Tarix tilsimi: Trotskiy va Stalin jangi

0
106
marta koʻrilgan.

Dohiy vafotidan soʻng rahbariyat tepasida turgan L. Trotskiy va I. Stalin oʻrtasidagi kurash nafaqat ikki shaxsning, balki ikki mafkuraning, davlat va partiya qurilishi toʻgʻrisida ikki dunyoqarashning toʻqnashuvi boʻldi. Bu kurashda Stalin gʻolib keldi va dunyodagi eng katta imperiyalardan birining taqdiri gorilik etikdoʻzning bolasi boʻlgan shu odam bilan bogʻlandi…

1927 yilda Trotskiy boshchiligidagi soʻl muxolifat toʻlasicha yakson qilindi. Lev Davidovich oʻz raqibi tomonidan chet elga badargʻa qilindi. 30-yillarning oʻrtalari u Iosif Stalin siyosiy tarjimai holi ustida ish boshladi. Oxir oqibatda shu ishi uning qismatini belgiladi. Trotskiy stalinizm hodisasining ildizlari toʻgʻrisida bosh qotirdi, Rossiyada vujudga kelgan yangi “bonapartizm” sabablarini qidirdi. Ikkita revolyusiyani amalga oshirgan ishchilar sinfiga ega, shuncha ziyolilari, oʻqimishli va savodli odamlari bor mamlakatga istibdodning qanday qilib bu qadar keng va chuqur ildiz otganligini oʻrgandi.

Boʻlajak kitob, shubhasizki, Stalin qurayotgan tizimga jiddiy zarar yetkazishi aniq edi. Va shunda kitob qahramoni Meksikada yashayotgan muallifni yoʻq qilishga buyruq beradi. 1940 yil 21 avgustda Trotskiy oʻz ish kabinetida oʻldirildi. Lekin bu paytga kelib, rejalashtirilgan ikki kitobdan bittasi yozib tugatilgan edi. Qoʻlyozmalar yonmaydi, degan edi M. Bulgakov. Bu ziyrak fikrni “tarixiy haqiqatni yashirib boʻlmaydi”, deb kengroq maʼnoda tushinamiz, albatta.

Har nechuk, tugallanmagan boʻlsada, bu asar xulosalari, undagi siyosiy tahlil parchalangan Imperiya vujudida yashagan qabohat, yolgʻon va aldov, millatlar taqdiriga befarqlik, insonni chiroyli atama berilgan tizimning quliga aylantirish kabi illatlardan ogoh etadi.

L. Trotskiyning “Stalin” deb nomlangan kitobidan parcha eʼlon qilar ekanmiz, ushbu qaydlar nafaqat tarixchilar va siyosatshunoslar uchun, balki kengroq jamoatchilik vakillari uchun ham foydadan xoli boʻlmas, degan umiddamiz.

“Muayyan doiralarda mening Stalinga nisbatan nafratim toʻgʻrisida koʻp gapirib yozishadi. Bu mish-mishlar ogʻir oʻylarga va qismatim toʻgʻrisida mashʼum xayollarga toldiradi. Men faqat yelka qisib qoʻyishim mumkin, xolos. Bizlarning yoʻllarimiz bir biridan shuncha uzoqlashdiki va bunga shuncha koʻp vaqt boʻldiki, unga nisbatan mening hissiyotlarim Gitlerga yoki yaponiyalik Mikadoga nisbatan boʻlgan hissiyotlarimdan deyarli farq qilmaydi. Shaxsiy munosabatlarimda nimaiki boʻlgan boʻlsa, hammasi allaqachon oʻchib-soʻndi. Men ilgari uni kuzatib turgan joyim endi byurokratiya ekraniga bahaybat soyasini tashlab turgan bu odamning haqiqiy qad-qomatini koʻrishga imkon bermasdi. Shu boisdan oʻz ongimda men Stalinni hech qachon unga boʻlgan nafrat darajasigacha koʻtargan emasman, deb aytishga haqliman.

– Isroil podshosi boʻlishidan avval Dovud (paygʻambar) oʻsmirligida qoʻy boqqan edi. Bu holat undagi xudodod boy ruhiy iqtidorni soʻndirmadi. U arfada sehrli kuylar chalgani uchun Saul saroyiga taklif qilindi va musiqa bilan shoh koʻnglini xushnud etdi. Dovud keyinchalik paygʻambar darajasigacha oʻsib ulgʻaydi. Garchand yarim koʻchmanchi bani isroil farzandlarining deyarli hammasi choʻponlik qilganligini, oʻsha paytlarda odamlarni boshqarish sanʼati podalarni boshqarish sanʼatidan koʻpam farq qilmaganligini eʼtiborga olsak, bu favqulodda “koʻtarilish”ga hayron qolmaymiz.

Shoh Dovud davrlaridan buyon oʻtgan asrlar davomida nafaqat qadim Rumda, balki yangi Fransiyada ham eng yuksak hokimiyat sari hayratlanarli yuksalishlarni koʻrishimiz mumkin. Aksariyat hollarda bu yuksalishlar harbiy sarkardalar nomi bilan bogʻliqdir. Ular janggohlarda qurollangan odamlarga qanday mohirlik bilan rahnamolik qilgan boʻlsalar, keyinchalik xuddi shunday ustalik bilan qurolsiz kishilar ustidan ham hukmfarmonlik qildilar. Bu gap Yuliy Sezarga ham, Napoleonga ham tegishlidir. Lekin XIX asr oxiriga kelib mustabidlar tizimi barham topdi.

– Jahon urushigacha (1914 yilga qadar-tahririyat) demokratiya barcha joyda, har qalay Yevropada, Shimoliy Amerikada va Avstraliyada mustahkam oʻrnatilgan edi. Vakolatchilikning konstitutsion mexanikasi ilgʻor insoniyat uchun yagona maqbul boshqaruv tizimi boʻlib tuyulgandi. Bashariyat rivojlanib, koʻpayib borar ekan, demokratiyaning istiqboli ham porloq boʻb koʻrinardi. Koʻplar hozir ham XIX asrda yashamoqdalar. Aslida esa demokratiyalar diktaturaga olib keldi.

– Rossiyadagi voqealar bu tarixiy-dunyoqarashga birinchi zarbani berdi. Chorizm oʻrnini sakkiz oylik tanaffusdan soʻng bolsheviklar diktaturasi egalladi. Italiya va Germaniyada – vakilchilik tizimining koʻp yillik maktabidan oʻtgan mamlakatlarda bolaligida Dovud kabi kamtarona ish qilib yurgan, hech kimga notanish kimsalar hokimiyat tepasiga kelishdi. Ular biror harbiy zafarlarni quchmagan, ularning qonida biror buyuk inson qoni yoʻq edi. Rimga asos solgan aka-ukalar emgan ona boʻri Mussolinining katta buvisi emasdi. Svastika esa Gitlerning oilaviy gerbida yoʻq edi. U bu belgini misrliklardan va hindulardan oʻgʻirlab oldi.

Mussolini va Gitler oʻz kurashlarini demokratiya sharoitlarida boshlashdi. Ular teng huquq asosida oʻz raqiblari bilan bahslashishdi. Ammo Stalinning yuksalishi tarixida shunga oʻxshash biror narsa boʻlmagan.

Gitler mudom oʻzining daholigi haqida gapiradi. Stalin esa bu toʻgʻrisida boshqalarni gapirishga majbur etadi. Lekin Stalin Gitler va Mussolini singari oʻz axloqiy tabiatiga koʻra sharmu hayosiz, yolgʻonchi va odamlarni sevmaydigan shaxsdir. Ular odam bolasining faqat tuban hislatlarinigina koʻradilar. Bu-ularning realizmidir.

 – Shaxsiy adovat Gitler va Mussolinining yuksalishida juda katta rol oʻynagandi. Stalin ham xuddi shunday. Oʻspirinlik chogʻida oʻqishni eplolmagani uchun diniy seminariyadan haydalgan Stalin qisqa vaqt Tiflis observatoriyasida buxgalter boʻlib ishladi. Kirim-chiqim kitobini u qanday yuritganligi nomaʼlum. Lekin buxalterona “hisob-kitob”ni u siyosatga, odamlar bilan munosabatlarga olib kirdi. Uning shuhratparastligi uning nafrati kabi aniq hisob-kitoblarga asoslangan. Stalin-gʻoyat ehtiyotkor. U oʻz nafratini uzoq vaqt ichida saqlab, choʻkindi qoʻyqumga aylanguncha olib yuradi. Uning qasosi bagʻoyat keng quloch yozib ketadi, chunki u yerda emas, hozirgacha mavjud boʻlgan apparatlardan eng kattasining tepasida turadi. Apparatga mudom sodiq boʻlganligi uchun Stalin uni toʻlasincha oʻz qoʻliga oldi. U partiyaga, davlatga, partiya dasturiga xiyonat qildi, lekin biror kimsaga byurokratiyani chertgani qoʻymadi.

– Rum imperiyasi saroylarining xalq tepasida turgan aʼyonlari oliy hakam hisoblangan Qaysarga muhtoj boʻlganlari singari, hozirgi Rossiyada ham xalq va Sovetlar tepasiga oʻrnashib olgan byurokratiyaga dohiy kerak edi.

Hammadan hayratlanarlisi shundaki, XX asr bizni koʻp jihatdan Uygʻonish davri uslublariga qaytarmoqda, boz ustiga, shafqatsizlik va aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlar koʻlami bilan undan ham oshib tushdi. Hokimiyat uchun kurash-talash, erishilgan barcha insonparvar anʼanalarni mahf etib, yanchib tashladi. Insoniyat tarixi yuksalib – rivojlanib boradi, degan aqidaga ishonib yurgan odamlar uchun stalinizm hodisasi tushunarsiz va hayratlanarlidir…

1938 yil 31 martda men Millatlar Ligasi kotibiyatiga xat bilan murojaat qilib, Yevropaning bir qator mamlakatlarida yuz bergan aksariyat siyosiy qotilliklar bevosita Stalinga boʻysunuvchi Bosh siyosat boshqarma (GPU) tomonidan amalga oshirilganligini aytdim. “Hujjatlar, guvohlar koʻrsatmalari hamda rad etib boʻlmaydigan siyosiy asoslarga tayanib, men jahon jamoatchiligi allaqachon bilgan narsani – bu jinoyatchilar galasining boshligʻi Butunittifoq kommunistik partiyasi bosh sekretari Stalin ekanligini isbotlashni boʻynimga olaman”, deb yozdim. Xat soʻngida yuqorida tilga olingan Iosif Stalin Millatlar Ligasi tribunaliga chaqirtirilishi lozimligini taʼkidladim. Oʻquvchilardan yashirmayman: mening tashabbusim javobsiz qoldi. Darvoqe, Millatlar Ligasiga qilingan boshqa umidlar ham chippakka aylandi.

– Moskvadagi bir qator sud jarayonlari natijasida Lenin hayotlik paytida Siyosiy byuro tarkibida boʻlgan, yaʼni partiya va davlatning oliy muassasidagi toʻqqiz rahbardan yettitasi (Stalinning oʻzidan va “vaqtida” vafot etgan Lenindan tashqari) xorijiy davlatlarning josuslari boʻlib chiqdi. Qizil armiyaga faqat xoinlar lashkarboshilik qilgan ekan. Trotskiy, Tuxachevskiy, Yegorov, Yakir, Uborevich, Gamarnik, Muralov, admiral Orlov va boshqalar. Yirik sovet diplomatlari: Rakovskiy, Sokolnikov, Krestinskiy, Karaxan, Yurenev, Bogomolov va hokazolar xalq dushmanlaridir. Sanoat, temir yoʻllar va moliya boshida sabotaj tashkilotchilari: Pyatakov, Serebryakov, Lifshits, Grinko va boshqalar turgan. Komintern boshchiligiga esa fashizm agentlari Zinovev, Buxarin va Radek suqulib kirib olishibdi.

Minglab kilometrlar naridagi Trotskiyning buyrugʻiga binoan hukumat boshligʻi Rikov hamda aksariyat xalq komissarlari: Kamenev, Rudzutak, Yakovlev, Rozengolts, Ivanov, Osinskiy va boshqalar chet ellik jossuslarga aylandi.

Sovet respublikalari rahbarlarining barchasi – oʻttizdan ortiq kishi imperializm josuslari ekanligi fosh etildi. Ularning hammasi Sovet hukumati oʻz qoʻllarida boʻlgan paytda shu hukumatga qarshi uyushtirilgan. Va, nihoyat, hukumat dohiylarining hayoti va salomatligini himoya qilish zaxarlovchi fitnachilar qoʻliga topshirilgan. Davlatning oliy hifzu-himoyasi topshirilgan siyosiy politsiya boshligʻi Yagoda barcha jinoyatlar tashkilotchisidir.

Mislsiz fojea aks etgan bu surat ostida suratkash ustasining imzosini – “Iosif Stalin” deb qoʻyish joiz”.

PS. Soʻnggi xabar

GENERALISSIMUS OʻGʻLI

Yaqinda AQSH Mudofaa vazirligi Iosif Stalinning nabirasiga uning otasi Yakov Jugashvilining nemis asirligida vafot qilganligi bilan bogʻliq hujjatlarni topshirdi. Asir-generalissimusning toʻngʻich oʻgʻli edi.

14-tank diviziyasi 14-gaubitsa-artilleriya polkida batareya komandiri boʻlgan Ya. Jugashvili 1941 yil iyulida asirga tushib qolgandi. Nemislar bundan dastlab propaganda maqsadida foydalanishdi, soʻngra Qizil Xoch orqali uni feldmarshal Paulyusga almashtirmoqchi boʻlishdi. Lekin, maʼlumki, Stalin bundan bosh tortgan.

Yakov oʻz joniga qasd qilgan, degan gaplar yurardi. Ammo Pentagon vakili yaqinda topilgan hujjatlarga asoslanib, Yakov Jugashvili qochishga uringanida otilgan ekan, dedi. Bu hujjatlarning asl nusxalari urushdan soʻng darhol Germaniyaga berilgandi. Hozirgacha sir saqlab kelinayotgan bu hujjatlarning koʻchirma nusxalari Vashington milliy arxividan “suv beti”ga chiqib qoldi. Maxfiy toʻplamda, xususan, SS reyxsfyureri Gimmler tomonidan imzolangan Ya. Jugashvili soʻrogʻi protokoli, qoʻriqlovchilarning guvohliklari, ingliz va amerika razvedka mahkamalarining oʻzaro yozishmalari bor.

 

ziyouz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.