Qizalogʻimga maktub

0
286
marta koʻrilgan.

Salom qizalogʻim!

Bilasanmi, insonni bu hayotga farzand bogʻlab turadi. Sen zanjirsan. Metin va mustahkam, insoniy tuygʻulardan oziqlangan zanjirsan. Meni, onangni shu yorugʻ dunyoda orzu bilan yashashga oʻrgatding. Tabassum bilan, chuchukkina tilingdan taralgan shirin soʻzlaring bilan bizni yashashga undading. Borligimizni his qildik. Qizim – sen buyuk kuchsan!

Xudoyim jannat bogʻlaridan asrab, avaylab uzib bergan seni. Rayhonboʻyginam, munisam, mehribonim!

Bugun sendan uzr soʻrash uchun ushbu maktubni qoralayapman. Oʻylaymanki, harf tanib, savoding chiqqanda ushbu xat yostigʻing ostida turadi. Har zamonda uni oʻqib, seni qanchalar yaxshi koʻrishimni, ardoqlashimni his qilasan. Qalbim hamisha sen bilan birga.

Shu kunlarda xizmat safari bois, sendan uzoqlardaman. Seni tush koʻrib, soʻzlaringni xayolan tinglab yuribman. Jajji qoʻllaring tafti yuzimni ilitib turibdi. Koʻzingdagi nur qalbimni yorityapti. Sen ezgulikka chorlovchi mayogʻimsan. Hech qachon soʻnma.

Ayni paytda qishloqda, bobong va buving mehridan bahramand yashayapsan. Ular mening ota-onam! Ularning mehri, muhabbati bilan unib-oʻsdim va oʻylaymanki, men oydin tunlar chiroq yorugʻida tinglagan ertaklarni sen bobongning quchogʻida eshitib oʻtiribsan. Xuddi men kabi ularni savollarga koʻmib tashlayotgandirsan. Qizim, har tong onang suv sepib, supirayotgan hovli-yu, koʻchada mening jajji izlarim qolgan. Bolaligim qolgan.

U vaqtlarda zamon ogʻir edi. Gʻira-shira eslayman: odamlar gʻalla maydonlariga chiqib ketar, bugʻdoyni tegirmondan oʻtkazib kelardi. Qora, qotirma non yeyishardi. Uyiga un topib kelgan otadan baxtiyorrogʻi boʻlmas edi. Lekin yoshu qarining koʻnglida ertangi kunga ishonch bor edi. Bugungi yorugʻ kunlarga yetish, toʻq va farovon, tinch va xotirjam yashash ishonchi buvilarimiz aytgan ertaklarga singib ketardi. Qizim, koʻngli toʻq odam och qolmaydi. Erki bor odam noshukr boʻlmaydi. Bugun har bir insonning qalbi, orzu-umidlari-da ozod va hur, qadr topyapti, eʼzozlanyapti. Tasavvur qilyapman, sen hozirgina oʻpib, koʻzingga surtayotgan oppoqqina shirmoy non ham ozod va hur xalqning vatanparvarligi, bolaparvarligi mevasidir.

Koʻzmunchogʻim, koʻzlaringga koʻz tegmasin!

Rosti gap, seni juda sogʻindim. Qiqirlab kulishlaring, erkalanishlaring koʻz oldimdan ketmaydi. Uygʻoniboq xayrli tong tilashing, ostonada qoʻl qoqib ishga joʻnatishing, “omadingizni bersin”, deya niyat bildirishlaring oʻzingday samimiy, qizalogʻim. Qaytganimda boʻynimga osilib, quvonishlaringchi! Hamma-hammasi yuragimda musaffo jilgʻadek jimirlayapti. Shundandir sal parishonroqman. Birovga sezdirmay deyman-u imkoni boʻlmayapti. Qizalogʻim, bu dunyoda toza tuygʻularni sir saqlab boʻlmaydi. Tuygʻularning eng pokizasi esa mehr toʻla sogʻinchdir.

Kecha telefon orqali onang bilan gaplashdim. Mendan uzr soʻramoqchi boʻlibsan. Undan oldin qoʻngʻiroq qilganingda ishim koʻpligidan suhbatni qisqa qildim. “Dadam xafa boʻldilarmi, goʻshakni qoʻyib qoʻydilar”, debsan. Sendan nega ranjiy, qizim. Axir, ovozingni eshitib, qanchalar sevinganimni bilsang edi. Yaqin kunlarda uchrashamiz. Oʻshanda mendan uzr soʻrama! Hammasini jajji qalbingdan chiqarib tashla. Axir, telefon orqali suhbat ham xoh qisqa boʻlsin, xoh uzun diydordir. Diydor uchun esa uzr soʻralmaydi. Oʻzimning oppoq qizim, sogʻintirib qoʻyganim uchun meni kechiraqol.

Bir qizaloqni uchratib qoldim. Burrogina qilib sheʼr oʻqidi. Soʻrasam, toʻrt yosh ekan. Tengdoshing ekan, qizim. Xuddi seni koʻrganday boʻldim, xuddi sen qarshimda sheʼr oʻqib berayotganday boʻlding. Yuragimda yosh qalqidi-yu, koʻzimga chiqarmadim. Uyaldim, erkakligim yoʻl qoʻymadi. Axir, bolalari aqlli boʻlsa, otalar hech qachon yigʻlamaydi. Ilohim, aqlingni bersin, oppogʻim. Ilohim, sen sabab koʻzimizga qaygʻu yoshlari kelmasin.

Bilasanmi, sen dunyoga kelguningcha qancha orzu qilganmiz, shirin-shirin oʻylar surganmiz. Har kuni ism tanlab, tunlarni tongga ulaganmiz. Millatdosh aka-opalaring sportda, ilm-fan, sanʼat va madaniyatda chet ellik tengdoshlarini ortda qoldirib, bayrogʻimizni baland tutganida, entikkanmiz, orziqqanmiz. Sen ham kelajakda oʻshalar qatorida boʻlishingni tasavvur qilganmiz. Shu kunlar kelsin, yoʻling yorugʻ, maqsadlaring oydin boʻlsin, qizim. Buning uchun men oʻzimdan-da kechishga, faqat va faqat sen uchun yashashga tayyorman. Sen meni ardoqlagan Vatanning farzandisan, demak sen ham Vatanimsan. Vatanga xizmat qilish esa burchlarning eng oliysidir.

Shoshqaloq kunlar negadir imillayapti. Intizorlik, sogʻinch-u firoq vaqtning yoʻlini toʻsib turganday. Nima qilishni bilmadim. Yoʻl-yoʻlakay bolalar oʻyinchoqlari doʻkoniga kirdim. Turfa oʻyinchoqlarni koʻrib bahri-dilim ochildi. Sogʻinchim sal bosilganday boʻldi. Koʻz oldimda yana sen namoyon boʻlding. “Dada, men uy quryapman. Katta, baland, chiroyli. Bu bizning uyimiz boʻladi, koʻp oʻyinchoqlari boʻladi”. Oʻzimning novvotim, shirin qizalogʻim! Orzu qilishdan hech qachon toʻxtama. Soʻragan oʻyinchoqlaringni olib berolmay, qorday koʻnglingga ozor bergan boʻlsam kechir. Baʼzida hamma, hatto otalar ham ilojsiz qoladi. Muhimi, men seni judayam yaxshi koʻraman. Hech qachon xafa qilmaslikka urinaman. Bu qoʻllar faqat boshingni silash uchun yaratilmagan. Shu qoʻllarim bilan oʻzing orzu qilgandan-da shinam uylar qurib beraman. Ichida Xudo senga tuhfa qilgan ovunchoqlar, shirindan-shakar oʻgʻil-qizlaring boʻladi. Faqat sen bunga ishon. Bilsang, bu dunyoni ham ishonch ushlab turibdi.

Sen koʻzimiz nuri, qalbimiz chirogʻisan. Hech qachon zavol bilma. Shu zaminga, shu Vatanga, shu xalqqa chuqur kirib boraver. Aql-hushing, farosating, biliming bilan hammaning rahmatini ol. Unutma, sen yuragimning oʻq tomirisan. Sensiz hayot toʻxtaydi. Shunday ekan, men senga yuragimni omonat topshiraman. Ilohim oʻq tomiri hamisha mustahkam boʻlsin.

Sogʻinch toʻla qalb bilan, dadang.

 

Bahodir HALIMOV

 

soglom.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.