Qo‘msash

0
14
marta ko‘rilgan.

Esse

 

1

Og‘ajonlar! Bu ko‘hna dunyoda ishqibozlikdan yomoni bo‘lmas ekan. Bandasini ishqibozlikning xumori vaqti-vaqti bilan tutib turarkan. Uning domiga bir ilinsang, morboz qo‘lidagi sehrli tayoqcha misol aqlu hushingni tizginlab izmiga solib olarkan.

Xoh inoning, xoh inonmang, biz ko‘pkari gurunglarining xumorisi bo‘lib qoldik.

Ayniqsa, dalayu dashtlarga o‘t o‘rlab, chuchmomayu turfa bahor ne’matlari yuz ko‘rsatgan Navro‘zi olam kunlarida xalqimizning suyak surgan o‘yinlari – ko‘pkariyu kurashdan so‘z ochmasdan turish dushvor ekan. Nachora, xotiralar til yorib, eski mavzuda, yangi gurungni qo‘r oldirishdan o‘zga chora topolmas ekan kishi.

Dangal gap, ko‘pkari gurunglarini tinglash huzur ekan, tinglashdan ham chavag‘onlar uloq talashgan davralarni yurak hovuchlab kuzatish behroq bo‘larkan.

Chavandozlar, tuyog‘idan o‘t chaqnagan tulporlar, ko‘pkari davralaridan so‘z ochilganda, umri suruv izida o‘tgan Sattorqul cho‘ponning ko‘zlari porladi;

Juma boboning gap xaltasi ochildi;

Chorshanbi chavandoz zavqi oshib tizzalariga shapatiladi;

Jovli malimning mujgoni yoshga to‘ldi;

Imomberdi boboning bizdan sira ayrilgisi kelmadi;

O‘rol traktorchi “biznikiga kirib o‘tmabsiz-da”, deb afsuslandi…

Eh-hey, aytaversak gap ko‘p.

Ammo, bari ko‘rmish, eshitmishlarni jamlab qog‘ozga tushirish hammasidan maroqliroq bo‘larkan.

Bejizga O‘rol traktorchi “o‘zim ko‘rgan, eshitgan davralarni yozib boraman, hozir ikki daftar to‘ldi” demagandi.

Shu mashg‘ulotga berildigu, boshqasiga qalam yurmay qo‘ydi.

– Ko‘pkarining chin ishqibozlari ham, xabari qulog‘iga chalingan biron davrani qoldirmay, qishloqma-qishloq kezadigan shinavandalari ham ko‘p, biroq men umrim davomida tanigan, gurungini olgan muxlislar orasida Bozor Qo‘chqor bilan bahslashadigani kamdan-kam.

Alpon chavandozning xayrlashish chog‘ida bolalardek beg‘uborlik, bolalarcha samimiyat bilan aytgan shu so‘zlari ta’sirida Langartog‘ tomonlardan olgan taassurotlarimiz ohori to‘kilmasdan tag‘in ko‘pkari gurunglarini qo‘msab qoldik.

 

 

2

Ko‘pkarining ohanrabosi deymizmi, mehrigiyosi deymizmi, xullas, bir shohidi bo‘lganni umr bo‘yi o‘ziga asir etadigan nimasidir bor.

Bo‘lmasa necha ming yillardirki avloddan-avlodga o‘tib, qoidalari sayqal topib, muxlislari ot, chavandozlari zot, tarafkashlar or, chekka-chemardan ko‘z qirini tashlagan suluv qizlar yor talashib yasharmidi bu udum.

Keyingi yuz yillikda ko‘pkarining boshiga ne-ne kunlarni solishmadi.

Uni illat deb ham atashdi.

Zillat (zalolat) tamg‘asini bosib, taqiq ham qilishdi.

“Qizil imperiya” davrining “hukumat odamlari” ne-ne davralarga gurros solib, ming-ming muxlislar qalbini zabt etib kelgan otlarni majburan go‘shtlikka tortib olishdi.

Baribir ko‘pkari yashayverdi.

Uloqchi xalqi uni bir zum bo‘lsin unutmadi.

Havas iskanjasida tolxivichdan toy minib, “uloq” talashgan bolalik kimning xotirasidan mosuvo bo‘lardi.

Sovuqdan zir qaqshab, burun sharqirab oqsa-da, eskigina choponga o‘ralib ko‘pkari maydonidan ko‘z uzmagan bolalar afsona emas, bu – Siz, bu – biz, bu – hammamiz.

Qaysidir suvoriy “bu yoqqa qara bolajon, otimni sovutib kel” deb jilovni qo‘liga tutqazishini mo‘ltirab kutgan o‘smirlar – bo‘lg‘usi chavandozlarimiz.

Kim necha otini ot emas, suyukli birodarim, nomusim ham orim, bu dunyoda borim, deb atagan chavandozlar o‘tmadi.

Ularning davrasiga bir kirsangiz, qayta-qayta o‘sha gurunglarni qo‘msayverasiz. Axir yosh bir yerga borib, soch-soqol qirovga aylansa-da, ko‘ngil qarimasa ne qilishsin, yurak hovurini xotiralar bilan bostirishadi-da.

Haliyam qalban maydonga talpinib turishadi.

Qo‘yib bersang tulporiga otlanib, “hayyo-huyt” degancha jo‘nab ketaverish siyog‘i bor.

Biznikiyam bir shinavandalik-da, shunday gurunglar dilimizni rom etdi.

Qulog‘imizga chalinganlar botinimizda qayta-qayta sayqal topib, birin-sirin oq qog‘ozning siynasiga to‘kildi.

 

3

Ko‘pkari ikki xil ko‘rinishda chopilarkan.

Aksariyat cho‘l qishloqlarida uloq chavandozlar to‘dasiga maxsus havozadan tashlanarkan.

Tog‘liklar yer uloq chopisharkan.

Ular havozadan tashlangan uloqqa tan berishmaydi:

– G‘irromi ko‘p, bakovul kimning tarafdori bo‘lsa, o‘shanga o‘ng‘ay qilib tashlaydi, yer uloqda hammada bir xil imkoniyat, takani yerga egilib ko‘tarmasang, talashib-tortishmasang nima qizig‘i bor, – deyishadi.

To‘g‘ri, ko‘pkari maydonida bir-birini qo‘llaganga ne yetsin.

Ammo uloq havozadan tashlanganda, besh-o‘ntasi jam bo‘lib, zot olarini o‘rab olib, solimga raqibning qo‘lini ham tekkizishmaskan.

Havoza uloqda ajrim etilgan zotlarning soni-hisobiga yetib bo‘lmaskan. Yer uloqda sovrinni ajrim qilish uchun kamida bir-ikki soat vaqt ketarkan. Yer uloqda chavag‘on talashib zot ayirarkan. Havozachi kelishib sovrindor bo‘larkan.

Jovli chavandozning bir gurungi sira esimdan ko‘tarilmaydi:

– Chinakam chavandozning ichida jini bo‘ladi, ko‘pkariga kirganda ko‘ziga solimga tashlangan takadan boshqa nimarsa ko‘rinmaydi. Bir gal langarotalik Imomberdi chavandozning to‘yida Alpon bilan takani baravar yerdan uzdik, bir oyog‘i unda, ikkinchisi menda, maktabda qo‘liga qalam ushlatganman, shogirdim menga yon berar degan umidda:

– Alpon, bu menman, – dedim.

U yuzimga bir qaradi-da, takani siltab tortib, taqimiga bosib ketdi.

Ko‘pkari so‘ngida yonimga kelib:

– Kechirasiz ustoz, bu Alining ol maydoni, polvon otasini ham siylamaydi, – dedi.

Dangalchi shogirdimni suyub bag‘rimga bosdim…

Asl chavandozu uloqchi otni jinxo‘r ham atasharkan.

Jinxo‘r degani xumori bo‘larkan.

Bunday chavag‘on ko‘pkari maydonida takaga qo‘l tegizmasdan, ot esa egasi solimni ustiga bosmasidan tinib-tinchishni bilmas ekan.

 

4

Eshitsak, tuyog‘idan o‘t chaqnagan tulporlarda xosiyat ko‘p bo‘lar ekan.

Bu zabonsiz jonivor o‘z sohibi singari vaqti kelganda qayg‘udan achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kib, zafar quchganda quvonchdan yal-yal yashnashi ham aynan haqiqat ekan.

E-e-e, kim nima desa deyaversin, otda ham ko‘ngil bo‘larkan.

U egasining qayg‘usini ham, sevinchini ham nozik bir tuyg‘u bilan his etarkan.

Ba’zilar:

– Otning devi bor, – deyishadi. – Uning kavsh qaytarganini ko‘rgan odam yo ajalga nishon yoki bir karomat sohibi bo‘ladi.

Ehtimol otning rostdanam devi bordir.

Bir qarasang, yoli o‘n sakkiz yashar qizning ikki o‘rim sochidek zich to‘qilib qoladi, qo‘lingga qaychi olsang-da yecholmaysan.

Bir qarasang, juvonning yoyilgan sochlaridek mayin tortadi, ta’rifini yetkazib aytolmaysan.

Bu holni haligacha birov ayon etolmagan, sir-sinoatiga hech kimsa yetolmagan.

Ehtimol bu otning deviga asir tushgan parilar san’atidir.

Elimizning maqolini eshitgansiz: “It – vafo, xotin – jafo”.

Ammo ahli chavandoz borki, bu maqolga sira tan bermaydi.

Alloh yaratgan jonivorlar ichida itni emas, otni birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Bejizga o‘tmish ajdodlarimiz “eshakdan yiqilsang toshga, otdan yiqilsang bolishga tushasan”, deyishmagan.

Eshak boshingga yetarkan, ot sohibimning biron yeri lat yemasin deb ostingga ko‘rpachadek to‘shalarkan.

Xullas, Maxtumquli shoir nazmga solganidek, yigitning eng yaqin yo‘ldoshi ham, yuragini ocharli sirdoshi ham ot bo‘larkan.

 

5

Ochig‘i, anchadan buyon bir voqelikning tagi-tubiga yetolmay halak edik.

Bir savol dilimizga sira tinchlik bermasdi:

– Xalqimiz ko‘pkarini namuncha qadrlamasa?

– Nahot ta’qibu tazyiqlar zanjiri ham ildizi ming yilliklarga tutashgan bu qadriyatimizni elimiz dilidan sitib chiqarolmagan bo‘lsa?

Savollar zalvorli, savollar nihoyasiz edi.

Qancha bosh qotirgan bo‘lsak-da, ikki orada bosh qotirganimiz qoldi, javobini topolmadik.

Bilsak, bundan oddiyroq, bundan yechimliroq savol yo‘q ekan.

Bunga ahli chavandoz gurungini eshitib osongina amin bo‘ldik:

– Ko‘r-ko‘rona berilgan buyruq, elning dilini anglamay chiqarilgan amr bilan ajdoddan-ajdodga o‘tib, yuraklardan joy tutib qolgan e’tiqodni sindirib bo‘larmikan?

Anglasak, ko‘pkari xalqimizning iymon sinovi, mardlik chegarasi, oriyat shajarasi ekan.

Tolib o‘ziga hayot sabog‘ini bergan maktabni unutib bilmas ekan.

– E-e, u zamonlardan men gap ochmay, Siz eshitmang, tishlam nonga zor o‘tgan damlarimiz to‘q yurgan kunlarimizdan ko‘p edi. Ming shukur, hammasi ortda qoldi. Lekin ezgu kunlarimizning qadriga yetish uchun o‘tmishni eslab turish kerak ekan. O‘sha zamonlarda bir uchqur ot, bilagi kuchga to‘lgan bir suvoriy qavmining rizq-ro‘zi bo‘lgandi. Urushdan so‘nggi og‘ir yillarda el kayvonisi – Amirqul Seyli zotdor otlari ko‘pkarida ayirgan sovrinlarni rasamadi bilan taqsimlab, qavmining beva-bechoralari, kambag‘al oilalarini ocharchilikdan omon olib o‘tganiga o‘zim shohid bo‘lganman.

Bu gaplar bizning ijodkorligimiz mahsuli yoki to‘qima degan xayolga bormang, bu mulohazani qizilmozorlik Juma boboning gurunglaridan oldik.

Og‘ir damlarda nafsingni aldaydigan darajada bo‘lsa-da, rizqingni bergan, qaddingni ko‘targan, dilingni ovutgan qadriyatni ko‘ztumor yanglig‘ ko‘z qorachig‘ingda, qalbtumor etib dil ardog‘ingda asramay bo‘larmidi!

 

6

Birodarlar!

Elimiz ahli donishlari aytmagan gap qolmagan, aytganlari bir hovuch hikmat ekan.

“Ko‘r ko‘rni qorong‘ida taniydi”, degan dono xalqimiz.

O‘zi ko‘r bo‘lsa, tag‘in qorong‘ida, bir-birini qanday etib tanirkan?

Ishonavering, bu timsol berib aytilgan, suyak surgan maqollarimizdan.

Uni yaxshilikka ham, yomonlikka ham ishlatsa bo‘ladi.

G‘arazgo‘y g‘arazgo‘yga, yaxshi yaxshiga intilib yashaydi.

Bir inson ikkinchisini gap-so‘zsiz, ko‘z qarashlari bilan anglashiga ham qiyos bersa bo‘ladi bu maqolni.

Ishonmasangiz, qo‘shtamg‘alilik Bozor Qo‘chqor bilan, pasttollik Xoliyor Homid bilan gurunglashib ko‘ring.

Unisi bunisini, bunisi unisini misol keltirmay biron hikoyani gapirishmaydi.

Ko‘pkariga, qanotli otlarga ishqibozlik ular o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, qiyomatli birodarlarga aylantirgan.

Kamida ellik yillik qadrdonlar dunyoni unutib gurungga berilishadi, bunisi unisini ma’qullab, unisi bunisini to‘ldirib. Biz esa ularni havas bilan kuzatib, gurunglarini qog‘ozga tushirishdan o‘zga chora topolmaymiz.

 

7

– Shunday qilib desangiz, “kattalar” ko‘pkari chopishni taqiqlab qo‘yishdi. Qo‘lga tushib qolsangiz, omon-zamoningizni bermay hukumat idoralariga sudraydigan yasovullar paydo bo‘ldi. O‘sha kunlarni eslaysizmi, Xoliyor jo‘ra?

– Eslamay o‘libmanmi, otlarni qo‘rada saqlolmay tog‘u toshlar ichiga yashirib yurardik-ku.

– Yashirmay ko‘r, melisalar qo‘lingdan otingni big‘illatib olib ketishgani desang, “hukumat qaroriga qarshi chiqding” deb o‘zingni ham ming bir qoziga oshno etishardi.

– Lekin ko‘pkari chopishga qo‘yishmagani yomon bo‘lgandi-da, nega shunday qilishdi ekan, Bozor oshna?

– O‘zbek o‘tmishini unutsin deyishgan-da.

– Buning nima hojati bor ekan? Demak, bu o‘zbekchiligimizga qarshi fitna ekan-da?

– Barakalla, endi hammasining tagiga yetding. Lekin shunday zamonlarda ham yigitlarimiz bo‘sh kelishmagandi.

– Yarim tunlari, ko‘zdan yiroq bo‘lsin deb olis tog‘ daralarida, o‘rmonlar ichida ko‘pkari chopganlarimizni aytayapsiz-da?

– U yog‘i Yakkabog‘u Kitob, buyog‘i Dehqonobodu G‘uzor, Chiroqchi, Qamashi, Qarshidan bir himoga mahtal yigitlar yetib kelishardi. Tungi soat o‘n ikkidan tonggi uch-to‘rtgacha bir kalla qand, gardi ro‘mol uchun ko‘pkari talashardik. Ertalab kelib qaragan odam bu yerda nima bo‘lganining fahmiga yetolmasdi.

– Ba’zilar shovloqqa nega oq uloq tashlanishi sababini haligacha bilishmaydi.

– Agar yarim tun oq uloq tashlanmasa, solimni ko‘rib bo‘lmasdi-da. Shovloqning oq ulog‘i o‘sha og‘ir kunlardan qolgan xotira.

– Mana, nafaqat kurash, balki ko‘pkari bo‘yicha ham chempionat o‘tkaziladigan kunlarga yetib keldik.

– Endi shuning shukriga yetishni, tinch kunlarni ko‘z qorachig‘idek avaylash kerakligini yoshlarga tushuntirish Sizu bizning vazifamiz-da, og‘ayni…

 

Abdunabi ABDIYEV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.