Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati

0
267
marta koʻrilgan.

 Halqimizning taniqli shoiri Azim Suyun haqida hali maktab oʻquvchisi boʻlgan paytlarimdayoq eshitganman, sheʼrlarini sevib oʻqir edim. Shoirning hech kimga oʻxshamaydigan oʻz ovozi, oʻz soʻzi borligiga hamisha havas qilaman. 

Ha, Azim Suyun – haqiqiy shoir. Ona yurtimizni, tanti va mehnatkash xalqimizni, goʻzal va betakror tabiat, musaffo osmon, daryolar, koʻllar, sharsharayu buloqlarga boy oʻlkamizning rango-rang hayvonot, oʻsimlik dunyosini jondan ortiq sevadigan, nainki sevadigan, bularning borini tabiat akademigiday biladigan, tabiat jonkuyari, zabardast adibdir. Shuni aytish joizki, Azim akaning birorta sheʼrida sunʼiylik, yasamalik yoʻq. Hammasi tabiiy, kuchli, bari sheʼrlarida daryolarday joʻshqinlik, togʻ kiyiklariday goʻzallik, ming yillik chinorlar yangligʻ sobitlik mujassam…

90-yillarda yozilgan bir sheʼrida “Mening sodiq yoʻlbosh­chim Boʻri”, deb yozadi u. Darhaqiqat, shoir yuragiga Vatan tabiati shu qadar singib ketganki, togʻu-toshlar, choʻlu-dashtlarning sehri, tarovati, dardu-gʻamlari deyarli har bir asarida aks etadi.

Garchi kamina bir adabiyotshunos olim yoyinki sheʼriyat haqida sharhlar yozadigan maxsus mutaxassis boʻlmasam-da, sheʼrni sevib oʻqiydigan oddiy oʻquvchi sifatida ishonch bilan aytamanki, Azim Suyun chinakam xalq suygan shoir, sheʼrlari esa yorqin va oʻlmas asarlardan iborat. Binobarin, Azim Suyun dunyo adabiyotining eng koʻzga koʻringan shoirlari bilan ham boʻylasha oladigan, oʻzbekning oʻzligini koʻrsata biladigan joʻmard ijodkordir!

Shoirning “Turonyurt” deb atalgan sheʼri shunday boshlanadi:

 

Menga ayting chegara nima?

Mustabidlar topgan oʻyindir.

Suzib borar ufqda kema,

Butundir Turonyurt, butundir!

 

Yoki shoir 40 yoshlarida bitgan quyidagi satrlarini Vatan haqida yozilgan eng sara sheʼlardan desak xato boʻlmaydi:

Qadim, erka soylardan oqib kelar gul isi,
Olma gulining isi, zardoli gulin isi.
Yulduzlarmi, oylardan qalqib kelar gul isi,
Jiyda gulining isi, qaroli gulin isi.
Gullar atrin taratgan togʻimsan, Vatan, oʻzing,
Koʻngillar qulfin ochgan bogʻimsan, Vatan, oʻzing!

 

Tonglar erta otadi, mastona bulbul kuyi,
Osmon biram yoyilgan, tunlar biram charaqlar…
Apgʻumoqlarni koʻmar bugʻdoyzorlarning boʻyi,
Oʻzbek dalalarida tillo javzo yaraqlar.
Rizq-roʻzim butun doim, qarogʻim, Vatan, oʻzing,
Koʻkdagi bir quchoq oy – charogʻim, Vatan, oʻzing!

 

Yoz chillasi yondirar, qurib qoldi soyloqlar,
Dashtu sahrolar uzra oʻralib uchar quyun.
Qiru adirlar aro sokin mudrar qishloqlar,
Jirnalar, jarliklarda qoʻy-qoʻzilar olar tin,
Toʻrgʻayi chuldiragan qishlogʻim, Vatan, oʻzing,
Mayli, yoʻllari toshloq, toshlogʻim, Vatan, oʻzing!

 

Ipak mezonlar uchar, yursang yuzga ilashar,
Sogʻintirdi koʻp uzoq kuzning namxush havosi.
Bolalar bir-biriga qilishar yantoq hashar,
Paxta paykallarida bobosi-yu momosi.
Nasibasi halolim – tuprogʻim, Vatan, oʻzing,
Mehnatlari jannatli – oppogʻim, Vatan, oʻzing!

 

Choʻqqilarni qor bosdi, koʻrdim olis-olisdan,
Yuragim hapqiradi, qish erur sevgan faslim.
Qani, siz, hey joʻralar, oling mayiz, qand-qursdan,
Yuksakliklardan koʻring bu Vatan boʻyi-bastin!
Dilim, tilim, qoʻlimda yarogʻim, Vatan, oʻzing,
Ona yurt, ota makon – bayrogʻim, Vatan, oʻzing!

 

Shunday qaynoq mehrga toʻla satrlar muallifi Azim Suyunday shoir ijodiga ayting, mehr qoʻymay boʻladimi?! Bu sheʼrlarni oʻqiganda butun vujuding yayraydi, zavqlanasan, hayratlanasan…

Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati. Bu hikmat sirini, ehtimol, shoirning oʻzi ham toʻla anglamas. Ammo uning isteʼdodi kuylatadi. Ulugʻlar aytganidek, shoirlar bor mehnat, harakat bilan satrlar bitadi. Shoirlar borki, ular yozgan bitiklar selday guvillab toʻlib-toʻlib keladi. Azim Suyun sheʼriyati keyingisi – baland choʻqqilardan, togʻlardan goʻyo sel boʻlib quyiladigan qor suvlariday toza, shaffof tuygʻularga oʻxshaydi.

Albatta, oʻsha paytlar, yaʼni oʻquvchilik paytlarimda, aytaylik, kimdir menga: “Bir kun kelib Azim aka bilan birga ishlab, shu shoirdan saboq olasan” – deganda bu gapga ishonarmidim, yoʻqmidim, bilmayman. Ammo hech kim menga bu “bashorat”ni aytmagan boʻlsa-da, taqdirning inoya­ti ila Azim aka bilan bir muddat birga mehnat qilish baxtiga erishganman. Tabiiyki, shoirning sodda, ishonuvchan, shu bilan birgalikda mard, jasoratli muharrir boʻlganiga guvoh boʻldim. Shu bois, “Oʻzbekiston ovozi”da ishlagan paytlarimdagi ayrim ish faoliyatimga doir voqealarni juda koʻp eslayman.

Oʻshanda Termiz shahrida viloyat gazetasida ishlardim. 1998 yili Surxondaryo viloyati boʻyicha muxbir boʻlib ishga oʻtish niyatida “Oʻzbekis­ton ovozi” gazetasi tahririyatiga keldim. Oʻta jiddiy, qovoqlari soliq, salobat va viqor bilan “Xush, keling”, deyishi kerak boʻlgan Bosh muharrir, yoʻq, xuddi meni oldindan biladigan, tanish odamday, “E, keling Abdurasul, ishlar qalay?”, deya ochiq chehra bilan qarshi olgan, soʻng birdan Surxon odamlari, togʻlari, daryolari, taniqli polvonlariyu, ovchilarigacha, Surxondaryo togʻlaridagi buloqlaru, sharsharalar, koʻp ming yillik chinorlaru archazorlar haqida soʻzlay ketdi.

Ochigʻi, men bular haqida deyarli hech narsa bilmas ekanman. Holatimga qarab Azim aka “Ha, mayli, siz yaxshi-yaxshi narsalarni yozing, oʻtkir tanqidiy-tahliliy maqolalar yozish kerak. Lekin, yozganlaringiz xolis, adolatli boʻlishi kerak. Shuni unutmang!” deb qoʻshib qoʻydi.

“Oʻzbekiston ovozi”da viloyat muxbiri sifatida ishlay boshladim. Bilasizmi, qaysiki nashrning rahbari jasoratli, mard va oʻtkir soʻzli inson boʻlsa, oʻsha nashrning baxti aslida shu. “Oʻzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarining oʻrni, obroʻsi Azim Suyun bosh muharrir boʻlgan yillar hech qanday mubolagʻasiz juda baland edi. Shuning uchun ham juda koʻp odamlar gazeta tahririyatiga turli masalalar, muammolar boʻyicha yordam soʻrab murojaat qilishardi. Aytaylik, bir amaldorning nohaqlik, adolatsizligi ustidan boʻladimi yoki nohaq, sababsiz ishdan boʻshatilganimi, yo boʻlmasam sud-huquq sohasidagi turli nayranglar, qoʻyingki, bularning bariga “Oʻzbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarida hazilakam chiqishlar qilinmagan! Oʻsha yillardagi gazeta taxlamlari bunga tarixiy isbot. Qaysidir donishmand aytgan ekan: “Gazeta – millatni tiriltiradi”, deb. Haqiqatdan Azim aka bosh muharrir sifatida boshqa gazetalar chop qilolmagan oʻtkir fel­etonlar, tanqidiy-tahliliy maqolalarni hech ikkilanmasdan berib yuborardi.

Bir maqolaning chop qilinishi xuddi kechagidek yodimda. Bilasiz, dehqon, paxtakorlarning mehnatiga haq toʻlash, ular yetishtirgan hosilga yarasha pulini toʻlab berish ogʻriqli muammolardan biri boʻlgan. Xullas, koʻp dehqonlar, yer egalari bilan suhbat qurib, qolaversa, oʻzim ham bir dehqonning bolasi, qishloqda oʻsib-ulgʻayganligim sababli bu mavzu men uchun “Amerika ochish”dek yangilik boʻlmasa-da, har qalay ancha-muncha “nozikroq” mavzuga qoʻl urgandim. Yaʼni, dehqonning oʻz puliga oʻzi xoʻjayin emasligi toʻgʻrisida “724 vagon” deb nomlangan maqola yozdim. Oʻsha kunlari barcha viloyat muxbirlari yigʻilishi sabab Toshkentga – tahririyatga kelgandik. Yigʻilish tugagach, Azim akaga yozgan maqolamni topshirdim. U kishi shu zahoti erinmay oʻqib chiqdi. Soʻng, “Oʻ, bu zoʻr mavzu-ku. Iqtisodiyotga taalluqli ekan-a. Banklarga ham tegishli joylari bor ekan. Shuning uchun Xolmurodni ham chaqiraylik. U ham oʻqib, oʻz fikrini aytsin”, deb u kishini xonasiga chaqirtirdi. Ochigʻi, “fik­rini olaylik”, deb aytayotgan kishi jurnalist yoki oʻrinbosarlar emas, tahririyat bosh hisobchisi Xolmurod Qodirov edi. Bunga hayron qoldim. Koʻnglimdan kechgan oʻyni uqqandek Azim aka tushuntirdi: “Xolmurod baribir bugʻoltir, moliya sohasini yaxshi tushunadi. Manovi schyot, transh-pranch degan gaplarni u yaxshiroq biladi-da. Oʻqitaylik, uyam bir balo, hamma narsaga aqli yetadi”.

Oradan 4-5 daqiqa oʻtib Xolmurod aka xonada paydo boʻldi. Azim aka maqolani Xolmurod akaga oʻqitib, ayrim fikrlarni olgan boʻldi. Kun kech boʻlayozgan, gazetada sahifalash ishlari yakunlanayotgan edi. Azim aka masʼul kotibni chaqirib: “Manavi maqolani bugungi nomerga, 1 sahifaga qoʻyinglar”, deb topshiriq berdi.

Rostini aytsam, shoshib qoldim. Maqola gazetaning birinchi sahifasiga joylashtirildi. Termizga qaytishim kerak edi. Yoʻlga tushishdan avval Azim akaning huzuriga kirib: “Azim aka, maqolani birinchi betda bermasangiz” deya iltimos qildim. Aka menga qaradi. 

– Nega endi?, – dedi baland ovozda.

Maqolaning sal siyosiyroq tomoni bor-da, shunga ichki sahifalarda “yashiribroq” berilsa ham boʻlardi, – dedim mingʻirlab.

Shunda Azim aka koʻrsatkich barmogʻini tik qilib, soʻz qotdi:

– Yoʻq, hamma gap birinchi sahifada berishda! Eʼlon qilsak, faqat shunday koʻrsatib bosishimiz kerak!

Bosh muharrirning bunday bagʻrikengligi, jasoratli boʻlishini tushungan tushunadi, tushunmagan tushunmaydi!

Oradan picha vaqt oʻtib, telefonda gaplashganimda Azim aka: “Abdurasul, anovi “Vagon” haqidagi maqolangizni rostdan ham ichki sahifada bersak boʻlar ekan, rosa boshogʻriq boʻlyapti-da”, dedi.

 

***

Yuqorida aytganimdek, jasoratli va mard, tanti inson boʻlishiga qaramay, bosh muharrir Azim Suyun juda sodda, ishonuvchan, koʻngilchan odam. Doim eslab yuradigan voqealardan biri  “vertolyot voqeasi”  boʻlgan.

Kunlarning birida Azim akaning qabulxonasidan qoʻngʻiroq boʻldi.

Sizni bosh muharrir soʻrayotgandi, deyishdi.  

Azim akaning ovozida chinakam shoirlarga xos koʻtarinkilik va hayajon joʻsh urib turardi. Menga:

– Ayting-chi, Oʻzbekistonning eng baland choʻqqisi qayerda joylashgan, bilasizmi?  – dedi.

Bu haqda aniq maʼlumotga ega boʻlmasam-da, Azim aka mendan bu haqda bejiz soʻramayotganini fahmlab, “Surxondaryoda, albatta” dedim. “Toʻppa-toʻgʻri!” dedi Azim aka xursand boʻlib, bilar ekansiz, yashang, dedi. Soʻngra yana davom etdi:

– Ha, Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi Sariosiyo togʻlaridagi – Xoʻjapiriyax choʻqqisi boʻladi. Biz “Oʻzbekiston ovozi”da Vatanimizning eng baland choʻqqisidan reportaj tayyorlaymiz. Shaxsan oʻzim bormoqchiman. Shunga siz kelasi hafta bir vertolyot gaplashib qoʻysangiz, u togʻlarga yetib borish oddiy transportda qiyin kechadi!” Soʻzlashuv nihoyatda koʻtarinki ruhda edi. Men ham: “Xoʻp boʻladi, Azim aka”, deb goʻshakni qoʻydim. Ammo biroz vaqt oʻtgach, daʼfatan oʻyga toldim. “Azim aka, menga vertolyot topib qoʻying dedimi, yo yanglish eshitdimmi? Ha-ya, ulovda uch-toʻrt kunlik yoʻl, borish qiyin, vertolyot kerak dedilar-ku”.

Toʻgʻrisi, oʻylanib qoldim. Endi vertolyotni qanday topaman? Axir bor-yoʻgʻi, bir viloyat muxbiri boʻlsam, mashina boʻlsa-ku bu boshqa gap. Lekin bosh muharrirga “Xoʻp dedim, demak biror yoʻli bordir”. Ertasi kuni viloyat hokimiyatiga bordim. Oʻsha paytlari viloyat rahbari Joʻra Noraliyev degan kishi edi. Joʻra akaning asl kasbi oʻqituvchi boʻlib, ancha sodda, oddiy odam edi.

Xullas, viloyat hokimi qabuliga kirib, Azim akaning gaplarini jiddiy turib yetkazdim. Joʻra aka meni diqqat bilan eshitib, boshini xoʻp degandek chayqadi. Lekin bir zum oʻtgach, hokim ham oʻylanib qoldi. 

Vertolyot, vertolyot! Hozir!, – deya katta stoli chetidagi qatorlashib qoʻyilgan telefonlardan birini koʻtardi.

Menga chegara qoʻshinlari okrug qoʻmondonini ulang.

Kommutator shu topda qoʻmondonni ulab bera olmadi. Boya aytganimdek, viloyat hokimimiz ham sodda, doʻlvarroq kishi edi. Shu bois, masalaga jiddiy yondashayotgandi.

Siz boravering, men gaplashib koʻray, sizga yordamchim telefon qiladi, – dedi.

Rahmat aytib rahbar qabulidan chiqdim. Vertolyot masalasini deyarli hal qilib qoʻydik. Endi Azim aka Surxonga kelaversa ham boʻladi…

Ertalab viloyat hokimining yordamchisi meni izlayotganini aytishdi. Tushundim. Vertolyotni qaysi kunga “band” qilish kerakligini soʻrashadi. Lekin, ming afsuski, bu masala biz oʻylaganchalik oson ish emas ekan. Vertolyot ajratish faqat maxsus ruxsatnoma bilan boʻlar ekan. “Azim akaga uzrimni aytib qoʻying, lekin nechta yengil mashina kerak boʻlsa, marhamat, hal qilib beramiz”,  debdi Joʻra Noraliyev.

Shubhasizki, bu gaplarni bosh muharrirga aytishim kerak edi. 

– Azim aka, haligi vertolyot masalasi…

Telefon goʻshagidan Azim akaning guldiragan ovozi eshitildi.  

– Ha, keyin oʻzim ham oʻyladim. Bu masalani viloyat miqyosida hal qilish oson emas deb. Ha, mayli, balki oʻzim bu yerda tegishli joylar bilan gaplashib koʻrarman…

Chindan hafta – oʻn kun oʻtib Azim aka Surxondaryoga bir nechta ijodkorlar bilan keldi. Rostdan ham Oʻzbekistonning eng baland choʻqqisi sari yoʻl oldik. Faqat vertolyot bilan emas, Sariosiyo tumanigacha avtoulovda, keyin togʻ yoʻllari oralab, “UAZik”da ancha yoʻl bosdik, soʻngra togʻlik odamlarning ot-eshaklari bilan Osmontalash togʻlariga chiqqanimiz, xuddi kechagidek koʻz oldimda. 

Ochigʻi, Surxon diyorida voyaga yetib, umuman Surxondaryoni bilmasligimni ana shu safarga chiqib bilganman. Bir necha kunlik togʻ daralari boʻylab safarimiz bir-biridan ajoyib, unutilmas voqealarga boy kechgan. Ona Vatanimizning betimsol tabiati, goʻzalligi maftun etgan. U togʻlarda oʻsuvchi oʻnlab, yuzlab turfa xil oʻsimligu oʻt-giyohlar, daraxtlar… Ularni men oʻsha paytgacha hech qayerda koʻrmagan, xatto nomlarini ham eshitmagan, biror manbada oʻqimagan edim. Masalan, oʻzi biroz shoʻrtak, ammo aslo nordon emas, lekin juda kichkina, yongʻoqdan sal kattaroq keladigan, tishlasangiz qarsillab ketadigan, nihoyatda suvli, nafaqat tashqi koʻrinishi, xatto ichki tarafi ham qizil boʻlgan olma navini – “Xuboni” deb atasharkan. Gʻuj-gʻuj hosilli tabiiy olmazorlar, necha yuz yoshli yongʻoqzorlaru pistazorlar, necha ming yoshli archazorlar qoʻynidan yuqoriga – eng baland togʻlar sari uch-toʻrt kunlab ot-eshaklarda chiqib bordik.

Azim aka bizga bu togʻlar haqida, bu yerda oʻsadigan ming dardga davo giyohlar haqida xuddiki oʻrmonchilarday maʼlumot berib borardi. Ushbu safar taassurotlari “Oʻzbekiston ovozi”ning bir necha sonlarida chop qilingan edi.

 

***

Azim Suyun togʻ farzandi boʻlgani bois, togʻu-dashtlar jonu dili desak mubolagʻa boʻlmaydi. U kishi nafaqat yozgan sheʼrlarida, aslida hayotda ham chinakam tabiat shaydosi. Ulugʻ shoirlarimizdan biri bir paytlar hazil bilan katta minbardan turib Azim aka haqida “Oʻrmonchi shoirimiz” deganida ham qandaydir haq edimi deb oʻylayman. Sababi oʻrmonlar, togʻlar, daraxtlar va umuman tirik tabiat ustoz shoirning hayot mazmunidir. Shu oʻrinda yana bir voqea yodimga tushdi.

Surxon vohasiga qilgan safarlarining birida Azim akaning xizmat mashinasida togʻli Boysun tumanining past-baland hududlaridan oʻtib borayotgan edik. Yoz fasli edi, kun ancha dim, bosh muharririmizning haydovchisi esa juda epchil yigit boʻlib, togʻ yoʻllaridan ham taxminan 80-90 km. tezlikda mashinani yeldek uchirib borardi. Bir payt Azim aka toʻsatdan:

– E, toʻxtat!, – deb haydovchisiga buyruq berdi. 

Men nima boʻldi ekan, deb deyarli sapchib tushdim. Mashinaga qattiq tormoz berildi. 10-15 metr oʻtib toʻxtadik. Mashinadan tushgan Azim aka asfalt yoʻlning narigi tarafiga oʻtdi, 10-15 metr orqaga yurib, “Oh, buni qaranglar, essiz, essiz” deya oʻlib yotgan katta bir qushga qarab achinardi.      

Burgut shekilli, mashina oynasiga urilgan boʻlsa kerak, – dedi hamrohlarimizdan biri.

Shu payt Azim akaning yuziga qaradim. Uning yuzida ulkan bir fojiaga duch kelgan odam qiyofasi mujassam edi.

Bu qush burgut emas, ukki. Koʻplar ukkini – boyqush deb oʻylaydi. Bu notoʻgʻri. Ukki boshqa xil qush, toʻgʻri boyqushlar oilasiga mansub. Lekin boyqush emas. Qadimda, ayniqsa, Xorazm tomonlarda malikalar bosh kiyimlariga shu qushning patlaridan toj qilib tikishgan, raqqosalarning doʻppilarida hozir ham boʻladi-ku…

Yoʻlda ketayotib Azim akaning ancha sinchkov, eʼtiborli odam ekanligini his qilib borardim. Biz ahamiyat bermagan toshni yorib unib chiqqan yolgʻiz daraxtnimi, yo yoʻl chetidagi biror haykalnimi yo boʻlmasam, kichik boʻlsa-da, sizib chiqayotgan togʻ bagʻridagi buloqchani deysizmi, bularning barini birinchi boʻlib Azim aka payqardi… Shundan ham ayon ediki, biz sodda deb bilgan Azim Suyun aslida oʻta sezgir, eʼtiborli, nigohi oʻtkir odam. Biz parvoyi falak yoʻlda ketayotirmizu, shundoq roʻparamizdagi moʻjizalarni nechundir koʻrmasdik…    

 

***

Bugungi kunda oʻzbek adabiyotini shak-shubhasiz Azim Suyunsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shoirning har yili yangi-yangi kitoblari chop qilinmoqda. “Saylanma”lari qoʻlma-qoʻl boʻlib ketyapti. Bu nimadan dalolat? Menimcha, xalqqa yaqinlikdan. Odamlarni, ona yurtni, uning boru-yoʻgʻini borligicha sevishdan, Vatanga cheksiz muhabbatdan deb oʻylayman.

Yana eski bir gap: hamma yaxshi ijodkor ham yaxshi inson boʻlmasligi mumkin. Bunga tarixdan ham, bugundan ham istagancha misollar keltirish qiyin emas. Lekin Azim Suyun inson sifatida ham qalbi keng shaxs. Unga berilgan tolening yorugʻligi, yuksakligi ham shunda boʻlsa, ajab emas.

Takror boʻlsa-da, aytgim keladi, ustoz bilan bu hayotda ozmi-koʻpmi birga mehnat qilish baxtiga muyassar boʻlganimdan, zamondosh boʻlganimdan oddiy jurnalist sifatida oʻzimni oʻktam sezaman.  

 

Abdurasul JUMAQUL

 

 

“Ijod olami”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.