Sofdil inson edi

0
180
marta koʻrilgan.

Xalqimizning ajoyib odatlari bor. Marhum haqida gap ketsa, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, “Xudo rahmat qilsin, yaxshi inson edi”, deyish bor. Shunday insonlar boʻladiki, uning yaqin kishilarigina emas, tanish-bilishlari ham aynan shu gapni chin dildan, faxrlanib aytadilar. Rahmatilla Inogʻomov shunaqa inson edi. Bagʻrikeng, sofdil, hammaga birdek samimiy munosabatda boʻluvchi…

Rahmatilla aka koʻp yillar Milliy universitetda ishladi. Qardosh xalqlar adabiyoti, Ukraina, Belorusiya, Ozarboyjon adabiyoti haqida, ularning yetuk namoyandalari toʻgʻrisida talay kitoblar yozdi. Bu juda xayrli yumush edi. Domlaning eng yaxshi kitoblaridan biri, shubhasiz, elimizning atoqli va ardoqli shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov toʻgʻrisidagi “Shoir boʻlish osonmi” asaridir. Albatta, katta ijodkor haqida koʻplar kitob yozish mumkin. Biroq Rahmatilla akaning kitobi faqat shoir Erkin Vohidovgina emas, inson Erkin Vohidov haqidagi tadqiqot hamdir. Sababi ikkalalari koʻp yillik qadrdon doʻst edilar. Doʻst haqida risola yozish esa ham oson, ham qiyin. Osonligi shundaki, kitob qahramoni haqida aytadigan gaping koʻp boʻladi. Qiyinligi shundaki, oʻsha “juda koʻp gap” orasidan eng muhimlarini tanlab olish yanada qiyinroq boʻladi. Rahmatilla Inogʻomovning kitobida aynan shu “oltin meʼyor” topilgan va bu asar Erkin Vohidov toʻgʻrisidagi eng yaxshi tadqiqotlardan biri boʻlib qoldi.

Rahmatilla Inogʻomov keyingi yillarda “Jahon adabiyoti” jurnalida ham xizmat qildi. Dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini oʻzbek kitobxonining mulkiga aylantirishga salmoqli hissa qoʻshdi. Ayniqsa, mashhur adib Somerset Moemning jahon adabiyotining noyob namunalaridan biri boʻlmish “Oymoma va chaqa” romani bunga misol boʻla oladi. Asarda isteʼdod egalariga hech qachon oson tutib boʻlmasligi, Tangri bergan isteʼdod oʻta nozik, oʻta noyob narsa ekani nihoyatda teran ochilgan. Bu – Rahmatilla Inogʻomovning minglab kitobxonlarga atalgan soʻnggi tuhfasi boʻlib qoldi.

Biz adib va shoirlar, olim va munaqqidlar ulfat boʻlib koʻp safarlarga chiqqanmiz. Koʻp hamsuhbat boʻlganmiz. Oramizda Rahmatilla akaning oʻrni boshqacha edi. Rahmatilla akaning hamisha kulimsirab turishi, har qanday vaziyatda ham oʻzini kamtar tutishi, suhbati shirinligi, yaxshi shaxmatchiligi, mulohazakorligi hammaning ehtirom bilan qarashiga sabab boʻlardi…

Taniqli olim, samimiy va dilbar inson Rahmatilla Inogʻomov xotirasi doʻstlari xotirasida uzoq yashaydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.