Qoraqalpoq sheʼriyatining ustuni edi

0
391
marta koʻrilgan.

Gulaysha YeSEMURATOVA,

Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi

 

“Ibroyim Yusupov qaytish qilibdi!” Xabarni telefondan eshitganimda, tepamdan yashin urganday qotib qolganman… Uning hashamatli hovli-uyining oldi, atroflari, koʻcha boʻylari odamlar bilan liq toʻlgan… Hammaning yuz-koʻzida motam kayfiyati. Albatta, ulugʻ isteʼdod egasini hech kim ham oʻlim tomonda koʻrgisi kelmaydi, biroq iloj qancha?!.

 

* * *

Xalqi, shoirlar, farzandlari: Bahrom, Madiyor, olomon-izdihom tobutni yelkaga olib ketishdi. Hamma-hamma odam: kimdir ichidan, kimdir eshittirib: “Yotgan joying yorugʻ boʻlsin…” lab, vidolashuv soʻzlarini aytayapti. Tobut tebranganicha lapanglab, tobora uzoqlashib borayotir… koʻrinmayam ketdi…

Toʻplangan odamlar Ibroyim bilan ana shunday vidolashdi. Uyga kela-kelguncha Ibroyimga yuzlanib, u bilan gʻoyibona suhbatlashib keldim. “Ibroyim, deyman, sening umr yoʻlingda uchragan toʻsiqlarni, gʻaroyib voqeliklarni faqatgina men emas, boshqalar ham bilsa kerak. Vaqti kelib, ular ham oʻz bilgan-eshitganini xaloyiq bilan oʻrtoqlashar. Men esa, hozircha qiz opang Bibioyshaning manov bir aytgan hikoyasini va oʻzim bilgan bir voqeani aytib bermoqchiman. (Bibioysha Ibroyimning otasi Yusuf oxunning murindiq – tutingan qizi, Ollaniyoz degan bir ogʻaynisining kelini, demak, Ibroyimga, qiz opa, hisoblanadi.)

1964 yil. Ibroyim ilk marotaba Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Sovetiga deputat boʻlib saylangan vaqti. Ibroyim bu ulugʻ ishonchning quvonchini boʻlishish uchun bizning uyga keldi. Bizlar ham quvona-quvona, apoq-chapoq boʻlib uni qutlugʻladik. Xuddi shu kuni uyga ovsinim – Bibioysha (Ibroyimning qiz opasi) ham mehmon boʻlib kelib qoldi. U ham mana shunday quvonchli voqeaga sherik boʻlganidan quvonib, ukasining qoʻllaridan qayta-qayta oʻpdi:

Qarogʻim-ay, bunday kunlarga yetkazganiga shukur! – deb, koʻzlari toʻla yosh bilan tabrikladi. Bu orada mening umr yoʻldoshim – Sobir Kamolov Ibroyimni narigi xonaga olib ketdi. Shunda men bir oz aybsina:

– Checha, shunday quvonchli kunda ham odam degani yigʻlaydimi axir? – dedim. Bibioysha opamiz ancha vaqt oʻylanib oʻtirdi-da:

– Bay-ba-yay, sizlar nimayam bilasiz, axir, mening bu koʻzyoshlarim quvonch yoshlari-ku. Ibroyimjon ukamningg koʻrmagan xorlik-azoblari qoldimikan?.. – deb, xotiralarini sekin yodlay boshladi…

Unutmasam, ukam 2-sinf chamasi. 1935–36 yillar. Kun sovuq. Osmon dunyosi qora toʻnini yopinib, bisotidigi bor farmoni ila qor boʻronlarini yerga yoʻnaltirib turibdi. Shunday shamol esib, olam-jahonni vayron qilib turgan qorli boʻronga aralashib, opam Xonbibi (Ibroyimning onasi) ukamni yetaklab shahardan ovulga kelayotir. Sababi, Ibroyim shahardagi maktabda oʻqirdi. Qish kunlari bir tutam emasmi, shahar koʻchalari bir pasda qorongʻulashib qolayotgani uchun, opam bechora oʻqish tugaguncha maktabning oldida oʻgʻlining chiqishini kutib oʻtirib, darslari tugaganidan keyin, oʻzi olib qaytadi. Ovulimiz Chimboy shahrining toʻgʻri orqa tomonida, terakli ovulda, ora olisov. Shunday koʻz ochirmayotgan boʻronda ikkovginasi sudraklashib, odimlab kelayotir. Ukamning oʻzi ham, boʻyi ham kichkintoy, oriq, sovuqda yaxshilab toʻngʻib olgach, onasining qaptaliga tiqilib olgan, buning ustiga, urib turgan boʻron bularning yuzlarini timdalab koʻzni ochirmaydi, oldinga yurgizmaydi. Ona bechora har qadamda bir toʻxtab, bolasining sovuqda qotib qolgan qoʻllarini uhlab, uqalab, qoʻltigʻiga tiqib isitgan boʻladi. Ammo, shu bilan qani endi bolakayning qoʻllari isiy qolsa!

– Opa (qoraqalpoqchada “ona” degani) – deydi goʻdak Ibroyim yigʻlamsirab, sovuqqa chidamay, – Bibioysha opamning uyiga qayrilib, ozgina isinib olaylik.

Onasi bu uyga borgisi keladi, qani endi salgina isinib olib, yana yoʻlda davom etaversalar… Ammo yuragi dov bermaydi. Sababi, Yusuf oxun yaqindagina qoralanib, qamoqqa tushgan. NKVD odamlari uni oldilariga solib haydab ketishdi, oʻshandan beri birorta qarindosh-xesh bulardan xabar olmaydi. Xabar olish nari tursin, ovul odamlarining koʻpchiligi, ayniqsa, oʻsha darvozali qarindoshning xotini Onesiya (Bibioyshaning qaynonasi) bularni koʻrgandan yulqib soʻzlay boshlar: “Endi bular – xalq dushmanining oilasi, qorasi yuqadi”, deb shangʻillar, agar bular oldidan chiqib qolsa, huv naridan ters aylanib ketardi. Shuning uchun bu uyga bosh suqishga elti[1] kelinning yuragi betlamaydi, yoʻldan qolgisi kelmay olgʻa intiladi. Onesiyani koʻrsa-ku, eltining yuragi sanchiy boshlaydi. Shuning uchun ham onasi Ibroyimning oʻtinchlariga quloq solmaydi, tezroq yoʻlni bosib oʻtgisi keladi. Norasta bola onasining koʻnglidagi azob-uqubatlarni qaydan bilsin, ozgina isinib olishsa-ku, shuning sharofati bilan ovulga yetib olishlari tezlasharmidi? Axir, Ibroyimni koʻrsa uka-ukalab bagʻriga bosadigan, jonini uzib bergisi keladigan ayollarning bittasi – mana shu Bibioysha opasi.

Har kuni xabar olib turadigan, yoʻqlaydigan odam – shu. Onasi Ibroyimni yengil-yelpi gaplar bilan aldab-suldab tinchlantirgisi, yoʻlga tortgisi keladi. Bola bularni eshitgisi kelmaydi. Onesiya deganlari kelini – Bibioyshaning bular bilan uchrashishlarini, uylariga borib turishlarini ham taqiqlagan – hukumat bularning pushti panohini – Yusuf oxunni qamabdimi, bu bekorga emas, deydi. Xonbibi elti sabr-qanoatli ayol, odamlar orasida bunday farqlarni, doʻstlik-dushmanlik borasidagi gʻalati hangomalarni bolasiga aytib, koʻngil boʻshatgisi kelmaydi, bola hali yosh, oq-qoraning farqini ajrataoladimi?

– Opa, eshitmay kelayapsanmi? Bibioysha opamning uyiga borib isinib olaylik, deyapman, ana, darvozasi koʻrinib turibdi-ku, – deb yalinadi bolakay qalt-qult titranib. – Baribir, shu uyning oldidan oʻtamiz-ku!

Yosh Ibroyim onasini tortqilab, qiz opasi – Bibioysha yashaydigan uyga qarab intiladi. Xonbibi elti ham bolasining sudraklashi bilan darvozaga yaqin kelib qoldi, biroq, bu uyga yaqinlashishi bilan nima boʻlishini koʻngli sezadi. Oʻzini mahkam tutishga, uyga kirishga ham moyil boʻlib kelayotir.

– Bizning uyning darvozasi ham, hujramizning derazalari ham qibla tomonga qaragan edi, – deb koʻzlariga yosh olib eslaydi checham oʻsha galgi voqeani. – Bularning uyga kiraylikmi-kirmaylikmi deb ikkilanib-xiyollanib kelayotganini qaynonam derazadan koʻrib qolibdi. Bir payt, koʻcha tomonda uning ustma-ust shangʻillagan ovozini eshitdim-u, qoʻlimdagi ishimni tashlab, koʻchaga otildim. Yetib borsam, Onesiya kampir qoʻlidagi chiviqni mehmonlarga oʻqtalib:

– Manavilarga nima boʻlgan oʻzi! – deb baqira boshladi. – Shu koʻchadan yurmanglar, qorangiz yuqadi, deb oʻtgan safar aytgan edim-ku, qayt orqangga! Men esa yugurib borib Ibroyimning qoʻllarini qoʻynimga tiqib, bagʻrimga bosib isitmoqchi boʻlaman, ammo bu barmoqchalar isiydigan emas, qotib qolgan edi. Shuning orasida qaynonamga tushuntirmoqchi boʻlaman:

– Hov, ena, ukam bilan elti opam-ku bular! Oʻzingiz hammadan ham koʻproq shularni yaxshi koʻrardingiz! Torting chivigʻingizni, eldan uyat boʻlar, hozir ketadi bular, sal isinib olsin!

Endi kampir qoʻlidagi chiviq bilan menga hamla qiladi:

– Uyaladigan boʻlsang sen uyal, men uyalmayman! Qorasini oʻchirsin! Endi bular kimga kerak? Dushmanning oti – dushman!

Enamning shangʻillagan ovozi toʻxtaydigan emas. Men esa uning gaplariga quloq solib turmadim: “Isinib olinglar, kiringlar uyga, manov uvillagan izgʻirin-boʻronda qayoqqa borasizlar, bugun uyda qoʻnib, maktabga shu yerdan ketasizlar”, deb, ularning oldiga tushganimni bilaman, enamning chivigʻi shipillab yelkamga tegdi:

– Sening uying bormi hali?! Bu – mening uyim, bularni kiritmayman, dedimmi, kiritmayman! Qorasi yuqadi! – dedi-da, enam darvozani toʻsib turdi.

– Enajon, birgina marta kirgiza qol, ukam sovqotib qolibdi, ovuliga yetib boraman deguncha bu bechora qotib yiqiladi-ku! – deb yigʻlab, enamga yalinib-yolvordim.

Ammo Onesiya kampir yumshamadi.

– Menga bularning endi keragi yoʻq! Oʻtadigan boʻlsa koʻchaning narigi tomonidan oʻtsin, bu yogʻiga qadam bosmasin! Kerak desang, bor oʻzing ham shularga qoʻshilib yoʻqol!

Kampir hamon shangʻillayapti. Yana yalinaversam, bularni urishdan ham toymaydi. Qarasam, ukam – bechora Ibroyimning ogʻzi ochilib, xang-mang boʻlib turibdi. Bir onasiga qaraydi, bir vaysayotgan kampirga. Shunday voqea yuz berishini oldindan bilib, hammasiga qoyil boʻlib kelayotgan Xonbibi elti hech narsa koʻrmagan-bilmaganday, ichidan oʻtganlarni sezdirmadi. Hali, eri (Yusuf oxun) sogʻ yurib, uyida bolalar uchun maktab ochib, bola oʻqitib yurganida, mana shu kampir toʻy-maʼrakada, koʻrgan yerlarda quchoq ochib, shirin gapirib, ogʻzi tinmasdi-ya, endi esa… Xonbibi elti Onesiyaning yuziga ham qaramadi, bir ogʻiz soʻz gapirmay, ukamni yetaladi-da, yoʻlga tushaverdi… Shu ketib borishlarida ukam Ibroyimning toʻzib-yirtilgan charm etigiga koʻzim tushgani esimda: bechora bolakayning paytavasiz oyoqlari yirtiq etik ichida qip-qizil boʻlib koʻrinib turardi. Endi bular bir amallab ovulga yetib boradi, uyga kiradilar… Uy deganlari ham oʻzlarining uyi emas, otalari qamalgach, hukumat ularning uyini maktab uchun olib qoʻygan, oʻzlarini esa koʻchaga haydab solgan, bular esa ovulda allakimlarning eski tomini tozalab-supurib “uy” qilib oʻtirgan edi…

Ibroyim ovulga yetib borguncha oʻylanib bordi. Goh onasiga savol berib qoʻyadi:

– Opa, bu kampir bizlarni avval yaxshi koʻrib gapirardi-ku. Endi rostdan ham bizlar hech kimga kerak emasmizmi? Bu kampir uyimizga tez-tez kelib, sizga: “Seni koʻrmasam koʻnglim tinchimaydi, tunda uyqum kelmaydi”, deganlari esingizdami? Nega endi bunchalik yomon koʻrib qoldiykin?

– Hovva, bolam, endi otang yoʻq. “Qilmishli-jinoyatchi” boʻlib haydalib ketdi. Shuning uchun endi hech qayerga sigʻmay qoldik, bolam! Bu kampirning kichkina oʻgʻli ham yangi ochilgan maktabda muallim boʻlib ishga joylashguncha, kampir uyimizga kelib-ketib, poy-patak boʻlib yurdi. Mana, endi esa, otang qamalgach, “qorasi yuqadi” deb xavotirga tushib quvayapti-da.

– Agar otang avvalgiday boʻlib, oldimizda yuraverganda, bizlar bunday kunga duchor boʻlmas edik. Bundan buyon sen mana shunday kutilmagan voqealarga tayin boʻl. Bu boshimizga tushajak kunlarning boshlanmasi, bolam! Hali oldimizda nimalar choʻkib yotganini bilmaymiz, bolam!

Ibroyim yana oʻylana ketdi, u qancha oʻylanmasin, dunyoning bu xil nagʻmalarini yoshgina tafakkur doirasiga sigʻdirolmay kelayotir…

– Opa, ogʻayni-tugʻishganlar qaytanga mana shunday kunlarda – otamiz yoʻq paytda, gʻamxoʻrlik qilmaydimi?

Xonbibi elti oʻgʻlining bu xil haqqoniy soʻroqlariga yaxshi yo yomon deb javob bermadi. Qilgan ishi – mijjalarini toʻldirgan koʻzyoshlarini ichga yutish boʻldi. Bular uyga yaqinlashganlarida oʻzidan uch yosh katta akasi Maden (Muhammadrahimjon) bir dasta oʻtinni orqalab kelayotgan ekan. Uchovlari bir-birlariga koʻzi tushgach, negadir quvonishib, “uy”ga kirdilar.

 

* * *

Ibroyim 6-7-sinflarga kelganida kolxoz yumushlarida xat-savodli odamlarga ehtiyoj sezila boshlandi. Ibroyim kolxozga kerak boʻlib qoldi – tabelchi (kotib) boʻlib tayinlandi.

– Ibroyimning tabelchi boʻlib yurganini yaxshi eslayman, – degan edi bolalik oʻrtogʻi Nurim, – xudoyning qudrati, yurgan yerida kitob qoʻltiqlab yurardi. Qoʻli sal boʻshadimi, darrov kitobga tikiladi. Agar otga minishga toʻgʻri kelsa, ot ustida kelayotib ham pichirlab oʻqib ketaverardi. Yo pirim-ay, kitobga bunchalik ixlosli bolani bizlar koʻrmaganmiz. Shuytib yuriboq xudoyning koʻp qoʻshigʻini yozib tashlagan ekan-ov…

 

* * *

Urush yillari pedinstitut Chimboy shahrida edi. Urush tugagan yillari (1945 yil) pedinstitut Nukusga koʻchib keldi. Shu munosabat bilan bizning oilamiz ham Nukusga koʻchib keldi. Sababi, mening yigit ogʻam Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan birinchi fan arbobi Aytjon Yesemuratov pedinstitutning katta oʻqituvchisi edi. Nukusga koʻchib kelganlarga: “Mana senga uy!” deguday uy qayda, u paytlarda Nukusning oʻzi yangi qurila boshlagan shahar boʻlib, hukumat tomonidan turar joylar hali endi-endi qurilayotgan edi. Shuytib, ijaraga qoʻyadigan uy izlab yurib, Budyonniy (hozirgi Jumagul Seytova nomidagi) koʻchadan uy topdik. Bu uy – atoqli adib “Minglarning biri”, “Sirli mozor” qissalarining muallifi, marhum Mirzagʻaliy Dariboyevning uyi ekan. Mirzagʻaliy Dariboyev 1943 yil aeroplan halokatida qazo topgan. Uyi juda keng qilib solingan, besh xonali. Adibning umr yoʻldoshi Momiq opa yolgʻiz qizi Roza bilan yashar ekan. Bizlarga ikki xonasini ijaraga berdi. Momiq opa ham “yaxshi odamlar keldi” deb quvonib qoldi.

1945–1946 oʻquv yili boshlandi. Men pedinstitutning tayyorlov boʻlimiga kirdim. Shu yili Ibroyim ham oʻqishga keldi. Qishda pedinstitutning auditoriyalari isimaydi, yotoqxonalari ham sovuq boʻlganligidan ogʻaynigarchilik yuzasidan koʻpincha bizlarning uyimizda boʻlardi. Shu paytlarda ham u qoʻli sal boʻshasa sheʼr yozishga tushardi. Urushdan keyingi yillar, qahatchilik, tunlari yoqib oʻtirishga lampamoy yoki sham deganlari qayda deysiz? Hamma uxlash uchun yotganda ham Ibroyim tuni bilan qitir-qitir sheʼr yozib oʻtirganini sezardik.

Koʻp oʻtmay Ibroyim talabalar yotoqxonasidan chiqib, oʻzi alohida ijara uy topdi va onasi Xonbibini koʻchirib opkeldi. Issiq-sovugʻiga qaraydi, onasi yonida, xarajatlarni akasi – Maden yetkazib turadi. Ibroyim uchinchi bosqich talabasi. Ularning guruhidagi talabalar Nukusdagi eng taniqli, namunali oʻquv dargohi – A. S. Pushkin nomidagi oʻrta maktab (hozir litsey)ga pedagogik tajriba oʻtashga kirishdilar. Mana shu paytdan eʼtiboran, shoirning qalbida muhabbat uygʻonib, oshiqlik davri boshlanadi, uyqusiz tunlari bedor oʻtadi.

Ibroyimning Bibizodaga oshiqligi alohida bir doston, gʻaroyib bir voqea… Bu ikki yoshning muhabbati, bir-birlariga boʻlgan samimiy tuygʻulari oʻz davri-zamonasining Layli-Majnuni bilan Gʻarib-Shohsanami boʻladi desam ham xato qilmayman. Biroq, taqdir ularning pokiza muhabbatlarini ham sinovlardan olib sinovlarga soldi.

Ikki oshiq-maʼshuqning oldiga ulkan gʻov paydo boʻldi! Buning sababi bunday: Bibizodaning otasi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi Prezidiumining Raisi, kimsan, el oqsoqoli boʻlgan, mamlakat rahbari Mateke Jumanazarov edi. Ibroyim esa – shoʻro hukumati tomonidan “xalq dushmani” deb eʼlon qilingan Yusuf oxunning farzandi, yaʼni, sinfiy nuqtai nazardan bir-biriga qarama-qarshi, qiz bilan yigitning qoʻshilib, baxtli boʻlishiga ruxsat yoʻq. Mana, Bibizoda bilan Ibroyimning muhabbatlari oldida turgan sunʼiy gʻov ham ularning bir-biriga boʻlgan samimiy intilishlarini toʻsa olmadi. Ular yoʻlini topib har kuni uchrashardi. Noiloj qolgan ikki oshiq-maʼshuq xuddi juft kabutarlar kabi bir-birlarini tushunardilar, bir-birlariga ishonchu vaʼdalari ortib, bir kun koʻrmasa turolmaydigan avj pallaga yetdi. Shu bilan oradan ancha yillar ham oʻtib ketdi.

Yigitning qoʻlidan nima kelardi – u faqat kechalari uxlamay sheʼr yozardi, sheʼriyat bogʻidan antiqa sarmevalar yaratib sevgilisiga inʼom etardi. Ibroyimning oʻsha paytdagi otash muhabbati – qoraqalpoq sheʼriyatida muhabbat lirikasi kuylangan eng yuksak namunalar boʻlib qoldi, desam, xato boʻlmasa kerak. Qiz bolaning yuragiga sheʼriyat boʻstonidan yoʻl ochdi, bu boʻstonni avji kamoliga keltirib kuyladi, gullatdi, yashnatdi. Qiz ham uni butun borligʻi ila sevdi… Ularning bir-biriga yarashgan boʻy-bastini koʻrgan odam havas balan qarab, koʻz uzolmay qolardi. Ular esa sevishgan qalblar, albatta, bir-birining visoliga koʻzi yetib, ishonib yashadilar. Mana shunday damlarda ham Ibroyim oʻzining irodasini, sabr-toqatini, chidamini namoyon qila oladi, oʻzini kamsitgan odamlar oldida mardona turdi, shukronasi koʻp boʻldi.

– Hoy, Ibroyim, bunchalar qiynalib yuraverasanmi, senga boshqa bir qiz topilmaydimi? – deganlar ham oz emasdi, axir!

 

Gul mavsumi boʻlar bahori, yozi,

Bemahal urmagay xazon ayozi,

Oshiq Ayoz sen deb bitgan bayozin,

Bedard jonlar, olchoq dillar anglamas, – kabi oʻtkir, tugʻyonli satrlar quyiladi Ibroyimning qalamidan.

 

* * *

1954 yil, yoz oyi. U yillari Nukusdagi istirohat bogʻi ajoyib boʻlib, gullarga burkanib, yigit-qizlarni oʻz quchogʻiga tortib turadigan sehrga ega boʻlardi. Qanday bir ajoyib bogʻ edi bu?!.

Park darvozasidan hatlagan zamoning oʻrtada ulkan yoʻl boshlanardi, oʻrta yoʻldan har tarafga qarab koʻcha-koʻcha boʻlib yoʻlakchalar choʻzilib yotardi. Har kim ikkov-ikkov, uchov-uchov boʻlib xohlagan tomonga qarab sayronlab ketishadi. Men ham oʻzim bilan tengdosh bir qiz bilan ilk marotaba mana shu park ichiga kirib, old tomonga endigina qadam bosgan edim, oʻrta yoʻlda atrofni toʻldirib borayotgan sarvday qomati, bir-birlariga juda mos, xuddi onalari birini ikkinchisi uchun atab tuqqanday munosib boʻy-bastli, navqiron yoshlik shiddati barq urib turgan yigit va qizga koʻzim tushdi-yu, butun atrofim yaraqlab nurga toʻlganday boʻldi-qoldi. Bularning yarashimli kiyimlari, qizning oq ipak koʻylagi doʻnib-lovullab koʻzni olishlari, har qadam tashlagani sayin orqasiga yuborib qoʻygan burumi oʻkchasiga tushib, qayta-qayta qarashga majbur qilardi. Bular – Ibroyim bilan Bibizoda edi. Mana, muhabbat ogʻushidagi chin oshiq-maʼshuqlar! Oldlaridan qanday qarshiliklar chiqmasin, barcha gʻov-toʻsiqlarni yengib oʻtish maqsadida, bir-biri bilan qoʻl ushlashib, sirlashib, biri ikkinchisiga dalda boʻlib kelayotgan haqiqiy zamonaviy Layli-Majnunlar edi bular! Park shu ikkovining yarashigʻi uchun yaratilganday. Oʻtgan ham, ketgan ham bularga qarab toʻymaydi…

 

* * *

Ibroyimning har bir quvonchi qandaydir bir qaygʻuga tutashib turardi. Endi u oila tashkil qilish haqida oʻylay boshladi. Uy degani uyaday issiq panoh boʻlishi kerak, uy bekasi kelishi shart, kelin oilaga, onasiga xizmat qilishi, roʻzgʻor ishlarini qoʻlga olishi kerak. Shoirga umrlik yoʻldosh boʻlish ham – masʼuliyatli ish. U mana shu nozik fikrlarning hammasini Bibizoda bilan oʻylashar, birgalikda hal qilardi. Bibizoda, nima boʻlgan taqdirda ham men senikiman, yoningda boʻlaman, bu yogʻidan gʻam yema, faqat akam (qoraqalpoqlar “aka” deb oilada otaga murojaat qilishadi)ning roziligini olish uchun bir oz kutishga toʻgʻri keladi, deb Ibroyimni ishontiradi.

Ibroyim bunga ishondi, kutdi, uzoq kutdi.

Endi hamma gap otani rozi qilishda qolgan edi. Bibizoda otasiga turmush qursa, shu yigit bilan turmush qurishini aytib tushuntiradi, “otasi gunoh qilgan boʻlsa, bolasi javobgar emas-ku”, degan gapni aytadi. Elda oqsoqol boʻlib, birinchi rahbar boʻlib yurgan odam esa qizining bu qaroridan qaytishini kutadi, muomilaga kelib qolar, qanday nozik vaziyat kelib chiqqanini tushunib yetar, deb oʻylaydi. Biroq, Bibizoda oʻz aytganidan qaytmaydi, tavakkal qayigʻiga mindi-da, Ibroyim bilan qoʻl ushlashib uydan ketdi-qoldi… Uning bu qatʼiy qaroridan butun el quvondi. Haqiqiy muhabbat hamma-hamma narsadan kuchli ekanligi yana bir bor isbotlandi. Sevishgan yoshlar ahil boʻlishib, juda shirin turmush qurishdi, besh farzandga ota-ona boʻlishdi, toʻkis-farovon yashab oʻtishdi.

Xonbibi onaning quvonchi cheksiz edi. Kelinining uyim-joyim deb, oilasida qilgan xizmatlaridan keyin, umr boʻyi koʻrib kelgan xorliklari unutilib, eng baxtli qaynona boʻlib oʻtirdi.

– Men insonning xayoliga kelmaydigan baxtiyorlikka erishdim, – degan edi Ibroyim bir gal sirlashib-otamlashib qolganimizda. – Bir odam baxtli boʻlsa, menchalik boʻlar. Xalqim meni deputatlikka koʻtardi. “Volga” mashinalarini zirillatib haydadim. Ijodim xalqimning maʼnaviyatli boʻlishiga xizmat qilmoqda, bundan koʻnglim doimo quvonchga toʻladi. Har safar mashinamni zuvillatib haydab, ovulimga – Chimboyga borsam, oʻsha bolalik chogʻlarimda, qor boʻronlarida yurgan paytlarim yoki kunning issigʻida shahardagi maktabga qatnab yurgan paytlarimda onamning oq roʻmol yopinib, moy zavodining yonida devorga suyanib, meni maktabdan chiqib kelishimni kutib turganlari sira esimdan chiqmaydi. Shunday paytlarda, men koʻzi toʻrt boʻlib, intizor kutib turgan onam haqida mana bunday satrlarni yozganman, shu yozganlarim har gal esimga tushib, pichirlab oʻqiganimda, onajonim hamon tirikday boʻlib, meni hozir ham kutib turganday tuyuladi, men oʻzimni onamning huzurida turganday sezaman…

 

Men qalʼada oʻqiganimda

 

Darslardan kech chiqar edik,

Men qalʼada oʻqigan kunlar.

Quyosh botar, ovuldan kelib,

Kutar edi onam ham shunda.

 

Paxta zavod devorlariga

Suyangancha ul turar edi.

Butun dunyo xayollarida

Meni, deb, u yoʻl qarar edi.

 

Boʻylarimni koʻrib uzoqdan

Bir shirin soʻz topib turardi.

“Charchading-ov, aylanayin”, deb,

Boshim siypab, oʻpib qoʻyardi.

 

Qayta tuqqan kabi quvonib,

Oldi-ortga qaramasdanoq,

Ona-bola yoʻlga tushardik

Qorongʻuda… yap-yalang oyoq…

 

It koʻrinsa oldinda, e voh,

Qoʻrqib, oʻzni bosib turardik.

Odam boʻlib chiqsa ul “qora”,

Yoʻldan chetga qochib turardik…

 

Mana, endi mashinadaman,

Zuvlab oʻtsam men oʻsha yerdan.

Oq roʻmolli mehribon onam

Koʻringanday boʻladi birdan.

 

Hozir meni koʻrib qolar u

Va, qoʻlini silkiydi shodon.

“Charchadingmi, aylanayin-ov”,

Deb, boshimni silar mehribon…

 

* * *

Bu dunyoni “bir kam dunyo” deyishadi. Dunyoga kelganlarning kim boʻlishidan qatʼi nazar, har bir odam hayotining qay bir tomonini tuzatdim deganida, ikkinchi bir tomoni agʻdarilib yotganini koʻrasiz. Bu tashvishlar odam bolalarining barining boshida bor savdo. Bu qonunni shu paytgacha hech kim, hech qachon buza olmagan. Buni baʼzan “taqdir” deb atashadi. Albatta, banda bechora mana shu taqdirni oʻzgartirish ayilini avvalgidan ham qattiqroq tortib bogʻlab, baxtli hayot sari ot surib talpinadi. Shu asnoda, kimdir orzulariga erishib, baxtli hayotda gʻolibona qadam tashlaydi…

Ibroyim halol, niyatlari ezgu, isteʼdodi cheksiz ijodkor – qoraqalpoq sheʼriyatining ustuni edi. Shuning uchun ham xalqi uni yaxshi koʻradi, sevadi, suyukli farzand va qahramon zamondosh sifatida boshiga koʻtardi.

 

Qoraqalpoqchadan Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3


 

[1]  Elti – eshon uyidagi muhtarama ayollarga “elti” deb murojaat qilish rasm boʻlgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.