashnalik bilan. Ana shunday chogʻlarda otamning yonginasida oʻtirib, u kishini sogʻnib ketaman va boʻynidan mahkam quchgim, erkaliklar qilgim keladi. Ammo… bunga baʼzan xali aytganimdek, xoda yutgan boʻyin yoʻl qoʻymaydi. Bir tomonda esa u kishini allaqachon erkatoy nabirasi “xususiylashtirib” olgan.

Shunday chogʻlarda, hayotning qoidalarini “buzib” yashayotgan, eng qadrdon tuygʻularni his qilmasdan oʻzicha bilagʻonlik qilayotgan, musht boʻlib tugilib qolgan qarichi bilan oʻlchagan oʻlchamlarini mahkam tutib olgancha “odam”likni eplolmayotgan mendek farzandga, otam hamon oʻsha chayla yonida qumgʻon tagiga oʻtin tashlagancha gilam rangidek soʻniq koʻzlari bilan yoʻlga tikilib, tong yorishmasdan yetib kelaman, deb vaʼda bergan oʻn besh yoshli oʻgʻlini kutib oʻtirgandek tuyuladi.

***

Ajriq ustida tutni soyalab anhorni toʻldirib oqayotgan suvga kichik toshlarni bir-bir tashlab oʻtirar ekanman: “Ha, xayolparast, nima qilib oʻtribsan, – degan gapdan ilkis boshimni koʻtarib, narigi qirgʻoqqa qarayman. U tomonda qoʻllarini beliga qoʻygancha tikilib turgan otam soʻzida davom etib:

– Tur joyingdan… uyga. Tez-tez eshitdingmi, – deydi.

Men qoʻllarimni ikki yonga keng yoygancha koʻprik vazifasini oʻtaydigan gaz quvuri ustida oyogʻimni sudrab yura boshlayman, ammo uning yarmiga bormasimdan, muvozanatimni yoʻqotib oʻtirib qoldim. Shunda narigi tomondan “Eh”, degan ovozi eshitildi. Yiqilsam, otam tutib qoladiganday qoʻllarini oldinga choʻzib, oyoqlarini yoyinqirab turardi. Oftobda qizib ketgan quvurni ushlab qoʻlim kuyganidan achiqlanib, sirpanib ortimga qaytdim.

– Shunday shimshib bu yoqqa oʻtib kel!

– Buningiz boʻlmaydi, – deyman, tagʻin asabiylashib, – Ariqning tugagan joyidan aylanib kelaman.

– Bu tugaydigan ariq emas, bolam! Ne qilsang ham shu yerdan oʻt!

Tagʻin otamning qaytarishlariga qaramasdan anhor boʻylab yugurib ketdim, sal oʻtmay kattagina toshga qoqilib yiqildim va epchillik bilan oʻrnimdan turib, otamning chaqirigʻiga javoban: “Aylanib kelaman, aylanib!” – dedim qatʼiyat bilan, soʻng qonayotgan oyogʻimga eʼtibor qilmay, yoʻrgʻalay ketdim. Otam esa allanechuk qoʻrquv va iztirob toʻla koʻzlari bilan ortimdan tikilib qoldi.

 

Boboravshan GʻOZIDDINOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.