Qaytmas yillar bahori…

0
160
marta koʻrilgan.

Bahorning birinchi kunidanoq qalbimni aziz bir insonning siymosi qamrab olayotganini his qilaman. Xotiramda uning bor qiyofasi namoyon boʻladi. Shovqinli shaharu tashvishlarni bir chetga surib oʻsha qadrdon, men sogʻingandan koʻproq meni sogʻinadigan inson qoshiga ketgim keladi. Uni tushlarimda koʻraman. Qizigʻi hamisha bir holatda. Yelkamda sumka. Meni kutib betoqatlanib turgan qoʻshnimiz Ismat aka va uning mashinasi. Qiblaga qarab duo berayotgan otam. Koʻz yoshini roʻmoli uchi bilan artayotgan onam.
Bu tun ham tushimda koʻrdim. Shamol uning roʻmolini oʻynar, sochlari koʻrinib turibdi: oppoq… Choʻchib uygʻonaman. Tong hali otmagan. Ufqda yolgʻiz zuhrogina miltillab turibdi. Qiya ochiq derazadan bahorning ilk sarin shabadasi kiradi. Bahor – tabiatning xotirasi, insoniyatning xotirasi. Bahor – ezgulikning xotirasi. Bahorning mayin shamoliga ergashib xayollarim meni olis bolaligimga yetaklab ketadi. Ketaveraman… Ketaveraman…

Osmon tiniq edi, daryolar shovullar, gulxanlar lovullab yonardi. Men yetti-sakkiz yoshli, yerga ursa koʻkka sapchiydigan, oʻyindan boshqa oʻyi boʻlmagan bolakay edim. Bogʻimizning bir chetidan ariqcha oqar, ikki yonida koʻm-koʻk maysalar, yalpizlar barq urgan. Toʻrgʻay turgandan to Ukki uxlagancha men, ariqcha va qoʻshni qiz Zulpi – Zulfiya halak edi. Bizning ovunchogʻimiz ariq, yemagimiz suvga boʻkkan teshik kulcha edi. Ariqchadan kulchani oqizib ortidan quvardik. Men Zulpining kulchasini, u mening kulchamni quvar. Kulchani tutgan – gʻolib. Bu bizning, faqat ikkimiz biladigan oʻyin edi. Bir safar uning kulchasini tutolmadim… U shunaqangi qiyqirib kuldi-ki… Boʻgʻzimga nimadir tiqildi. Zulpining oldida yigʻlamaslik uchun onamning qoshiga chopdim. Zulpi qoʻrqoq degancha qolaverdi. Onamning tizzasiga boshimni qoʻyib yigʻladim. Shunda onam:

– Toychogʻim, yigit kishi qiz boladan ranjib yigʻlaydimi? Bu safar yutqazgan boʻlsang, keyingi safar yutasan. Yigʻlama, u axir doʻsting. Bor oʻrtogʻing kutib qoldi.

Men qaytib uning yoniga bormadim. Devorning ustiga chiqib oʻtgan-qaytganga hazillashaman. Zulpi meni kutib-kutib ketdi. Men u bilan boshqa oʻynamadim… Faqat bir kuni…

Oʻshanda onam tobi qochib shaharda davolanayotgandi. Otam ertadan kechgacha dalada. Biz aka-ukalar navbatma-navbat maktabga borardik. Chunki uyda kimdir qolishi kerak. Sigirimiz endi tuqqan, qoʻylar qoʻzilagan, ularga qarash kerak. Oʻshanda men endi sigirga yoʻngʻichqa berib boʻlib, Termizda oʻqiydigan amakim sovgʻa qilgan ertak kitobni oʻqiyotgandim. Tovuqlarimizni bogʻ etagidan quvib Zulpi kelib qoldi.

– Yur oʻynaymiz, – dedi u.

– Yoʻq, – dedim. U yalindi. Kechgacha oʻynadik. Faqat yutqazdi. Bilmadim nima uchun?

Onam shahardan tuzalib kelganida uyimizda rostdanam bayram boʻldi. Oʻshanda Zulpiyam keldi. Oʻsha kunnning ertasiga ular shaharga koʻchib ketishdi. Men yillar oʻtib oʻsha qiz bir kuni menga eng yaqin inson boʻlib, tasalli berishini bilganimda u bilan oʻynab, ming marta yutqazishga ham rozi boʻlardim. Nachora…

 

***

 

Uzoq sayohatga chiqqan bir guruh sayyohlar yovvoyilar makoniga tushib qolibdi. Yovvoyilarda shafqat yoʻq. Koʻz ochib yumgancha bosh qarorgohga eltishibdi. Atrofda gulxan lovullar, yovvoyilar odatiga mos kuy taralar, tutilgan oʻljadan xursandligini nishonlasharkan. Bu yerdan omon chiqib ketishiga koʻzi yetmagan kishilar noiloj taqdirga tan berishibdi. Toʻda boshi birining qoshiga kelib, oʻzining tilida nimadir soʻrabdi. Bu tushunmasmish. Shu payt oʻynab yurgan bolalardan biri yigʻlab onasining qoshiga yuguribdi. Bola ovozining boricha yigʻlar, uni tinchlantirish ilojini topisholmabdi. Ona bolasini bagʻriga bosgan ekan jimib qolibdi. Toʻda boshi ona va bolani koʻrsatib, odamlarga ishora qilibdi. Nima deyayotganini tushungan odam jon holatda:”Ha-ha, onam bor. Yolgʻizonam bor”, deb nola qilibdi. Qolganlar ham shunday deb yigʻlashibdi. Toʻda boshi bir muddat oʻylab turib ularni ozod qilib yuboribdi.

Onamning duosi meni saqlaganiga bir necha marta ishonganman. Maktabni tugatgan yilim sinfdoshlar bilan lola sayliga chiqdik. May oyining oxirlari lolalar siyraklashib qolgan, boriyam togʻning boshida qolgandi. Izlab-izlab togʻ boshida qolgan bittagina lolani koʻrdik. Chiqishning umuman iloji yoʻq. Sinfdosh qizlarimiz lolani uzib olishni shunchalik xohlayaptiki, qani Alloh qanot bersa uchib lolani qoʻliga tutqazsang. Biz yigitlar goh tepadagi lolaga, goh qizlarga qaraymiz. Nima boʻlsa boʻldi dedim-da, tepaga tirmashdim. Ortimdan qizlarning meni alqagani eshitilib turar, bunga sari mening kuchim oshib-toshardi. Bir amallab tepaga chiqib oldim. Lolaga yetdim. Pastda qizlarning olqishi…

Lolani uzdim va pastga uloqtirdim. Qizlar qiyqirishib lolaga tashlanishdi. Meni… unutishdi. Men togʻ boshidan pastga tusholmay qoldim. Qiziq endi pastga tushishda menga kuch bagʻishlaydigan nimadir yoʻq edi. Qulogʻimga qizlarning kulgusi kirmas, olisdan, juda olisdan onamning bolam degan nidosi eshitilardi goʻyo. Tushishim kerak. Lekin qanday qilib? Qoʻrquv meni yengib borardi. Bir koʻnglim oʻzingni pastga ot derdi. Ammo, insonga bir tuygʻu berilgan-ki, bizning butun hayotimiz shu tuygʻu hukmronligi ostida oʻtadi. Bu – gʻurur! Men qizlarning oldida, umuman tengdoshlarim oldida chorasiz qolishdan koʻra oʻlimni afzal bilardim. Shu payt qirgʻiy bir kaklik bolasini quvib keldi. Polapon jon holatda oʻzini kamarga otdi. Qirgʻiy endi tutdim deganda, ona kaklik paydo boʻldi-da, favqulodda qirgʻiyga tashlandi. Qirgʻiy yengilmas qush, ammo oʻshanda u pastga qulab ketgandi. Bu hodisa butun vujudimni qamrab oldi va men pastga tushib oldim. Ishonmaysiz, xuddi tepamda onam turgandek, qoʻlini menga uzatayotgandek tuyuldi. Men qoʻrqmasdan uning qoʻlidan ushlab tushaverdim, goʻyo. Men pastga beshikast tushdim. Oʻrtoqlarim hayratdan qotib qolishdi. Indamay uyga ketdim. Oʻsha kuni onam men uchun qanchalik qadrdon, uning sogʻ-omonligi hayotida menga berilgan baxtning yorligʻi ekanini tushundim. Uyga kelsam, onam qayoqqadir joʻnayotgan ekan:

– Keldingmi, bilmadim, negadir koʻz oldimdan ketmay qolding. Tinchlikmi, bolam? Senga nima boʻldi?

– Yaxshiyam siz borsiz, onajon!

Shunday deb uning bagʻriga otildim. Men oʻshanda yana bir narsani aniq tushundim-ki, onam uchun oʻlishga ham haqqim yoʻq ekan.

Bundan ikki yil oldin onamni poytaxtdagi shifoxonalardan biriga yotqizdik. Erta bahor kunlari. Operatsiya 7 mart kuniga belgilandi. Bozordan guldasta olib shifoxonaga chopdim. Otam kutib turgan ekanlar. Onamni soʻradim.

– Hozir olib kirishdi, – dedi tashvishlanib. Soat toʻrtgacha kutdik. Oʻshanda otamning sochi koʻz oʻngimda oqarib borayotganini payqadim. Bolaligim tobora yaqinlashib, xotiralar iskanjasida qolayotganimni angladim. Shifokor otamni chaqirib ketdi. Men shu narsani his qildimki, odam tovonigacha muzlashi, butun vujudi karaxt boʻlib qolishi uchun lahzalar yetarli ekan. Xudo deyman, oyogʻimni yerdan, qoʻlimni osmondan uzma! Oʻtiraman. Turaman. Nima boʻlsa boʻlsin – faqat onamni asra.

– Sen qaytaver, – otam bu gapni shunaqangi xasta aytdiki, boshida uni taniyolmay qoldim.

– Onam…

– Yaxshi. Jonlantirish boʻlimiga olindi. Kechki payt palataga tushirarkan. Men yonida qolaman. Sen boraver.

Xoʻp, deyman-u, guldastamni bagʻrimga bosgancha koʻchaga chiqaman. Tunning uzunligini ilk bor oʻshanda koʻrdim. Bir tunda inson yuz yil yashashi mumkin ekan. Onamni eslayman. Qadriga yetmadim deb yuragim potirlaydi. Nega uni vaqtida boshimda koʻtarib yurmadim, deb ezilaman. Nahotki, onam endi bu dunyoda boʻlmasa… Nahotki, nabiralarini erkalatib, meni ulgʻaytirgan ertaklardan aytib bermasa. Bu uzun umr davomida, bir umr ellik, oltmish, yetmish yil onasiz yashash… Xuddi birov suyagimga igna urgandek dod deb yuboraman. Chorasizlikdan, qoʻlimdan bir ish kelmasligidan oh uraman. Tong oqarib kelmoqda. Tong… Oqlik. Poklik. Baxtiyorlik. Menga qanday sovgʻa tayyorlab qoʻygan ekan. Tonggacha kasalxona atrofida oʻralashib, quyosh chiqar-chiqmas ichkariga chopaman.

– Hali jonlantirish boʻlimidan tushirmabdi, – Bu otamning gapi.

Otam kecha uyga bormaganimni biladi. Indamaydi. Kutish zalidagi oʻrindiqlardan biriga oʻtiraman. Shu payt yelkamga bir qoʻl tegadi. Ohista bosh koʻtaraman. Farishta monand jilmayadi. Tanish tabassum. Ismimni aytadi. Oʻrnimdan turaman. Bu oʻsha. Bolaligimning bir boʻlagi, baxtiyor damlarimning xotirasi – Zulpi… Zulfiya.

– Cen bu yerda nima qilyapsan?

U yelkasini beozor qimirlatib, egnidagi oq xalatiga ishora qiladi. Birdan esimga tushadi. U, axir, shifokor boʻlmoqchi edi. Uni unutganimdan xijolat boʻlaman. U aqlli qiz, meni tushunadi…

– Xolamni kecha koʻrgandim. Jarrohlik xonasiga kirishdan oldin.

Qoʻllarini mahkam ushlayman. Ayni damda uni qoʻyib yuborgim kelmaydi.

– Onam yaxshi edimi? Nima dedi? Hozir qalay? Nega palataga olishmayapti?

Zulfiya bu savollar qarshisida dovdirab qoladi. Ammo biroz jimlikdan soʻng meni yupatadi.

– Xolam yaxshi. Bugun palataga olib chiqishadi. Senga nima boʻldi? Nega buncha dovdirab qolding? Oʻzingni qoʻlga ol! Haliyam yigʻloqi ekansan-a, – u shunday deb jilmayadi.

Negadir ayni damda unga ishonaman. Xavotirlarim tarqaydi. Axir, onamni koʻribdi-ku. Bugun palataga olisharkan. Suhbatimiz ado boʻlmaydi. Oʻqishni tamomlashiga bir yil qolibdi. Amaliyotga kelgan ekan. Onamni bir koʻrishdan tanibdi.

Oradan bir hafta oʻtib onamga javob berishdi. Oʻsha kuni bu dunyoda mendan zoʻr, mendan baxtli odam yoʻq edi. Zulpining – Zulfiyaning xursand boʻlganini… Onam butunlay sogʻayib ketdi.

Bugun onamni sogʻinib, uning men uchun qanchalar qadrli ekanini sezib, suratiga tikilib turibman. Bir oy oldin tushgan surat. Yuzlarida ajin. Sochlarida oq. Badanlarim jimirlab ketadi. Onam qarib borayapti. Men hali qadriga yetolganim yoʻq. Hali bir kunlik zahmatiga yarasha mehr berolganim yoʻq. Qaniydi, olis bolaligim bir zumga qaytsayu hammasini boshidan boshlasam. Har lahzamni onamning xizmatiga baxshida etsam. Tizzasiga bosh qoʻysam.

Onalar farzandini qargʻamaydi. Farzanddan dili ogʻrimaydi. Koyigandayam “Seni tuqqancha oʻlsam boʻlmasmidi”, deb oʻzini qargʻaydi. Zero, farzand dunyoga kelguncha onaning joni garovda! Bugun menga bolaligim kerak. Onamning qarib qolmasligi uchun bolaligim kerak. Bir kungina… bir soatgina… bir lahzagina bolaligim kerak…

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2013 yil 13-sonida chop etilgan.

 

Sanjar Tursunov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.