Shiddat

0
384
marta koʻrilgan.

Otoiyni oʻqiganmisiz?

 

Oltmish uchinchi yilning bahor oylari edi. Sharqshunoslik institutining dastxatlar xazinasidan qoʻlyozma olib, qiroatxonada oʻtirgan edim. Soat oʻn birlarga yaqin chap qoʻlida bir kitobni koʻkragiga bosibroq ushlab olgan (keyin bilsam, shu qoʻli urushda yaralangan ekan) koʻzlari chaqchayib turgan, koʻrinishda hamisha jonsarakday, baland boʻyli, barvastaroq 45-50 yoshlardagi odam kirib keldi.

U mening oʻng tomonimdagi stulga oʻtirib, kitob mutolaa qila boshladi. Bir oz oʻtgach, qoʻqqisdan:

– Mulla, qaysi institutda ishlaysiz? – deb soʻrab qoldi.

– Oʻqiyman, Nizomiy nomidagi pedinstitut aspirantiman.

– Rahbaringiz kim, mavzuingiz nima?

Ilmiy rahbarimni aytdim.

– “Shohnoma”ning oʻzbekcha tarjimasi haqida ilmiy ish yozmoqchiman.

– Nega u kishi sizga rahbar boʻladi? U manbashunos emas, eski dastxatlarni oʻqiy olmaydi.

– Yoʻgʻ-e, nega bunday deysiz? Aspiranturaga kirish paytida meni Navoiy ruboiylarining qoʻlyozmasidan oʻqitib koʻrganlar.

– Bilmadim. Boʻlsa-boʻlaversin. Ammo u kishi Ahmad Yassaviyni “mistik shoir” degan. Bu notoʻgʻri, – dedi jahl bilan.

– Ha, aytmoqchi, Otoiyni oʻqiganmisiz? – yana gapida davom etdi suhbatdoshim.

– Oʻqiganman. Uning sheʼrlar devonini Ergash Rustamov nashrga tayyorlagan.

– Gʻazallaridan yod bilasizmi?

– Bilaman!

– Oʻqing-chi?

Jamoling vasfini qildim chamanda,

Qizordi gul uyottin anjumanda.

Yana oʻqing!

Qoshlaring yosin Otoiy koʻrgali husn ichra toq,

Subhidam mehroblarda surai Yosin oʻqir.

Ana shu Ergash Rustamov biz boʻlamiz, mulla.

Shu-shu Ergash aka bilan doʻst boʻlib qoldik. Olim 50-yillarning boshlaridan oʻzbek adabiyotining hali kam oʻrganilgan davri – XV asrning birinchi yarmidagi oʻzbek sheʼriyatini tadqiq etish bilan jiddiy shugʻullana boshladi. Natijada “Oʻzbek adabiyotida munozara janri va uning tarraqqiyotida Yaqiniyning oʻrni” nomli yirik tadqiqot yuzaga keldi. Unda munozara janrining oʻziga xos tabiati, sanʼatkor gʻoyaviy niyatining majoziy timsollar orqali badiiy ifodalanish sehri teran ilmiy tahlil etilgan. Ayrim adabiyotshunoslarda munozara oʻzbek adabiyotiga arab hamda fors-tojik adabiyotidan oʻtgan, degan aqida bor edi. Ergash Rustamov Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk” asari hamda boshqa dalillarga asoslanib, oʻzbek adabiyotidagi bu janrning ildizi xalq ogʻzaki ijodiga borib taqalishini asoslab, isbotlagan.

U juda tezkor, shoshilib yurar, tez-tez gapirar, shiddat bilan ishlardi.

Oʻsha yillari Ergash aka koʻhna dastxatlarni nuktadonlik bilan oʻrganib, Otoiy, Lutfiy, Sakkokiylar sheʼriyatining asl nusxalari asosida izlanishlar olib bordi. Ana shu zahmatkashlik mahsuli oʻlaroq Otoiy devonining ilk nashri yuzaga keldi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur davrda oʻzbek matnshunosligi hali katta tajribaga ega emas edi. Shu tufayli klassik matnlar nashrida koʻp nuqsonlarga yoʻl qoʻyilib, matbuotda turli bahslar paydo boʻlar edi. Otoiy devonining mazkur nashri har jihatdan mukammal, tanqidiy matnga yaqinligi bilan ilm-adab ahlining eʼtirofiga muyassar boʻldi. Unda noshir shoir ijodiy biografiyasini noyob manbalar, tazkiralarga asoslangan holda yaratishga erishgan; gʻazallarning oʻq mavzusi, obrazlar silsilasi, gʻoyaviy yoʻnalishini aniq koʻrsatib bera olgan. Xususan, Otoiy gʻazallaridagi ishq koʻp qirrali ekanligiga olimlar diqqatini jalb etib, lirik qahramon ruhiy olami masalasi yaxshi tahlil qilingan. Nashr oxirida gʻazallarda uchraydigan nomlar, atama, ibora va qiyin tushuniladigan soʻzlar izohi berilgankim, ular oddiy kitobxongagina emas, balki mumtoz sheʼriyat tahlili bilan mashgʻul ilmiy xodimlarga ham katta maʼrifat beradi. Xullas, lugʻat va izohlar ham noshirning chuqur ilmiy salohiyatidan darak berib turadi.

 

 

Zahmat zinapoyalari

 

Kunlardan bir kuni qizgʻin, suhbat asnosida:

– Ergash aka, siz asli qayerliksiz? – deb soʻrab qoldim.

– Ha, sizga mening qayerdanligim nega kerak boʻlib qoldi?

– Shunday, oʻzim bilib olay devdim, ustoz-shogirdday boʻlib qoldik.

U kishi: – Men oʻzbekman, – dedilar-da, oʻz sarguzashtlarini gapirib berdilar: – Men 1925 yili Chimkent viloyatining Sayram tumanida dehqon oilasida dunyoga kelganman. Oʻrta maktabni tugatgandan soʻng bir oz vaqt kolxozda traktorchilik qildim, oʻzga yurtlarni kezib chiqdim; bir necha yil Tojikistonda yashadim; ikkinchi jahon urushida qatnashib, 1943 yili chap qoʻlim nogiron boʻlib qaytdim. ToshDUning Sharq fakultetini tugatgach, Moskvadagi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsil koʻrdim va 1959 yili nomzodlik desertatsiyasini himoya qildim. 1964 yilgacha shu institutda ilmiy xodim vazifasini oʻtadim. Moskvada tinimsiz mehnat qilishga, vaqtni qizgʻanishga toʻgʻri keldi. Natijada Bertels domla saylanmasining 4-jildi – “Jomiy va Navoiy”ni mukammal izohlari bilan nashrga tayyorladim; “Oʻn beshinchi asrning birinchi yarmidagi oʻzbek sheʼriyati” nomli risolamni nashr ettirdim. Bu yillar mening ijodimda eng mashaqqatli va sermahsul yillar boʻldi. Zeroki, men oʻzbek adabiyotining hali oʻrganilmagan davri haqida birinchi sarchashmalardan koʻplab dalillar toʻpladim, yangi dastxatlarni qoʻlga kiritdim. Arab va fors-tojik adabiyoti buyuk siymolari ijodini oʻzbek sheʼriyati bilan qiyosiy-tipologik tahlil uchun mukammal oʻrganib chiqdim. Bu yogʻini oʻzingiz koʻrib-bilib yuribsiz.

Haqiqatan ham, Ergash Rustamov 1964 yildan boshlab Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutining klassik adabiyot boʻlimiga ishga oʻtdi. Tinib – tinchimas olim oʻzi tanlagan mavzuga sodiq qolib, XV asrdagi oʻzbek sheʼriyatini janr, tema, obrazlar tizimi, gʻoyaviy yoʻnalish, sanʼatkorlik mahorati, ayrim anʼanaviy timsollaru badiiy unsurlar jihatidan arab hamda fors-tojik adabiyoti bilan atroflicha qiyosiy oʻrganishga kirishdi. Endi u kishini har kuni Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qiroatxonasidan topardingiz. Hamon u koʻhna dastxatlarga mahliyo; hali qarasangiz qorilardek hikmat oʻqiyotgan, boshqa bir kun qarasangiz Gadoiy devonidan mumtoz bir baytni koʻchirib olayotgan yoki Sakkokiy qasidalarini Sharqning boshqa mashhur qasidanavis shoirlari asarlari bilan qiyoslayotgan boʻladi yo boʻlmasa, Yassaviy hikmatlarining dastxat va nashriy nusxalarining solishtirma mutolaasi bilan band boʻlardi.

Olimning bir necha yillik mehnatining mahsuli boʻlmish “Oʻn beshinchi asrning birinchi yarmidagi oʻzbek sheʼriyati” kitobi koʻp jihatlari bilan adabiyotshunoslarning diqqatini oʻziga tortdi. Dastlab shuni taʼkidlash kerakki, tahlilga jalb etilgan dalillar – asarlarning barchasi turli dastxatlar xazinalaridan yangi topilgan kashfiyotlar edi. Ikkinchidan, nozikbin matnshunos har bir asarning mavzu, mundarija, gʻoyaviy yoʻnalishini koʻzdan kechirar ekan, ularni qay yoʻsinda, qanday libosda, uslubda tasvirlanganligiga – sanʼatkorlik mahoratiga eʼtibor bergan. Uchinchidan, oʻzbek gʻazaliyoti arab, fors-tojik hamda turk adabiyotlari bilan qiyosiy-tipologik usulda tekshirilar ekan, oʻzaro taʼsir, sayyor syujet, timsol va mavzularni anʼana va oʻziga xoslik qonuniyatidan kelib chiqib baholagan. Va nihoyat, Ergash Rustamov ushbu asarida hamkasblari orasida birinchi dafʼa oʻzbek mumtoz sheʼriyatiga xalq ogʻzaki ijodi asarlarining barakali taʼsirini sinchkovlik bilan tekshirgan va jiddiy ilmiy xulosalar chiqargan. Uning bu boradagi nazariy mulohazalari keyinchalik doʻstlari va shogirdlariga qoʻl keldi.

1967 yilning mart oyi kunlaridan birida Ergash aka ishlaydigan boʻlimga kirib borsam, domla nimanidir yozib oʻtirgan ekan. Salom-alikdan soʻng:

– Avtoreferatim chiquvdi, sizga olib keldim, – dedim.

– I-ye, referatingiz ham chopqillab chiqa qoldimi? – miyigʻida kuldi Ergash aka.

– Siz fotiha bergandan keyin chiqadi-da, – dedim bir oz sergaklanib.

– Boʻpti, koʻrib chiqaman, – deb avtoreferatni olib qoldilar.

Besh kun oʻtgach, institut yoʻlagida tursam, Ergash aka koʻchadan kirib keldi. Salomimga alik olgach:

– Mana taqriz. Buni siz uchun ham, ustozingiz uchun ham emas, ilmingiz uchun yozdim, – dedi. Taqriz loʻnda, ammo gʻoyatda samimiy, ilmiy teran yozilgandi. U kishining tezkorligiga qoyil qoldim.

Darvoqe, Ergash akaning betinim zahmatining hududi yoʻq edi. Bu orada u “Oʻzbek qomusi”ga maqolalar yozdi; besh jilddan iborat “Oʻzbek adabiyoti tarixi” – ni yaratishda ishtirok etdi. Olim oʻsha yillardayoq boy adabiy merosimizni “diniy mistik adabiyot”, “feodal-klerikal adabiyot” deb chiqitlarga chiqazib oʻrganishga qarshi chiquvdi. Ana shu aqidalarga sodiqligi tufayli dastlab “Ahmad Yassaviy” degan maqolasi “Toshkent oqshomi” gazetasida, soʻngra “Ahmad Yassaviy hikmatlarida tarix va hayot sadosi” “Oʻzbek tili va adabiyoti” (1972,4-5-6 sonlar) jurnalida bosildi. Olimning har bir maqola va tadqiqotida oʻziga xos kashfiyot, yangilik boʻlganidek, bu yerda ham Yassaviy shaxsiyati, ilmiy, adabiy muhit, hikmatlarining mohiyati xolis, teran tekshirilgan; ayrim hamkasblarining Yassaviyni “mistik”, “tarkidunyochilik gʻoyasini targʻib etgan” degan fikrlarining asossiz ekanligini isbotlagan; hikmatlarning irfoniy, maʼrifiy mohiyatini toʻgʻri koʻrsatgan. “Biz bu maqolani yozishda, – deydi muallif, – birinchi galda Ahmad Yassaviy yashagan tarixiy sharoit va hayotni oʻzida aks ettirgan hikmatlarni tahlil etishga, ularning tarixiy, adabiy, falsafiy ildizlarini aniqlashga harakat qildik” (Oʻsha jurnal, 4-son, 21-sahifa). Kommunistik mafkuraning “har bir milliy madaniyatda ikki xil madaniyat bor” degan aqidasi hukmfarmon boʻlgan bir davrda shoir hikmatlarining “falsafiy ildizlarini” aniqlamay turib, uni toʻgʻri anglash mumkin emasligini dadil aytish katta jasorat edi.

Shundan soʻng olimning “Bertels domla”, “Lutfiy”, “Sakkokiy” singari bir necha mutlaqo yangi yoʻnalish va qarashlar asosida yozilgan maqolalari eʼlon qilindi. “Malikul kalom” Lutfiyning ijodi filologiya fanlari doktori S. Erkinov hamda filologiya fanlari nomzodi Erkin Ahmadxoʻjayevlar tomonidan xiyla puxta oʻrganilgan. Ergash Rustamov esa shoir lirikasining xalqona ruhi va sehrini alohida nuktadonlik bilan tahlil qilgan.

Maʼlumki, Sakkokiy sheʼrlari sharqshunos Q. Munirov tomonidan nashr ettirildi, majmuayu darsliklarda shoir ijodidan namunalar keltirilib uning gʻazal va qasidalari u yoki bu darajada tahlil qilindi. Ammo shoir asarlarining har tomonlama chuqur tahlili Ergash Rustamov qalamiga mansub. Chunki olim “Sakkokiy” maqolasida birinchi manbalar asosida shoir hayoti va ijodiy biografiyasini tiklashga intilgan, gʻazallarini tematik, gʻoyaviy yoʻnalish va bidiiylik jihatdan yaxlit tahlil etgan, shoir ijodida Hofiz Sheroziy anʼanasini ishonarli misollar orqali koʻrsatgan. Eng muhimi, nuktasanj olim Sakkokiyning ikki qasidasini tahlil etar ekan, ular syujet, tuzilishi tarkibi (nasib, gurezgoh, madh) jihatidan Sharq qasidachiligining barcha talablariga javob berishini koʻrsatgan. Qasidalarda tilga olingan tarixiy shaxslar – Ahmad Hojibek, Xoja Ahmad, Xoja Muhammad Porsoning hayoti va madaniy-adabiy hayotda tutgan mavqei xususida kitobxonlarga batafsilroq maʼlumot beradi. Jumladan, Sakkokiy qasidalarida vasf etilgan “Xoja Muhammad Porso naqshband sulukiga mansub boʻlib, zamonasining fozil kishilaridandir. Uning oʻsha vaqtda juda shuhrat qozongan ajoyib kitobxonasi boʻlgan. Sarchashmalarning guvohlik berishicha, bu kitobxona Boysunqur kitob xazinasidan soʻng ikkinchi oʻrinda turgan”, – deb taʼkidlaydi olim.

 

 

Oʻzbekning fidoyi farzandiman

 

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Ergash aka yaqin oʻn besh yillik kuzatishlarini saralab-yakunlab “Oʻn beshinchi asr oʻzbek sheʼriyatini boshqa Sharq xalqlari (arab, fors, turk) adabiyotlari bilan qiyosiy oʻrganish” degan nom bilan doktorlik dissertatsiyasi sifatida rasmiylashtirib, himoyaga taqdim etdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi tarix, til va adabiyot fanlari boʻyicha doktorlik ilmiy darajasi beradigan ixtisoslashgan kengashda ishning himoyasi boʻldi. Rasmiy va norasmiy hakam sifatida soʻzga chiqqanlar mazkur tadqiqotning ilmiy-nazariy qimmatiga yuksak baho berdilar.

Raislik qiluvchi E. Rustamovga soʻz berdi. U odatdagidek yuragi hapqirgan, olovday yonib turgan bir tarzda shiddat bilan minbarga yaqinlashdi:

– Aziz doʻstlar, men oʻzbekning bir fidoiy farzandiman. Bu ishga mening yigirma yillik umrim ketgan. Uni yaratguncha men ne-ne dastxatlarning changini yutmadim deysiz… Hammangizga tashakkur.

Keyin domla Moskvaga qulogʻi ding boʻla-boʻla kasallanib qoldi. Savil qolgur diplom kelganda esa, huzurini koʻrmay olamdan oʻtdi.

Baʼzi hamkasblarning salohiyatiga mensimay qarashi, tadqiqotlari qadrini astoydil eʼtirof etmasligi, tahlilga jalb etgan dalillariga ishonqiramasligi ham Ergash akadagi qaysarlik, oʻzbek adabiyoti tarixiga oid ilmiy ish faqat birinchi manbalarga asoslanishi lozim, ilm vagoniga “chiptasiz chiqmaslik” kerak, degan aqidasining natijalari edi. Aslida u chin olimni qadrlaydigan, iqtidorli, fidoiy yoshlarning peshonasini silab, yelkasiga qoqadigan rahnamolardan edi. Mana, safdoshlari, hamkasblari u kishi haqida nima deydi:

Akademik Aziz Qayumov:

– Ergash Rustamov tinimsiz ishlaydigan olim edi. Unga ikki buyuk insonning – Bertels domla, Gʻafur akalarning nazari tushgandi. Moskva ilmiy safarida boʻlgan kezlarida sharqshunos Ye. S. Bertels maslahati va rahnamoligida ishlagan. E. Rustamov 1959 yili Otoiy devonini chop etdi. Bir mashhur tilshunos matbuotda katta maqola eʼlon qilib, noshirni shoir taxallusini notoʻgʻri yozishda aybladi. Shunda Gʻafur Gʻulomning “Atoiy emas, Otoiy” maqolasi eʼlon qilindi. Ustozning bu daldasi Ergash Rustamovga qanot baxsh etdi.

Filologiya fanlari doktori, professor I. Abdullayev:

– Biz ToshDUning Sharq fakultetida Ergash aka bilan bir vaqtda oʻqiganmiz. Dorilfununda, moddiy jihatdan qiynalib boʻlsa ham, zoʻr oʻqidi. Forsiy tilni mukammal bilgani, ilmga jiddiy tirmashgani uchun yaxshigina manbashunos boʻlib yetishdi. Shuning uchun ham u kishining risolasiyu maqolalari asl sarchashmalar asosida yozilgan. Ergash aka eng murakkab davrda Yassaviyning ijodiy biografiyasini yaratdi. “Devoni hikmat”ning asl mohiyatini ilm-adab ahliga toʻgʻri koʻrsatib bergan.

Filologiya fanlari doktori E. Karimov:

– Ergash aka tugʻma olim, nuktafahm matnshunosu manbashunos edi. U ilm fidoiysi edi, shu yoʻlda oʻzini ado etdi.

Ergash aka zoʻr kitoblar yozdi, sara maqolalar bitdi. Mana, chorak asrdan ziyod vaqtdan beri ulardan qanchadan-qancha tolibi ilmlar, adabiyot muhiblari bahramand boʻlib, muallif nomini yaxshilik bilan eslab yuribdilar. Bu eng buyuk mukofot. Zero, shoir aytmoqchi, halol, yaxshilik bilan yashagan odam ana shu yaxshiliklari bilan tiriklar tilida hamisha zikr etilib, barhayot yuradi.

 

Hamidjon HOMIDIY

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.