Shomurod shoir kuylaganda

0
240
marta koʻrilgan.

Dostonchilik anʼanalarini mukammal oʻrganib ularni jonli tarzda bizgacha yetkazib kelayotgan Oʻzbekistan xalq baxshisi Shomurod Togʻayev respublikamizning taniqli baxshilaridan.

Shomurodga otasi ustozlik qildi, murgʻak qalbida xalq dostonlariga mehr-muhabbat uygʻotdi. Oʻgʻliga, soʻz ham, soz ham, baxshi ovozi ham birdek gʻamgin yo shodon, yo shoʻx, yo sokinlikda bir-biriga mos boʻlmogʻi shart deb uqtirdi.

“1942 yilning sentyabr oyida men va opamni bolalar uyiga topshirib, otam urushga ketadigan boʻldi. Joʻnash oldidan otam meni bagʻriga bosib, “Aylanayin Shomurodim, dilbandim, seni ishonchli qoʻllarga topshirdim, bularga ishonaman, bularning aytganidan chiqmagin, yaxshi oʻqib, ilm egallagin deya mening qoʻlimga “Alpomish”, “Avazxon”, “Yusuf va Ahmad” va boshqa xalq dostonlarni tutqazdi-da, “Bularni yaxshilab miyangga joylab ol”, dedi”, deb xotirlaydi Shomurod shoir.

Shomurod bolalar uyida rus tilida taʼlim oldi, oʻqituvchilari, tarbiyachilari uni Aleksandr Tumanov deb chaqirishar edi. Bu yerda rus shoir va yozuvchilarining asarlarini oʻqidi.

U Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh, Islom shoir, Poʻlkan shoir kabi oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi nomoyandalarining ijodini chuqur oʻrgandi. Ayni paytda mumtoz adabiyotimizning ulkan vakillaridan Navoiy, Bobur, Maxtumquli, Mashrablarning ijod namunalarini tinmay mutolaa qildi.

Izlanishlarning samarasi oʻlaroq davralarda xalq dostonlarini kuylash bilan birga, qaynoq hayotdan olgan taassurotlarini termalarga tizdi. Termalar aytishni qiyomiga yetkazib kuylaydigan boʻldi. Qishloqma-qishloq yurib odamlar qalbiga oʻz qoʻshigʻi bilan kirib bordi.

Uning termalarida Vatan, poklik, insoniylik, mehr-muhabbat, qadr-qimmat, halol mehnat ulugʻlanar, oʻlkamizning takrorlanmas oʻziga xos tabiati, mehnatkash xalqi madh etilar edi.

Shu jihatdan, uning “Vatanim” deb nomlanadigan termasi diqqatga sazovordir:

 

Senga gʻanim boʻlgan – menga ham gʻanim,

Oʻlanlarim – yuraklarda zabonim.

Omon boʻlsin suyanganim, suyganim,

Tinchlik qasri – mehribonim Vatanim.

Ona-Vatan senga boʻlsin sharaf-shon,

Taʼrifingni kuylar Qashqa-Zarafshon.

Tuprogʻingni koʻzga qilib tutiyo,

Sadqa boʻlsin sening uchun jonu tan!

Maxman buvam senga mehr qoʻygan-da,

Mardon buvam seni jondan suygan-da.

Doʻmbirasin bulbul monand sayratib,

Shomurod shoir enajon deb suyganda…

 

Dumbira tilga kirganda, togʻlar entikadi, osmon elanadi, maysalar uzra kuy nurday yogʻilib ohang yuguradi.

Shomurod shoir mahalliy shoirlardan Azim shoir Xoʻjayev, Narzulla baxshi Xolmoʻminov, Oʻsar baxshi Erkayevlarning ijodidan samarali foydalandi. Otasi Togʻay shoirdan doʻmbira chertish, dostonlarni maromiga yetkazib kuylash mahoratlarini olgan boʻlsa, oliy dargoh taʼlimini koʻrgan, hatto chet el sahnalarida kuylab mahorati oshgan dehqonobodlik mashhur Qodir baxshi Rahimovdan koʻp narsalarni oʻrgandi.

Qodir baxshi bilan birga boʻlgan damlarini quyidagicha xotirlaydi: “Qodir baxshi nihoyatda keng qamrovli, bilimdon, baxshichilik sanʼatining barcha sir-asrorlarini mukammal egallagan, madaniyatli, odobli, kamtar, xushfeʼl, bagʻrikeng inson edi. Sheʼr yozish texnikasini, zamonaviy mavzularda termalar toʻqish sanʼatini, katta sahnalarda baxshi oʻzini qanday tutishi lozimligini undan oʻrganar edik. Tom maʼnoda u baxshilarning ustozi edi”.

Shomurod shoir uchun Vatan oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt Qashqadaryodir:

 

Qashqadaryo daryolarning sarasi,

Uni koʻrganlarning kelar havasi.

Kundan-kunga yurtim obod boʻlasi,

Chor tarafdan mehmon kelib qoʻnasi.

Hoy-hoy, oy – y-y-y-y-y…

Hey-hey-yey – y – y – y – y… Rabbimay…

 

Folklorshunoslar Shomurod shoirda tugʻma isteʼdod borligini, kuylash uslubi boshqa baxshi-shoirlardan farq qilishini, oʻziga xos jarangdor original ovozda kuylashini, noyob qobiliyat va yuksak iqtidor sohibi ekanligini koʻp bora taʼkidlashgan.

“Baxshichilikning oʻziga xos uslublari bor. Dehqonobod va Chiroqchi uslublari bir-biridan farq qiladi. Ularda umumiy oʻxshashlik boʻlsa-da, bu qadimiy sanʼatning nolasi, qochirimlari oʻzgacha jozibaga ega”, deydi Shomurod shoir.

Baxshining boʻgʻzida qilgan xirgoyisida oʻz ichki kechinmalari, hayot yoʻli, barcha his-tuygʻusi yashiringan. Bu xirgoyi orqali dard-alamini ham bildirish mumkin. “Men shu ichki ovozsiz hech narsa aytolmayman. Oʻzimni qancha majburlasam ham, baribir chiroyli chiqmaydi”, deydi baxshi.

Shomurod shoir qatagʻon yillarining zoʻravonliklari, amaldorlarning adolatsizliklarini “Mehkam chol” termasi orqali kuylab, xalqimiz orasida mashhur boʻlib ketdi. Unda 1930 yillarda millatimiz orasidan chiqqan Mehkamboy singari laganbardor amaldorlarning odamlar tinchligini, osoyishtaligini, qolaversa baxtini oʻgʻirlaganlari kuylanadi. “Mehkam chol” termasidagi holatlar hayotiy voqe boʻlib, Shomurod shoir oʻz ota-onasining boshidan kechirgan bu hodisalarga oʻzgacha bir dard, alam bilan yondashgan.

 

Qoʻllarimni boylading,

Avaxtaga haydading.

Tor xonaga joylading,

Koʻklamagur Mehkam chol.

Yashamagur Mehkam chol!

 

“Oʻzbekiston” dostoni va “Tinchlik”, “Choʻlquvar”, “Chiroqchi chiroqlari” kabi termalarida tinchlik, osoyishtalik, mehnatga munosabat ulugʻlanadi.

Shomurod shoir istiqlol sharofati tufayli insonlarning turmush tarzi, yashash sharoiti yanada yaxshilanib borayotganidan faxrlanadi va termalarida ona Vatanini toʻlib-toshib kuylaydi. Oʻzbekistonning gurkirab rivojlanib, kundan-kunga chiroy ochib borayotganidan, odamlarning erishayotgan yutuqlaridan quvonadi.

Shomurod shoir kuylaganda inson kalbida joʻsh urib yotgan orzular junbishga keladi, oʻziga xos jarangdor va shirali ovozidan muxlislar olam-olam zavq-shavq oladilar.

 

Norqizil KENGBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.