Qoʻngʻiroq

0
252
marta koʻrilgan.

Yaqinda yosh ijodkor ukalarim bilan vodiy safariga borib keldik. Maqsad yurtimizda roʻy berayotgan yangilanish, bunyodkorlik ishlari bilan chuqurroq tanishish, betakror diyorimizning goʻzal tabiatidan bahra olish, eng muhimi, mehnatsevar, sodda va samimiy xalqimizga “hormang-bor boʻling” qilib kelish edi.

Bizga ajratilgan mashinaning haydovchisi Bahrom aka favqulodda shinavanda chiqib qoldi. Hamma narsadan xabardor: tarixdan gap ochsangiz, fikringiz toʻxtagan yerdan ilib ketadi, “Real”ning yutuqlari sababi nimadayu Odil Ahmedovning ustun tomoni qayerda – bu kishiga tan, adabiyot tahlilini ham qoʻyib beravering. “Xafa boʻlmanglar-u, haqiqiy shoir xalq fikrini oʻzgartirishi, koʻnglini koʻtarishi, qiyofasini asrab qolishiga xizmat qilishi kerak. Men oddiy fermerman. Bu gaplarim sizlarga malol kelmasin-u, ukalar, haqiqiy shoirning yuragi otning kallasiday boʻladi, oʻz jonini ayamaydi, zarur paytda kerakli soʻzni aytadigan mard boʻladi”, deydi Bahrom aka. Yoshlar qiziqqon emasmi, darrov suhbat bahs-munozara bilan alanga olib ketdi. Kimdir adabiyotni koʻngil ishi, ijodkor oʻz qalbining musavviri deb sharhlasa, boshqasi chinakam sheʼriyat xoslar uchun yaratilgan deydi, keyingisi esa sheʼr bu qoʻshiq degani, qoʻshiqqa aylanmagan satrlar panada qolib ketadi, deb qatʼiy xulosasini aytadi. Gap shu yerga kelganda Bahrom aka: “Ha barakalla, mana hozir sizlarga bitta zoʻr qoʻshiq qoʻyib beraman, qolgan gapni keyin davom ettiramiz”, deya mashina magnitafonini yoqdi. Hammaga qadrdon boʻlgan qoʻshiq yangradi mashhur hofiz yosh, navqiron ovozda faxru iftixorga toʻlib millat madhiyasini kuylardi. Bu sheʼriyatimiz gultoji boʻlgan, ne-ne avlodning koʻzini ochgan, zehnini uygʻotgan, tafakkurini charxlagan, tarixni jonlantirgan “Oʻzbegim” qoʻshigʻi edi.

Yoʻl tanobini qoʻshiq tortadi. Ohang maromida tebranib, hamma oʻz xayoli bilan band. Mening tasavvurimda oʻsmirlik davrim – saksoninchi yillar, manfur shoʻroning qattol zamoni gavdalanadi. Shu qoʻshiqni eshitib sinfdoshlarim bilan qancha bahslashganimiz, tongotar suhbatlar, shoirga oʻtkazilgan tazyiqlar haqidagi mish-mishlar, hofizni “qamab qoʻyishgani” haqida… hamma-hammasi bugun tarix.

 

Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

Koʻksim osmon, oʻzbegim.

 

deyish uchun naqadar katta jurʼat, oʻziga ishonch, xalqiga eʼtiqod kerak!

Men qoʻshiq tinglab ketayotgan ukalarimni zimdan kuzataman: ular ovoz chiqarmasdan hofizga joʻr boʻlib kuylashyapti. Dovonning kuzga tobin chiroyli manzaralariga ham eʼtibor bermay, qoʻshiqqa mahliyo. Daho shoirning sehrli satrlarini jon ozigʻiday simirib borishyapti.

 

Mir Alisher naʼrasiga

Aks sado berdi jahon,

Sheʼriyat mulkida boʻldi

Shohu sulton oʻzbegim.

 

1989 yil bahor kunlaridan birida Toshkentga “sheʼrlarimni oʻtkazgani” keldim. Xullas, gazeta-jurnallarga birma-bir bosh suqib, goh ranjib, goh koʻnglim koʻtarilib mashqlarimni tarqatib boʻlgach, shahar aylanishga tushdim. Avvalo, Arpapoyadagi Gʻafur Gʻulom uy-muzeyiga borib akademik shoirning havosidan nafas oldim. Keyin “Bizning uyga qoʻnib oʻting doʻstparim”da tilga olingan koʻl boʻylarini katta shoirlarga taqlidan xayolchan kezib yurdim. Fargʻonada urf boʻlmagan antiqa kiyimlar kiygan, yuzlari ochiq, bir-biridan anvoyi qizlarni suqlanib tomosha qilaman. Meni hech kim tanimaydi, men hech kimni tanimayman. Bundan ham zerikib, Hamza teatriga ravona boʻldim. Spektakl kechqurun boʻlarkan, men Fargʻonaga qaytishim kerak. Hafsalam pir holda endi janubiy vokzalga joʻnayman deb tursam, shundoq yonginamda oq mashina toʻxtab, men hamma sheʼrlarini yod bilganim, eng sevimli shoirim, dadamning taʼbiri bilan aytganda “zamonamiz Navoiysi” boʻlgan naqd Erkin Vohidovning oʻzi tushib keldi. Bu holatni, Erkin Vohidov bilan soʻrashish tugul koʻrishni ham tasavvuriga sigʻdirmagan menday oʻsmirning ahvolini koʻz oldingizga keltiravering. Shoirga toʻq koʻk kostyum-shimi, oppoq koʻylagi, qoramtir qizgʻish boʻyinbogʻi ajib ulugʻvorlik baxsh etgan, butun boʻy-bastidan, ayniqsa, yuzlaridan nur taralayotganday koʻrindi koʻzimga. Chamamda kutib olishi kerak boʻlgan odamni izlab atrofga salobat bilan nazar tashladi. Keyin xuddi yerga ozor berishdan istihola qilganday ohista qadam bosib teatr binosiga kirib ketdi. Xullas, men angrayganimcha qoldim. Oʻzimga kelganimda kech boʻlgandi. Men ustozning qoʻlini olib, dastxat soʻramaganimga oʻzimni oʻzim rosa soʻkdim. Qishlogʻimga borib, Toshkentda Erkin Vohidovni koʻrdim desam kim ishonadi endi? Keyinchalik ustoz bilan yaqindan tanishib, bemalolroq soʻzlashadigan boʻlganimda, oʻsha birinchi marta koʻrganimdagi holatni aytsam, u kishi miyigʻlarida kulib: “Shart borib, yengimdan tutib, menga qarang, men Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo boʻlaman desangiz, quchoq ochib koʻrishardim”, deya lutf etdilar. Men ham javoban: “Yengingizdan tutardimu, ammo qoʻlim band edi, avvalroq etagingizdan tutgandim”, dedim.

Toleimdan xursandman, ustoz bilan qancha safarlarda yonma-yon yurdim, suhbatlaridan bahra oldim, adabiyot haqida, borliq toʻgʻrisida hech bir kitobda yozilmagan nodir xulosalarni eshitib, qulogʻimga quydim. Moʻtabar xonadonda tuz totdim, Gulchehra aya opam, Xurshidbek doʻstim boʻldi. Ustozning nazarida ekanligim hamisha yuragimni nurlantirib turadi. Xalq orasiga maqolday singib ketgan, hech qachon tildan va dildan tushmaydigan durdona satrlarini eshitganimda, hayotning oʻzi bot-bot yodga soladigan misralarini eslaganimda, davralarda umriboqiy sheʼrlarini shavq bilan oʻqiganimda… bu qadar teranlik, kenglik, falsafa, hayotiylik, samimiyat, milliylik uygʻunligi faqat va faqat Xudo suygan va siylagan buyuk isteʼdodgagina nasib etadi, degan fikrlar koʻnglimdan kechib, butun borligʻimni shogirdlik iftixori chulgʻab oladi.

Vodiy safarida qalamkash ukalarim maza qilishdi: yangi qiyofa kasb etgan shaharlarimizni, chiroy ochib borayotgan qishloqlarimizni, ravon yoʻllarimizni, tadbirlaru izdihomlarni koʻrib, koʻplar bilan suhbatlashib katta taassurot va ilhom olishdi. Mushoiralarda, bahru baytlarda asosan ustozning sheʼrlari aytildi.

 

El ustozim, men esa tolib,

Soʻz durlarin termoqdir ishim.

Odamlarning oʻzidan olib,

Odamlarga bermoqdir ishim.

 

Shoirning ashaddiy muxlisi, doʻstim Olimjon bilan bir kuni ustoz xonadoniga yoʻqlab borganimizda, eshik qoʻngʻirogʻi sadosini eshitgan hamrohim menga qarab: “Aka, maktabning qoʻngʻirogʻiga oʻxsharkan-a ovozi”, dedi. Men: “Rostanam bu juda katta maktab, ichkarida bizni ustozlarning eng ulugʻi kutyapti. Har safar shu ostonaga kelib, qoʻngʻiroq chalamanu katta darsga, saboq olgani kirib ketaman”, dedim javoban. Erkin Vohidovning umrboqiy saboqlari qanchadan-qancha avlodni kamolga yetkazadi, adabiyot va koʻngil qoʻngʻirogʻi biz shogirdlarni doimo ustoz qabuliga chorlayveradi.

 

Iqbol MIRZO,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Kitob dunyosi” gazetasining 2015 yil 9 sentyabr (№17) sonidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.