Taʼqibu tazyiqlarni yengib…

0
80
marta koʻrilgan.

Moʻminobod qishlogʻining janubi-sharqiy tarafida Chortoqota nomi bilan ataluvchi qadimiy qabriston bor. Unda shu qishloq farzandi – qori Avaz Badal Mahzun Shahrisabziy qoʻnim topgan.

Bir vaqtlar nafaqat qishlogʻida, balki Shahrisabzda va yon-atroflarda moʻtabar zot sifatida uni hamma hurmat qilar, davralaru uylarning toʻrini unga atar edi.

Chorizm qoʻshinlari Shahrisabzni egallab, Buxoro amirligi va uning shimoldagi bekligi Rusiya imperiyasining mustamlakasiga aylanganida Avaz Badal oʻgʻli uch yoshda edi. U ilm-maʼrifatli, din-diyonatli oilada dunyoga keldi. Avval otasidan saboq oldi, keyin qishloqdagi eski maktabga qatnadi. Qurʼoni karimni yod olishga, arab, fors tillarini oʻrganishga kirishdi. Farzandidagi qobiliyat va isteʼdodni payqagan padari buzrukvori uni Buxoroga borib oʻqishini davom ettirishga ragʻbatlantirdi. Madrasa talabaligi davrida ham Avaz mudarrislardan ilm olishga ishtiyoqi balandligi, darslarni yaxshi oʻzlashtirib, tengdoshlari oʻrtasida oʻrnak boʻlganligi uchun faqat maqtov eshitdi. Shuning uchun oʻqishni yakunlagach, madrasa mudiri uni shu bilim dargohida qoldirdi. 8 yil davomida Avaz madrasada mudarrislik qildi, amirlik mirzaxonasida ishladi. Padari buzrukvorining qistovi bilan ona qishlogʻi Moʻminobodga qaytdi. Oila qurdi, Xadichabibi, Oyshabibi ismli qizlar koʻrdi, yagona oʻgʻil farzandiga Shoymardon deb ism qoʻydi. Avaz Buxorodagi oʻqishi davrida Qurʼoni karimni toʻliq yod olib, Alloh kalomini chiroyli tilovat qilishga erishgani uchun unga “qori” unvoni berilgan edi. Hamqishloqlari uni jomeʼ masjidi imom-xatibi etib saylashdi. Ibodatdan boʻsh paytlarida Avaz oʻziga qarashli yerda dehqonchilik qilar, chorva mollariga qarar, shu bilan bola-chaqasini boqardi. Kunlar shu zaylda oʻtaverdi…

Bir kuni qori Avaz masjidda bomdod namozini oʻqib tugatganidan soʻng uning oldiga namozxon doʻsti keldi:

– Taqsir, eshitdingizmi? Shahrisabzga bolshavoylar hujum qilib, shaharni egallashibdi. Bek janoblari, amaldorlari qamoqqa olinibdi. Meni oʻylantiradigani, yangi hukumat dinga qarshi emish. Boylarni koʻrgani koʻzi yoʻq ekan…

Bu paytda Avaz Badal oʻgʻli 47 yoshda boʻlib, Rusiyada inqilob yuz berib, Oqposhsho taxtdan agʻdarilgani, yoʻqsullar sardori Lenin boshchilik qilgan inqilob toʻlqinlari Toshkentga ham yetib kelganligi, Buxoro amirligi ham omonat turganligi haqida eshitgan edi. Yangi hokimiyat korchalonlari Moʻminobodga ham yetib kelishdi. Ular eng avval boy-badavlat xonadonlarga kirib, ularning butun mol-mulklarini, yerlarini xatdan oʻtkazib, shoʻrolar ixtiyoriga olishdi. Qishloq masjidi yopildi, diniy kitoblar yoqildi, namozxonlar roʻyxatga olindi. Qora roʻyxatning boshiga qori Avaz Badal nomi yozildi. GPU(davlat siyosiy boshqarmasi) xodimlari birinchi boʻlib, uning qoʻliga kishan solishdi. Butun mol-mulki talon-toroj qilindi, Qurʼoni karim, diniy adabiyotlar, qoʻlyozma kitoblarni olib ketishdi. Oilasi tirikchilik manbaidan mosuvo boʻldi. Tergovchilar bir kunda uni toʻrt martalab soʻroqqa tutishdi, savollari bilan aybsiz bir insonni qarmoqqa ilintirib, jazo kamerasiga tiqishga harakat qilishdi. Har qancha urinishmasin, “tuzum uchun xavfli shaxs” ekanligini isbotlay olishmadi. Shuning uchun uni qoʻyib yuborishga majbur boʻlishdi. Avaz Badal uyiga qaytganiga qaramay, koʻnglidagi hadik koʻtarilmagan, endi uni bezovta qilmasliklariga ishonchi yoʻq edi. Shuning uchun oila aʼzolari bilan maslahatlashib, bir oydan soʻng qishloqdan bosh olib chiqib ketdi. Uning qadrdon qishlogʻi, xonadoni, bola-chaqasidan ayriliqdagi hayoti besh yilga choʻzildi. Bu yillarda togʻli Vardon, Bashir, Xoʻjaimkana qishloqlarida yashirinib yurdi. Oʻzining kimligini hech kimga bildirmadi, boshpanasiz, darbadar inson qilib koʻrsatib, odamlarning xizmatini qilib kun kechirdi. Faqat yostiqdoshi, bolalarining ahvoli qandayligini bilolmay, ruhan ezilardi.

Bir kuni Avaz Badal tavakkal qilib, qishlogʻiga qaytdi. Darvozadan ichkariga kirishi bilan uni xotini, qizlari xursandchilik bilan kutib olishdi. Ammo oʻgʻli Shoymardon koʻrinmadi. Xotinidan darhol uning qayerdaligini soʻradi. Xotini koʻziga yosh olib, Shoymardonning taqdirini aytib berdi. GPU xodimlari qori Avaz Badalni yana qamash uchun uyiga kelishganida uni topisha olmaydi. Oila aʼzolarining hammasi soʻroqqa tutiladi. Ayniqsa, Shoymardonni juda qiynashadi. Ammo u churq etmaydi, shuning uchun uni oʻzlari bilan olib ketishadi. Shu-shu Shoymardon uyiga qaytmaydi, uning keyingi taqdiri hozirgacha nomaʼlum.

Qori Avaz Badalning qishloqqa qaytib kelganidan doʻst-ogʻaynilari, pok niyatli insonlar xursand boʻlishdi. Ammo davlatning shu qishloqdagi xufyalari bu haqida darhol GPUga xabar berishdi. Uni 1929 yil aprel oyida yana tutib olib ketishdi. Bu gal qori Avaz Badal Shahrisabzdagi qamoqxonada ikki oy azob chekkanidan soʻng uni Qarshiga joʻnatishdi. Shahardagi Hoji Abdulaziz madrasasi qamoqxonaga aylantirilgan edi. Nohaq qamalganlar shunchalik koʻp ediki, toʻrt talabaga moʻljallangan hujraga 15 dan 20 nafargacha mahbus joylashtirilgan edi. Shunday sharoitda qori Avaz ikki yil umrini oʻtkazdi. Shu muddat mobaynida u bilan oʻtkazilgan savol-javobu soʻroqlar, qizil saltanatning istibdod siyosatini amalga oshiruvchilarga hech qanday natija bermadi. Chunki u aybdor emas, faqat ilm-maʼrifat sohibi, insonlarga islom va iymon nurini taratuvchilardan edi. Moʻminobod qishlogʻining boobroʻ odamlari qori Avaz Badalning begunoh ekanligi haqida yozma guvohlik berishganidan soʻng u hibsdan ozod etildi.

Qori Avaz qishlogʻiga sogʻligʻini yoʻqotgan, abgor bir holatda qaytib keldi. Oila aʼzolari ham otasiz, ham Shoymardonsiz juda qiynalishgan, roʻzgʻor tashvishi turmush oʻrtogʻi zimmasida qolgan edi. U bir muddat oyoqqa turib, salomatligini mustahkamlaganidan soʻng keksayib qolganiga qaramay, ham yeng shimarib ishga kirishdi, kolxozga aʼzo boʻldi, oilasiga qarashli bir parcha yerda dehqonchilik qildi, toʻkilib qolgan roʻzgʻorini tikladi. Kunduzlari tinmay ishlab, qanchalik charchamasin, yostiqqa bosh qoʻyganida birdan uyquga keta olmas, qamoqda yotgan yillari, chekkan azoblari, gʻaddor tuzum tufayli xazon boʻlgan hayoti koʻz oldida gavdalanar edi. Ana shular qoʻliga qalam olishga undadi. Qori Avaz yoshligida Alisher Navoiy, Lutfiy, Ahmad Yassaviy, shoh Mashrabni koʻp oʻqirdi, ularning gʻazallaridan yod olgan edi. Shuning uchun Alloh unga yana bir iqtidor – sheʼr yozishni ham nasib etdi. Shoʻrolar tomonidan qama-qama boshlanguniga qadar Avaz Badal sheʼr mashq qilib, bir daftarni toʻldirishga ulgurgan edi. Boshqa joylarda taʼqibdan qochib yurganida ham buni kanda qilmadi. Yozganlarining hammasi asosan irfoniy sheʼrlar boʻlib, ularda irfoniy ruh, ilohiy mazmun mujassamlangan edi. Qamoqxonalarda mahbus, agar u sheʼriyat maftuni boʻlsa-da, qoʻliga qalam olib, oq qogʻozga ilhom mahsulini bitolmasdi. Chunki qamoqxona nazoratchilari bunga aslo ruxsat berishmasdi. Shoir koʻngliga kelgan fikrlarni daftarga emas, xotirasiga joylar, vaqti-vaqtida ularni takrorlab turardi. Shu tariqa daftarga yozilmagan ancha sheʼr-gʻazallari xotirasiga bitildi. Mahbuslikdan qutulgan Avaz Badal ularni keyinchalik qogʻozga tushirdi. Yangi sheʼru gʻazallar yozdi. Niyati kelgusida ularni bir qalin daftar – toʻplamga jamlash edi. “Mahzun” – qori Avazning adabiy taxallusi boʻlib, “Shahrisabziy” degan ilova uning shu yurtga mansubligi belgisi edi. Mahzun Shahrisabziy ijodi boshqa shoirlar ijodidan shunisi bilan farq qiladiki, ijodkorning nazmiyoti qatagʻon davrining mahsuli boʻlib, ularda mustabid tuzum manzaralari, qamoq azoblari oʻzining badiiy ifodasini topgan. Shoir mustabid tuzumning oʻzini zindonband qilib, bor-budidan ayirganini, haq-huquqini poymol qilganini shunday tasvirlaydi:

 

Mango bor edi sahroda zaminu mulku hayotiu bogʻ,

Qilib kishti ziroat, roʻzgʻor ahlim boʻlibon chogʻ,

Ekib sholi, bugʻdoyu falak, kunjud boʻlurdi yogʻ,

Ki xolo ketti qoʻldan, xas bosib boʻldi maqomi zogʻ,

Zamone boʻldikim, bogʻi jinonimdin ayirdilar.

 

Shoʻro zamonida ilm ahli xor-zor edi. Bundan noroziligini shoir quyidagi misralarda ifodalaydi:

 

Xor oʻldi jahonda ahli abror,

Masnad sharafida jumla ashror…

Olim kishi kulfati zamondin,

Ruxsorasi gulgun oʻldi qondin…

 

Mahzun Shahrisabziy bu xoʻrlik va haqoratlardan qutqaruvchi zot yagona Alloh ekanini taʼkidlab:

 

Yo ilohi, biz gʻariblarni oʻzung shod aylagil,

Gʻam oʻtidin jumla moʻminlarni ozod aylagil,

Bahri gʻamda boʻlgʻonlarni bir yod aylagil,

Bandi zindon ichra qolgʻonlarni ozod aylagil,

 

deya barcha mahbuslarga ozodlik tilaydi.

Zullisonaynlik qori Avaz Badalga ham xos boʻlib, u oʻzbek va fors-tojik tilida ijod qilardi. Moʻminobodlik zukko, maʼrifatparvar inson Akobirxon Joniyev davrayu gurunglarda qori Avaz Badalning shoir ham boʻlganligi, undan koʻplab sheʼriy meros qolganligini izlab-surishtirib, ular shoirning qizi Xadichabibining farzandi Sharofat Ovlaqulova qoʻlida ekanliginini aniqladi. Shoirning nevarasi hamqishlogʻining xayrli ezgu niyatini eshitib, unga bobosidan qolgan yodgorlik – sheʼriy bisotini topshirdi. Akobirxon Joniyev saʼy-harakatlari bilan qoʻlyozma “Shoir Mahzun Shahrisabziy” nomli ilmiy-adabiy risola shaklida bosmadan chiqarildi.

Akobirxon Joniyev shoir nomini abadiylashtirish borasida yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. Uning tashabbusi tufayli qishloqdagi jomeʼ masjidi “Qori Avaz Badal jomeʼ masjidi” deb ataldi. Shuningdek, qatagʻon davrida qamalib, shoʻro qamoqxonasida vafot etgan shu qishloqlik mulla Shoymardonqul nomi Moʻminoboddagi yana bir jomeʼ masjidiga berildi.

Qori Avaz Badal sabr-bardoshli boʻlganidan qizil saltanat qamoq mashinasi oldida oʻzini magʻrur tutdi, qiynoqlar uning metin irodasini sindirolmadi, ruhan buka olmadi. Barchasidan xalos boʻlgan alloma va shoir yana uzoq yillar yashab, 1946 yilda vafot etdi. U bir sheʼrida:

 

Mani mavzeim erur Moʻminobod,

Qiling men gʻaribni duo birla yod,

 

deb yozgan edi.

 

Moʻmin AZIZOV,

jurnalist

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.