Samimiy tuygʻular kuychisi haqida samimiy gaplar

0
297
marta koʻrilgan.

Hayotda shunday insonlar borki, koʻngli badiiyatga oshufta. Yaxshi asar boʻlsa, yaxshi sheʼr boʻlsa, oʻqib zavq oladi. Oʻzi oddiy dehqon, ishchi yoki boshqa bir kasb egasi, lekin ijoddan, adabiyotdan gap ketsa, toʻlqinlanib soʻzlaydi. Bunday insonlarni haqiqiy adabiyot shaydosi, muxlisi deyishadi.

Bir muallim tanishim bor. U ham ana shunday adabiyotga oshufta insonlardan. Ayniqsa, rahmatli shoirimiz Muhammad Yusuf ijodining haqiqiy muxlisi. Shoirning barcha sheʼrlarini yoddan bilgani holda, chekka bir qishloqda yashab turib ham, shoir bilan bir necha marotaba uchrashish, uning gurunglari, maslahat va oʻgitlarini olishga muvaffaq boʻlgan.

Quyidagi bitiklar ham oʻsha tanishimning Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf haqidagi xotiralaridan.

* * *

– 80-yillarning boshi edi. Qoʻlimga yosh adib va shoirlarning ijod namunalari jamlangan bir almanax tushib qoldi. Menga ayniqsa, Muhammadjon Yusupov degan yigit yozgan sheʼr maʼqul boʻldi. Sheʼrning mazmuni shunday: yigit shaharda oʻqiydi, pinhona sevib yurgan qizi esa qishloqda qolgan. Nihoyat yigit taʼtilga chiqib, ona qishlogʻiga qaytadi va toʻyning ustidan chiqadi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, bu oʻzi koʻngil qoʻygan qizning toʻyi edi. U qalbi vayron holda uyga keladi. Hech narsadan bexabar bobosi esa toʻyga borganini, toʻy zoʻr boʻlayotganini, ammo negadir kelinchakning koʻzidan yosh tinmaganini nevarasiga soʻzlab beradi. Yigit pinhona, ich-ichidan yigʻlaydi, ammo dardini oshkor qilolmaydi. Sheʼrning oxiri quyidagi misralar bilan tugagan:

Bilmaydi, eh, bobom bilmaydi,

Men, men axir sevardim uni!

Saltanatning oti nimaydi,

Oʻsha sochi uzun qizini…

Sheʼrdagi samimiyat, oddiylik, ohang, sodda bir qishloq yigitining zavol topgan sirli muhabbati, uning ichini kemirayotgan dard mening ham oromimni oʻgʻirladi. Uzoq vaqt ana shu misralar taʼsirida yurganman. Oʻshanda ilk bor Muhammadjon Yusupov ismli yosh shoirga hurmatim oshib ketgandi. Keyinchalik bu shoir Muhammad Yusuf nomi bilan adabiyot olamiga kirib kelib, katta dovruq qozondi.

* * *

– Bir kuni kitob javonimdagi eng sevimli kitobim yoʻqolganini payqab qoldim. Qanday holatga tushganimni tasavvur ham qila olmaysiz. Axir oʻgʻri degan nomard kelib-kelib Muhammad Yusufning oʻzim yaqindagina sotib olgan kitobini ham olib ketadimi. Dunyo koʻzimga bir tutam boʻlib qoldi.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtib, kitob topildi. Uni qoʻshnimning yaqinda harbiydan qaytgan oʻgʻli olib ketgan ekan. Nega bunday qilganini soʻrasam, oʻzi koʻngil qoʻygan qizga maktub yozish uchun sheʼr kerak boʻlib qolgani, kitobni kichkina oʻgʻilcham olib chiqib berganini aytadi. Avvaliga unga jahlimni sochdimu, keyin ich-ichimdan titrab ketdim. Axir shoirning bir sheʼrida oʻqiganim – sevgilisiga maktub yozib, sheʼrlar tizib, lekin unga berishga iymanib, koʻylagining koʻksidagi choʻntagida oylab saqlab yurgan yigit qalbidagi kechinmalar menga juda tanish edi…

Oʻylab turib, kitobni uning qoʻliga tutdim: “Ma, nasib etsa, buni kelinning sepiga solasan. U qiz sendek koʻngli toza yigitga yoʻq deya olmaydi. Mana meni aytdi deysan”.

* * *

– Qiziq bir odatim bor: yon daftarchamda oʻzim uchratgan nomdor sportchilar, sanʼatkorlar, shoir va adiblar, xullas, mashhur insonlarning dastxatini toʻplab, avaylab saqlab yuraman. Daftarchaning bir varagʻida sevimli shoirim Muhammad Yusufning ham dastxati bor.

1991 yil. Qishloqdagi maktabda muallim boʻlib ishlayman. Qandaydir bir kitobni qidirib, kutubxonaga borgandim, mudira menga:

– Bilasizmi, bu yil Abdulla Oripovning 50 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan kutubxonamizda ham tadbir tashkil etilar ekan. Unga shoirning oʻzi ham kelarmish. Sizdan iltimos, maktab oʻquvchilaridan guruh tuzib, shoirning sheʼrlarini yod oldirsangiz zoʻr chiqardi, – deb qoldi.

Sheʼriyat shaydosi emasmanmi, bu men uchun juda katta imkoniyat edi. Darhol maktabga qaytib, oʻquvchilarimni tadbirga tayyorlashga kirishib ketdim. Ular sevimli shoirimizning koʻplab sheʼrlarini oʻqiydigan boʻlishdi. Sanobar ismli bir qizchaga esa shoir haqida oʻzim yozgan hazil sheʼrni ham yod oldirdim.

Tadbir ajoyib oʻtdi. Oʻquvchilarim Abdulla Oripov sheʼrlarini baralla yoddan aytib, oʻzlarini koʻrsatdi. Men esa ular adashib ketmasin, degan xavotirda edim. Ayniqsa, Sanobarning oʻzim yozgan sheʼrni oʻqiyotganida bu narsa shoirga yoqarmikan yoki jahli chiqarmikan, degan oʻydan yanada koʻproq hayajonga tushdim. Shukurki, sheʼr oʻqilgandan soʻng davra toʻrida oʻtirgan Abdulla Oripov kulimsirab, yonidagi Muhammad Yusufning qulogʻiga nimalardir dedi.

Tadbirdan soʻng mehmonlarni kuzatayotgan xoʻjalik raisi meni yoniga chaqirib: “Domla, juda pishiq odamsiz-da, shunday tanishingiz bor ekanu, bundogʻ aytmaysiz”, deb qoldi. Men kim haqida gapirayotganini soʻrasam, ana oʻzlari, siz bilan koʻrishib ketmoqchi ekan, deb nariroqda bizga jilmayib turgan Muhammad Yusufni koʻrsatdi.

Men oʻzimga oʻzim ishona olmasdim. Ming bir hayajonda uning oldiga bordim. Muhammad Yusuf samimiy soʻrashdi. Boyagi oʻquvchim aytgan hazil sheʼr Abdulla Oripovga yoqqani, umuman, tadbir juda chiroyli oʻtganini eʼtirof etib, buning uchun rahmat aytdi.

Men esa vaziyatdan foydalanib daftarchamga dastxat qoʻydirib oldim.

* * *

– Xalqimizda “Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi” degan naql bor. Dastxat voqeasidan ikki yil oʻtib yana Muhammad Yusuf bilan uchrashdim.

Oʻsha yili malaka oshirish kursida oʻqish uchun Toshkentga borgandim. Darsdan chiqib yotoqxonaga borayotsam, yoʻl boʻyida taniqli xonandalardan birining konserti afishasiga koʻzim tushib qoldi. Undagi eʼtiborimni tortgan narsa, konsertda shoir Muhammad Yusufning ham ishtirok etishi edi.

“Shundoq ham Toshkentga kelganman, Muhammad Yusufni bir koʻrib, sheʼrlarini tinglab ketmasam boʻlmas”. Ana shu oʻy bilan hamxonamni ham tezlab, chipta oldik va konsertga tushadigan boʻldik.

Oʻsha yillari shoirning “Turkman qizga uylanaman” nomli sheʼri juda mashhur boʻlgan, qaysi davraga borsangiz, shu sheʼr haqida bahs-munozaralar toʻxtamaydigan bir payt edi. Men ham ana shu sheʼrdan ilhomlanib bir-ikkita narsa qoralab qoʻygandim. Hamxonam bilan konsertga kirar ekanmiz, sal narida uch-toʻrt kishi bilan gurunglashib turgan shoirga koʻzim tushdi. Shartta borib salomlashmoqchi, oʻzimni tanitmoqchi boʻldim. Ammo qurgʻur xayolimga “Hoy ogʻayni, oʻzi tupkaning tagidagi bir qishloqdan kelgan muallim boʻlsang, senga kimning koʻzi uchib turibdi, ikki yil avval bir dastxat olganingni bu odam esda saqlab yurarmidi” degan bir gap keldiyu, borishga istihola qildim. Lekin oʻzim sezmagan holda u kishiga tikilib qolgan ekanman.

Shoirning ham menga nigohi tushdiyu, birdan yuziga tabassum yugurdi. “Ey joʻra, buyoqqa keling, men sizni darrov tanidim”, deb yoniga chorladi. Nodonligimdan uyalib ketgan boʻlsam-da, sir boy bermay yoniga borib, koʻrishdim. Shoir juda samimiylik bilan hol-ahvol soʻradi. Uning ikki yil avval olis bir qishloqda uchrashgan odamini eslab qolganiga qoyil qolgandim. Gap orasida oʻzim yozib kelgan sheʼrni oʻqib berdim.

* * *

Bu gaplarni qogʻozga tushirishga undagan narsa shuki, Muhammad Yusufning sheʼrlari qanchalik samimiy, sof tuygʻularga, kamtarona orzu-oʻylarga yoʻgʻrilgan boʻlsa, uning oʻzi ham xuddi shunday yorugʻ qalbli, yuksak insoniy fazilatlarga ega kishi boʻlgan. Muallim tanishimning gurunglarini tinglab, bunga yana bir bora amin boʻldim. Uning feʼl-atvoridagi samimiylik, kamtarlik sheʼrlariga ham koʻchgan boʻlsa, ne ajab.

 

Oʻrolboy QOBIL

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.