Shaxsan oʻrtoq Komilov!

0
186
marta koʻrilgan.

Taniqli tarjimon, shoir va muharrir Nizom Komilov juda dilbar odam. Oʻzini tutishi, salmoqlab, vazmin gapirishi, yurish-turishi, muomalasi shunaqangi yarashib tushadiki, baʼzan hazillashamiz: mabodo Nizom aka Amerikada tugʻilganidami, kamida senator boʻlar edi!

 

 

“Hujjatni choʻz!”

 

Bir kuni Uchqun Nazarovning “Volga”sida dalaga chiqdik. Gurunglashdik, yayradik. Qaytayotganimizda xiyla xijolatpazlik boʻldi. Aksiga olib, ayni shaharga kiraverishdagi GAI posti roʻparasida Uchqun aka tezlikni oshirib yubordi. Hushtak “chur” etdi, toʻxtadik. Uchqun aka qovogʻini solib mashinadan tushdi. Tabiiyki, Shukur Xolmirzayev bilan men ham tushdim.

GAI xodimi – yosh serjant, oʻlgudek qaysar bola ekan, “prava”ni qoʻliga ushlab olgan. U desak – bu deydi, bu desak – u deydi…

Boyadan beri mashinadan tushmay oʻtirgan Nizom aka oxiri eshikni ochdi. Tuflisiga gard yuqtirmaslik uchun qadamini avaylab bosib, yaqin keldi.

– Menga qarang, ukam, – dedi qoshini chimirib. – Nima, siz Uchqun Nazarovni tanimaysizmi?

– Yoʻq! – dedi serjant.

– Shukur Xolmirzayevni-chi?

– Yoʻq!

– Oʻtkir Hoshimovni-chi?

– Yoʻq!

Nizom aka bir zum jim turdi-da, qatʼiyat bilan soʻradi:

– Balki siz shaxsan Nizom Komilovning oʻzlarini ham tanimayman, dersiz?

Serjant bola esankirab qoldimi, oʻzini bunchalik notavon koʻrsatgisi kelmadimi, iymanibroq javob qildi:

– U kishini eshitganman…

– Oʻsha kishi men boʻlaman! – Nizom aka qatʼiyat bilan buyurdi. – Bering hujjatni! Odam degan kim bilan muomala qilayotganini bilishi kerak!

…Serjant es-hushini yigʻib olguncha, biz marraga yetib boʻldik.

 

 

Bular men bilan!”

 

Nizom Komilov hamisha “ilonning ogʻzidan chiqqandek” kiyinib yuradi. Shimlar “qovun soʻysa boʻladigan” darajada “oʻtkir qilib” dazmollangan, boʻyinda boʻyinbogʻ… Bir gal ustoz Ozod Sharafiddinov kasalxonaga tushib qoldi. Oʻsha paytda “Semashko” degan shifoxona juda mashhur edi. Nizom aka boshliq toʻrt-besh kishi uzun-qisqa boʻlib koʻrgani bordik. Qarasak, darvoza tepasiga “Karantin! Vxod zapreshʼyon!” deb otning kallasidek qilib yozib qoʻyilibdi. (Oʻsha kezlari hatto lagʻmonxona eshigiga ham “lagmannaya” deb oʻrischa yozish udum boʻlgan edi.) Yaqin borsak, eshik oldida qovogʻidan qor yoqqan barvasta rus ayoli oʻtiribdi. Har bir mushti hovonchadek keladi. Qoidaga boʻysunmasangiz, uloqtirib yuborishdan ham toymaydi. Garangsib toʻxtab qolgan edik, Nizom aka qoshini chimirib, “Yuraveringlar!” dedi-da, boyagi ayolga roʻpara boʻldi. Qorovul xotin ogʻiz ochmasdanoq zarda aralash: “Oni so mnoy! Ponyatno vam!” dedi jerkib.

Ayol shoʻrlik: “Pojaluysta! Pojaluysta!” degancha yoʻl boʻshatdi. Chamasi, Nizom Komilovni kamida Sogʻliqni saqlash vaziri, bizlarni esa uning xodimlari deb oʻyladi, shekilli, odob bilan taʼzim ham qilib qoʻydi.

 

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.