Tabarruk ziyoratgoh

0
245
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz tarixiy qadamjolari koʻpligi jihatidan dunyodagi yetakchi oʻnta mamlakat qatoridan oʻrin olgani bejiz emas. Respublikamizda toʻrt mingdan ortiq tarixiy va madaniy yodgorliklar mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YUNYeSKOning jahon merosi durdonalari roʻyxatiga kiritilgan. Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham sayyohlarning qiziqishi va talablariga javob beradigan shart-sharoitlar yaratilgan va oʻz navbatida turistik yoʻnalishlar tobora kengayib bormoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Qashqadaryoga tashrifi chogʻida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdilar. Qashqadaryo viloyatida 2018–2019 yillarda turizm infratuzilmasi obʼyektlarini barpo etish rejasiga koʻra 167 ta loyiha amalga oshiriladi. Ularda tarixiy-madaniy obidalarni taʼmirlash, tarmoqni axborot texnologiyalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbari sayyohlar uchun mehmonxonalar, dam olish va koʻngilochar hududlar tashkil etish, turistlarga milliy madaniyatimizni keng namoyish qilish zarurligini taʼkidladilar. Yurtboshimizga Qashqadaryo viloyatida ichimlik suv taʼminotini yaxshilash, Toshguzar-Shahrisabz-Kitob temir yoʻlini modernizatsiya qilish va elektrlashtirish ishlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Prezidentimiz joriy yil 1 avgustgacha “Afrosiyob” poyezdi qatnovini Shahrisabzgacha yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berdilar.

Qashqadaryo oʻzining nafaqat meʼmoriy yodgorliklari, balki zamonaviy arxitektura inshootlari, takrorlanmas goʻzal tabiati, uzoq oʻtmishga ega boy madaniy merosi bilan sayyohlar eʼtiborini tortmoqda.

Viloyatda jami 894 ta madaniy meros obʼyekti mavjud. Ularning 638 tasi arxeologiya, 181 tasi arxitektura, 75 tasi haykaltaroshlik yodgorliklari, 37 tasi ziyoratgohdir. Istiqlol sharofati bilan qadimiy yodgorliklarni rekonstruksiya qilishga, ularni avlodlarga oʻz holicha yetkazishga eʼtibor kuchaytirildi.

Turizm dunyo miqyosida eng daromadli sohalardan biri sanaladi. Bugungi kunda turizm ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga omil boʻlmoqda. Jahondagi har 11ta ish oʻrnidan bittasi turizm sohasiga toʻgʻri kelishi aytiladi. Sayyohlikning iqtisodiyotdagi hissasi tufayli bir qator mamlakatlarning taraqqiyoti ancha oldinga oʻtib ketdi.

Qashqadaryo viloyatida ham turizmdan keladigan daromadni koʻpaytirish sohasida keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan yirik shaharlar – Qarshi va Shahrisabzda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Qadimgi sivilizatsiya beshiklaridan biri boʻlgan, buyuk jahongir Amir Temur va boshqa koʻplab tarixiy shaxslar dunyoga kelgan Shahrisabz markazi tubdan yangilandi, koʻpgina obʼyektlar qayta qurilib, taʼmirlandi.

Bu yerdagi tarixiy yodgorliklar qaytadan jilolanmoqda. Shahar markazidagi xiyobonlar va koʻchalar chiroy ochmoqda. Qadimiy va hamisha navqiron Nasafdagi masjidu madrasalar, ziyoratgohlar obodonlashtirilib, koʻchalar zamonaviy tus oldi.

Shahrisabz, Kitob, Yakkabogʻ, Dehqonobod tumanlaridagi ajoyib sharsharalar, yashil vodiylar, Nishon, Mirishkor va Muborakdagi obod boʻlayotgan choʻlu biyobonlar, qum barxanlari, saksovulzorlar, ajdodlarimizning buyuk va betakror madaniyati haqida soʻzlovchi ziyoratgohlar, sardobalar xorijliklarni maftun etadi.

Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bogʻliq tarixiy joylar, aziz-avliyolar mangu sokin topgan tabarruk ziyoratgohlar uzoq-yaqindan keluvchi ziyoratchilar bilan doimo gavjum boʻladi. Yakkabogʻ tumanidagi Darxon qishlogʻi ana shunday tarixiy manzillardan biridir.

Darxon nomli joylar, shu nomdagi ariqlar respublikamizda va, umuman, Osiyo mintaqasida koʻp uchraydi. Moʻgʻulistonda Darxon shahri bor. Ammo Darxonlarning ichida eng mashhuri mana shu qishloq boʻlsa ajab emas. Keksalarimiz bu tabarruk qishloqda Temurbekning bolalik yillari kechganini rivoyat qilishadi. Tarixiy manbalarda bu haqda ayrim qaydlar uchraydi. Sohibqironga oqil maslahatlar bergan dono Turgʻil (Darxon) momo ushbu manzilda yashagan.

Amir Temur oʻz jangovar faoliyatining dastlabki davrida ushbu qishloqqa koʻp marta tashrif buyurgan.

Temurbek navkar toʻplash va hokimiyatni qoʻlga kiritish istagida yurt kezib yurib, bir kuni shu qishloqdagi (u paytda qishloq, balki, Darxon deb atalmagan) Turgʻil momoning hovlisiga tushadi. Momo uni shavla (boshqa rivoyatga koʻra, atala) bilan siylaydi. Ochiqib, shoshib shavla yeyayotgan Temurbekning ogʻzi kuyadi. Buni kuzatib turgan momo: “Oʻgʻlim, sen ham Temurbek kabi shoshqaloq koʻrinasan”, – deydi. Momo bu mehmon Temurbekning oʻzi ekanini bilmas edi. Shunda mehmon sergaklanib: “Momo, Temur qanday shoshqaloqlik qilgandi?” – deb soʻraydi. “Temur Qarshi qalʼasini olaman, deb toʻppa-toʻgʻri shaharga hujum qildi. Oqibatda, ogʻzi kuyib, chekindi. Avval asta-sekin, tevarak-atrofdagi qishloqlarni egallasa, ishi oson koʻchar edi”, – deydi momo.

Amir Temur bu oʻgitga amal qilib, Qarshi qalʼasini qoʻlga kiritadi. Keyinchalik mamlakat taxtiga oʻtirgach, Turgʻil momo huzuriga kelib: “Tilang tilagingizni!”, – deydi. Momo: “Menga mol-dunyoning keragi yoʻq! Ariq qazdirib, ulusga Qizildaryodan suv chiqarib bersalar”, deydi. Shundan soʻng Amir Temurning buyrugʻi bilan Darxon arigʻi qazilib, Qizildaryodan suv keltirilgan.

Darxon atamasi moʻgʻulcha “tarxon” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “ozod etilgan” maʼnosini anglatadi. Qadimda ayrim kishilarga el-yurt va davlat oldidagi alohida, katta xizmatlari uchun tarxonlik yorligʻi berilgan. Tarxonlar koʻp imtiyozlarga ega boʻlishgan. Toʻqqiztagacha gunohlari kechirilgan. Tarxonlik unvoni bir necha avlodgacha meros boʻlib oʻtgan.

Bu maʼlumotlardan mantiqiy xulosa shuki, yurtimizdagi Darxon nomi bilan ataluvchi qishloq, mahalla va boshqa manzillarda oʻtmishda imtiyozli toifa sanalgan tarxonlar istiqomat qilishgan. Tarxonlar soliqlardan ozod etilgan, yer-suvlar suyurgʻol qilib berilgan, yoki muayyan hududlarning boj-xiroji ularga bagʻishlangan.

Sohibqiron topshirigʻiga koʻra qazilgan Darxonariq asrlar davomida el-yurtga, taʼbir joiz boʻlsa, oqila Turgʻil momoning bugungi avlodlariga ham xizmat qilayotir. Qizildaryodan suv oluvchi ushbu ariq hozir Darxondan tashqari yana 13 ta qishloqni suv bilan taʼminlaydi. Qizildaryodan boshlanib, Kenguzar, Jarqishloq va Beshoʻgʻil qishloqlarining adogʻidan soʻng tarmoqlarga boʻlinib ketadi. Darxon qishlogʻiga keluvchi tarmogʻi “Azlar (Azizlar)ariq” deb ataladi. Bu ariq Makkasaid ota ziyoratgohi yonidan oqib oʻtadi. Makkasaid ota ziyoratgohi Yakkabogʻ tumanidagi ulugʻ qadamjolardan biri.

Makkasaid ota bu yerlarga iymon-eʼtiqod va islom nurini yoyish uchun kelib, shu manzilda makon tutganlar. U kishining asl ismlari Ibn Hosim Xoja Ahmad boʻlib, oddiy xalq “Makkalik sayyid” – Makkasaid ota, deya atagan. Tevarak atrofdagi qishloqlar ahli ul zotga murid tushishgan. Maʼlumotlarga koʻra, ular toʻrt aka-uka boʻlishgan – Ibn Hosim Xoja Ahmad (Makkasaid ota) – Darxonda yashaganlar. Birodarlari Samarqand tomonlarga oʻtib, nashʼu namo topganlar, xalqni islom diniga kiritib, ilmu maʼrifat yoyganlar. Dom Sayyid – Samarqandning Dahbed degan manzilida, Emin Sayyid Samarqandda, Boʻron Sayyid esa Kattaqoʻrgʻonda umr kechirganlari naql qilinadi.

Azlarariqning paydo boʻlishi haqida ham qiziq rivoyat mavjud. Darxon bilan Qizildaryo oʻrtasida baland-baland qirlar bor. Ariq suvi adirlarning qoq oʻrtasidan, chuqur jarlik hosil qilib oqadi. Ayrim joylarda jarlik(“Jarkoʻprik”)ning chuqurligi 100 metrdan oshadi. Oʻtmishda bugungidek qudratli texnikalar boʻlmagan, oddiy ketmon va belkuraklar bilan qir-adirlarni moydek kesib, qanday qilib ariq qazilgan? Rivoyatga koʻra, bu ariq hazrat Makkasaid ota barokotlari tufayli paydo boʻlgan. Ul zot hassasi bilan qir-adirlarni qoq ikkiga boʻlib oʻtuvchi ariq oʻrnini belgilab bergan ekanlar. Avliyo hassasini sudrab oʻtgan joylardan suv oqqan. Azlarariq – Makkasaid otaning karomati tufayli paydo boʻlgan…

Umuman olganda, avliyo zotlarning sharofati bilan turli manzillarga suv kelgani, xosiyatli va shifobaxsh quduq yoki buloq paydo boʻlishi haqida bir-biriga oʻxshash rivoyatlar anchagina topiladi. Masalan, Kitob tumanidagi Xoʻjailmkoni qishlogʻida moʻjizaviy koriz (er osti arigʻi) hozir ham bor. Koʻp asrlardan buyon qishloqni suv bilan taʼminlab kelayotgan mazkur koriz oʻrnini naqshbandiylik tariqatining piri murshidi, hazrat Xoja Imkanagiy hassasi bilan belgilab bergan ekanlar.

Xalq orasida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, saqlanib kelayotgan rivoyatda aytilishicha, Makkasaid ota vafot etmaganlar, ul zotga mangulik ato qilingan. Kunlarning birida Ibn Hosim Xoja Ahmad, yaʼni Makkasaid ota moʻjizaviy ravishda “gʻoyib” boʻlgan ekanlar. Koʻp yillar davomida u kishining daragi topilmagach, shu joyda ramziy qabr va maqbara tiklangan. Oʻtmishda odamlar hazratning ushbu qabrida sirli xosiyat bor, deb hisoblaganlar.

El orasida, Makkasaid ota tirik, faqat u kishi iymoni pokiza, yaxshi insonlargagina koʻrinish beradilar, degan aqida mavjud. Hatto avliyo Azlarariqdan tahoratga suv olib, xonaqohga kirib ketayotganlarini koʻrganlar ham bor, deyishadi.

Sirli ravishda “gʻoyib” boʻlgan, shu boisdan abadiy barhayot, deb hisoblanuvchi zotlar tarixda ancha-muncha topiladi. Masalan, Iso paygʻambar, hazrati Xizr, Samarqandda Shohi Zinda ziyoratgohidagi “tirik shoh” Qusam ibn Abbos singari ulugʻlarga Yaratgan tomonidan mangu hayot ato etilgan, degan rivoyatlar mavjud.

Baland tepalik ustida joylashgan Makkasaid ota xonaqosi uzoqlardan koʻrinib turadi. Yoʻlovchilar tabarruk qadamjo yonida ot-ulovlaridan tushib, piyoda yurib oʻtganlar. Makkasaid ota nomi va xotirasi xalq orasida juda yuksak hurmat-ehtiromda boʻlgan.

Makkasaid ota haqida maʼlumotlar juda kam saqlangan. Ular asosan xalq ichida ogʻizdan-ogʻizga, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan rivoyatlardan iborat. Afsuski, istibdod yillarida juda koʻp bebaho kitoblar ayovsiz yoʻq qilingan. Uyida koʻhna kitob saqlagan odamlar taʼqib etilgan. Darxon qishlogʻi va Makkasaid ota tarixi oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda. Yaxshi kunlarning birida ular haqidagi koʻhna tarix kitoblari topilib qolsa, ne ajab? Sohibqiron Amir Temur davrida Shahrisabz shahri saltanatning maʼnaviy poytaxti maqomida boʻlib, “Qubbat ul ilm val adab”, “Yaʼni ilm va odob qubbasi”, deya ulugʻlangan. Darxon, Muchin, Hazora, Miraki, Xoʻjailmkoni kabi qishloqlar – maʼnaviy poytaxt atrofidagi obod joylar, ilmu ziyoli zotlar yashovchi tabarruk manzillar boʻlgan. Bu koʻhna tuproq sir-sinoatlarga toʻla.

Shahrisabzga butun dunyodan keluvchi sayyoh va ziyoratchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Ulugʻ Sohibqironning yoshlik yillari kechgan, Yakkabogʻ tumanidagi Xoʻjailgʻor, Darxon, Muchin, Qovchin kabi qishloqlar ham borib koʻrilmasa, “moziyga sayohat” mukammal boʻlmaydi. Yaqin vaqtlar ichida koʻhna Darxon ham sayyoh va ziyoratchilar bilan gavjumlashib, dunyoga yuz tutadi.

 

Xayrullaxon SAYYID UBAYDULLAXON HOJI oʻgʻli,

“Makkasaid ota” ziyoratgohi bosh nazoratchisi

 

“Ijod olami”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.