Shudringli oʻtloqlar

0
261
marta koʻrilgan.

Tuynukdagi yulduzlar

Eng ogʻir kishaning – uyingning ostonasi, degan hikmatni qaysi donishmand aytgan boʻlsa, topib gapirgan ekan. Kundalik tashvishlar, yugur-yugurlar bilan shu qadar oʻralashib qolasizki, ostona hatlab, uzoqroq joyga chiqishga yuragingiz betlamay turadi. Lekin ostona “kishanidan” chiqib olgandan keyin, ruhingizda allanechuk yengillik sezasiz. Safar gashti vujudingizga mayin bir kuy kabi singib ketadi.

Bizlar yetti kishi edik. Beshovimiz toshkentlik “mehmonlar”, yana ikki kishi mezbonlar edi. Eng oldinda yil boʻyi sovitilgan saman otining jilovini mahkam ushlab Abdumannop aka borardi. Uning chinakam chavandozlar kabi egarga yopishib oʻtirishini, oftobda qizargan silliq chehrasini koʻrgan kishi bu odam nevaralik ekaniga ishongisi kelmaydi. Uning butun harakatlarida yigitlik shijoati joʻshib turadi. Abdumannop aka Chetsuv qishlogʻidagi Baynal-Minal qishloq yigʻinida bir necha yil raislik qilgan, hozir ham uni hamma oqsoqol deb ataydi.

Chavandozlarning eng oxirida Shamat aka boradi. Turmush mashaqqatlari uning koʻz qarashlarida, onda-sonda aytib qoladigan gaplarida, erta oqargan sochlarida oʻz tamgʻasini qoldirgan. U urushda qatnashgan, bir qoʻlidan ayrilgan, bir necha yil ilgari oʻzi yashab turgan uyni togʻ oraligʻidagi Ertosh qishlogʻining boshlangʻich maktabiga boʻshatib berib, Oqqoʻrgʻonga ketgan, keyin yana qishlogʻiga qaytib kelgan. Chavandozlikda u ham “oqsoqol”dan qolishmaydi.

Faqat biz – “mehmonlar” bir soat yurar-yurmas, ot minish mashinada yastanib oʻtirish emasligini bilib qoldik. Avvaliga yumshoqqina tuyulgan egar endi shunday azob berishga tushdiki, betoqat boʻla boshladik. Ammo manzil olis. Oltmish chaqirim yoʻl bosib, Arashonbuva degan joyga borishimiz kerak.

Otlar pishqirib-pishqirib qoʻyadi. Togʻ soʻqmogʻidan koʻtarilayotganda, boʻyni terlab, yoli yopishib ketadi. Harsillab nafas oladi.

– Egarda hadeb qimirlayvermanglar. Bir tekis oʻtirib, otni oʻz holiga qoʻyib beringlar, – deb maslahat beradi Abdumannop aka.

“Bir tekis oʻtiringlar…” Aytishga oson. Ot tikkaga koʻtarilayotganda, egarning qoshiga yopishamiz. Pastga tushish undan ham azob. Negadir hoziroq ot qoqilib ketadiganday, boʻynidan oshirib tashlayotganday tuyulaveradi.

Atrof sokin. Belga uradigan oʻtlar shabadada ohista toʻlqinlanadi. Negadir, qushlar ham sayramaydi, chigirtkalar chirillamaydi. Goʻyo butun tabiat mana shu ulugʻvor sukunatni buzishni man etib qoʻyganday. Faqat otlar pishqiradi. Tuyoq tovushlari boʻgʻiq gursillaydi. Ahyon-ahyonda soy uchraydi. Toshlarga urilib ayqirayotgan suv tovushi anchagacha quloq ostida shovillab turadi.

– Mana shu qirdan oshsak, Qizilchaga yetamiz. U yogʻi Kelinchakkacha oʻn besh chaqirim, – deydi yoʻl boshlovchimiz qamchi bilan imo qilib.

Qoʻl choʻzsa yetgudek “mana shu” qirdan oshish uchun ham besh chaqirim yurish kerak.

Yana oʻsha tuyoq tovushlari. Yana oʻsha sokin goʻzallik. Qirning tepasiga chiqqanda, orqaga qarasangiz, boshingiz aylanib ketadi. Ajib haqiqat: odam bosib oʻtgan yoʻliga emas, bosib oʻtishi kerak boʻlgan yoʻliga qarashi kerak. Ammo baribir, olisda – pastlikda qolgan baxmal oʻtloq, ilon izi soʻqmoq olovday issiq koʻrinadi koʻzingizga.

Nihoyat, oldinda – yassi adir oʻrtasida yaltirab oqayotgan soy, sohilda turgan uch-toʻrt oʻtov koʻrindi. Otlar manzil yaqinligini bilganday qadamini tezlatdi.

– Urkinboyning oʻtovi, – deb tushuntirdi hamrohimiz. – Fargʻonadan kelgan choʻponlar shu yerda toʻxtashgan.

Soydan oʻtishimiz bilan ikkita kattakon it akillagancha yugurib keldi. Oʻrta boʻyli, yelkalari xiyol turtib chiqqan kishi oʻtovdan chiqib qarshi oldi.

– Kelinglar, – dedi u qisiqroq koʻzlarini yiltillatib. Uning doʻrdoq lablari yaxshi yumilmas, negadir tishlari turtib chiqqanga oʻxshab koʻrinardi.

Otdan tushgandan keyin, bir lahza qadam bosolmay qoldik. Oyoqlar akashak boʻlib qolibdi.

– Qalay, ot qoqib tashlamadimi! – dedi uy egasi tabassum bilan.

Bir soat dam olar-olmas, hamrohimiz yana shoshirdi:

– Havo ayniyapti. Tezroq yetib olmasak, qorongʻiga qolib ketamiz. Yoʻl qaltis.

Uy egasi ham qarshilik bildirmadi:

– Kelinchakda ertaga qiyomat toʻy boʻladi. Uloq boʻladi.

…Yana oʻsha past-baland yoʻllar boshlandi. Faqat, endi osmonni bulut oʻragan, achchiq sovuq turgan edi. Qiziq, saratonda qahraton…

Kunbotar chogʻida tik jarlik tepasiga keldigu, ajib bir manzarani koʻrdik. Uch yuz metrcha pastlikda qator oʻtovlar tizilishib turar, xotin-xalaj, bola-chaqalar tovushi, otlarning kishnashi quloqqa chalinar, oʻtovlar oldida olov yaltirar edi.

– Uloq katta boʻladiganga oʻxshaydi. Qarang, yuzdan ortiq ot toʻplanibdi.

Yaqin kelishimiz bilan bir necha yigitlar yugurib-yelib jilovni tutishdi.

Oʻtov ichida darrov olov yoqildi. Sovqotgan badanga issiq yugurdi.

– Fargʻonaning choʻponi borki, bahor kelishi bilan shu tomonga koʻchib chiqadi, – dedi oʻtov egasi Boʻzvoy aka tushuntirib. – Yaylovlar keng, oʻt serob. Mana endi toʻy mavsumi boshlandi. Toʻylar bir-biriga ulanib ketaveradi.

…Tun yarmidan oqqanda atrof tinchib qoladi. Faqat itlar akillaydi. Sovitilgan otlar betoqat kishnab qoʻyadi. Qoʻshni oʻtovda bola yigʻlaydi. Onasi alla aytadi. Oʻrtadagi archa oʻtinning choʻgʻi yoqut nuqralarday qizarib koʻrinadi. Oʻtov keragasiga ilib qoʻyilgan yaltiroq taqinchoqlar, bir chekkadagi sandiq tunukalarida shafaq oʻynaydi. Tuynukdan esa yorqin, pastak yulduzlar moʻralaydi. Ular jimgina boquvchi oʻychan koʻzlar kabi tikilib turaveradi-turaveradi, beixtiyor xayol olib qochadi kishini.

Rivoyat qilishlariga qaraganda qadim zamonlarda bir qishloqni yov bosibdi. Yigitlarni qilichdan oʻtqazib, qizlarni oyoqosti qilishibdi. Yolgʻiz bir kelinchak dushmanga boʻysunmabdi. Togʻ-toshlar oshib, mana shu yerga, ikki togʻ orasidagi oʻtloqqa kelib, u yogʻiga oʻtolmay qolibdi. Dushman qoʻliga tushgandan koʻra, toshga aylanib qolay deb iltijo qilibdi. Chindan ham toshga aylanib qolibdi. Oʻshandan buyon bu yer Kelinchak deb atalarmish.

Bora-bora hammayoq jimib qoladi. Oʻchoqdagi choʻgʻ soʻnadi. Tashqarida otlar kishnamaydi, itlar hurimaydi. Hamma uyquga ketadi. Faqat tuynukdan boqib turgan yulduzlar bedor. Vafodor kelinchak xotirasini qoʻriqlaganday oʻychan tikilib turadi…

 

Har narsaning oʻz gashti bor

Yaqingina joyda buzoqning choʻzib maʼrashidan uygʻonib ketdim.

Oʻtov tuynugi yorishib, unda kechagi yulduzlar oʻrnida lojuvard osmonning bir boʻlagi koʻrinib turardi.

Oqshomda hammani qaqshatgan sovuq tugab, iliq, tarovatli tong otgan edi. Oʻtovlar allaqachon uygʻongan, xammayokda toʻy taraddudi sezilar, har yer-har yerda qozon osilgan, bolakaylar irgʻishlab oʻynashar, chamasi kechasi tagʻin uloqchilar kelishgan boʻlsa kerak, otlar yanayam koʻpaygan edi. Kunchiqar tomondagi tepalik ortidan quyosh moʻraladi. Shu ondayoq uning nurlari butun oʻtloqqa sepilganday maysalar yuzida nurli nuqralar yarqirab ketdi.

Qachondir bolaligimda shudringda yalangoyoq yurish davo, degan gapni eshitgandim. Kim bilsin, balki rostdir. Tizza boʻyi oʻtloqda shudring kechib yugurish chindan ham gashtli ekan. Qoʻl choʻzsa yetgudek qorliklardan shaldirab tushayotgan soyda seskanib-seskanib yuvinish ham, suvning shovillashiga quloq solib uzoq xayolga choʻmish ham hayot gashtli ekanini taʼkidlayotgandek boʻlardi.

Peshinga yaqin oʻtloq yanayam gavjum boʻlib ketdi. Toʻy xizmatchilari yelib-yuguradi, birov laganda osh tashiydi. Birov kelgan mehmonning otiga oʻt tashlaydi. Yaylovlarda kamyob boʻladigan narsalarni ataylab olib kelgan attorlar egar, yugan, bigiz, qamchisini maqtaydi.

– Shoir keldi, toʻy ana endi qiziydi, – dedi kimdir tantana bilan.

Echkidekkina ixcham, ammo chayir ot mingan oʻrta boʻyli qirgʻizni hamma oʻrab oldi. U beqasam toʻn kiyib, qoʻsh belbogʻ bogʻlab olgan edi. “Shoir” iltifot kutib oʻtirmay, egardan tushmasdanoq oʻqib ketdi:

 

Mening otim Boltavoy,

Izlab keldim elingga,

Quvvat bersin belingga…

 

Toʻy egalaridan biri “shoir”ning ogʻzidan muttasil otilib chiqayotgan pala-partish misralar oqimini toʻxtatish uchun boʻlsa kerak, qichqirdi:

– Shomaqsudni bir maqtang…

“Shoir” oʻziga atalgan pulni oldiyu, saxiy Shomaqsudni maqtab ketdi:

 

Boʻzboshim boʻlganida,

Boʻz bolam oʻlmasmidi.

Yalpizim boʻlganida,

Yolgʻizim oʻlmasmidi…

Saxiy mezbon Shomaqsud,

Maqsudingga yetarsan,

Ilgarilab ketarsan…

 

Xullas, kim pul bersa, oʻshanga uzoq hamdu sanolar oʻqildi. Oxiri maqtovtalab saxiy qolmadi shekilli, “shoir” ter quyib kelayotgan peshanasini arta-arta egardan tushdi.

– Endi uloq boʻladi, – dedi yoʻl boshlovchimiz adir etagini koʻrsatib. – Qarang, uch yuzga yaqin ot toʻplanipti.

“Maqtov” bilan ovora boʻlib sezmay qolibmiz. Oʻtovlardan yarim chaqirimcha narida toʻda-toʻda otlar toʻplanib turar, boshini qiyiq bilan tangʻib olgan chavandozlar uloq boshlanishiga ishora kutganday betoqat yugurishar edi.

Nihoyat, otlar bir yerga toʻplandi. Toʻy egasi uloqni yerga osiltirguday sudrab borib oʻrtaga tashladi-yu, oʻzi chekkaga chiqdi. Gʻala-gʻovur boʻlib ketdi. Hamma otlar bir tomonga qarab toʻlqindek surila boshladi.

– Uloq ogʻir koʻrinadi, – dedi yoʻl boshlovchimiz sinchiklab qarab. – Ikki yoshlik novvosni tashlagan ekan. Chavandozlarga qiyin. – U miyigʻida kulib qoʻydi. – Sovriniga ot qoʻyilibdi.

Qamchi sadolari, otlarning nola chekib kishnashi, qizishib ketgan chavandozlarning soʻkinishi osmonni titratdi. Jiyron ot mingan bir chavandoz, engashgan koʻyi, novvosni changallagancha davradan chikdi. Ancha joygacha sudrab keldi-yu, keyin boshqalari uni oʻrab olishdi. Bir ozdan keyin otlar toʻlqini ters tomonga surilib ketdi. Boyagi joyda oʻsha jiyron ot bilan egasi qoldi. U negadir boshqa chavandozlar ketidan yugurmas, yuzini changallagancha, egarda munkayib qolgan edi.

Yaqinroq keldig-u, uning qiyiqcha tangʻilgan peshanasidan qon oqayotganini koʻrib hayratdan ogʻiz ochib qoldik. Bu – oʻn olti-oʻn yetti yoshlardagi qotmagina yigitcha edi.

Kimdir yaqin borib, jiyron otning jilovidan ushladi-da:

– Yuvinib ol, – dedi yigitchaga.

Yigit boshini keskin koʻtardi-da, kafti bilan peshanasini artib, jerkib berdi.

– Ishingiz boʻlmasin! – U otiga shunday shiddatli qamchi urdiki, jiyron bir sapchib, quyunday uchib ketdi.

– Parvo qilmang, – dedi Abdumannop aka kulib. – Bu yigitlar pishib ketgan. Hamma narsaning oʻz gashti bor. Uloqning lazzati ham mana shunda… Ammo bugun kurash ajrim boʻlmaydi. Birontasi marraga uloqni olib chiqishga koʻzim yetmay turibdi. Ketdik, yoʻldan qolmaylik.

…Orqaga, toʻda-toʻda otlar yugurib yurgan vodiyga qaray-qaray yana yoʻlga tushdik. Qiziq, uloqda chavandozdan koʻra otning xizmati koʻproq taqdirlanadi. Mabodo, uchqur ot egasi oʻzi toʻdaga kirishni xohlamasa, otini eng olgʻir chavandozga berib turishi mumkin. Chavandoz esa undan mukofot oladi.

Otlar ham, oʻzimiz ham toliqqach, Yoyiq degan joyda toʻxtadik. Chindan ham bu yerda tiniq bir soy yoyilib oqar, atrofda oppoq gulxayrilar ochilib yotar, ammo daraxt koʻrinmas edi. Umuman, bu atroflarda daraxt ham, qushlar ham koʻzga onda-sonda chalinardi.

– Oʻsha qorning tagiga yetsak, marra bizniki, – dedi yoʻl boshlovchimiz kun botar tomondagi choʻqqini koʻrsatib.

Endi otliq yurishga ancha koʻnikib qolgan boʻlsak ham, yana egarga oʻtirish malol kelar, ammo oʻzga chora yoʻq edi. Kun qaytib tagʻin sovuq turdi.

Oʻtlab yurgan otlarimizni egarlayotganimizda, sakkiz-toʻqqiz yoshlardagi qirgʻiz qizaloqlar kelib qolishdi. Qizil koʻylak kiygan, maydalab oʻrilgan sochiga pilik taqqan bu qizaloqlar birdaniga paydo boʻlganiga hayron qoldik. Ular uzun etaklarini qayirib tezak terib yurishardi. Chamasi, pastroqda – soyning narigi betida koʻrinib turgan ovuldan kelishgan boʻlsa kerak.

– Ovulga qoʻnib oʻtarmishsizlar, – dedi qizaloqlarning tikrogʻi yoʻl boshlovchimizga qarab.

Ovul yetti oʻtovdan iborat boʻlib, sayhon maydonga joylashgan, chekka-chekkada oʻtin sochilib yotar, oʻtov panasida oʻtirgan xotin-xalaj biri kechki ovqat pishirar, biri sholcha toʻqish bilan band edi.

Arashonga kech qoldilaring, u yerda koʻrpa-toʻshak yoʻq. Hamma yoʻlovchilar shu yerda tunab oʻtishadi. Sizlar ham qolinglar, – dedi oʻrtadagi oʻtov oldida oʻtirgan gavdali ayol.

Erkaklar koʻrinmaydi-ku, noqulay boʻlmasmikin, – dedi Abdumannop aka ikkilanib.

Kelinchakka – uloqqa ketishgan. Ertaga qaytishadi.

Ayol bizning qololmasligimizni eshitgandan keyin oʻtovdan koʻrpacha, poʻstin olib chikdi.

– Boʻlmasa sovqotib qolasizlar, qaytishda tashlab oʻtarsizlar.

Yetti yot begona kishilarga shunday samimiy muomala qilgan qirgʻiz ayoliga minnatdorchilik bildirib, tagʻin yoʻlga tushdik.

 

Dunyo keng

Qirrador toshlar sochilib yotgan past-baland soʻqmoqlardan yuraverib, otlar ham toliqdi. Baʼzilarining tuyoqlari tushib, oyogʻi qonab ketgan edi. Faqat yoʻl boshlovchimizning samanigina hamon tizginga boʻy bermay ildam borar, qoʻyib bersa uchib ketgudek holi bor edi. Eng orqada esa Shamat akaning jiyroni xuddi egasi kabi jimgina, ammo bir tekis, sobit qadamlar bilan yurib kelardi.

Manzilga yetib kelganimizda quyosh botib ketdi. Shundoq boshimiz ustida qad koʻtarib turgan togʻda qor koʻrinar, muzday shamol izillardi. Togʻ belida joylashgan kulbaning tosh devori orasidagi pastak eshik ochilib, yoshi yetmishlar atrofidagi chol peshvoz chiqdi. U yaktak kiyib olgan, baland gavdasini gʻoz tutib turar, oʻsiq qoshlari ostidan koʻkishroq koʻzlari magʻrur boqar edi.

– Kelinglar, – dedi u hammamiz bilan qoʻl olishib soʻrasharkan. Ammo taʼzim-tavoze qilib oʻtirmadi. Cholning butun vujudi “men mehnat kishisiman, bu yerda, yagona kulbamda odamlarga panoh berishim mumkin, xohlasang shu, xohlamasang bilganingni qil”, deb turardi.

Tik tursangiz boshingiz shiftga tegadigan, oʻrtasida ustun qaqqayib turgan kulbaga kirdik. Hujra devorlari toshdan tiklangan, xomsuvoq ham qilinmagan, yozuv daftaridek kichkinagina tuynukdan oqshomning oʻlimtik nuri aralash sovuq kirib turardi. Devor va tomi qurumdan qorayib ketgan, zax yerga toʻshalgan namat ustiga ikki-uchta shaparak koʻrpachalar tashlangan edi.

Zum oʻtmay qorongʻilik choʻkdi. Chol oʻninchi lampa koʻtarib kirib, ustundagi mixga osdi. Abdumannop aka eski tanish boʻlgani uchunmi, cholni gapga soldi.

– Bu yoqqa chiqqaningizga ancha boʻlgandir, ota?
Chol oʻsiq qoshlari ostidan unga qarab qoʻydi.

– Bir hafta boʻldi, – dedi bosiq ovoz bilan, – kecha qor yogʻdi. – U hammamizga sinovchan qarab qoʻydi-da, indamay chiqib ketdi.

– Bu yerda iyulning boshida ham qor boʻladi, – deb tushuntirdi Abdumannop aka. – Avgustning yarmidan boshlab tagʻin qor bosadi.

Bir ozdan keyin yuzlari qip-qizil, koʻhlikkina kampir kirdi. U cholning tamomila aksi edi. Qarashlari jonli, soʻzamol ekani koʻrinib turardi. Kosada echki qatigʻi uzatarkan, Abdumannop aka bilan soʻrashib oldi.

– Qishda bu atroflarda qor uch metrga chiqadi-ku, uyni bosib qolmaydimi, – dedi yoʻl boshlovchimiz hujraning omonat devorlariga imo qilib.

– E, bosib qolmaydi, oqsoqol, – dedi kampir koʻzlarida muloyim oʻt yonib. – Erib, ikki chetidan oqib ketaveradi.

Qiziq, togʻning qoq belida joylashgan shu kulbani suv chetlab oʻtishiga aql bovar qilmasdi.

Ovqatlanib boʻlishimiz bilan yoʻlboshlovchimiz yana qistadi.

– Boʻlinglar, buloqqa tushamiz.

Bisotimizdagi bor issiq kiyimlarga oʻralib olsak ham sovuq vujudimizni titratar, chamasi, kechagi qorning zahri hali ketmagan edi.

Shosha-pisha yechindigu, atrofi sementlab hovuzcha qilingan buloqqa oʻzimizni urdik. Suv iliq, oʻttiz darajadan yuqori boʻlgani uchun rohatbaxsh edi.

– Shu kunlarda Toshkentda odamlar issikdan qochib, oʻzini suvga uryapti. Bizlar boʻlsak, sovuqdan qochib, issiq suvga tushib oʻtiribmiz, – dedi kimdir.

Rost gap. Issiq mineral suvning tafti charchagan tanlarga orom berar, kishi bosh koʻtarib chiqqisi kelmasdi.

Uzoqda – Yoyiq soyning tepasidagi qir ortida toʻlin oy koʻrindi. Bir lahzadan keyin muloyim nur butun vodiyni, uzoqlarda yaltirab yotgan soyni, past-baland tepaliklarni sukunat tumaniga burkadi. Boya buloqqa tushganda hammamiz bir-birimizga gap bermay chugʻurlashgan edik. Hozir boʻlsa oy nuri oʻzining mayin, sukutli yuki bilan yelkamizdan bosayotgandek jimib qoldik. Hozir har kim oʻz xayoli bilan band edi. Ammo hammamiz ham bir narsani – dunyo bepoyon ekanini, uning oʻz qonunlari, oʻz sehri borligini oʻylamay ilojimiz yoʻq edi. Mana shu buloq ham, oy nuri ham, sutdek sukunat ostida oʻzining muzday toʻlqinlarini yaraqlatib yotgan soy ham tabiatning mangu bir sehri emasmi? Bizning olamga oʻt sochgudek tashvishlarimiz, gʻam-kulfatlarimizu quvonchimiz, olijanobligimizu xudbinligimiz – barchasi mayda narsalar emasmi? Tabiatga yaqin turgan kishi tozaroq boʻladi, deganlari shu emasmikin?

Har kim oʻz tuygʻulariga berilib, uzuq-yuluq savol-javoblar bilan hujraga qaytib tushganimizda, tun yarmidan ogʻgan edi.

Chol bizni kutib turgan ekan.

– Koʻrpa-toʻshakning mazasi yoʻq, – dedi u xotirjam qiyofada.

– Buloqni siz hovuzcha qilib qoʻyganmisiz? – dedi suhbatdoshlarimizdan biri.

– Ha, men.

– Sementni qayoqdan olgansiz?

– Vertolyotda olib kelishgan.

– Buloq suvini doktorlar tekshirib koʻrishganmi?

– Qaydam, – chol sovuqqon javob qildi, – bir kelishgandi. Odamlar oʻzicha yara-chaqaga, bel ogʻriq, oyoq ogʻrigʻiga davo deyishadi.

Chol birpas qarab turdi-da, chiroqni pasaytirdi.

– Otlarga oʻt tashlatib qoʻydim. – U shunday dedi-yu, chiqib ketdi.

Koʻrpacha bilan poʻstin bergan qirgʻiz xotin rost aytgan ekan. Amallab tiqilishib oldik-da, dong qotib uxlab qolibmiz…

– Endi qorga chiqamiz, – dedi yoʻl boshlovchimiz nonushta ustida.

Bulokdan yuqorilab yana bir qoyador tepalikni oshgach, koʻm-koʻk koʻlga koʻzimiz tushdi. Koʻlning narigi sohilida – novvot rang qoyalar qoplagan tik jarlikda qor oqarib yotardi.

– Bu Tumorkoʻl, – tushuntirdi hamrohimiz. – Umuman, bu yerda koʻl koʻp. Tumorkoʻl, Chuqurkoʻl, Tulporkoʻl… Ohangaron daryosi shu yerdan boshlanadi. Koʻllarning eng kattasi – Tulporkoʻl.

Otlar seskana-seskana tik soʻqmoqdan oʻtgach, qarshimizda yana bir koʻl paydo boʻldi. Koʻl juda chuqur boʻlsa kerak, suvi qorayib yotar, narigi sohilda palahsa-palahsa muz boʻlaklari koʻzga tashlanar edi.

Qirgʻoqqa yetganimizda hamrohlarimizdan biri suvga koʻlini tiqdi-yu, darrov tortib oldi.

Juda sovuq ekan.

Shuning uchun bu yerda baliq boʻlmaydi. Bu suvda hech qanday jonivor yashamaydi. Geologlarning aytishicha, Tulporkoʻl dengiz sathidan 3200 metr balandda joylashgan ekan.

Rivoyat qilishlaricha, bu suvda faqat bir tulpor ot yasharmish. U yilda bir marta – kechasi suvdan chiqib, yana suv tubiga kirib ketarmish. Qadim zamonlarda bir yilqichi shu tulpordan toychoq olish niyatida oʻz biyasini olib kelib, koʻl boʻyida tunab qolibdi. Chindan ham kelgusi yili biyasi ajoyib bir tulpor qulunlabdi. Qulun yil emas, kun sayin oʻsib borayotganini koʻrgan yilqichi yana biyasini olib kelibdi. Toy ham onasiga ergashib kelibdi. Yilqichi koʻl sohilida yotib, kutib turibdi. Yarim kechada suv tulpori koʻldan chiqibdi-yu, biyaga qaramay, toychoqni ergashtirib suv tubiga kirib ketibdi.

Necha kundan buyon suhbatimizga onda-sonda aralashayotgan Shamat aka hozir hayajonlanibmi, zavqlanibmi, shu afsonani hikoya qilarkan, koʻzlarida oʻt chaqnab ketdi.

Koʻl esa, bizning suhbatimizdan bexabar, quyosh nurida mayin mavjlanib jimgina toʻlqinlanar, faqat olisda – narigi sohildagi muzlar orasidan tushayotgan suv boʻgʻiq shovillar edi.

– Anavi Kelinchakdagi toʻyda sheʼr oʻqigan “shoir” esingizdami? – dedi Abdumannop aka qaytayotganimizda. – Har gapida boʻzboshim boʻlganida, boʻz bolam oʻlmasmidi, degan edi-ku. Hozir oʻsha boʻzboshni koʻrasiz. U faqat qorga yaqin joylarda oʻsadi.

Boʻz rang mayda gulli giyohlarni yigʻib yana kulbaga tushdik. Cholda quritilgan boʻzbosh bor edi. Damlagan edi, koʻkchoydek tiniq, qahrabo rangli choy chikdi. Ichimlikning hidi oʻtkir, xushboʻy edi.

– Meditsinada boʻzboshdan foydalanishadimi, yoʻqmi bilmayman, – dedi yoʻl boshlovchimiz. – Ammo bir hafta ichida oʻzim sinaganman. Qon bosimini keskin tushirarkan.

…Issiq Arashon bulogʻi ham, vazmin sukut saqlab turgan toshlar oʻrtasida tunlari chiroq porlatib, odamlarga yoʻl koʻrsatgan chol kulbasi ham, afsonaviy Tulporkoʻl ham orqada qoldi.

Chol tadbirli ekan. Otlarni yaxshilab toʻygʻazganidanmi, Yoyikdagi qirgʻiz ovuliga tez yetib keldik. Balki yurib oʻtilgan yoʻldan qaytish hamisha oson tuyulishi uchun shunday koʻringandir. Oʻzining borini bizdan ayamagan qirgʻiz ayoliga rahmat aytib, yoʻlimizda davom etdik.

Erta oqshomda Kelinchakka yetib keldik. Toʻy pastdagi ovulga koʻchgan ekan. Ertasiga Qizilchada – Urkinboyning oʻtovi oldida toʻxtadik. Urkinboy eshik qarshisida tavoze bilan kutib oldi. Qisiqroq koʻzlarida tabassum bilan taʼzim qildi.

– Ziyoratlar qabul…

Arashon buvaga ketayotganimizda erlari toʻyga ketgan boʻlsa ham bir oʻtovni boʻshatib bermoqchi boʻlgan, qoʻnib oʻtishimizni iltimos qilgan qirgʻiz ayol, oʻzgalardan oʻnlarcha chaqirim uzoqda – togʻlar orasida odamlar uchun chiroq yoqib oʻtirgan magʻrur chol bilan uning muloyim kampiri koʻz oʻngimizdan ketmas edi…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1971 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.