“Shunday yonimizdan oʻtdi mangulik”

0
234
marta koʻrilgan.

Abdulla Oripovni xotirlab…

 

Adabiyot yo jurnalistikadan ancha yiroq, texnika universiteti kimyo-texnologiya mutaxassisligi boʻyicha oʻqisam-da, qiziqishlarim adabiyot olamiga yaqinlashtiraverardi.

Etni junjiktiradigan sovuqlar ortda qolib, koʻngilga xush yoquvchi, yurakni entiktiradigan mayin bahor kunlari boshlangan. Aniqrogʻi, 1968 yil martining oʻn sakkizinchi kunida yosh shoir va yozuvchilar festivali boʻlayotgandi. Hamid Olimjon nomidagi adabiyotchilar uyi yoshlar bilan limmo-lim. Majlisga raislik qiluvchi adib dam-badam zalga nigoh tashlab, kimnidir kutardi. Biroz jimlikdan soʻng, davrani boshqarib, sheʼr sehri-yu aruz vazni jozibasi haqida chiroyli chiqish qildi. Mashhur adiblardan biri yoshlar sheʼriyatiga baho bera turib, Abdulla Oripovning “Laylak” sheʼrini keskin tanqid qildi. U maʼruzasini tugatarkan, davraga uzoq nazar tashlab, shoirni izlagandek boʻldi.

Abdulla Oripov vazminlik bilan sekin oʻrnidan turdi-yu, minbarga chiqmay, tavoze ila oʻng-soʻliga nazar tashladi. Kimdir bilan salomlashgandek, kimlardandir uzr soʻragandek boʻldi.

– Aybim shuki, sheʼrimning oxirida izoh bermaganim, tushuntirish xati yozmaganim. Sheʼrni anglashga saviya yetmasa, menda gunoh yoʻq, – dedi-yu bir lahza jimib qoldi. Zaldagi sokin muhitdan foydalanib yana davom etdi. – Ijozatingiz bilan yangi, hali siyohi qurimagan sheʼrimni oʻqib beraman, – dedi-da, “Birinchi muhabbatim”ni oʻqidi.

Sheʼriyat shaydolarining gulduros qarsaklaridan katta xonaning shiftlarigacha qirsillab ketdi. Abdulla Oripovning oʻzigagina xos viqori vulqonday otilib, oʻtirganlarni bir necha daqiqaga sehrlab qoʻydi. Olqishlar sadosi hali-veri tinmasdi.

Shu bilan majlis tugab, yosh qalamkashlar choyxonaga ravona boʻldik. Oʻsha davrda kimningdir toʻrt qator sheʼri yo kichik maqolasi chiqsa, hali qalam haqi olmasdan uni nishonlardik. Shu kuni ham osh pishguncha Abdulla Oripov qogʻozga tushib ulgurmagan sheʼrlaridan, adabiyotga olovdek yonib kirgan Usmon Nosir ashʼorini yoddan oʻqidi. “Men Usmon Nosirman”, deganlari qulogʻimda qoldi. Hali oʻttizga ham kirmagan, qotmagina qishloq bolasining soch tolasidan tirnoqlarigacha faqat sheʼr uchun yashayotganiga guvoh boʻldik.

Insonning tabiati qiziq, ulgʻaygan sari ehtiyoj ortaveradi. Dunyoni anglash, ummon tubidan javohir izlashdek. Chuqurroq borsang, sinoatlar ochilaveradi. Chek-chegarasi yoʻq olam jilvalanaveradi. Sarhadsiz hudud domiga tortaveradi. Yaqin boʻlsang, qalb toʻfonlari yuzaga qalqib chiqadi.

Abdulla Oripov sheʼriyati nav-niholligidanoq jilgʻa emas, tiniq buloqqa oʻxshaydi. Sokin jaranglaydi. Mazmun-mohiyati sekin-asta yuragingizga kirib boradi-yu, sehrlab qoʻyadi. Undan olam-olam maʼno olasiz. Sheʼr zavqini tuyasiz, fikru oʻylaringiz tiniqlashadi, gʻubor qolmaydi. Sheʼriyat dengizida suzasiz, mehringiz qongunicha simirasiz, yashaysiz, yashnaysiz, sheʼriyatni kashf etasiz.

1970 yili yosh muhandislarning intellektual salohiyatini oshirish, maʼnaviyatini boyitish maqsadida iqtidorli shoir va yozuvchilar bilan ijodiy kecha uyushtirildi. Besh yuz kishilik mahobatli katta zal talabalar, shoirning muxlislari bilan toʻlib-toshgan.

Minbarda adabiyotshunos olim Abdugʻafur Rasulov, hayajondan titrogʻi bosilmayotgan shoir Abdulla Oripov va men. Olim davrani ochib, shoir ijodiga qisqacha toʻxtalgach, menga yuzlandi. “Birinchi muhabbatim” sheʼrini ikki yil avval shoirdan qanday eshitgan boʻlsam, shunday taqlid va viqor bilan oʻqidim. Guldiros qarsaklar tinar-tinmas, shoirga navbat berildi. U mikrofonni yaqinroq surib, yoshlar yuragini titratadigan sheʼrlar oʻqidi. Qarsaklar uzoq vaqt tinmadi. Zalni toʻldirib oʻtirganlaru ochiq eshik yonida tik turib sheʼr tinglayotganlar ikki soatcha shoirni qoʻyib yuborishmadi.

Boshqa bir tadbirda filologiya fanlari doktori, mashhur olim Pirmat Shermuhammedov bilan tanishib qoldim. Gap aylanib, adabiy muhit, ijodkorlar va nihoyat, Abdulla Oripov sheʼriyati xususida toʻxtalganda, u bir voqeani hikoya qilib berdi.

“Samarqand avtovokzalida Abdullajonni uchratib, koʻcha boʻylab suhbatlashib ketdik. Anchadan beri koʻrishmagandik, bir-birimizni hech qoʻyib yuborgimiz kelmaydi, deng. Gap-gapga ulanib, vaqt oʻtganiniyam sezmay qolibmiz. Tungi ikkilarga borib, shoirning ilhomi qaynadi. Eski yozuv mashinkamni topib, chiqillatib turdim, Abdullajon aytib turdi. Shu tariqa “Bechora Orol” dramasi dunyoga keldi… Shoirning xayolida har bir sahna obdan yetilgan shekilli sira toʻxtamay, oʻyga tolmay, bir nafasda tugatib, uxlab qoldi. Bunday iqtidor va salohiyat sohiblari bir asrda bir marta dunyoga keladi”, deya hikoyasini tugatdi olim.

…2016 yil oʻzbek adabiyoti uchun katta yoʻqotishlar yili boʻldi. Jahon adabiyotida porlagan yulduzlar: Sergey Yesenin, Qaysin Quliyev, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov kabi buyuklar bilan yonma-yon turadigan Abdulla Oripovdek dahosidan ayrilib qoldi. Uning asarlari asrlar osha yashayveradi. Muxlislari yodida mangu qoladi. Sheʼr zavqini tuygan, undan lazzatlangan borki, shoir iqtidoriga tan beradi.

2016 yilning kuzida Abdulla Oripov Birinchi Prezidentimiz xotirasiga atab “Shunday yonimizdan oʻtdi mangulik” deb yozgan edi. Aslida shoirning oʻzi ham yonimizdan bir lahzada oʻtib ketgan ana shunday mangulik ekanini endi his qilyapmiz.

“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgan daqiqalar shoirning yosh boladek Islom Karimovni bagʻriga bosib, silkinib-silkinib yigʻlaganlari xotiramga muhrlanib qolgan. Shoirning baxti, qudrati shundaki, dunyoning turli mintaqalarida Oʻzbekiston bayrogʻi koʻtarilarkan, albatta, “Serquyosh hur oʻlkam…”, deya boshlanadigan madhiyamiz yangraydi. Madhiya muallifini maktabga borgan bolakaydan tortib, yuz bilan yuzlashayotgan nuroniylar ham yaxshi biladi. U el orasida oʻziga oʻchmas haykal qoʻyib ketdi.

 

Hikmat MAHSUMOV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.