Sohildagi gurung

0
139
marta koʻrilgan.

1958 yili institutni bitirdim-u, «Oʻzbekqishloqmash» zavodiga injener-konstruktor boʻlib ishga joylashdim. Bu zavod degani aksar idoralardagi kabi kechgacha yumshoqqina stulga choʻkvolib, bir yerda qoqilgan qoziqdek «ishlab ketaveradigan» dargoh emas ekan. Sexlardagi taraqa-turuq, gumbira-gum tovushlar bir-biriga qoʻshilib quloqni qomatga keltirar edi. Men ham oʻz kasbimdan mamnun holda ana shu “doshqozon”ga shoʻngʻib ketdim. Atrofga bunday zingil solib qarasam, matbuotbop materiallar gʻij-gʻij.

Dastlab zavoddagi yangiliklar haqida yozsam, «Toshkent haqiqati» gazetasiga bosisharmikan, deya ming andisha bilan kichik-kichik xabarlarni yubora boshlovdim, omadim chopganini qarangki, xabarlarim uzluksiz bosilib turibdi-da!

Har kuni gazetaning yangi sonini intiq kutaman. Gazetada familiyamga koʻzim tushdimi, tamom, boʻy-bastim bir qarich oʻsgandek boʻlaveradi.

Kunlarning birida gazeta tahririyatidan xat kelib qoldi. Shosha-pisha ochib qarasam, sanoat va transort boʻlimi mudiri Ismoil Sulaymonov imzo chekibdi. Unda korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, ratsionalizatorlik takliflari, yangi texnologiyalar va hatto kamchiliklar toʻgʻrisida ham yozish iltimos qilinibdi. Bu maktub ruhimni koʻtarib, yanada koʻproq yozishga ilhomlantirib yubordi. Gohi-gohida vaqt topib, gazeta tahririyatiga qadam ranjida ham qilaman.

Oʻsha yillar «Toshkent haqiqati» gazetasi qoshida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar boʻlimining ikki yillik ishchi-muxbirlar universiteti tashkil qilingan edi. Haftada bir marta boʻladigan mashgʻulotlarga men ham jon deb qatnay boshladim. Darslarda tajribali jurnalistlar, taniqli ijodkorlarning maʼruzalarini ting­lardik. 60-70 nafar tinglovchi qatnayotgan mashgʻulotlar juda qiziqarli, savol-javobga boy, koʻtarinki ruhda oʻtardi. Biz tinglovchilarga maqola, ocherk, hikoya, felyeton qanday yozilishi haqida saboq berishar edi.

Oʻqishga qatnab yurgan kezlarim «Toshkent haqiqati» gazetasi tahririyatiga serqatnov, oʻrta boʻyli, tiyrak, doim labida tabassum, yigirma yoshlar atrofidagi jikkakkina bir yigit men bilan bot-bot salomlashadigan boʻlib qoldi. Oʻzi kichkinagina boʻlsa ham katta adabiyot haqida loʻnda gaplarni aytib, kishini lol qoldiradi deng. Koʻzimga yosh bola boʻlib qoʻringan bu yigitchani tinglab, goh hayratlanaman, goh ensam qotadi. «Yo, tavba! Adabiyot haqida shuncha gapni qayerdan bilarkan», deb yoqamni ushlayman.

Bir gal zavodda ishlaydigan ilgʻor ayol haqida maqola yozib, “Qani, oʻqitib koʻray-chi, nima fikr bildirarkan», deb unga koʻrsatdim. U maqolani sinchiklab oʻqib chiqqach, «Moshkichirini guldor sopol laganga suzib keldi» jumlasini ovoz chiqarib oʻqidi-da, hayotiy chiqibdi deb maqtab qoʻydi. Soʻng qayerini qanday tuzatish, qaysi gʻaliz jumladan voz kechish, umuman, qanday qilib yanada badiiylashtirish haqida gapirib, xuddi katta yozuvchilardek oʻz takliflarini bayon etdi. «Astagʻfirullo!» dedim-u, boshimni qashigancha lom-mim deyolmay qoldim.

Oradan koʻp oʻtmay u meni oʻziga yaqin tutib, «Siz bilan bir suhbat qurib oʻtirgim keldi, yoʻq demang, Jahongir aka», deb Oʻrdadagi «Anhor» kafesiga taklif qildi. «Bu bolada bir gap bor-ov», deb taklifini rad eta olmadim.

Mana, ikkovlon soʻlim, rohatbaxsh qir­gʻoqda oʻtiribmiz. Taomdan soʻng suhbatdoshim papiros tutatdi-da, avval bir chuqur xoʻrsinib olib, soʻng oʻz hayotidan gap boshladi…

Qayerda kim bilan oʻtirganimni ham unutib, uning hayajonli hikoyasini bamisoli nafas olmay tinglardim. Boshiga tushgan ogʻir sevgi iztirobini kichikkina jussasida qanday koʻtarib yurganiga lol qolib, bola faqirga yuragim ezildi. Yigit soʻzini tugatgach, «Siz nima deysiz?», deya savol berdi-da, koʻzlarimga tikildi. Men esa nima deyishimni bilmay kalovlanib turardim.

Bundan roppa-rosa 55 yil avval anhor sohilida sidqidildan qurilgan suhbat kechagidek yodimda.

«Nima boʻpti suhbat qurgan boʻlsangiz? Har kim ham boshqa birov bilan har yerda bunaqa suhbat qurishi mumkin-ku», dersiz. Lekin oʻsha suhbatdoshim hech kimga qiyoslab boʻlmaydigan, oʻxshashi yoʻq inson edi-da desam, balki ishonmassiz.

Mana shu —  boʻy-basti yelkamdan kelar-kelmas, men dastlab yosh bola deb, koʻp ham pisand qilmagan jikkakkina yigit hali universitetni bitirmay turib, talabalik yillarida – 22 yoshida «Choʻl havosi» degan qissani qoyilmaqom qilib yozib, Abdulla Qahhordek atoqli yozuvchi maqtoviga sazovor boʻlgan, umr­boqiy hikoya, qissa, roman va pyesalari bilan muxlislar qalbini zabt etgan adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov edi!

Uning asarlarini qayta-qayta oʻqimagan kitobxon, kitoblari kirib bormagan xonadon boʻlmasa kerak. Jumladan, kamina ham Oʻtkir Hoshimovning barcha asarlarini maroq bilan oʻqib chiqqanman va hamon qayta-qayta oʻqiyman.

1965 yilda yozuvchining «Odamlar nima derkin?» nomli qissasi dunyo yuzini koʻrdi. Yozuvchi oʻshanda menga qissadagi voqeani oʻz boshidan kechirgandek hikoya qilib bergan ekan! Balki oʻz boshidan kechirgani rostdir, balki boshqa odamning boshidan oʻtgandir. Bu – menga qorongʻi. Ammo kaminaga berilgan «Siz nima deysiz?» degan savol «Odamlar nima derkin?» degan qissa nomiga aynan mos kelishi ajib!

Oʻtkir Hoshimov ijodi haqida adabiyotshunos olimlar, hamkasblar, hatto kitobxonlar ham koʻp yozishgan. Kelajakda uning ijodi haqida yana koʻplab tadqiqotlar yaratiladi.

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad Oʻtkir Hoshimov haqida: «Rassom ham yaratayotgan asarini necha martalab, orqaga bir-ikki qadam chekinib kuzatadi. Men ham Oʻtkirni sal naridan turib koʻrmoqchi boʻldim… Ana shundan keyin moʻjizaga oʻxshagan bir holatni sezdim. Men unchalik pisand qilmagan, baʼzan nazarimga ilmagan yozuvchi bola koʻz oldimda yuksalib, chinakam sanʼatkorga aylandi», degan boʻlsa, Oʻzbekiston Qahramoni, sevimli shoirimiz Erkin Vohidov bir hazil sheʼrida:

Garchi yetmasa-da yoshi yoshimga,

Gap bermaydi, chiqib olgan boshimga.

Oʻzi ham, soʻzi ham, koʻzi ham oʻtkir,

Tan bermay iloj yoʻq Oʻtkir Hoshimga —

deya beozor kulgi aralash alqagan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi, Davlat mukofoti sovrindori Oʻtkir Hoshimov asarlarini millionlab kitobxonlar qoʻldan qoʻymay oʻqigan, ular hozir ham sevib oʻqilmoqda, shub­hasiz, bundan buyon ham oʻqilaveradi.

 

Jahongir PIRMUHAMEDOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.