Saodatli kelajak umidi

0
326
marta koʻrilgan.

Mustaqillikning ilk yillari bir fotosurat diqqatimni tortib, gʻoyat toʻlqinlantirgan edi. Muhtaram Prezidentimiz shodlikdan kulib turgan bolani mehr bilan quchib turganlarida fotomuxbir bu hayajonli manzarani tarixga muhrlagan edi. Men bu suratda ajib bir ramz koʻrgan edim: mamlakat taqdiri masʼuliyatini zimmasiga olgan rahbar goʻyo Vatanning nurli kelajagini eʼzozlab turganday edi. Bu surat goʻyo uzoq yillarga moʻljallangan muhim rejaning bayrogʻi, shiori edi. Ayni oʻsha damlarda “sogʻlom avlod” iborasi tilga olindi, mustaqil Oʻzbekistonning ilk mukofoti – ordeni ham shu nom bilan ataldi. Ikkinchi hayotbaxsh shior – “Oʻzbekiston – kelajagi buyuk davlat” sogʻlom avlod rejasining amalga oshishi bilan chambarchas bogʻliq edi. Chunki Oʻzbekiston kelajagining poydevori oʻsha kunlarda qoʻyilgani bilan, “Buyuk davlat” deb atalmish muhtasham saroyni qurishda yosh avlod ham faol ishtirok etadi va yashaydi. Sogʻlom avlod siyosati kun tartibiga qoʻyilgan kunlarda tugʻilgan avlod hozir yigit yoshiga yetib, bu qurilishning faollariga aylanayotganlari mazkur rejaning naqadar hayotiy ekaniga dalolatdir.

“Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir”, deyilishi bejiz emas. Odam yigitlik va qizlik choqlari oʻzi uchun yashasa, oila qurib, farzand koʻrganidan keyin farzandi uchun yashay boshlaydi. Farzandi uchun jonini berishga tayyor boʻladi. Hamonki, jamiyat oilalardan tarkib topgan ekan, davlatning yosh avlodga boʻlgan mehri ham ota-onalar mehridan quvvat oladi.

Rivoyat qilurlarkim, hazrati Umar (r. a.) bir moʻtabar odamni shahar amiri etib tayinlamoqchi boʻldilar. Kotib farmonni yozishga kirishgan onda bir goʻdak kirib hazrati Umarning tizzalariga chiqib, oʻtirib oldi. Hazrat bolakayni oʻpib, erkaladilar.

Yuqori mansabga tayinlanayotgan kishi buni koʻrib:

– Bu goʻdak oʻz oʻgʻlingizmi? – deb soʻradi.

– Yoʻq, bu bir kambagʻalning farzandi. Ota-onasi vafot etgan. Bolani oʻz tarbiyamga olganman, – dedilar hazrati Umar.

U kishi hazratning muloyim qalbli, aʼlo darajadagi shafqatli, marhamatli ekanliklariga ajablanib, dedi:

– Mening oʻnta farzandim bor. Men oʻz bolalarimni ham erkalab, oʻpmayman. Bolalarim meni koʻrishganda zirillab turishadi. Ota shunday boʻlishi kerak emasmi?

Hazrati Umar bu soʻzlarni eshitib, yozilgan farmonni olib yirtib tashladilar-da, dedilar:

– Bu odamni mansabdor etib tayinlashni istamayman. Oʻz farzandlariga toshkoʻngil boʻlgan odam xalqqa qanday manfaat yetkazishi mumkin?

Mamlakatimizda 2014 yilning “Sogʻlom bola yili” deb atalishi tasodifiy emas. Avvali shuki, Vatanimizda har bir yil aniq bir rejaga qaratiladi. Bu rejalarni yoʻlga qiyos etsak, nurli togʻ choʻqqisiga eltuvchi yoʻllardir. Ahamiyatlisi shundaki, bu yil bir yoʻldan, ikkinchi yil yana boshqa yoʻldan yurilmaydi. Balki bu siyosatda aniq izchillik mavjud. Jamiyatda hal qilinishi zarur boʻlgan masalalar birin-sirin kun tartibiga qoʻyiladi. Oʻtgan yillarga qarasak: oila yili, barkamol avlod yili… obod turmush yili. Bular zanjir halqalari kabi bogʻlangandir. Demak, barkamol avlod va obod turmush yillarida boshlangan xayrli ishlar toʻxtamaydi, balki davom etadi, yangi bosqichlarga koʻtariladi. Yana muhimi shuki, muhtaram Prezidentimiz yosh avlodning bizdan-da koʻra baxtliroq boʻlishini taʼkidlaganlar. “Sogʻlom bola yili” bu yoʻldagi muhim qadamlardan biri boʻladi. Boshqacha taʼbir aytilsa, bu yoʻnalishda ish olib borilishi soʻz va ish birligining amaldagi koʻrinishidir.

2014 yilni “Sogʻlom bola” yili deb nomlanishi bu borada yigirma ikki yil muqaddam boshlangan ishlarning yangi bosqichga koʻtarilganiga dalolatdir. Hech kimga sir emaski, oʻtmish jamiyatda chaqaloqlarning oʻlimi koʻp uchrardi. Hatto bu qaygʻudan ezilgan ayrim oilalar tugʻilgan farzandlariga “Toʻxtasin”, “Toʻxtamurod” yoki “Toʻxtaoy” deb ism berardilar. Mustaqil vatanimizda goʻdak hali tugʻilmasidanoq vrachlar nazoratida boʻladi. Tugʻilgach, turli xastaliklarga chalinmaslik choralari koʻriladi. Soʻng esa baquvvat boʻlishi uchun sport ishlariga jalb qilinadi. Bularning barchasi davlatning gʻamxoʻrligida, barchasi bepul. Bu gʻamxoʻrliklarning qadriga toʻlaroq yetish uchun dunyo mamlakatlaridagi bolalarning ayanchli ahvoliga bir nazar tashlasak kifoya. Yoshga yetmay oʻlayotgan goʻdaklar, ochlikdan etlari suyaklariga yopishgan bolalar… Bularni teleekran orqali koʻrib turamiz va oʻz ahvolimizdan shodlanamiz, shukrlar qilamiz.

Tibbiy va boshqa zarur yoʻnalishlarda davlat moddiy va tashkiliy tomonlardan gʻamxoʻrligini oshirib boryapti. Lekin “bu – davlatning ishi” deb chetdan tomosha qilib turish nooʻrin. Bu ishlarda faol ishtirok etish har bir fuqaroning burchidir.

Maʼlumingizkim, odamning sogʻlomligi ham tibbiy-jismoniy, ham maʼnaviy-ruhiy tomondan boʻladi. Oʻtgan yilimiz “Obod turmush yili” deb nomlanganida “Obodlik – koʻngildan boshlanadi” degan izoh ham berildi. Shunga koʻra, bolaning sogʻlom boʻlishi uchun faqat tibbiy koʻrik va nazoratlar kifoya emas. Jismonan va ruhan sogʻlom boʻlishi uchun oila aʼzolarining, ustozlarning ishtiroki muhimdir. Ayniqsa, ulgʻayib kelayotgan bola ongining tashqi mamlakatlarda paydo boʻlib, biz tomon oqib kelayotgan zararli tarbiya taʼsirlardan himoya qilish bugunning muhim vazifasi hisoblanadi va bu ish jamiyat aʼzolarining ahil ravishdagi doimiy, kundalik ishlari boʻlishi kerak. Xususan, maktab yoshidagi bolalarning kashandalik, mayxoʻrlik, giyohvandlik illatiga yaqinlashib qolmasliklari choralarini koʻrishda jamiyat aʼzolarining ahilligi, ziyrakligi muhim. Agar bola maktab yoshida nojoʻya taʼsirga tushib qolishdan asralmas ekan, keyinroq giyohvandlarga aralashganini hatto ota-onalari ham sezmay qolishlari mumkin.

Salomatlik – goʻzallik demak. Abu Rayhon Beruniy hazratlari goʻzallikni “tashqi va ichki” deb boʻlib, shunday fikr bildirganlar: “Tashqi goʻzallik, qiyofadagi jamol – bular ikkovi ham yoqimli boʻlishi kerak, odamlar oʻzaro uchrashganlarida ushbu goʻzal jamolni koʻrishga ragʻbat qiladilar. Lekin shakl chiroyi ona qornida ato qilinadi, uni oʻzgartirishga hech bir zot qodir emas. Ammo xulq-atvorga kelsak, uni odamiylik talablariga muvofiq davolab, tarbiyalab, goʻzal – pokiza tutib, yomon hollarga tushirmaslik mumkin”.

Ota-ona farzandini gulxan olovidan qanchalik himoya qilsa, illatlar olovidan undan-da koʻproq himoya qilmogʻi kerak. Odobu tarbiya vositasida yaxshi xulqlarni oʻrgatish, yomonliklardan qaytarish, toʻkin-sochinlik, isrofgarchilikka odatlantirmaslik, ziynatga benihoya muhabbat uygʻotmaslik bilan ota-ona farzandini saodat saroyi tomon boshlaydi. Aksincha, bola dunyo talabida uygʻonsa, abadiy halokatga yuz tutadi.

Bolani toʻkin-sochinlikda, qimmatbaho kiyimlar kiyib oʻsgan erka-tantiq bolalardan, bunday dabdabali hayotga ragʻbat uygʻotadiganlar davrasiga aralashib qolishdan asramoq kerak. Chunki voyaga yetayotgan bolani eʼtiborsiz tashlab qoʻyilsa, koʻp hollarda bu – axloqning tubanlashuviga sabab boʻladi. Natijada, bola ulgʻaygach, kazzob, hasadgoʻy, oʻgʻri, chaqimchi, qaysar, mahmadana, yengiltak, makkor, behayo, yaramas bir kimsaga aylanib qolishi mumkin. Vatan xoinlari aynan shu kabi illatlar taʼsirida ulgʻayganlardan chiqadi.

Bola tarbiyasida otaning qatʼiyati, soʻzidan qaytmasligi muhim ahamiyatga ega. U oʻzining bu tabiatini farzandiga doimo sezdirib turishi zarur. Ona ham oʻz navbatida otaning aynan shu xususiyatini bolaning yodiga solib turishi, shu tarzda farzandini yomonliklardan qaytarishi lozim.

Yangi yil uchun ishlab chiqilgan davlat dasturini faqatgina vazirliklar yoki hokimliklar yoki turli jamiyatlar amalga oshirmaydilar. Bu dasturni amalga oshirishda shu Vatan kelajagi uchun qaygʻuruvchi har bir odam ishtirok etishi shart. Salomatlik faqat jism ofiyati emas, ruhiy poklik ekanini bilamiz. Ruh kirlanganda, maʼnaviy qashshoqlik boshlanadi, jism xastaligi ayni shu holatda boshlanadi. “Sogʻlom bola yili” dasturini amalga oshirish avvalida har birimiz oʻz oilamizga, yaqinlarimiz xonadonlariga nazar tashlasak, bu boradagi xato-kamchiliklarimizni koʻramiz. Jism salomatligiga doir kamchiliklar shundan iboratki, ayrim xonadonlarda bolaning ozodaligiga loqayd qarashni kuzatamiz. Hatto oddiy narsalar – ertalab yuvinish (ayniqsa, tish yuvish), badantarbiya qilishga odatlantirish tarbiyasi eʼtibordan chetda qoladi. Baʼzilarga bu borada tanbeh bersangiz, “Odam tuproqdan yaralgan, tuproqda yumalab-yumalab katta boʻlaveradi”, degan “dono” gapni eshitasiz.

“Badanning salomat va quvvatli boʻlmogʻi insonga eng kerakli narsadur, – deb taʼkid etganlar ustoz Abdulla Avloniy. – Chunki oʻqumoq, oʻqutmoq, oʻrganmoq va oʻrgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Sogʻ badanga ega boʻlmagan insonlar amallarinda, ishlarinda… kamchilik qilurlar. Maishatimizning rohatda boʻlmogʻi jasadimizning sogʻlom boʻlmogʻiga bogʻliqdur. Biz sihatimizni saqlamak ila amr oʻlinganmiz, shuning uchun vujudimizni hifzi sihatga zid boʻlgʻon yomon odatlar ila churutmakdan saqlanmakligʻimiz lozimdur.

Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qoʻyub, astarini yuvub, ovora boʻlmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sogʻlom bir vujud kerakdur… “

Maʼnaviy qashshoqlikdan asrashga doir ishlarda esa koʻpgina xato-kamchiliklarni kuzatamiz.

Hayot imtihondir, imtihon bor joyda burch, javobgarlik, masʼuliyat boʻladi. Inson ana shu masʼuliyat bilan dunyoga keladi. Barchamiz zimmamizga omonat yuklatilgan, imtihonda turgan insonlarmiz. Biz farzandlarimiz taqdiri uchun hujayralarning eng olis nuqtasigacha, vujudning har bir zarrasiga qadar javobgar boʻlgan kishilarmiz.

Afsuslarkim, ayrimlarimizning koʻngillarimiz koʻchaga bogʻlangan. Ishga, ulfatga muhabbat oilaga boʻlgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasiga esa vaqtni qizgʻanamiz. Sariq chaqaga arzimas matohlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroq. Piyolani sindirib qoʻysa ayamay uramiz, guldonni sindirsa doʻpposlaymiz. Agar aka ukasini ursa, yana jazolaymiz. Holbuki, kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini oʻzimizning aynan shu harakatimiz bilan oʻrgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin! Bola shoʻxlik qilsa “hali qarab tur, dadangga aytaman”, deb qoʻrqitamiz. Ota kelganda bola yomonlanadi. Ayni shu holatda ota-bola orasiga dushmanlik urugʻi sochilganini fahm etmaymiz. Otani jazolovchi inson sifatida koʻrsatmay, ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni oʻrgatish afzalroq emasmikin?

Abdurauf Fitrat hazratlarining bizga biroz keskinroq, hatto qoʻpolroq tuyulishi mumkin boʻlgan bayonlari bor. Birga oʻqiylik: “… koʻraylik-chi, biz musulmonlar, xususan, turkistonliklar, oʻz farzandlarimizga tarbiya beryapmizmi yoki yoʻqmi? Savolning oxiridagi soʻz bunga javob boʻla oladi, yaʼni “yoʻq!” Men buni shunday isbot qilaman: biz, turkistonliklar bolalarimizdan koʻra mollarimizga yaxshiroq qaraymiz. Eshak va qoʻylarimizni farzandlarimizdan ham koʻproq yaxshi koʻramiz, deb aytmayapman. Yoʻq-yoʻq, bolalarimiz jonimizdan ham aziz. Ular, nazarimizda, hammadan suyukli va ardoqli. Lekin baxtimizga qarshi shuni eʼtirof qilish lozimki, shuncha muhabbat va mehrga qaramasdan, eshak va qoʻylarimizdan kamroq tarbiyalaymiz!

Dalil shulkim, kimning uyida moli boʻlsa, tekshirsa koʻradiki, yil davomida uning mollaridan bittasi ham kasal boʻlmagan, ammo farzandi hech boʻlmasa, uch marta xastalikka chalingan. Bas, maʼlum boʻladiki, u kishi molining kasal boʻlmasligiga koʻproq eʼtibor berar ekan. Soʻzingiz toʻgʻri boʻlsa ham mening daʼvoyimga hech zarari yoʻq, chunki bolaning sogʻligʻiga eʼtibor berish ham farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishni bildirmaydi. Haqiqatdan agar odam qoʻy va eshakka oʻxshab kamol topishi, sogʻliq, bilaklarining kuchliligi bilan chegaralanib qolganida edi, biz ham farzand sogʻligʻi uchun boʻlgan harakatni, farzand tarbiyasi, deb atardik. Tanu toʻshli va sogʻlom bolani kamolga yetishgan, deb qabul qilardik.

Odamning kamoli faqat sogʻliq va kuchdan iborat boʻlmay, balki jismonan, aqlan va axloqan yuksalishdan iborat. Odamning jismi, aqli va axloqi turli kasallik va nuqsonlardan uzoq boʻlishi lozim. Odam ham oʻz manfaatini oʻylab, ham yaqinlarini baxtiyor qilishga qodir boʻlib oʻsishi lozim. Zotan, bu mantiqiy olishuvlarga nima hojat bor?”

Bu fikrlar oʻtgan asr boshlarida bayon etilgan, lekin ayrim jihatlaridan bugun aytilayotganga oʻxshaydi, shunday emasmi? Demak, tarbiyada hali yetarli ilgarilab ketolmabmiz. Bugun biz bola tarbiyasi deganda, uni yaxshi kiyintirishni tushunyapmiz, katta pul sarflab oʻqishga kiritishni anglayapmiz… Agar avtomashinamiz buzilib qolsa, ustaxonada bir kun yoki bir hafta oʻtirishimiz mumkin, ammo farzandimiz bilan bir soat yonma-yon oʻtirib, dars tayyorlashga toqatimiz yetmaydi.

Otaning farzandga mehri-muhabbati cheksizdir, chunki u farzandini oʻz suratidan koʻchirilgan nusxa, deb anglaydi. Zotan, otaning tasavvuri toʻgʻridir. Farzand otaning bir juzvi, suratda, xulq-atvorda unga oʻxshaydi. Shuning uchun ota farzandi tarbiyasiga diqqat qiladi. Oʻzi istagan fazlu kamolni farzandiga berishga, uni oʻzidan koʻra ham mukammal qilib yetishtirishga gʻayrat qiladi. Shu maqsad yoʻlida har qanday mashaqqatga bardosh beradi. Farzandi haqida xalqdan: “Tarbiya qilgan otasiga rahmat!” degan olqishni eshitsa, sevinadi. Farzandi orqali koʻzlagan maqsadiga yetishni istaydi, nevara, evaralar koʻrib, naslining davom etishini orzu qiladi. Bu oʻrinda otaning oʻgʻil koʻrganda quvonishi sababiga izoh berib oʻtsak: albatta, ota uchun qiz farzand ham oʻgʻil farzand ham birday suyumli. Ikkovi ham Olloh bergan ulugʻ neʼmat sanaladi. Ammo oʻgʻil farzand nasl-nasabni davom ettiruvchi boʻlgani uchun ham otada alohida quvonch uygʻonadi. Quvonch sababini qizlarni kamsitishda, deb anglamaslik kerak. Chunki odamiylikda bolalarni ajratish, yaʼni birini koʻproq, ikkinchisini kamroq yaxshi koʻrish durust hisoblanmaydi.

Shu oʻrinda “Boburnoma”ning soʻnggi satrlarini eslaylik:

“… Muhammad Humoyun xastalangach, hakimu hoziqlar dardiga davo qila olmadilar. “Mir Abulqosimkim, ulugʻ kishi erdi, arzgʻa yetkurdikim, “Ushmundoq dardlarga davo budurkim, yaxshi nimarsalardan tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri-taolo sihhat bergay”. Mening koʻnglumga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin oʻzga yaxshiroq nimarsasi yoʻq. Men oʻzum tasadduq boʻlayin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa, oʻzga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu soʻzi nechun tilingizga kelturasiz? Gʻaraz budirkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak. Bas, oʻsha olmoskim, Ibrohimni urushida tushub erdi, Muhammad Ibrohimgʻa inoyat qilib erdingiz, tasadduq qilmoq kerak”.

Ular “oʻzingizni emas, shu qimmatbaho buyumni sadaqa qilsangiz ham yetar”, deb maslahat berganlarida Boburning ahdi yodingizdami: “Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk boʻlgay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul boʻlubdur. Va andin oʻtubturkim, men aning betoqatligini toqat kelturgʻaymen. Oʻshal holatga kirib, uch qatla boshidin oʻrgulub, dedimkim, men koʻtardim har ne darding bor. Oʻshal zamon men ogʻir boʻldum, ul yengil boʻldi. Ul sihhat boʻlub qoʻpti. Men noxush boʻlub yiqildim…” Xoʻsh, bunga nima deymiz? Ota mehri xususinda bizga yana qanday misol kerak? Afsuski, bu borada aks misollar ham mavjud. Moʻmin Mirzo fojiasini eslaylik: temurzodalardan biri, jonini oʻgʻliga hadya etdi, ikkinchisi esa, nabirasini oʻldirtirdi…

Ota oʻz farzandlariga meros etib molu dunyo emas, odob-axloq qoldirishi kerak. Mol-dunyo merosi kundan kun kamayib, odob-axloq merosi esa oshib boradi. Bu rivoyat fikrimizning dalili:

Misr hukmdori bilan Rum hukmdori oʻzaro kelishib, doʻstlik ahdini tuzdilar va oradagi adovatga barham berdilar. Hatto Misr hukmdori Rum hukmdorining qizini oʻgʻliga nikohlab, qizini esa Rum shahzodasiga uzatdi. Ularning doʻstlik va qarindoshlik aloqalari uzoq davom etdi. Bir kuni Rum hukmdori qudasiga bu mazmundagi maktubni yoʻlladi:

– Koʻzlarimizning nurlari boʻlmish aziz farzandlarimizning bizlardan keyin ham farogʻatda yashamoqliklari uchun hozirdan chora-tadbir koʻrishimiz kerak. Men oʻgʻlim uchun juda koʻp oltin jamladim. Chiroyli bogʻ va saroy barpo ettirdim. Siz ham shunday qilgandirsiz?

Misr hukmdori maktubni oʻqib tabassum qildi va bu javobni yoʻlladi:

– Azizim, men sizdan koʻra sal boshqacharoq yoʻl tutdim. Vafosiz mol-dunyo va matohlariga iltifot etmaganim tufayli oʻgʻlimga oltinu javharlar emas, ilm, hunar, odob, axloqni meros etib qoldirishni istadim. Uni ilmli, hunarli, xushaxloqli qilib tarbiyaladim. Uni yaxshi adab libosi bilan bezadim. Mol-dunyoga qachondir zavol yetadi, ammo men qoldirayotgan merosga hech zamon zavol yetmaydi. Bu meros farzandimni har qanday balo-ofatlardan omon saqlagay…

Birga oʻylaylik: tarbiyasiz odam jonsiz jasad kabi emasmi?

Farzandning hayotiga sabab boʻladigan birinchi quvvat – ona jismidagi qondir. Chaqaloq shu qondan oziqlanib, hayotini saqlaydi. (“Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi” degan maqolni “Qon bilan kirgan, jon bilan chiqadi”, deganimiz toʻgʻriroq boʻladi.) Bola birinchi soʻzni onadan eshitadi va undan oʻrganadi. Shuning uchun ham biz “ota tili” demay, “ona tili” deb sifatlaymiz. Bolani oʻstirishda, tarbiya qilishda otaga qaraganda ona koʻproq hissa qoʻshadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, yosh bolalar otadan koʻra onaga koʻproq mayl etadilar. Ulgʻayganlaridan keyin ham sirlarini, avvalo, onaga aytib, maslahat soʻraydilar. Ona farzandi uchun oʻzini fido qilishga tayyor turadi.

Anas ibn Molik (r. a.) aytadilar: “Hazrati Oishaga (r. a.) bir bechora xotin tilanib keldi. Oisha unga uchta xurmo bergan edilar, u yonidagi ikki bolasiga bittadan xurmo berdi-da, bittasini oʻzi uchun olib qoldi. Bolalar xurmolarini yeb boʻlishib, yana onalariga umid bilan qarashdi. Ona qoʻlida ushlab turgan xurmoni ikkiga boʻldi-da, bolalariga uzatdi. Rasululloh (s. a. v.) kelganlarida Oisha bu voqeani ul janobga aytib bergan edilar, Sarvari koinot (s. a. v.) dedilar: “Sen bunga nima uchun ajablanasan? Ikki bolasiga marhamat, mehr-shafqat qilgani uchun Olloh taolo ham unga marhamat qiladi”.

Mazkur hadisning magʻzini chaqsak, Olloh taoloning marhamati deyilganda, Uning ajri, yaʼni ota-onaning qariganida farzandlari tufayli koʻradigan rohat-farogʻati nazarda tutilgan, degan maʼno chiqadi. Men shu kabi hikmatlarni oʻqiganimda “Sen yetim emassan” filmidagi bir lavha xayolimga keladi. Siz ham eslasangiz kerak: asrandi bolalar oʻrtaga kesib qoʻyilgan non boʻlaklarini bitta-bitta olishadi. Onaga ushogʻi qoladi…

Goʻzal xulq va tarbiyali onaning xislatlari, yaxshi feʼl-atvori farzandlarida ham namoyondir. Ular ham onalarining goʻzal xislatlariga ega boʻladilar. Tabobat fani onadagi turli ichki xastaliklar bolada ham boʻlishini isbotladi. Irsiyat fani onadagi ichki xastaliklar bilan birga undagi ruhiy, maʼnaviy jihatlarning ham bolada takrorlanishini isbotlagan. Bu tarbiyani bola tugʻilmasidan oldin, hatto oila qurmasdan oldin boshlash kerak, degani emasmi?

Tarbiyaga doir masalalarni hal etishga necha-necha asrlardan beri donish ahli, xususan, qalam ahli eʼtiborlarini qaratganlar. Badiiy adabiyotning vazifalaridan biri aynan adab oʻrgatishdan iborat boʻlgan. Asrlar oʻtaverdi, ammo tarbiyaga doir vazifalarning masʼuliyati kamaygani yoʻq. Har bir asr, hatto har bir yil oʻzining yangi muammolari bilan jamiyat diqqatini tortib kelgan. Bu boradagi shakl oʻzgargan, mazmun esa oʻsha-oʻsha. Shunga koʻra, adabiyotning bugungi tarbiyaga doir bajaradigan ishlari koʻp. Aniqroq aytilsa, ota-onalar va ustozlar tarbiyaga doir masalalarni hal etishda albatta badiiy adabiyotga murojaat etishadi. Shunday ekan, yozuvchilarning “Sogʻlom bola yili”dagi vazifalari gʻoyat masʼuliyatlidir. Ayniqsa, bolalar adabiyoti zimmasidaga vazifalarga alohida eʼtibor qaratmoqqa ehtiyoj bor. Biz – yozuvchilar yosh avlod oldidagi qarzimizni unutmasligimiz kerak. Farzandlarimizning Buratino, Chippolino, Vinni Pux, Karlson… kabi oʻz qahramonlari yoʻqligi bizning uyatli kamchiligimiz. Biz tarbiya haqida gapirganda, “Bolalar internetga, telefonga, televizorga bogʻlanib qoldi, ularni kitob oʻqishga oʻrgatishimiz kerak”, deb koʻp gapiramiz. Xoʻsh, bolani internetdan ajratib olib, qoʻliga beradigan kitoblarimiz yetarlimi? Bola desaki: “Xoʻp, ota-onalar, xoʻp, ustozlar, xoʻp, jonajon yozuvchilar, men internetdan ham, telefondan ham kechdim. Har haftada bitta kitob oʻqiy olaman, bering menga oʻsha kitoblaringizni!” Javobimiz bormi, qaysi kitoblarni tavsiya qilamiz?

Albatta, bu masala bir yilda hal etilmaydi. Balki bu muammolarni bugun adabiyot gulshaniga kirib kelayotgan aziz yoshlarimiz hal etishar. Biz uchun bugungi muhim vazifa – loqayd boʻlmaslik. Maktab, litsey-kollejlarda oʻtkaziladigan kitob bayramlarida faolroq ishtirok etish, jamoatchilik asosida adabiyot toʻgaraklari ochish, maktab muallimlari bilan birgalikda adabiyot darslari oʻtish… kabi ijodiy-tashkiliy ishlar faollashsa, bizning “Sogʻlom bola yili”da amalga oshiriladigan xayrli ishlardagi hissamiz barakali boʻlar edi.

Hammamiz bilamizki, goʻdak tugʻilganida yigʻlaydi. Atrofdagilar esa quvonchdan xanda otadilar. Bir-birlarini qutlaydilar. Inson shunday yashashi kerakki, oʻlar vaqtida oʻzi kulsinu, uning bu dunyoni tashlab ketishidan afsusda qolayotgan olam koʻz yoshlaridan boʻgʻilsin. Oqibatning bunday goʻzal boʻlishi goʻdakka tarbiya berishi lozim boʻlgan ota va onaning harakatiga bogʻliq.

Biz farzandlarimizni erkalab “Umidimiz yulduzlari”, deb eʼzozlaymiz. Bu eʼzoz faqat tilda emas, amalda ham koʻrinishi zarur. Kelajakda Vatanimiz osmonidagi yulduzlar yanada porloq va musaffo boʻlishi umidi bilan yangi yilga qadam qoʻydik. Vatanimizning bu qadami ham avvalgilari kabi qutlugʻ va muborak boʻlajak!

 

Tohir MALIK

 

“Sharq yulduzi”, 2014-1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.