Sharif shahar fuqarosi

0
527
marta koʻrilgan.

(“Qalb gavhari” turkumidan)

 

Ming toʻqqiz yuz toʻqson ikkinchi yilning kech kuzi. Mamlakat yaqindagina Istiqlolga erishgan, yangi, aytish mumkinki, xiylagina murakkab bir davrni boshidan kechirmoqda. Yetmish yildan ortiq hukmfarmolik qilgan tuzum asorati har jabhada oʻzini sezdirib turishga, toʻgʻanoq boʻlishga intilar, ayniqsa odamlar ong-shuuriga singib ketgan shoʻroviy unsurlar osonlikcha “jon berish”ni istamas, xullas, yangi davr toʻlgʻogʻi nihoyatda ogʻriqli bir tarzda kechardi.

Shunday kezlarda mamlakat rahbarining 1993 yilda Xoja Bahovuddin Naqshband hazratlarining 675 yillik maʼrakasini keng nishonlash, Hazratning yodgorlik majmuini, barcha qadamjolarini obod qilish, Naqshbandiya tariqati gʻoyalarini chuqur oʻrganish, xalqqa yetkazish yuzasidan maxsus Qarori eʼlon qilindi. Bu nihoyatda oqilona qaror edi. Chunki, Xoja Bahovuddin hazratlari asoslagan naqshbandiya olti asrdan ziyodroq, aniqrogʻi Sohibqiron Amir Temur davrlaridan eʼtiboran nafaqat yurtimizda, balki butun musulmon dunyosida katta mavqeda boʻlib kelgan, qizil mafkura tazyiqi ostida bir qadar chekingan boʻlsa-da, hali hamon xalqimiz turmush tarzida, qalbining qat-qatlarida pinhona yashab kelayotgan hayotbaxsh bir taʼlimot edi. Shu sababdan ham mazkur Qaror Yurtimizda katta qoniqish va quvonch bilan qarshi olindi, koʻklam epkini yangligʻ koʻngillarga yengillik bagʻishladi. Ertangi kunga boʻlgan ishonchimizni mustahkamladi. Bu esa juda zarur edi.

* * *

Oʻshanda Respublika radiosi Adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh tahririyatida ishlardim. Hazratning “Imon – qalb gavharidur” degan iboralaridan kelib chiqib, “Qalb gavhari” turkumida eshittirishlar tayyorlash loyihasini taklif qildim, rahbariyat maʼqulladi. Shundan soʻng, radiochilarning ogʻirgina reportyorini yelkalab, Buxoro sari yoʻl oldim. Yoʻl oldidan menga Sadriddin Salimov degan shoirga albatta uchrashimni, shunda ishim yengil koʻchishini qulogʻimga quyishgan edi. Sadriddin akani tanirdim, albatta. Buxoro pedagogika institutida olmon tilidan dars berishini, olmon shoiri Gyotening “Gʻarbu Sharq” devonini tarjima qilgani va Gyote ijodidan ustozimiz Gʻaybulla as-Salom rahbarligida ilmiy ish olib borayotganidan ham xabarim bor edi.

Bundan tashqari uning sheʼriyatiga ham ixlosmand edim. “Keng sahroda ikki toshbaqa joy talashib urushar, yohu!..”, “Ey, minora, salomatmisan? Kelayapman sahardan yoʻqlab. Chunki sening oyoqlaring yoʻq, kelolmaysan holimni soʻrab…” degan misralar bilan boshlanuvchi sheʼrlarini va ayniqsa, “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” ruboiysini topishmoq sifatida aytib, davradoshlarimni qoyil qoldirishga intilib yurguvchi odatlarim ham yoʻq emasdi… ishgan edi. Qaror munosabati bilan katta tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi. Jumladan, Respublika radiosi va televideniyesida ham dan xizmat safariga borarkanman,

Seni kech topgandim, erta yoʻqotdim…

Buxoroda Ulugʻbek aka degan bir inson bor. Quruvchi muhandis, “Buxoriylar avlodi” firmasi direktori. Sadriddin akaning yaqin birodari edi (Hali u kishi haqida alohida toʻxtalish niyatidaman). Shu inson keyinchalik Sadriddin aka haqida tayyorlagan xotira koʻrsatuvimda afsus bilan shunday dedi: “Shoir aytgan-ku, seni kech topgandim, erta yoʻqotdim, deb. Menda ham xuddi shunday boʻldi, bitta shaharda yashab, ancha kech topishganimizdan armon qilaman…” Nima desamikin, bu aynan mening ham armonim edi.

Xullas, oʻshanda Sadriddin aka bilan telefonlashib, mashhur Labihovuzda

uchrashdik. Qotmadan kelgan, miqti gavdali, qosh-koʻzi qop-qora, qirra burun, serharakat bu odam yurish-turishi odmigina, sipolikni bilmaydigan, ammo botinan ulugʻvor, vazmin, kamsuxan bir inson sifatida taassurot uygʻotdi menda. Va men dastlabki tasavvurim aldamaganiga haligacha hayratga tushaman va butun umrida Rumiy hazratlarining “Yo asling kabi koʻrin, yoki koʻringaning kabi boʻl!” degan aqidasiga amal qilib kelgan inson ekanligiga iqror boʻlaman.

Shundan soʻng shoirning Labihovuz yaqinidagi moʻjazgina xonadoni mehmoni boʻldim. Hovli-joy ham sohibi kabi odmigina edi. Vaholanki, Labihovuz yaqinidagi qadim Choʻpboz mahallasi, Mendeleev (!) koʻchasidagi bu xonadon bir zamonlar nainki Choʻpboz guzarida, butun Buxoroi sharifda maʼrifat goʻshasi sifatida eʼtiborda boʻlgan. Koʻplar oʻz farzandlari taʼlim-tarbiyasini shu dargohga ishongan va xato qilmagan. Bu anʼana qattol zamonlarda ham toʻxtamagan. Shoirning otasini mullo Nabi, bobosini mullo Salim, ona tomonidan bobosini esa mullo Hamid deyishgan. Volidai muhtaramasi ham nihoyatda oqila, fozila ayol boʻlib, bu dargohda sheʼriyat ayniqsa qadrlangan, Xoja Hofiz, Navoiy, Fuzuliy gʻazallari farzandlar qalbiga murgʻakligidan singdirib borilgan.

***

Xizmat safarim rejasi boʻyicha Xoja Bahovuddin hazratlari yubileyi oldidan Buxoroda boʻlayotgan tayyorgarlik ishlarini yoritish edi. Buning uchun bir necha mutassaddi kishilar soʻzini yozib olsak kifoya edi. Biz bunday qilmadik. Buxoro ziyoratiga chiqdik. Shaharda olib borilayotgan taʼmirlash, tiklash ishlarini, qurilish, obodonchiliklarni aynan oʻz oʻrnida magnit tasmasiga tushirishni kelishib oldik. Yoʻl-yoʻlakay uchragan machit bormi, qadamjomi, maqbara yo madrasami har birining oldida toʻxtab, obidani ziyorat qilib, mutasaddilari bilan tanishib, ayrimlaridan intervyular olib bordik.

Yaxshi eslayman, ziyoratni Poyi Ostona guzaridan boshlagandik. Poyi Ostonada kamida olti asr narida bunyod etilgan tabarruk masjid bor ekan. Bahovuddin Naqshband hazratlari Qasri Orifondan har gal Buxoroga kelganlarida aynan mana shu masjidi jomeda ibodat qilar ekanlar…

Jomeʼ yangi taʼmirdan chiqarilib, namozxonlar ixtiyoriga topshirilish arafasida turgan ekan. Poyi Ostonadan keyin Said pobandi kusho guzari keldi. Bu yerda Xoja Said ismli bir aziz turbatini ziyorat qilib oʻtdik. Qarshimizda ikki azim madrasa qad rostladi: Sadriddin aka kulimsirab menga yuzlandi. Keyin oʻychan alfozda dedi: “Qarang, ikki madrasa, bunisi Abdulazizxon, bunisi esa Mirzo Ulugʻbek madrasasi. Biri ashtarxoniy, biri temuriy hukmdorga tegishli. Zehn solib qarasangiz, obidalar bir-biriga ustozu shogird singari ehtirom saqlab turibdi. Ezgu maqsad, xayrli aʼmol robita misoli ekan-da. Qarang, vaqt ham, zamon ham ular uchun pisand emas. Avlodlarni avlodlarga koʻrinmas bir rishta singari bogʻlab, mustahkamlab boraverarkan…”

Suhbatdoshim chehrasida ilhomiy bir sarhushlik payqab: “Yangi sheʼr yaralyapti”, degan oʻy kechdi koʻnglimdan.

Toqi zargaron boʻylab ketyapmiz. “Zargarlar toqisi, yaʼni savdo rastasi – deya tushuntirdi Sadriddin aka. – Buxoroda beshta toqi boʻlgan, shundan uchtasi omon qolgan, bular – Toqi sarrofon, pul maydalovchi, ayirbosh qiluvchilar, Toqi telpakfurushon, bosh kiyim bilan savdo qiluvchilar va mana shu Toqi zargaron”. Suhbatdoshimning “omon qolgan” degan izohi keyin ham koʻp bor takrorlandi va har gal ogʻriqli bir ohang tuyardim ularning zamiridan.

Mir Arab madrasasi, Masjidi Kalon, Minori kalon, yaʼni Poyi Kalon majmuasidamiz. Endi bu yerda hamrohimdan eshitganlarimni bir-bir xotirlayversam… Masjidi Kalon Turonzaminda barpo etilgan birinchi Islom ibodatxonasi, 770-771 yillarda qurilgan ekan. Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy (810-870) bir necha oʻn yillik xorij safaridan qaytib kelib, Masjidi Kalonda maʼruza qilganlarida buyuk muhaddisdan bir vaqtning oʻzida oʻn mingga yaqin odam saboq olar ekan.

Ismoil Somoniy amirligi davrida (888-907) masjid shu qadar kengayib ketadiki, yuz ming odam bemalol namoz oʻqishi mumkin boʻladi. 1068 yilda jomeda yongʻin chiqadi va shundan bir asrdan ziyodroq davr mobaynida masjid qarovsiz qoladi. Nihoyat qoraxoniy hukmdor Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102–1130) davriga kelib, 1121–1122 yillarda qaytadan tiklanadi.

Biroq moʻgʻullar bosqinida jomeʼ yana vayronaga aylanadi. Aytishlaricha, Chingizxon Buxoroni bosib olgach, otda viqor bilan Jomeʼga kirib keladi. Unga roʻpara qilingan masjid Imomi Chingizga taʼzim qilishdan bosh tortibgina qolmay, uning yuziga tupuradi… Masjid temuriylar davrida qayta tiklanadi. Keyinchalik esa, shayboniy hukmdorlar Ubaydullaxon, Abdulazizxon va Abdullaxon davrida (1514-yilda boshlanib, asr oʻrtalarida) hozirgi koʻrinishiga keltiriladi.

Sadriddin aka masjidga va Minori Kalonga taʼrif berar ekan, “Yo tavba, bu odam Buxoroning tirik qomusi ekan-ku!” deya hayratlanganim esimda. Minora ham Masjidi kalon bilan bir paytda amir Arslon tashabbusi bilan usta Baqo boshchiligida bunyod etilgan ekan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minora ichidan 104 ta aylanma zinapoya bilan mezanaga chiqiladi. Minora yuqoriga qarab ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Tepadagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin boʻladi.

Minori Kalon mana asrlarki, Buxoroyi sharif ramzi, faxri, mayogʻi boʻlib yashab kelmoqda. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan. 1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi “Butunjahon madaniy meroslari roʻyxati” ga kiritilgan… Beixtiyor hamrohimning sheʼriy satrlari yodimga tushdi: “Ildiz otdik Minori Kalon, Ming yillarki bir yerda yashab…”

Qisqasi, shu kuni shahardagi yana bir necha obidani – Chor minor majmuasi, Somoniy maqbarasi, Ark qalʼasi, Mogʻaki Attor masjidi, shuningdek, Mir Arab, Govkushon, Abdullaxon, Koʻkaldosh madrasalarini ziyorat qildik. Keyin shahardan chiqib asosiy ziyoratgohimiz Xoja Bahouddin Naqshband yodgorlik majmui tomon yoʻl oldik…

* * *

Aytishim lozimki, unda hali hammasi oldinda edi. Ulkan shahardagi taʼmirlash ishlari endi-endi boshlanib kelayotgan edi. Viloyat boʻyicha roʻyxatga olingan 660 ta madaniy meros obʼyekti, jumladan shahar ichidagi 103 ta meʼmoriy obida oʻz navbatini kutib yotardi. Biroq, nekbin hamrohim zavq-shavq bilan soʻzlar, qarang-a, qanday qutugʻ zamonlar keldi! Shukur qilish kerak, shukur! Hammasi yaxshi boʻladi, derdi… Hali koʻpchiligimiz “gugurt bir tiyin boʻlgan” zamonlar azasini tutib, mingʻirlab yurganimizda, bu odam!..

***

Shu-shu boʻldiyu, men Buxoroga serqatnov boʻlib qoldim. 1993 yilda Xoja Bahouddin Naqshband yubileyi juda chiroyli tarzda nishonlandi. Ungacha esa Hazratning yodgorlik majmui boshdan oyoq taʼmirlandi, obod qilindi. Naqshbandiya tariqatiga bagʻishlangan oʻnlab tadqiqotlar eʼlon qilindi. Jumladan, Sadriddin akaning ham “Dilda yor”, “Bahouddin Naqshband yoki yetti pir” degan ikki risolasi bosildi.”Durdona” nomi bilan Mir Kulol va Shohi Naqshband maqomotlari ham uning tarjimasida chop etildi. Bahouddin Naqshband jamoatchilik markazi tashkil etilib, naqshbandiya taʼlimotini tadqiq va targʻib etish ishlari boshlab yuborildi. “Susambil” gazetasi chop etila boshlandi…

* * *

Hali aytganimday, men Sadriddin aka bilan Istiqloldan keyin topishdim. Ungacha gʻoyibona tanirdim, sheʼriyatiga ixlosmand edim. Biroq, uni tom maʼnoda tanishim, kashf etishim Buxoro safarlari, uning doʻstlari, maslakdoshlari bilan muloqotlarim natijasi boʻldi.

Bir paytlar men ham gidlik qilganman, lekin eplolmaganman, deb qoldi Sadriddin aka bir safar kulimsirab. Keyin aytib berdi. U 1972 yil Buxoro pedinstituti chet tillar fakulteti nemis tili boʻlimini bitirgach, shahar turistlar idorasida tarjimon sifatida ish boshlaydi. Vazifasi asosan Germaniyadan kelgan mehmonlarni Buxoro bilan tanishtirish, ularga diqqatga molik joylar, obidalar tarixini soʻzlab berishdan iborat. Bir safar nufuzli mehmonlardan iborat guruh tashrif buyuradi.

Sadriddin aka kun boʻyi ular bilan Buxoro kezadi-da, xayrlashuv oldidan guruh rahbari uni savolga tutib qoladi. Sizga rahmat, muhtaram janob, – deydi u. – Shahringiz tarixini yaxshi bilarkansiz, juda koʻp narsa oldik. Lekin baribir bitta narsaga sira tushunmadik, shuni oydinlashtirib bersangiz. Xoʻp, xoʻp eshitaylik, nima ekan? Urush bizda, Germaniyada boʻlgan. Lekin, Buxoro nega buncha vayrona, 1941–1945 yil bombalari Buxoroga tushmagan-ku, deydi. Yosh, tajribasiz Sadriddin lom-mim deyolmay qoladi. Oʻz dardini, vayrona shahar qismatini qay tilda ifodalab berishni bilmaydi. Va shu kuniyoq ariza yozib ishdan boʻshaydi. “Oʻsha kundan yuragimda qattiq dard qoʻzgʻoldi, – dedi Sadriddin aka, – aniqrogʻi bu dard ilgaridan bor edi, oʻsha kuni u isyon koʻtardi”.

Bu isyon koʻp oʻtmay shoirning sheʼrlariga koʻchdi. Sheʼrlariga sigʻmagan gaplari “Buxoroni qutqaring”, “Obidalar nidosi” (Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov bilan hammualliflikda), “Obidalar muqaddas emasmi?” (shoir Isroil Subhonov bilan birga), “Soʻnggi xattoti xat bitar” kabi publitsistik maqolalar koʻrinishida Respublika matuboti orqali bong ura boshladi…

***

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Samadjon Azimov xotiralaridan: Bir kuni Sadriddin aka, Mubin aka (Mubin Boltayev, vrach) uchalamiz Somoniylar bogʻi ziyoratiga kirdik. Bir vaqt qarasak, maqbara atrofida suv toʻplanib qolibdi. Falokatni birinchi boʻlib Sadriddin aka payqadi. “Samadjon, yuguring, anovi odamning ketmonini keltiring”, dedi. Bir kishi bogʻ chekkasidagi tikanlarni ketmonlab yurgan ekan. Darhol uning ketmonini qoʻlidan oldim-da, suvning yoʻlini toʻsishga oshiqdim. Keyin toʻplanayotgan halqobga yoʻl ochib, uni bogʻ chekkasidagi koʻl tomonga boshqarib yubordik. Endi maqbara atrofidagi suvning ilojini qilish kerak edi. Sadriddin aka yaqin oʻrtadagi bir idoraga yugurib kirib, u yerdan shahar ijroqoʻmiga qoʻngʻiroq qildi. Natija boʻlavermagach, ijroqoʻm idorasiga qarab ketdik.

Yoʻl-yoʻlakay yana uch-toʻrt kishiga koʻpaydik. Birgina Sadriddin akani qabul qilishdi. Bilasiz, kamsuxan, kamgap odam bunaqa paytda otashin jangchiga aylanib ketardi. Ijroqoʻm muoviniga vaziyatni, uning qanday oqibatlarga olib kelishini mantiqan shunday asoslab beradiki, muovin tipirchilab qoladi. Shu paytgacha raisga kirishiga toʻsqinlik qilib turgan odam, endi oʻzi Sadriddin akani toʻgʻri uning oldiga boshlab kiradi. Qisqasi, shu kuni kechgacha vaziyat oʻnglandi. Suv tortadigan nasosli mashinalar kelib, Somoniylar maqbarasi poyiga toʻplangan suvlarni tortib oldi. Darhol quruq tuproq toʻshaldi. Ming yillik obidaga xavf solgan falokat oldi olindi.

Ikkinchi bir voqea shahar tashqarisidagi Xoji Ismat Buxoriy hazratning maqbarasiga bogʻliq. Xoja Ismat Buxoriy Hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida tilga olingan alloma boʻlib, Buxoro tarixida zullisonaynlikni boshlab bergan shoir, avliyosifat zot boʻlganlar. Xoja Ismat Buxoriy maqbarasi, masjidi vayrona boʻlib, majmua yonidagi shifobaxsh suvli quduq koʻmilib ketgani yetmaganday, ziyoratgoh atrofi, orqadagi qabriston shahar axlatxonasiga aylana boshlabdi. Sanoat korxonalari chiqitlari mashinalarga ortilib, tunda shu yerga keltirib tashlab ketilarkan. Sadriddin aka boshliq bir necha kishi toʻplanib, qoʻlimizda videokamera bilan ziyoratgohga bordik. Ayanchli manzarani tasvirga tushirdik.

Hozir eslayman, biz bilan oʻsha tinib-tinchimas Mubinjon aka birga edi. Keyin shoir Isroil Subhon, jurnalist Muzrob Boʻronov, rassom Bahodir Salomov va yana bir necha yigitlar ham bor edi. Kech kirishini kutib, shu yerda qoldik. Vaqt allamahallarda ketma-ket axlat mashinalari kelib, yuklarini tashlab keta boshlashdi. Bu borib turgan vahshiylik edi. Avliyo inson ruhiga, bu yerda 20-30 yillar qatagʻonida “xalq dushmani” sifatida bekitiqcha keltirib otib tashlangan shahidlar xotirasiga nisbatan haqorat edi.

Ertasi kuni ashyoviy dalillar bilan shahar partiya qoʻmitasiga kirib bordik. Albatta, bizning harakatlarimiz ularga isyondek, buzgʻunchilikdek tuyuldi. Biroq, Sadriddin akaning qatʼiyati, mantiqqa asoslangan otashin soʻzlari oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Bizni qabul qilishdi. Shahar, viloyat rahbarlari yigʻinida qatnashib, sodir boʻlayotgan ahvolni tushuntirdik, videotasvirlarni koʻrsatdik. Shundan soʻng ahvol nisbatan oʻzgardi. Axlatlar tashib ketildi, hashar uyushtirilib, yon-atrof bir qadar tartibga keltirildi. Ammo, ziyoratgoh to Istiqlolgacha oʻsha-oʻsha yarim aftoda holicha qolaverdi.

* * *

Buxoroga nur-ziyo keldi,

Imon keldi, sharm-hayo keldi.

Buxoroni zulmat etdi tark,

Buxoroga Buxoro keldi…

U ozodlikni, hurriyatni, Istiqlolni ana shunday bemisl quvonch bilan qarshi olgandi. “Buxoroda Buxoroni sogʻinib, Men har tong umid-la tashlayman nazar…” Bu nadomatli misralar bitilgan davrlarda esa Buxoro mohiyatan asl Buxoro emas, uning aftoda suvrati edi, xolos. Asl Vatan – Ibn Sino, Imom Buxoriy, Naqshbandiylarni dunyoga keltirgan sharif shahar esa uning, u kabi barcha buxoriylarning buyuk armoni edi…

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gʻaybulla Hojiyevning xotirlashicha, Hamza teatri spektakllari ommaviy sahnalarida qatnashib yurgan talabalik kezlarida mashhur sanʼatkor Olim Xoʻjayev uni kulisda uchratib qoladi-da, qoʻltigʻidan olib, oʻz xonasiga boshlaydi. Buxoro haqida, uning odamlari, guzarlari, bozorlari haqida surishtiradi. Gʻaybulla men Industrialniy koʻchasida tugʻilganman, deydi. E, shunaqami, deydi Olim Xoʻjayev kulimsirab, keyin boshqa koʻchalarni ham surishtiradi. Kalinin, Strelkoviy, Krasniy partizan, Chernishevskiy deya birma-bir sanab beradi boʻlgʻusi aktyor.

“Kechagiday esimda, – deb xotirlaydi Gʻaybulla Hojiyev, – shundan keyin Olim aka bilinar-bilinmas xoʻrsinib qoʻydi-da, bilasizmi Pisarxon, mani balaligimda siz aytgan guzarlarni Xojai Porso, Poyi Ostona, Xojai Roʻshnoi, Eshoni pir, Koʻkaldosh deyishardi. Yana Bozori alaf, Madrasai Gʻoybinoq, Imomi Qozixon guzarlari boʻlguchi edi, dedi… Bugungi aqlim bilan oʻylab qarasam garchi ochiq-oydin aytmagan, sezdirmagan boʻlsa-da, guzarlar nomini atashi, esga olishidagi holatida buyuk aktyorning buyuk sogʻinchi, armoni, dardi, alami mujassam topgan ekan…”

 

* * *

Buxoroga Buxoro keldi… Shoirning bu tashbehida hamma narsa bor edi. Erkning qaytishi, Imonning qaytishi, Oʻzlikning qaytishi… Va bir yigʻinda u baralla ovozda “Men yashaydigan zamona keldi!..” deya faxr etgan shoir, oʻzining qolgan butun umrini Istiqlol ishiga bagʻishladi. Uning tashabbusi bilan maxsus ekspeditsiya tashkil etildi. Butun viloyat boʻylab qadam baqadam kezib chiqilib, oʻnlab, yuzlab aziz-avliyolar, alloma zotlar qadamjolari, ziyoratgohlari aniqlandi.

Bugun Buxoroga kelgan ziyoratchi borki, avvalo Yetti pir ziyoratini ixtiyor etadi. “Yetti pir” atamasi Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahovuddin Naqshbandiygacha boʻlgan piri murshidlar silsilasiga daxldor boʻlib, bu aynan Sadriddin Salim Buxoriy izlanishlari, tadqiqotlari natijasi sifatida taomilga kirgan edi. Bundan tashqari uning “Ikki yuz yetmish yetti pir” nomli tadqiqot asaridan joy olgan zotlarning maqbara va qadamjolari aksari bugungi kunda obod ziyoratgohlarga aylantirildi. Shuningdek, u shahar toponomika guruhi aʼzosi sifatida ayniqsa jonbozlik koʻrsatdi. Shahar koʻchalari, guzarlariga oʻzining asl tarixiy nomlari qaytarilishiga hissa qoʻshdi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov taʼbiri bilan aytganda Buxoro uning uchun bu yorugʻ dunyodagi eng oliy qadriyat edi. Buxoroyi sharif va uni sharif shaharga aylantirgan alloma zotlar shaxsiyatida ulkan mamlakat – qadim oʻzbek diyori timsolini, tarixi, taqdiri, qismatini koʻrardi u. Uning oʻzi ham sharif shaharning sharif fuqarosi edi.

***

Muhammad Safo Buxoriyning (1893–1975) nabirasi taniqli aktyor Gʻaybulla Hojiyev xotiralaridan: “Men es tanib, bobomni oddiygina maktab qorovuli qiyofasida koʻrganman. Istiqomat joyi maktabimiz qorovulxonasi – moʻjazgina kulbacha edi. Vaholanki, bobom 17 yil Samarqand, Buxoro madrasalarida oʻqigan, mumtoz turkiy, forsiy adabiyot bilimdoni, Rumiy masnaviylarini soatlab yoddan aytib bera oladigan inson edi. Garchi shoirlikni daʼvo qilmasa-da, ikki tilda bab-baravar gʻazallar yozardi. Shunday odam maktabga qorovullik, farroshlik qilardi. Sababini keyin tushunganman: bu shoʻro qatagʻoniga bogʻliq holat boʻlib, aksari ziyoli odamlar oʻzlarini savodsiz, omi koʻrsatib, nazarnogir (nazar ilmas) kasb-korlarda ishlashni maʼqul koʻrishgan ekan.

Bobomning huzurlarida boʻladigan yigʻinlarda kimlarni koʻrmaganman, deysiz. Oʻtgan asr boshlarida Payrav Sulaymoniy degan mashhur shoir oʻtgan. Shu insonning jiyanlari Saʼdulla, Abdulla Saidjonovlar, amirning xos hofizi Levicha Boboxonovning oʻgʻli Mushe Boboxonov, Mirzo Salimbek (“Kashkuli Salimiy” kitobining muallifi) degan mashhur tarixchining oʻgʻli Qorijon Rogʻib, mashhur adib Jalol Ikromiy, Oybek domlani oʻz quvvayi hofizasi bilan hayratga solgan Sharif Nurxon… bular barchasi bobomning hammaslak, hamnafas tengqurlari, doʻstlari edi. Davraning eng yosh qatnashchilari ustozlarimiz Neʼmat Aminov, Sadriddin Salim Buxoriylar boʻlib, ular ahli donishlarga xizmat qilish asnosida dilkash, dilovar suhbatlar, sheʼrxonlik, ashulaxonliklardan toʻyib-toʻyib bahramand boʻlishardi…”

***

Dunyoda beshta sharaflangan shahar bor, shulardan biri bizning Buxoroyi sharifdir, der edi Sadriddin aka faxrlanib. Uning aqidasicha Buxoroni Buxoroyi sharif qilgan faqat oʻlmas obidalari emas, balki uning alloma farzandlari hamdir. Abu Xafs Kabir, Imom Buxoriy, Ibn Sino, Naqshbandiy kabilardir. Yoʻq, u faqat oʻtmish allomalari xayoli bilangina yashamasdi. Balki oʻz zamonasidan ham ularni qidirardi va topardi. Usta Amin bobo, Safo Maxsum Buxoriy, Tesha bobo Naqshbandiy, Temur aka Gʻaniyev kabi donishmand zotlar suhbatini tinglashdan charchamasdi.

(Usta Amin bobo, Tesha bobo Naqshbandiy, Temur Gʻaniyev kabi allomalar suhbatidan bahramand boʻlishimga aynan Sadriddin aka sababchi boʻlganini hali hamon minnatdorchilik bilan eslayman).

Usta Amin bobo suhbatidan: – Masjidi Kalon hovlisidagi yakkatutni koʻrdingiz-a, shu daraxtni mana Sadriddin akangizning Choʻpboz guzarida istiqomat qiluvchi Avez togʻa degan kishi oʻtqazganlar. Bundan ellik yilcha muqaddam ekkan rahmatli. U vaqtlarda Masjid oziq-ovqat ombori edi. Oʻsha Avez togʻa telpakdoʻz edi. Oʻziga yetarlicha davlatmand odam kelib-kelib shu yerning qorovulligini oldi.

Ogʻziga kuchi yetmagan mardum shuniyam gʻiybatini qildi. Nimangga yetmaydi qarigan chogʻingda, deyishdi. Bilishmadiki, Avez togʻaning maqsadi boshqa. Shunday mahobatli masjid boʻlsayu unda namoz oʻqilmasa, kasofati elga urarkan!.. Uning maqsadidan men boxabar edim. Ikkalamiz bomdod va xufton namozlarini xufyona oʻqirdik. Yakshanba kunlari iskovuchlar boʻlmas, besh mahal ibodatimizni bemalol ado qilardik. Koʻnglimiz ravshan tortardi. Eh, bolam, nimasini aytasiz! Ikki kishigina boʻlib, mehrob qarshisida oʻtirardik. U zamonlar nayranglarini qay birini aytay…

Yetti yil muqaddam hashar uyushtirdik. Men oʻzim ham qatnashdim, shu desangiz, koʻz yoshlarimni tiyolmayman… Ishonsangiz, shoʻrodan qolgan yuz mashina axlat chiqarib tashlandi. Yuz birinchisiga masjidu obidalarni berkitib tashlash haqidagi “dohiy”larning buyruqlari, har xil qizil shior, plakat-palakatlarni ortib, hoʻv bir jarlik, oʻru qirlarga tashlab kelishdi… Mana endi qarang, Masjidi Kalon xonaqoyu hovlilari namozxonlarga toʻlib ketyapti. Hammaning dilidayu tilida shukrona duolar…

* * *

“Buxoriylar avlodi” firmasi rahbari, quruvchi-muhandis Ulugʻbek Abdullayev xotiralaridan: “Men Sadriddin akani televideniya va radiodagi chiqishlarini koʻrib, qandaydir unga mehrim ortib yurardim. 1997 yil Haj safarida boʻldim. U yerda bizning yurtimizni, jumladan Buxoroi sharifni qanchalik hurmat qilishlariga guvoh boʻldim. Va Hajdan katta niyatlar bilan qaytdim. Biroq, nima qilish, ishni qayerdan boshlashim uchun bir maslakdosh topishim lozim edi. Hech ikkilanmay Sadriddin akani izlab topdim. Tanishdik. Gapimiz bir yerdan chiqib, doʻstlashib qoldik.

Shu kundan boshlab mening dunyoqarashim ham, firmamiz xizmat yoʻnalishi ham butunlay oʻzgardi. Sadriddin aka ilgari boshlagan ishlar – Buxoro qadamjolari, ziyoratgohlarini oʻrganish, joyini aniqlash maqsadidagi ekspeditsiyalar yana davom ettirildi. Bu ishlarda Sadriddin aka boshchiligida taniqli aktyorimiz, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Muhammadjon Rafiqov, Dilmurod Nurov, Samadjon Azimov, Mubinjon Boltayev, Ahmad Karomatov, Olimjon Fozilov, Shavkat Boltayev, Faridun Grezevlar faol ishtirok qilishdi. Nafaqat shahar, butun viloyat boʻylab ish olib bordik. Chekka-chekka qishloqlarda qarovsiz yotgan maqbaralar, qadamjolarni izlab topardik. Suratga olardik. Sadriddin aka erinmasdan kitoblarni qarab, keksa odamlardan soʻrab-surishtirib, oxiri bir toʻxtamga kelardi.

Keyin bu haqda matbuotda, viloyat radio, televideniyesida chiqishlar qilardi. Aksari hollarda bu yaxshi natija berar, xaroba boʻlib, toʻkilib yotgan obida koʻzni quvontiradigan bir ziyoratgohga aylanardi. Bu ishlarda mahalliy hokimiyat ham hissa qoʻshar, lekin asosiy ish xalqning oʻz tashabbusi, hashari bilan amalga oshardi. Chunki, oddiy ibodatini qilishdan ham mahrum boʻlgan odamlarning koʻzi ochilgan, yangi zamon shukronasi uchun yeng shimarib, hamma oʻz hissasini qoʻshishga intilardi…”

***

“Buxoriy avlodi” firmasining Buxoroda amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida soʻz ochishdan Ulugʻbek aka tiyildi. “Ular xayriya yoʻlida qilingan edi, gapirish nodurust”, dedi. Biroq, men firmaning oʻzim shaxsan boxabar boʻlgan ayrim ishlarini bu oʻrinda keltirib oʻtsam, koʻpam “nodurust” boʻlmas, deb oʻylayman. Mir Arab madrasasi hamda Xalfa Xudoydod masjidining dastlabki taʼmirlash ishlari “Buxoriylar avlodi” firmasi mablagʻi va ustalari tomonidan amalga oshirildi. Eshoni Imlo sardobasi, Buxoroning omon qolgan qadim Talipoch darvozasi firma tomonidan qayta tiklandi. Shuningdek, Chor Bakr majmuasi, Masjidi Kalon, Boloyi hovuz, Gʻavsul Aʼzam piri dastgir masjidlarini taʼmirlash, qayta qurish ishlarida ham “Buxoriylar avlodi” firmasi faol ishtirok etdi.

Ulugʻbek Abdullayev va Sadriddin aka hamkorligi yana koʻpdan koʻp xayrli ishlarga sabab boʻldi. Jumladan, Sadriddin akaning ssenariysi asosida Oʻzbekiston televideniyesi ijodkorlari bilan hamkorlikda yaratilgan besh qismli “Imom Buxoriy” videofilmi buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi toʻyiga munosib armugʻon boʻldi. Zangori ekran orqali qayta-qayta namoyish etildi. Shuningdek, “Abu Hafs Kabir”, “Xojai Jahon” televizion badiiy filmlari ham ikki maslakdosh doʻst hamkorligining totli mevasi sifatida dunyoga keldi.

***

Soʻzimning avvalida aytib oʻtganimdek, Sadriddin aka Gyote ijodidan nomzodlik ishini boshlagan edi. Ish oxiriga yetdi. Biroq, yoqlashga qolganda… Ilmiy rahbari professor Gʻaybulla as-Salom xunob boʻlib, har qancha daʼvat etmasin, koyimasin, Sadriddin aka ragʻbat koʻrsatmaydi. “Domla, kechirasiz, yoqlash qochmaydi. Men hozir bu yerdan xazina topib oldim. Haqiqiy xazina”, deydi hazillashib. Bu hazilda jon bor edi, u haqiqiy xazinaga yoʻliqqan edi.

Istiqlol sharofati tufayli bu xazinaga qoʻli yetdi, ajdodlar merosini oʻrganish, uni xalqiga yetkazish imkoniga ega boʻldi. “Durdonalar”, “Buyuk xorazmiylar”, “Uch avliyo”, “Chor Bakr yoki Joʻybor avliyolari”, “Hazrat Azizon ar-Rometaniy”, “Eshoni Imlo. Xalfa Xudoydod”, “Xojai Jahonim bor”, “Hazrat Abu Hafs Kabir”, “Buxoroyi sharif avliyolari”, “Buyuk Gʻijduvoniylar”, “Hazrat Bahouddin Naqshband”, “Daxmai Behishtiyon”, “Xoja Orif ar-Revgariy”, “Mavlono Orif Deggaroniy”, “Avliyo Shoh Axsaviy Fayzobodiy al-Buxoriy”, “Hazrat Xoja Ismatulloh Valiy”, “Ikki yuz yetmish yetti pir”, “Hazrat Boyazid Bastomiy yoki Navoiy viloyati ziyoratgohlari”, “Shofirkonning tabarruk ziyoratgohlari”, “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” nomli qator kitoblar, kinossenariylar, “Sharif manzaralar” kabi badialar yaratdi. Bu asarlar beiz ketmagani, kimlarningdir qalbida aks sado berib, ularni ezgu, xayrli amallarga ragʻbatlantirgani shubhasiz.

* * *

Vatan faxrim, Vatan gʻururim,

Uning shoni – shonimdir, illo.

Ona Vatan baxtim, sururim,

Mustaqilmiz, alhamdulilloh.

Dehqon yerga ekar ekan don,

Umidini ekadi shu dam,

Koʻkarmoqda hur Oʻzbekiston,

Koʻkarmoqda umidimiz ham.

Prezidentimiz tashabbusi va gʻoyasi bilan barpo etilgan 107 gektardan iborat madaniy markazda 700 oʻrinli viloyat musiqali drama teatri, 2000 tomoshabinga moʻljallangan amfiteatr, ular oʻrtasida esa “Koʻhna va boqiy Buxoro” monumenti qad rostladi. Darvoqe, mazkur monument loyihasini tayyorlashda Sadriddin Salim Buxoriy ham faol ishtirok etgan, monumentda aks etadigan tasvirlar, ismlar, hikmatlar yuzasidan oʻz takliflarini bildirgan edi. Va qadim Buxoroning koʻrkiga koʻrk boʻlib qoʻshilajak mazkur mahobatli obidaning mukammal qiyofasini koʻrishni u qanchalar intiqlik bilan kutgan edi. Ammo…

***

Abu Hafs Kabir qabristoni… Abu Hafs Kabir Buxoro allomalarining, jumladan, hadis mulkining sultoni Imom al-Buxoriy hazratlarining ham ustozi avvalidir. Bu zotni Imomi Hojatbaror ham deyishadi. Sadriddin aka bu zotning shaxsiyati, ilmiy merosi ustida juda koʻp tadqiqotlar olib bordi. Risola chop ettirdi. Hali aytganimday, uning ssenariysi asosida “Abu Hafs Kabir” televizion badiiy filmi ham olingan edi. Istiqlol yillarida butun boshli qabriston obod qilindi. Imomi Hojatbaror turbatlari ustida ulkan maqbara qurildi.

Esimda, Buxoroga bir borganimda Sadriddin aka hayajon bilan meni bu yerga boshlab kelgan, birgalashib ziyorat qilgan edik. Oradan koʻp oʻtmay mana endi uning ziyoratiga kelmoqdaman. Ha, Sadriddin Salim Buxoriy ham endi shu qabristonda, buyuk Imom maqbarasining shundoq yonginasida.

Ustoz qabri tomon odimlarkanman, uning oʻtli nafasini tuydim, qulogʻim ostida taskinbaxsh, oʻktam ovozi jaranglab ketganday boʻldi.

Dard kelsa, gʻam kelsa yutdik biz,

Kutdik biz, kutdik biz, kutdik biz.

Qabr deb atamang bu joyni,

U uydan bu uyga oʻtdik biz…

 

Orziqul ERGASH

 

 2004

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.