Sehrli kinolar, sirli kinolar…

0
715
marta koʻrilgan.

Bolaligida kinoni kim yaxshi koʻrmagan? Kim kinoning tilsimli olamiga maftun boʻlmagan?..

Oʻtgan asrning yetmishinchi yillari edi. Mirzachoʻlning qoq kindigidagi davlat shirkat xoʻjalikda yashaymiz. Choʻlquvarmiz. Qoʻshnining televizori bor. Qurmagʻurning nomi ham chiroyli, jarangdor: “Aelita”.

Biz bolalar kechqurun uzun-qisqa boʻlib qoʻshni uyga kirib boraveramiz. Uy bekasi qovoq solib kutib oladi, ammo biz buni koʻrmaganga, bilmaganga solamiz oʻzimizni, poygakka oʻtirasola diqqatimizni “Oynai jahon”ga qaratamiz, butun turish-turmushimiz bilan boshqa hech narsa bilan ishimiz yoʻqligini koʻrsatishga urinamiz. Ammo beka jahldor: kosani piyolaga uradi, choʻmichni qozonga. Biz igna ustida oʻtirgandaymiz, lekin ketolmaymiz: kino koʻrsatilyapti, axir, kino!

Ekranda butunlay oʻzga olam: suvda choʻkmas, oʻtda yonmas qahramonlar yovning dodini berayapti, aqlli itlar ogʻir damlarda egalariga sadoqat bilan xizmat qilayapti, uchar otlar botir chavandozlarni bulutlar orasida olib oʻtmoqda, ana, bir guruh sayyohlar ochiq dengizda qaroqchilar qoʻliga tushib qoldilar… Bulardan qandaygina koʻz uzib boʻladi axir, qanday? Yana ozgina tomosha qilaylik, ozginagina…

Ammo bizning unsiz iltijolarimiz bekaga aslo yetib bormaydi. “Endi biz ovqat yeymiz” deya tantanali eʼlon qiladi u. Biz shu xonadonning bolalariga hasad qilgan koʻyi, televizordan koʻz uzmagan holda noiloj ortga chekina boshlaymiz. Koʻchaga chiqamiz. Ichimiz qiziydi: Nima boʻldi ekan? Davomi qanday kechdi ekan? Axir, tomosha eng qiziq joyiga kelgandi-ya?!

Tez orada kinoteatr ishga tushib qoldi-yu, biz bolalarga Xudo berdi. Ana tomosha-yu, mana tomosha! Yana deng, qaysi bir oqil odamning oʻyiga kelgan ekan, ishqilib, katta-kichik toʻylarga ham kino olib kelish urf boʻldi.

Qorongʻi tushgandan keyin toʻyxona devoriga oq boʻz tortiladi. Soʻng kinomexanik deganlari ikki yordamchisi bilan kelib, jihozlarini oʻrnatib kino koʻrsatishni boshlaydi. Kattayu kichik mehmon – mezbonlar, nafasini ichga yutib tomoshaga beriladi. Kino! Oʻsha paytlar nazarimda kinomexanikdan-da izzatli, obroʻli kishi topilmasdi dunyoda.

Biz hind filmlariga koʻproq maftuni edik. “Janob 420”, “Daydi”, “Hamroz”, “Bobbi”, “Zita va Gita”, “Ram va Sham”, “Qasos va qonun” kabi kinolar qayta va qayta tomosha qilinaverganidan oddiygina personajning soʻzlari ham quloqlarimizga quyilib qolgandi.

Oradan yillar oʻtib, boʻyimga qoʻshilib did-saviyam ham oʻsdi shekilli, hind filmlarini avvalgidek maroq bilan tomosha qilolmay qoldim. Allaqanday bachkana, chuchmal tuyuladi. Bir olim tanishimiz esa dunyoning allaqaysi mamlakatida hatto bunday filmlarni namoyish qilish man etilganini aytib qoldi. Boʻlsa bordir. Ammo, nazarimda, bizning bola qalbimizda adolat hamisha gʻolib chiqadi, degan sodda tushuncha oʻrin olishida oʻsha mashhur hind filmlarining ham oʻrni bor.

Darvoqe, qoʻshni ayolning qosh-qabogʻidan qoʻrqib yurgan oʻsha kezlardan sal oʻtib hammamizning ham uyimizda televizor paydo boʻla boshladi.

“Uch baqaloq”, “Kapitan Tenkesh”, “Toʻrt tankchi va bir it”, “Garovga tikilgan hayot” singari kinolar qatorida “Oynai jahon” ne bir yuraklarni larzaga solgan jiddiy filmlarni ham taqdim etdi: “Oʻtkan kunlar”, “Toshkent – non shahri”, “Sen yetim emassan”, “Osiyo ustida boʻron”, “Yigirma oltinchisi otilmasin”, “Soldat otasi”, “Soʻna”, “Odam amfibiya”… Bu kinolarni unutib boʻladimi?…

Bolalagimdan kino sanʼatiga maftun boʻldim. Bisotimdagi kattagina albom kattayu kichik aktyorlarning suratlari bilan toʻlib-toshdi.

Koʻnglimga yaqinroq sinfdosh doʻstlarimga aktyorlaru rejissyorlar, kinolar haqida gapirib charchamasdim. Nazarimda dunyo faqat kinolardan iboratday edi. Goʻyo kelajakdagi kasbim kino bilan bogʻliq boʻlishini sezib turganday boʻlardim. Nazarimda, oʻrta maktabni bitiramanu Toshkentga borib, jurnalistikaga oʻqishga kiraman, bir-ikki yil oʻqigach, oʻzimning hikoya-qissalarim asosida yozgan ssenariyimni qoʻltiqlab “Oʻzbekfilm”ga chopaman. Goʻyo u yerda meni quchoq ochib kutib olishadi.

Biroq “holva” degan bilan ogʻiz chuchib qolmas ekan. Avvalo oʻqishga kirolmadim. Yashash kerak edi. Bir yilga yaqin tuman gazetasida ishladim. “Yozuvchi boʻlish uchun jurnalistikada oʻqish shart emas”, degan xulosaga keldimu, politexnika institutiga oʻqishga kirdim.

Toshkentda nima koʻp – kinoteatr koʻp.

Baxtimga, guruhimizda kino ishqibozlari anchagina edi. Qaysi kinoteatrga yangi film kelganini eshitsak, darsdan chiqasola oʻsha yoqqa chopamiz.

Men baʼzan ora-sira hech kimga bildirmay Chilonzordagi “Oʻzbekfilm”ga boraman. Binodan sal narida turib, unga kirib-chiqayotgan tanish aktyorlarni, aksariyati soqoldor rejissyorlarni tomosha qilaman, baʼzida sal yaqinroq kelib, ularning oʻzaro rus tilida gaplashishayotganini eshitaman. Soʻng, katta ish qilib qoʻygan odamday gerdayib yotoqqa qaytaman.

Ha, aytgancha, oʻsha yillari kino mavzusidagi dastlabki sheʼriy mashqlarimni qoralagandim. Mana ularan biri:

 

…Poyezd yurib ketar. Soʻnggi vagonga

Bosh qahramon bazoʻr yetib oladi.

Undan quyuq tutun bilan yoʻgʻrilgan

“Sevaman!” degan soʻng sado qoladi.

 

…Qay qiz yuragida his etib qutqu,

Tangrini yod aylab, oʻqisa duo,

Bilingki, janggohda suyukli yori

Koʻksiga daydi oʻq tekkan shu asno.

 

…Zimiston, fojeiy ohang bagʻrida

Gʻichirlab ochilsa eshik nogahon,

Chiroq yoqilmay ham turib, aslida

Mavhum bir jinoyat boʻlgani ayon.

 

…Bemisl tabiat bagʻrida ikkov,

Visol sharobidan sarxush va joʻshib,

Falakka boqishsa, bilingki, darrov

Jaranglay boshlaydi musiqa, qoʻshiq.

 

Bizlar yashayapmiz. Oʻy-fikrimizga

Sanoqsiz kinolar qurishgan makon.

Hattoki koʻpincha oʻz-oʻzimizga

Hukmron boʻladi qay bosh qahramon.

 

Bizlarning sevgimiz kimgadir taqlid,

Taqlid soʻzlarimiz, qiliqlarimiz.

Kechagi filmning qahramonidek,

Sigara chekamiz bugun barimiz.

 

Borliqqa bepisand boqib agar biz,

Kitobiy soʻzlardan soʻylasak uzoq,

Shu dam biz – biz emas. Bu holatimiz

Oʻzlikka kinodan qoʻyilgan yamoq…

 

Bizlar yashayapmiz. Oʻy-fikrimizga

Sanoqsiz kinolar qurishgan makon.

Oʻzimiz ham soʻngsiz olam sahnida

Artistga aylanib qoldik begumon.

 

Boʻgʻzimga tiqilib yurak nogahon,

Oddiy haqiqatni his etdim: hayhot,

Soʻnggi sahna, soʻnggi nafas oldidan

Yoʻq-ku “Dubl!” deya qichqirguvchi zot…

 

Keyinchalik qiziqarli, sermazmun bir kinodan taʼsirlanib, tomosha zalining soʻnggi qatorda yum-yum yigʻlab oʻtirgan bir oʻsmirga koʻzim tushib qolib, ochigʻi, shu yigitchaga havasim kelib, quyidagi bitiklarni qoralaganman:

 

OXIRGI SEANS

16 yoshga toʻlmaganlar kiritilmaydi.

(Kinoafishadan)

 

Ekran yorishadi.

Yonadi chiroq.

Eshiklar qarsillab ochilar bir-bir.

Zal boʻshaydi.

Soʻnggi qatorda biroq

Yigʻlab oʻtiribdi birgina oʻsmir…

 

Kino moʻjizalari bilan goʻzal, tilsimlari bilan maftunkor, aql bovar qilmas hodisotlari bilan jozibali. Ayni paytda azaldan ayon haqiqat bor: har qandayin sinoat oʻzining sirlilik pardasini yoʻqotganidan keyin zerikarli, odamning ensasini qotiradigan joʻn tomoshaga aylanib qoladi. Deylik, sizni hayratga solgan koʻyi koʻz oldingizda koʻzboylogʻichning kaftida yoʻq boʻlib qoladigan zoʻldircha aslida jips barmoqlar orasidan joy olganini bilib olganingizdan keyin bunday “fokus”ni koʻrib qanchayam huzur qilardingiz…

Bir kuni televizorda kinolardagi murakkab kadrlarni tasvirga olishda ishlatiladigan usul-vositalar, texnik jihozlar haqida maxsus koʻrsatuv namoyish qilib qolindi. Tez orada esa shu mazmundagi maqola markaziy gazetalardan birida chop etildi. Muallif “Mana, men sirlaringni bilib oldim!” deganday anchayin nopisand ohangda turli chizmalaru suratlar yordamida kinochilarning avra-astarini agʻdarib tashlagandi.

Koʻrsatuv ham, maqola ham menda ogʻir taassurot qoldirdi. Anchagacha oʻzimga kelolmay yurdim. Goʻyo mening kino haqidagi bolalik tasavvurlarimni kimlardir ayovsiz ravishda toptab-ezib tashlashgandek edi.

Toʻgʻri, tez orada bu tuygʻu oʻtib ketdi: axir, kino oʻz nomi bilan kino-da – u bunday “fosh etish”lardan yuqorida turadi. Oʻsha paytlardagi hissiyotlarimni esa sheʼrda shunday ifodalagandim:

Qahramon choʻqqidan qulab ketadi,

Kulga aylanadi yuksak binolar.

Bizni hayratlarga bandi etadi

Sehrli kinolar, sirli kinolar…

 

Bolakay qoshida Qorbobo birdan

Libosini yecha boshlagan kabi,

Kino sirlarini bitta bilimdon

Ayamay bir-bir fosh eta boshladi…

 

Masalan, meni hech qiziqtirganmas

Kinoga kerakli uskuna, jihoz.

Kinodan men turfa topqirlik emas,

Hayot tasvirini izlayman, xolos.

 

“Kino – moʻjizalar saltanatidir,

Kino – sehrgarlik dunyosi azal…”

Menga goʻdaklikdan oshno bu fikr

Qadrin yoʻqotmasa deyman har mahal.

 

Mayli, kaskadyorlar ishtirok etsin,

Mayli, yonib ketsin qogʻoz binolar.

Kuldirsin, yigʻlatsin, oʻylatib qoʻysin

Bizlarni sehrli, sirli kinolar.

 

Moʻjiza – moʻjiza boʻlsin-da mudom,

Moʻjiza nayrangga oʻxshab qolmasin.

Hech kim choʻkayotgan odamga qarab

“Murakkab sʼyomka!” deya olmasin…

 

Endi kinoning… yovuz qudrati haqida ham bir ogʻiz soʻz. Saksoninchi yillarning oʻrtalari edi. Qayta qurish bahona birdan ekranlarni fahsh, zoʻravonlik, qonunga boʻysunmaslik targʻib qilingan, qahramonlari shunday vatanda yashab yurganidan uyaladigan, chet elga sajda qilinadigan filmlar bosib ketdi.

Bir tanishim kinoteatrdan beri kelmay qoʻydi. Har kuni kech tushishi bilan titrab-qaqshab, koʻzlari yongancha kinoteatrga joʻnab qoladi. Tanishimning ruhiyatida ham qandaydir oʻzgarishlar yuz berayotgandi: u qaylardandir yalangʻoch ayollar suratlari chop etilgan jurnallarni topib kelib, bunday rasmlar bilan xonasi devorlarini toʻldirib tashladi. Men “Oqqushlarni otmang”, “Qizil bodrezak”, “Tazarru” filmlarini maqtasam, uning ogʻzidan oʻzi har kuni borib, qayta-qayta tomosha qiladigan “Kichik Vera”, “Mening ismim Arlekino”, “Qarz qogʻozlari” tushmasdi. Bu kinolarni birrov tomosha qilib, tanishimning qanday kasallikka chalinganini anglaganday boʻldim. Fahsh kinolar uni adoyi tamom qilgandi. Tez orada paydo boʻlgan videomagnitofonlaru ular orqali namoyish etila boshlangan pullik seanslar tanishimni butkul odamlik siyogʻidan chiqarib qoʻydi. Oʻsha paytlari, aniqrogʻi 1987 yili oʻsha tanishimning tilidan yozgandim:

 

ZAMONAVIY KINOMUXLIS

“Kichik Vera”, “Mening ismim Arlekino”, “Qarz qogʻozlari” va boshqa filmlarni koʻrib

 

Saʼdiy gʻazallari faromush, badar,

Tashlab ham ketdilar sabiy xayollar –

Ekrandan ham oqshom saharga qadar

Shahvatga chorlaydi buzuq ayollar…

Kunduzlar qasamlar ichaman bechek,

Oʻzni azmlarga koʻmib tashlayman.

Lekin irodasiz, ojiz bangidek

Har shom titrab-qaqshab yona boshlayman.

 

Va koʻknor tutadi makkora ekran –

Yalangʻoch tanlarga ochildasturxon.

Ongimni qoplaydi sarxush bir tuman,

Suyular telba hirs yetovida qon.

 

Tepalik tubida chuvalchang misol,

Toʻlgʻonib qolganda goh uvol tuygʻu,

Shivirlab qoʻyaman alamli, behol:

“Sanʼatlar ichida eng muhimi shu…”

 

Albatta, istehzo bilan tilga olingan soʻnggi jumla kimga tegishli ekanligi maʼlum. Aslida esa tanishim “Boshqalar ham borayapti-ku, bitta men emas-ku, zal toʻlib-toshib ketgan-ku”, degan ibtidoiy bahona bilan oʻzini oqlashga urinardi.

Oʻsha paytlari zavodda ishlardim. Balki koʻpchilikning yodida bordir, doʻkonlar ship-shiydam, oddiy kolbasaga ham, qiyshiq avtoruchkaga ham uzundan-uzoq navbat, uyga biron kerakli narsa sotib olish uchun esa dimogʻidan eshakqurt yogʻadigan sotuvchilardan tanish-bilish qidirishga toʻgʻri keladi. Toshkent doʻkonlarini uch kun qidirib ham, kolonkali steroradio topolmaganim esimda. Baʼzan ish orasida fursat topib, “Oʻzbekfilm”ga boraman. Kinostudiya ham tobora huvillab borardi nazarimda.

Bu yoqda esa fosh etishlar, taʼna-dashnomlar, qandaydir ilonlar qoʻriqlayotgan oltinlar, zindonlar… Xullas, hayotning oʻzi grotesk kinoga aylanib ketgandi…

Toʻqsoninchi yillarning oxirlari boʻlsa kerak, televideniyening bir xodimi “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilingan “Katta oʻyin” sarguzasht qissam boʻyicha ssenariy yozib berishni taklif qilib qoldi. Quloqlarimga ishonmayman deng. Harnechuk bolalaik ozularim roʻyobga chiqadiganga oʻxshab qoldi.

Bir hafta oʻtirib, – asar oʻzimniki, axir, qahramonlarini voqealarni yoddan bilaman, – yuz sahifaga yaqin kinossenariy yozib tashladim-u, oʻsha buyurtmachiga qoʻshqoʻllab topshirdim.

Bir, ikki, uch… oʻn oy, axiyri bir yil ham oʻtdi, biroq ssenariyim yuzasidan hech qanday darak boʻlmadi. Kutaverib charchadim. Yolgʻonchi kinochilardan xafa ham boʻldim. Biroz keyin xususiy studiyalardan bodrab chiqqan “koʻngilochar”, “xontaxta” filmlarni koʻrib, “Balki kinoga yaqinlashmay toʻgʻri qilgandirman, axir bular qipqizil sharmandalik-ku”, deya oʻz-oʻzimni ovutdim.

Xullas, soqolliyu soqolsiz rejissyorlardan koʻnglim qolib yurgan kunlarning birida, paxmoq oq sochli, quyuq moʻylovli, tashqi koʻrinishidan domla Eynshteynga oʻxshab ketadigan Hotam Fayziyev bilan tanishdik. Bu talantli ijodkorni ilgari televizorda bir – ikki koʻrgan edim. Ammo u kishining “Toshkent – non shahri”, “Mahallada duv-duv gap”, “Beruniy”, “Dilxiroj” filmlariga operatorlik qilganini, “Oq bino oqshomlari” filmining rejissyori ekanini ancha avval bilardim. Hotam Fayziyev bilan tanishuv men uchun hayotimdagi unutilmas voqealardan biri boʻldi. Ammo oʻsha ilk uchrashuvimiz chogʻi Hotam akaning uch hikoya asosida uch novelladan iborat toʻla metrajli badiiy film yaratish haqidagi taklifini xushlamayroq qarshi oldim. Chunki avvalgi “daydib” yoʻqolgan ssenariylarimning dardi hali ham koʻkayimdan ketmagan, arazlarim tarqab ulgurmagan edi. Lekin Hotam aka birga ishlashga koʻndirdi. Va uch-toʻrt kun ichida ssenariyni sharillatib yozib tashladim. Qogʻozga chiqarib, gerdaygancha koʻtarib keldim. Hotam aka kaminani xursand kutib oldi va asarimni qoʻlda qalam bilan oʻqib koʻrishga izn soʻradi: “Agar baʼzi mulohazalar tugʻilib qolsa, chetiga qalam bilan belgilab ketaman”.

“Marhamat, bemalol oʻqiyvering”, deb qoʻydim, albatta, ichimda.

Hotam aka bitigimni shoshilmasdan, diqqat bilan, toʻxtab-toʻxtab oʻqiy boshladi. Lekin bu jarayon men uchun juda azobli kechdi. Axir, oʻn sakkiz sahifalik ssenariyni Hotam aka uch-toʻrt soat ichida oʻqib tugatganida unda qalam tekizilmagan sogʻ sahifa u yoqda tursin, sogʻ jumla qolmagandi! Boyagi kekkayib turishlarimdan asar ham qolmadi!

Nihoyat ssenariyni qanday tayyorlash boʻyicha dastlabki saboqni bergan Hotam aka men yozib kelgan narsani ozgina qayta ishlash lozimligini bildirdi. Hotam aka “ozgina” deganda asarni butunlay qayta ishlashni nazarda tutishiga esa tez orada amin boʻldim…

Xullas, men hafta-oʻn kun chalasavodlikni bitirish kursiga qatnaganday Hotam akaning oldiga kelib, kinossenariy qanday yozilishi borasida maʼruzalar eshitdim. Baxtimga, Internetda va Rossiyada chop etiladigan kinoga oid jurnallarda ayrim mashhur filmlarning ssenariylari matni bor ekan. Ularni ham oʻqib chiqdim. Nazariya bilan amaliyot qoʻshilgandek boʻldi va oʻzim “shedevr” tusmol qilib turgan ssenariyim qanchalar boʻsh, qanchalar xom ekanligini koʻrdim…

Mana gap qayerda ekan! Men boʻlsa televideniye bilan “Oʻzbekfilm”dan oʻpkalab yuribman.

Hotam akaning daldasi bilan yeng shimarib ishga kirishdik. Nihoyat, uch oy zahmat chekib ssenariyning birinchi koʻrinishini bitirdik. Nima uchun birinchisi deyapman? Chunki hali oldinda uni juda katta sinov – Badiiy kengash chigʻirigʻi kutardi.

Badiiy kengash…

Agar taqdir taqozosi bilan “Oʻzbekkino” Badiiy kengashining biron yigʻilishida ishtirok etib qolsangiz-u, u yerdagi qizgʻin bahslarga, tomoq qurib qolguncha davom etadigan baqir-chaqirlarga, baʼzida uchrab qoladigan yoqa boʻgʻishishlarga guvoh boʻlsangiz, hayratdan lol qolishingiz turgan gap. Axir siz kengashning oʻndan ziyod aʼzosining muhokama etilayotgan ssenariy sifatli boʻlishi uchun talashayotganini koʻrasiz-da. “Ha, bunaqangi talabchan, prinsipial muhokamadan oʻta olgan har bir ssenariydan faqat “shedevr” film yaratilishi kerak”, degan xulosaga kelishingiz ham turgan gap.

Taassufki… Mayli, bu alohida mavzu.

Shunday qilib, ssenariyimiz kengash aʼzolarining fikr-istaklarini hisobga olish tavsiyasi bilan muhokamadan ham oʻtdi. Soʻng adabiy ssenariy ozroq qayta ishlandi, rejissyorlik ssenariysi yozildi, film byudjeti tasdiqdan oʻtkazildi, rol ijrochilariga aktyorlar kastingi oʻtkazildi, bosh rollarga ikki-uchtadan nomzodlar tanlandi, ular badiiy kengash tasdigʻidan oʻtkazildi (bu nisbatan ancha oson kechadigan jarayon) va nihoyat orziqib kutilgan suratga olish maydonida rejissyorning oʻktam ovozda “Motor!” degan farmoni jarangladi…

Ammo doʻppini osmonga otishga hali erta. Film tasmaga (lentaga) olinayapti, video emas. Charli Chaplin bir epizodni ellik-oltmish marotabalab qayta-qayta sahnaga olgan zamonlar oʻtib ketgan. Chunki tasma bor-yoʻgʻi ikkita dublga moʻljallab berilgan. Kameraning ishga tushishi, oʻchishi va albatta uchrab qoladigan ayrim texnik jihatlarni hisobga olsangiz, ajratilgan tasma oʻrtacha bir yarimta dublga yetadi. Belgilanganidan ortiq bir metr ham ololmaysiz. Demak, rejissyor ishiga juda puxta boʻlishi, aktyorlar rol matnini yodlamaguncha, talab etilgan holatga tushmaguncha suratga olmay turishi kerak. Bu esa oson emas. Ayniqsa rol soʻzlarini esdan chiqarib qoʻyadigan keksa aktyorlar bilan ishlaganda. Yana bir ogʻir tomoni, ayrim aktyorlar “improvizatsiya qilayapman” degan bahonani roʻkach qilganlaricha oʻzlaricha ssenariyda yoʻq soʻzlarni, jumlalarni qoʻshib ketishadi. Ana endi bunaqa paytlari rejissyorning jigʻibiyron boʻlishini koʻring!

Bular ham oʻtdi. Montaj, ukladka, ovoz berish, fon, musiqa… va nihoyat film tayyor boʻldi. Ana shundan keyin kino ikkinchi marotaba Badiiy kengash muhokamasidan oʻtkazildi.

Muhokamaning birinchi qismini eslasam, haligacha badanimdan sovuq ter toshadi: Axir Badiiy kengashga yetib kelgunga qadar filmni necha marotabalab tomosha qilgandim, koʻzlarimda yosh bilan rejissyorga ich-ichimdan tahsin oʻqib qoʻygandim. Har qalay, ogʻizni toʻldirib “kino” desa arzigulik film edi. Nazarimda.

Bu yerda esa…

Namoyishdan soʻng birinchi boʻlib soʻz olgan kengash aʼzosi “Kichkina odamlar”ni tuproqqa qorib tashladi. Hatto “Falon-falon kinolar chiqqan kinostudiyada shunday film olingani uchun men uyalayapman…” deyishgacha borib yetdi.

Ustimdan sovuq suv quyilganday boʻldi.

Shundan keyin soʻz olgan ikkinchi aʼzo filmni bundan battar ur kaltak-sur kaltak qildi. Operator ishining zaifligi ham qolmadi, rejissyorning mahoratsizligi ham…

Yerga kirib ketayotganday edim. Koʻz qirimni tashlab, rejissyor mendan battar ahvolda ekanini koʻrdim. “Shu yerdan chiqsam… – degan oʻyga bordim oʻzimcha, – shu yerdan eson-omon chiqsam ikkinchi marta kinoga yaqin kelmayman…”

Hammasi tamom boʻlganday edi.

Xonaga ogʻir sukunat choʻkkan.

Ana shunda, koʻz oʻngimni qoplab olgan qorangʻulik qatidan bir chimdim nur koʻrina boshladi. Badiiy kengash aʼzolarining avval uchinchisi keyin toʻrtinchi va beshinchisi biz ishlagan kino haqida iliq gaplar aytdi, hatto ora-sira maqtov gaplar ham eshitilib qoldi.

Bugun, oradan shuncha vaqt oʻtib, premyerasi 2007 yilda boʻlib oʻtgan “Kichkina odamlar” filmi xususida ezmalik qilayotganim oʻquvchiga erish tuyulmas, deb oʻylayman. Alhol, baayni ilk muhabbat kabi, birinchi film ham qalbimizda, ong-shuurimizda bir umrlik oʻchmas iz qoldirarkan.

Darvoqe, paytdan foydalanib yana bir maqtanib olay: bizning “Kichkina odamlar” Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Yevroosiyo xalqaro kinofestivalida ishtirok etib, maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Bundan tashqari Tallinda, “Qorongʻu tunlar” xalqaro kinofestivalida namoyish qilindi. Bu yil esa Rossiyaning “Mir” telekanali orqali butun dunyoga koʻrsatildi…

Nazarimda bugunga kelib bolalik orzuim ushalganga oʻxshayapti. Sirli, sehirli kinolarning shunchaki tomoshabini emas, balki uning baholi qudrat ijodkoriga aylandim. Juda koʻp rejissyorlar, mahoratli operatorlar bilan tanishdim. Hotam Fayziyev, Sanjar Boboyev, Ravil Botirov, Abduxalil Mignarov, Fotih Jalolov kabi elimizning mashhur kino ijodkorlari bilan hamkorlik qildim, oʻz navbatida ulardan ancha narsa oʻrgandim. Buning hammasi men uchun baxt va omad edi.

Shu oʻrinda muhtaram rejissyorlarimiz haqida ikki ogʻizgina toʻxtalib oʻtsam.

Ular ham oʻziga xos, injiq bir qavm.

Keyingi toʻrt-besh yil ichida men eng yoqtirgan mashgʻulot oʻzim tanigan-bilgan hamda taniyotgan-bilayotgan rejissyorlarni alohida va birgalikda kuzatish, xayolan ularni bir-biriga solishtirish boʻldi. Hamma ijodiy sohada boʻlganidek, ular orasida ham isteʼdodli-isteʼdodsizi, sergʻayrat yoxud dangasasi, fidoyi yoxud loqaydi uchraydi. Ayrim doʻstlarimiz rejissyorlar haqida qoʻl siltab gapiradi:”E, ular badiiy kitob oʻqishmaydi”. Bu – yolgʻon. Men oʻzim tanigan har ikki rejissyordan bittasining qoʻlida kitob yo jurnal borligini koʻraman. Adashmasam, bir necha rejissyorlar Sh. Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi” hikoyasini kino qilish ishtiyoqida, uni qanday qilib kino tiliga oʻgirish tashvishida anchadan beri kuyib-pishib yurishibdi. Yana bir rejissyor esa N. Jaloliddining “Bayroq” hikoyasidan zoʻr film yaratmoqchi. Koʻpgina Badiiy kengash aʼzolarining qoʻlida hikoyalar antologiyasini koʻrdim. Ha, aftidan, kinochilar ashaddiy kitobxonlar.

Badiiy asar – individual mehnat mahsuli. Bunda qalamkash oʻz oʻy-xayollari, yaratayotgan obrazlari, bir soʻz bilan aytganda ijod olami bilan yolgʻiz qoladi. Kinoda bunday emas. Kino – keng maʼnoda jamoaviy mehnat mahsuli. Bunda sahnalashtiruvchi rejissyordan tortib, operatorgacha, rassomgacha – har birining oʻz oʻrni, oʻz ahamiyati bor. Rejissyor haqida yana gapirib oʻtirish ortiqchadir, baʼzan operator topgan yechim epizodning yoinki obrazning “yarq” etib ochilishiga xizmat qiladi, ayrim hollarda rassom tasavvurida tugʻilgan manzara tomoshabinga matndagi soʻzlardan koʻra koʻproq hissiy taʼsir etadi va hokazo. Yaxshi ijodiy guruhda kartina yaxshi chiqishi uchun film direktoridan tortib oddiy assistentgacha astoydil harakat qiladi. Ayniqsa, ularning fidoyiligini aytmaysizmi?!

Rejissyor kinoni tasvirga tushirishda oylab oʻz uyidan uzoqda boʻladi, ochigʻini aytish kerak, koʻp hollarda issiq suv, gaz singari eng oddiy sharoitlar boʻlmagan arzon mehmonxonalarda, palatkalarda yashaydi. Misol uchun Hotam Fayziyev filmni suratga olayotganida poyezdning usti ochiq sostavida hayotini xavf ostida qoldirgan. “Beruniy” filmida esa balandlikda yonib ketib, oʻt oʻchiruvchilarning saʼy-harakati bilangina omon qolgan. Aynan shu filmda quyosh tigʻida kamerasi bilan haddan ortiq koʻp turganligi uchun xastalikka chalinib qolgan. Ammo baribir Hotam aka kinoni deydi, kinoni deb yashamoqda. Qachon qarasangiz, yangi asar oʻqiydi, ssenariy qidiradi.

Bunga oʻxshash fidoiylikni Abduxalil Mingnorov, Fotih Jalolov kabi rejissiyorlarda ham koʻrganman. Masalan, mutasaddilar qoʻshimcha mablagʻ yoʻqligidan qilishganida Abduxalil aka serialning soʻnggi sahnalarini oʻz hisobidan suratga olishga tayyor ekanligini bildirgani hanuz esimda. albatta buning hammasi ijodga boʻlgan oshuftalikdan.

Ha, kinoning oʻz ohanrabosi bor.

Endi aktyorlar haqida bir necha ogʻiz soʻz.

Chin gap, men aktyorlarni hurmat qilaman. Tabiat ularga alohida qobiliyat, shuur ato etgan deb oʻylayman. Ancha yillar boʻlib qoldi, “Aktyor” deb nomlangan sheʼr ham yozgandim:

 

Qismat uni qiynadi behad,

Oxirida ajal chang soldi.

Balo ekan, u bir amallab

Oʻlimlardan qutulib qoldi.

 

Sevib qoldi, oʻrtandi, yondi

Va kuyladi mahzun qoʻshiqlar.

Soʻng mislsiz mardlik koʻrsatdi,

Yitdi mavjud barcha toʻsiqlar.

 

Janggohlarda dovullar qoqib,

Gʻanimlarni qirib tashladi.

Chakkasiga chuchmoma taqib,

Ajib sheʼrlar oʻqiy boshladi.

 

Goh shoh, goh qul, gohida sarbon,

Goh fazogir, gohida meʼmor…

Hayotdamas, sahnada baʼzan

Yigʻlab qoʻyar edi aktyor.

 

Bir kech esa u Verter boʻlib

Toʻpponchadan otdi oʻzini.

Soʻng ekrandan sirgʻalib chiqib

Olomonga tikdi koʻzini.

 

Biz esa jim.

Biz esa befarq.

Yuraklar bir maromda urar.

Shivir-shivir: “Bozor… narsa… narx…”

Kim mudrar, kim sigara soʻrar.

 

Biz esa jim.

Biz esa befarq.

Behis boqib turib ekranga

Kimdir kular: “Anov qizga boq,

Cholvori xoʻp modniy ekan-da…”

 

Qayda?

Nechun?

Tirikmi-oʻlik?

Na anglab, na farqiga bordi,

Sahnadamas, hayotda Buyuk –

Aktyor ilk bor yigʻlab yubordi…

 

Fikrimcha, bizda juda kuchli isteʼdodga ega aktyorlar koʻp. Gurillab chiqib kelayotgan iqtidorli yoshlar ham yetarli. Ammo ularga munosib rollar yoʻqligi ham bor gap.

Men ayniqsa xususiy studiyalarning koʻngilochar “xontaxta” filmlaridagi bachkana rollarni “pachkalab” oʻynayotgan, bir xil qolipga tushib qolgan aktyor va aktrisalarga achinaman. Ular oʻz isteʼdodlariga oʻzlari zavol boʻlishdi. Toʻgʻri, salohiyatning oʻzi qorin toʻydirmas, ammo bu degani taklif qilingan har qanday rolga jon-jahdi bilan yopishib olish degani emas-ku.

Bu masalaning bir tomoni boʻlsa, ikkinchi tomoni… toʻylar, charlarlar…

Ishonasizmi, yozda suratga olinadigan bir-ikkita filmda rollarga tasdiqlangan aktyorlarning oʻzlari suratga olish kunlarini belgilab berishdi. Yaʼni toʻydan boʻsh kunlari! Mabodo juda suratga olish zarur boʻlsa, marhamat qilib kechqurun maxsus mashina ularni toʻyga olib borishi, kechasi esa qaytarib olib kelishi kerak ekan! Serialdagi bosh rolga (!) tasdiqlangan, el suygan aktrisamiz ham yon daftarchasini olib, qaysi kunlari charlarga bormasligini, demak faqat oʻsha kunlarigina suratga olish maydoniga kela olishini ayta boshlaganida alamdan dod deb yuborguday holga kelmaysizmi? Axir qanday qilib ekranda vijdonli, iymonli, halol insonni, bir soʻz bilan aytganda zamonamiz qahramonini gavdalantirayotgan aktyor yoki aktrisa toʻyga yoki charlarga chopib borasola bachkana latifalar aytadi, tuzsiz qoʻshiqlar kuylaydi, buni tasavvur etish mushkul. Aftidan, Shekspir hayotning oʻzi ulkan sahna, unda biz hammamiz aktyorlarmiz deganida haq boʻlgan shekilli.

Yaxshiyam kinoni hamma narsadan ustun qoʻyadigan aktyorlarimiz ham bor. Albatta, ular koʻpchilik boʻlishsa kerak, ammo men oʻzim bunday fazilatni Yulduz Hamidova, Malika Ibrohimova, Faxriddin Shamsimatov kabi ijodkorlarda koʻrganman.

Yana bir toifa aktyorlar borki, ular ekranda iloji boricha koʻproq koʻrinishni istashadi. Yodimga bir voqea tushib qoldi. Serial suratga olinayotgandi. Ikkinchi darajali rolni ijro etayotgan aktyor choʻloqlanib oldimga kelib, birdan shikoyat qilishga tushib ketdi. Emishki, barmogʻiga chipqon chiqqan ekan, jarrohlik notoʻgʻri qilinganligi bois choʻloq boʻlib qolibdi, natijada uni xotini mensimay qoʻyib, ochiqdan-ochiq xiyonat qila boshlabdi. “Mahallada bosh koʻtarib yurolmay qoldim, shuning uchun uydan tong saharda chiqib ketib, yarim kechasi qaytib kelaman”, dedi aktyor oʻpkasi toʻlib. Ochigʻi, u kishiga juda achindim. Endi tasalli bermoqchi boʻlayotgandim, aktyorni suratga olish maydoniga chaqirib qolishdi.

Ertasi kuni shu aktyor yana oldimga keldi. Ajabki, bu safar u oqsoqlanmasdi. Darhol yuzimga qaygʻuli tus berib, shuncha balolarga giriftor boʻlganiga qaramasdan ishini davom ettirayotgan bu jafokashning koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldim. Ammo meni gapirtirgani qoʻymagan aktyor shosha-pisha “Yozdingizmi?” deb soʻradi. “Nimani?”. “Kechagi aytganlarimni-da”. Xijolat tortdim: “Men birovlarning sirini elga doston qilmayman”. Buni eshitgan aktyorning qovogʻi tushib ketdi: “Unda obrazim ochilmay, toʻmtoq boʻlib qoladi-da”. “Qanaqa obraz?”. Ana shundan keyin aktyor hijjalab tushuntira boshladi. Ayon boʻldiki, u kechagi tarixni oʻzi ijro etayotgan qahramoni uchun oʻylab topgan va mening vazifam bu “tarjimai hol”ni asarga singdirib yuborish ekan. “Men hamma ssenaristlar bilan shunday ishlayman, – dedi aktyor magʻrur tarzda. – Hammasi menga rahmat aytishgan”. Gap nimadaligini tushunganimdan keyin yengil tortib kulib yubordim, aktyorga rahmat aytdim, ammo u kishi soʻzlab bergan voqealarni qogʻozga tushirolmadim: mening tasavvurimdagi obrazga bu “hasbi hol” sira oʻtirishmasdi. Rejissyor ham bu fikrimni maʼqulladi.

Yozaversam, gap koʻp. Axir kinoni kim yaxshi koʻrmaydi, kim uni maftun boʻlib tomosha qilmaydi? Bolalik orzum amalga oshib, alal-oqibat kino sohasiga aralashib qolganimning oʻzi menga taqdirning inoyati emasmi?

Oʻzimning imkon darajamdagi xususiy kuzatuvlarimning hosilasi boʻlgan ushbu joʻngina badiani qogʻozga tushirishdan oldin uzoq oʻylandim. Tan olaman, men hali kino olamiga endi atak-chechak qilib kelayotgan oʻquvchi qatoriman. Bilganimdan bilmaganim, anglaganimdan anglamaganim koʻproq. Ammo bilmaganlarimni bilishga, anglamaganlarimni anglashga istagim kuchli. Faqat istakning oʻzi bilan hech bir ish bitmasligini tushunib tursam-da, yana bir narsaga ishonchim komil: hammasi oldinda. Hammasi. Bir kuni kelib men orzu qilgan, mening oʻzimni ham tomoshabin sifatida larzaga soladigan, cheksiz-chegarasiz hayratlarga bandi etadigan, koʻz yoshlarimga gʻarq qiladigan buyuk film suratga olinadi. Albatta suratga olinadi. Axir kino aslida afsunlar saltanati-ku. Bunday saltanatda esa oxir-oqibat albatta moʻjiza roʻy beradi. Roʻy bermasdan qolmaydi. Demak, oʻsha kun tezroq kelishi uchun ishlash kerak! Ishlash! Boshqa yoʻl yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas…

Kinoni kim yaxshi koʻrmaydi? Kim kinoning tilsimli olamiga maftun boʻlmaydi…

 

Abduqayum YOʼLDOSHYeV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.