Sher

0
551
marta koʻrilgan.

…Oʻsha kuni Shermuhammad uchuvchi-shturmanlik qilgan vertolyot ekipajiga navbatdagi jangovar topshiriq berildi. MI–8[1] togʻli hududning qiyin sharoitida jangarilar guruhini aniqlab, katta talofat yetkazdi. Biroq jangarilar otgan oʻq vertolyotning oʻng dvigateliga tegib, kutilmaganda boshqaruv yoʻqoldi. Shermuhammad yona boshlagan vertolyotni baland togʻ ustiga yaqinlashtirib, bortdagi barcha askarning sakrashiga imkon yaratib berdi. Oʻzi esa vertolyotni yerga qoʻndirish vaqtida halok boʻldi.

Yangiyoʻlda Munisxon aya pensiyam qoʻlga tegdi, deb xursand; bolaginasi koʻklamda oʻz qoʻllari bilan ekkan pomidor, loviyalardan sumkaga solib, toʻlib-toshib Chirchiqqa otlangandi.

 

Shermuhammad Ashirov

1975 yili Yangiyoʻl tumani Xalqobod qoʻrgʻonida tugʻilgan. 28-maktabda oʻqigan. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ilk bitiruvchilaridan. 2000 yili Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan. II-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.

 

– Ona, sakkizinchi sinfni bitirganman, oʻqitishmagan, ruxsat tegmagan, deyapsiz. Oʻn toʻqqiz yoshda Fayzobodga kelin boʻlib tushibsiz. Cholingiz sizga uylanganida maktabda elektrik boʻlib ishlagan ekan. Toparmon-tutarmoniga tegaman, deb mundoq qarshilik ham qilmabsiz…

– Oddiy oiladan chiqqan boʻlsam… Xoʻjayinim ham oddiy edi. “Avtodorojniy”ga topshirib kirolmagan ekan. Tayyorlov kursiga qolgin deyishsa, qolmagan. Hujjatlarini qaytib olgan. Keyin armiyaga ketgan. Kelib, meni topgan. Oila qurdik. Qishloqda yetti yil yashadik. Yetti yil ichida toʻrt bolali boʻldik.

– Shermuhammad beshinchingiz-da?

– Shu yerga 74-yil dekabrda koʻchib kelgan boʻlsak, yanvarda tugʻilgan. Endi u paytlari davlat uy beribdi, deyishsa qandaydir nomus bilisharmidi, qaynona-qaynotam “Boshqa uy qilamiz” deb yurgani yodimda. Yoʻq, hammasi joyiga tushib ketdi.

Xoʻjayinim bir amallab kirib oldi oʻqishga. Ammo darsga borganidan bormagan kuni koʻp edi. Haydab ham yuborishmagan-yey. 70-yil topshirgan odam, qarang, yetti yil qishloqda oʻtirdikmi, bu yerga koʻchganimizdayam bitirmagandi hali, oʻn yil deganda tamomladi. “Dadasi, boring, oʻqishdan xabar oling”, deb qoʻyardim bir-bir yodimga tushsa. Yoʻq, bir balo qilib tugatib oldi.

– Qadrini bilarkansiz oʻqishning, oʻgʻil-qizingizning barini diplomli qilibsiz…

– Shundayam Toshkentga kuchimiz yetmagan. Angrenda oʻqitganmiz. Siz keyin cholimni faqat elektrik boʻlgan ekan, deb oʻylamang. Arab tilini suvday bilardi. Nurmuhammad, bolam, oʻzing ayt,  xat yozgan-ku…

– Oʻninchi sinfda oʻqirdim. Otam, onam aytganidek, arab tilini mukammal bilardi. 80-yili Toshkent davlat universiteti (hozir OʻzMU)ning sharqshunoslik yoʻnalishida oʻqigan. Arab tili boʻyicha. Toʻrt yil oʻz ustida ishlab, bu tilda bemalol dars berish qobiliyatiga erishgan. Tasavvur qiling, hech bir tarjimonsiz. Jazoirda xizmat safarida boʻlgan. Ularga avtomobil tuzilishi va yoʻl harakati qoidalaridan dars oʻtgan. Oʻshanda menga xat joʻnatgan. Xatida yozgandi: “Oʻgʻlim, oʻqituvchi boʻlgin”. Bu kasb bizga oilaviy qadriyat: bobom Ashirali, ukasi Sherali, togʻam Najmiddin, amakilarim Usmonali va Baxtiyor, ammam Dilorom (rahmatli)… Singillarim – barchamiz oʻqituvchi.

– Ukang Shermuhammadni yoʻlda-izda koʻrganlar nima derdi?! “Shu bolang oʻqituvchi boʻladi-yov, qadami aytib turibdi”. Men esam: “Yoʻ-oʻ-oʻq, hali bu kichkina, endi beshinchi sinf”, derdim. Ichimda bir suyunardim, bir suyunardim.

– Unda…

– Uchuvchilikni qanday tanlagan demoqchisiz-da. Bolaligida “Buratino” bogʻchasiga borardi. Fotograf kelgan. Hammani rasmga tushirgan: qizlar qoʻgʻirchoq tutib, oʻgʻil bolalar koptok ushlab. Bogʻcha opasi Venera Anatolyevna ukamning navbati yetganida boshiga shlemofon kiygazgan. Bu surat bizga juda qadrli, koʻrib turibsiz, ukam unda naq uchuvchining oʻzginasi. Farishtalar omin degan ekan… Shu darajada qiziqdiki, har uchib oʻtgan samolyotni farqlay bilardi. Oʻzimizcha ovozidan ilgʻab, qaysi markada ekanigacha bahs boylashardik. Koʻpincha uning aytgani toʻgʻri chiqardi.

– Uchuvchilikka qiziqqani bilan, asli, togʻasiga havas qilardi bolam. Yuridik institutda oʻqiyman, derdi. Topshirib koʻrdi, oʻtolmadi. Soʻng unga toʻqqiz bosh qoramol, bitta ot olib berganmiz. U paytlari mana bu yerlar qarovsiz edi. Oʻt-oʻlan degani gʻovlab yotardi. Tong otmasi sigirlarni boqqa haydab ketardi, kunni botirib qaytib kelardi.

– Keyingi yili Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtiga hujjat topshirdik. Yana oʻxshamadi. Ukamning hujjatlarni qaytib olamiz, deb turganda “voyenkomat” orqali joʻnatib yuboramiz, hamma uy-uy tomonida qabul qilib oladi, deyishdi. Kichik yolgʻon ishlatdim. “Nega meni qabul qilishmas ekan, harbiy xizmatga borib kelgan boʻlsam, hujjatim nega oʻtmaydi…” deb ukam nomidan gapirdim. Shunda masʼullar hujjatni izlab topdi. Qarasa, suratdagi men emas, ukam Shermuhammad. Boshqa joyga topshirishga ulguraylik, deb shunday yoʻl tutdim. Bizni chekkada bir podpolkovnik kuzatib turgan ekan, savlat bilan yurib kelib: “Balki, ukangiz uchuvchi boʻlishni istar”, deb qoldi. Oʻsha yili Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etilgan, unga hujjat topshirish xayolimizga ham kelmagandi. “Uyda general bor, ruxsat tegsa gap yoʻq”, dedi ukam.

– Demak, ruxsat tekkan… generaldan.

– Hujjatlarini qabul qilishdi.

Venera Anatolyevna kiygazgan shlem… qiziq, Shermuhammadni aviatsiya bilim yurtining ilk qaldirgʻochlaridan biriga aylantirgan  taqdir shu emasmikan?!

– Ukam Shermuhammad 1997 yili oʻqishni tamomlab qaytdi. Otam bilan onam allaqachon toʻy harakatiga tushib ketgandi.

– Qirq besh kun otpuska berishgan ekan-da, bolam. Boshini ikki qilmasak, oʻziga qolsa yuraverardi. Chetdan izlab oʻtirmadik. Oʻzimizning Toʻlqinjon. Bolamni tarixdan oʻqitgan, maktab direktori. Ana uning gulday qizi bor – Umida. Oʻgʻlimizga soʻrab bordik. Harbiy bilan yashash qiyin deyishdimi, boshida koʻnmadi.

– U payti oʻqirdim-da, oyi. Ertasi tong bilan oʻqishga ketayotsam, bekatda kutib turgan ekan. “Rahmat sizga…” dedi. Hayron boʻldim. “Rozi boʻlganingiz uchun” deb qoʻshib qoʻydi. Avtobus kelib, chiqib oldim. Xuddi ikki yuzimga oʻt yoqqandek lovullardi.

– Avtobusga shartta chiqib olmagani – sizni qaygʻurgani, gap-soʻzdan asragani.

– Bu tabiatida bor edi. Himoya qilish. Oʻzidan koʻproq oʻzgalarni oʻylardi. Ming shoshayotgan boʻlmasin, imkoni tugʻildi deguncha yordamga oshiqardi. Yodimdan chiqmaydi sira, bir gal metroga tushayotsak, “Buyuk ipak yoʻli”dan keksa ayol qoʻlida ogʻirroq yuk bilan chiqib kelayotgan ekan. “Sen shu yerda kutib tur”, deb haligi ayolning qoʻlidan sumkasini olib, avtobus bekatigacha eltib kelgan.

– Holbuki, beparvo oʻtib ketaverishi ham mumkin edi.

– Yolgʻiz qoldim deguncha xayolan oʻsha kunga qaytaman. Boyagi ayol har safar ogʻir sumkasi bilan koʻz oʻngimda paydo boʻladi. “Sen shu yerda kutib tur”, deydi erim. Qoʻlidan sumkasini olib, ayolni bekatga eltib keladi. Har gal shunaqa.

Bugun qizim bilan albomni tomosha qilib oʻtirsak, har bir surat nimanidir esga soladi. Ota-onalar majlisi, deb darsdan qochganimiz, Amir Temur muzeyiga birga borganimiz, Navroʻz… hammasi koʻz oʻngimda. Masalan, mana bu suratga toʻyimizdan keyin tushganman. Yangi kelin-kuyov yoʻl cheti boʻylab ketib borayotsak, uzoqdan bir otaxon ikkimizdan hech koʻz uzmaydi, deng. Yaqin qolganda ularni “Oʻgʻlim” deb oʻziga tortdi. “Otangga rahmat!” deb yelkasiga urib qoʻydi. Ammo gap mening uzun sochlarimda edi. Ularning gʻururlanib ketganini koʻrsangiz. “Soch oʻstirgan kim-u, rahmat eshitgan kim” degandim achchiqlangan kishim boʻlib. Keyin mana bu sovuq xabar keldi. Ortiq soch oʻstirishga xafsala qolmadi, ogʻirlik qildi…

– Pensiyamni olib, “Ketdim Shermuhammadnikiga” deb chiqib kelaveribman. Umida bonka yopayapti. Bolam Surxondaryoga ekan, bilmabman. Bir ogʻiz indamabdi. Hali nafas rostlab, yo choy ichib ulgurmovdim, ikki soldat kirib keldi. “Yangiyoʻlga boramiz, ona, oʻgʻlingiz tayinlagan” deydi. Oʻzi hozir keldim-ku, desam ham koʻnmaydi. Chiqqanimizda kech boʻlib qolgandi, yarim yoʻlda qaydandir “iskoriy” mashina qoʻshildi. Biz bilan teppa-teng yuribdi. Oʻtib ham ketmaydi, ortdayam qolmaydi. Gʻashim keldi. “Shoʻpir bolam, yo oʻtib ket bundan, yo qol orqada” dedim. Keyin bilsam, xabarni eshitib qolsak agar, u bizga yordam koʻrsatish uchun kelayotgan ekan. Koʻchaga burilsak, odam toʻla. Tavba, ketayotganimda hech kim yoʻq edi, Toshpoʻlat toʻy qilyaptimikan, deyman. Qoʻshnim eshigini oʻylabman-u, oʻz eshigim xayolimga ham kelmabdi.

…Oʻn olti yil boʻldi. Koʻnikyapman. Ammo bolam rahmatli, deb aytolmayman. Birov aytsa, gʻashim keladi. Qaniydi hayotni orqaga qaytarolsam, qoʻlimdan kelsa… “Sizni Chirchiqqa olib borib bir uchiraman, uyimizni osmondan koʻrasiz”, degandi. Oʻshanga yetolmadim.

 

Roza Abdiyeva, birinchi oʻqituvchisi:

– 28-maktabga ishga kelganimda ilk bor u oʻqiyotgan sinfga rahbarlik qilganman. Hozir ham kechagiday koʻz oldimda, toʻrtinchi partada oʻtirardi. Yolgʻon gapirmasdi, yolgʻonni eshitsa chidab turolmasdi. Vazmin, mehribon, aʼlochi oʻquvchilarimdan edi. “Bolalar, qani kim his-hayajon gapga misol aytadi”, desam qoʻl koʻtarib javob bergani yodimdan chiqmaydi. “Yashasin, 8-mart va onajonlarimiz!” degandi baralla. Butun sinf kulib, qarsak chalib yuborgan.

 

Mukarram Yusupova, partadoshi:

– Adabiyotga, ayniqsa, tarix va geografiyaga juda qiziqardi. Nimanidir tushunmasak, yo javob topishga qiynalsak, yordam berardi. Xayolimda uning bilmagan narsasi yoʻqdek. Biz uni “Polvon” deb chaqirardik. Oʻqishda ham, sinfdosh qizlarni himoya qilishda ham polvon edi-da.

 

 

Kundalikdan parchalar

“Men bugun chindan ishonch hosil qildim: odam yashasagina uy uy boʻlarkan. Ikki kun kechki paytdagi vaqtdan foydalanib uy tozaladim. Endi koʻrib xursand boʻlyapman…”.

 

“Katta stolni buzib, chiroylikkina xontaxta yasadim. Oʻzimga juda yoqdi”.

 

“Surating soatning oldida. Oʻquvchilaring bilan menga qarab turibsan”.

 

“Bugun tugʻilgan kunim. Yigirma toʻrtga qadam qoʻydim. Menga har doimgidek oddiy kun boʻlib oʻtdi bugun… Yozgʻizlikni sezyapman negadir. Xuddi bu dunyoda hech kim yoʻqday. Faqat men va shu magnitofonim bor, xolos. Saksofonni eshitib oʻtirsam, eshik taqillagandek boʻldi. Borib qarasam, hech kim yoʻq…”.

 

“…Aerodromdan qaytayotgan edik. Bir toʻda ayol qoʻlida ketmon, lapatka bilan oʻtlarni chopib, yoʻlni tozalashardi. Ular yuzlarini oq roʻmol bilan oʻrab olgan, faqat koʻzlari koʻrinib turardi. Anvar bizga qarab: “Nega bunday oʻranib olgan?” dedi. “Quyoshdan saqlanish uchun” dedim, keyin tushundi. Yoʻlning bu betida esa yetti-sakkiz erkak gap sotib oʻtirardi…”.

 

“Bir xilda, yaxshiyam shu blaknot bor ekan deyman. Chunki sogʻinganimda u orqali sen bilan gaplasha olaman. Xudo xohlasa, qizimiz Mahmuda ulgʻayganida bularni oʻqiydi. Sizlarni rosa sogʻindim. Kechalari yotganimda Mahmudani qoʻlimga olib ashulalar aytayotganim, yosh bolalarcha qiliqlar qilayotganim koʻz oldimga kelib ketadi”.

 

“Umida, blaknotni yozishni boshlaganimga bir yilu 137 kun boʻlibdi. Men uni toʻyimizdan bir hafta keyin, seni uyda yolgʻiz tashlab ketganimdan soʻng yoza boshladim. Mana, hamma narsaning nihoyasi boʻlganidek, blaknotning ham oxiriga yetib keldik. Unga men tuygʻularim, fikrlarimni yozganman… Men sizlarni jonimdan ortiq koʻraman!”.

 

P.S. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 25 avgustdagi farmoni bilan davlatimizning milliy xavfsizligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini muhofaza qilish hamda xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun marhum katta leytenant Shermuhammad Ashirov II-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi. Yangiyoʻl tumani hokimining qarori bilan Xalqobod qoʻrgʻonidagi koʻchalardan biriga uning nomi berildi. U tahsil olgan, ilk savodini chiqargan 28-maktab hozir shu qahramon nomi bilan ataladi.

 

Akmal JUMAMURODOV

 

“Yosh kuch” jurnalida eʼlon qilingan.

 


[1] Jangovar vertolyot

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.