Qalbi munavvar inson

0
132
marta koʻrilgan.

Oʻshanda erta bahor edi, davolanish uchun shifoxonaga yotdim. Xonada bir oʻzim edim. Ertasi kuni yuzlari dumaloqdan kelgan istarali, farishtali ayolni olib kelishdi. Yoshi ham oʻzim qatori ekani koʻrinib turardi. Oʻzini Muzaffara deb tanishtirdi, shukrki, tez til topishdik. Quvnoq, adabiyotni sevadiganlardan ekan. Bir zumda xuddi doʻstlardek qadrdon boʻlib ketdik. Suhbatimiz koʻproq adiblar, sanʼatkorlar, olimlar haqida boʻldi. Biz oila, farzandlar kamoli, uydagi muammolar haqida ham yurakdan oʻrtoqlashardik.

Uchinchi kun kechga tomon uni yoʻqlab xonaga bir kishi kirib keldi. Hamma ham bir odam, lekin oʻsha kishi bilan, nazarimda, quyoshning bir hovuch nuri kirib keldi. Salomlashdik. Sherigim “farzandlarimning otasi” deb tanishtirdi.

Oʻsha payt ular oʻrtasidagi samimiyat, hurmat, iltifot, qolaversa, muhabbat va sadoqat bir ogʻiz soʻzdan namoyon boʻldi. Hurmat yuzasidan oshxonadan choy damlab keldim. Keyin tashqariga chiqdim. Xayolimdan ularning bir-biriga qarashiyu kishini lol qoldirgulik oʻta madaniyat va iltifotlari oʻtdi.

Oradan qancha vaqt oʻtganini bilmadim, hovlida yurgandim, ikkalalari chiqishdi, yonimga kelishgach, Muzaffara:

– Domla sheʼr va maqolalaringizni oʻqigan ekanlar, – dedi.

– “Turkiston” gazetasi juda dadil, koʻp oʻqib turaman, katta mavzularni yoritasizlar. Oʻqishli, – qoʻshib qoʻydi domla.

Shu ikki ogʻiz soʻzdan Najmiddin Komilovning hatto yoshlar matbuotiga mehrini, davr bilan hamnafas ekanini sezdim. Men ishlayotgan gazetani shunday zabardast olimlar oʻqishini eshitib, ich-ichimdan quvondim.

Ha, inson koʻngli juda nozik, bir ogʻiz soʻz bilan sindirishi yoki aksincha, yuksakka koʻtarib, bir umrga oʻsha koʻngil toʻrida joylashib qolishi ham mumkin. Muzaffaraning maʼlumoti oliy boʻlmasa-da, oʻsha savolimga javob topildi. Najmiddin aka bilan Muzaffara maslakdosh, hamfikr, hamnafas, hamsuhbat yashar ekan, dilimda shirin havas uygʻondi. Ular bilan doʻstlashdik.

 

EHTIROM

Dugonam bilan tez-tez qoʻngʻiroqlashib, bordi-keldi qiladigan boʻldik. Bu orada toʻy qiladigan boʻldim. Muzaffara chin maʼnoda maslahatini, yordamini ayamadi, oradan koʻp vaqt oʻtmay, oʻgʻli Feruzni uylantirdi. Men ham yonida turdim.

Bir kun suhbatlasha turib, Samarqandda qiyomatli dugonam Muayyana Xojayeva borligini aytganimda, Najmiddin aka:

– Biz akademiyada birga ishlaganmiz, yaxshi jurnalist, – dedilar. Domlaga nisbatan ixlosim yanada ortdi, shu bahona boʻldi, chogʻi, Samarqandga birga borishni taklif qilishdi. Rozi boʻldim.

Kuz edi chamamda, havo yoqimli, atrof goʻzal, yengil mashinada haydovchi va biz uch kishi ketyapmiz, dugonam bilan orqa oʻrindiqda oʻtiribmiz. Oʻsha kezlari domlaning “Najmiddin Kubro” asari yilning eng yaxshi kitobi deb topilgandi. Yoʻl-yoʻlakay goh adiblar haqida, goh moziydan oʻtgan allomalar, goh yoshlar toʻgʻrisida suhbatlashdik.

Keyin olim biroz jiddiylashib, jim boʻlib qoldilar. Dugonam ikkalamiz hayratomuz qarab turdik.

– Yaxshiyam chaqirishdi. Vaqt ajratishga majbur boʻldik, – dedilar bir xoʻrsinib. – Otam, toʻgʻrirogʻi, ustozim qabriga sagʻana qoʻyishmoqchi ekan. Maslahatga borayapmiz.

Keyin bolalik, yoshlik yillarini esladilar. Uylanib ham ilmning ketiga tushgan paytlari Qutbiddin Muhiddinov otalik qilib boshlarini silab, yoʻl-yoʻriq koʻrsatgani, uning tufayli shu darajaga yetganini vazmin holatda soʻzlab berdilar.

Shu zayil manzilga yetganimizni sezmay qoldik. Dastlab ukalari Musliddin akanikiga bordik. Kelishlarini bilib xonadonga shogirdlar, doʻstu yoronlar toʻplanishgan ekan. Bu qadar iltifot, ehtirom kamdan-kam odamga nasib qiladi. Xuddi shu jarayonda ham hurmat va obroʻlari oldida lol qoldim.

Kechga tomon dugonam bilan Muayyannikiga bordik. Uch dugona suhbati ham qizigandan-qizidi. Ertasiga Urgut tomon yoʻl oldik, yoʻlda yana ustozlari naqadar bilimdon, alloma boʻlgani, ham moddiy, ham maʼnaviy yordam qilgani, gʻamxoʻr va mehribonligi – hamma-hammasi haqida soʻzlab berdilar. Ora-sira Muzaffara ham hayotiy voqealarni eslar, qaynotasining ibrat boʻlgulik xislatlaridan soʻzladi.

Manzilga yetib borganimizda bahaybat chinorlar moziydan soʻzlayotgandek allanarsalarni shivirlardi. Tosh ostidan qaynayotgan buloq yoqimli jildirab turardi. Hovuz toʻla baliq. Domla ularga qoʻl tekkizib boʻlmasligi haqida ogohlantirdilar. Ushbu manzil juda muqaddas joy boʻlib, qachonlardir bu yerda Amir Temur oʻz jangchilari bilan toʻxtagani, chinorlar tarix dalolati ekanini aytdilar, keyin bu yerga toʻplanganlar bilan soʻrashib, qabr yonida tilovat qildilar. Keyin biroz jim qoldilar.

Muzaffara ikkimiz nariroqda edik:

– Yigʻlayaptilar, – dedi u. – Shu darajadagi olim qilgan ham shu qaynotam-da. Otalik qilgan, boqqan, tarbiyalagan.

Domla oʻrnidan turib, atrofdagilarga tushuntirgan boʻldi.

Qoʻlidagi qogʻozga qarab oʻzicha uqtirardi.

– Sagʻana suratini oʻzlari chizib keldilar. Tushuntiryaptilar, shekilli. – Oradagi jimlikni dugonamning ovozi buzdi.

Erkaklar narida toʻrga oʻrindiqqa oʻtirishgach, dugonam ikkalamiz qabr tepasiga bordik. U ham qaynotasi ruhi pokiga tilovat qildi. Shu zayil oradan qancha vaqt oʻtganini bilmayman. Domla qurilishga tayyorlab qoʻyilgan gʻisht uyumidan ikkitasini olib sagʻanaga tayyorlangan joyga – qabr ustiga qoʻydilar. Keyin biroz oʻyga tolib, yigitlardan birini yonlariga chaqirdi. Allanimalarni uqtirdi. Vaqt tushlikka yaqinlashgan edi. Bizni yaqin xonadonlarning biriga ovqatga taklif qilishdi, koʻnmadik, yoʻlga tushdik. Koʻz oldimda yuksak madaniyatli, maʼrifatli, tasavvuf ilmining dargʻasi, munosib shogird oʻtirganidan, alloma inson qabrini ziyorat qilganimdan hayajonim ichimga sigʻmasdi. Kechga tomon Muzaffaraning ota hovlisiga borganimizda onasi kuyovidan minnatdorligidan soʻzlab, uzundan-uzoq duo qildilar. Oʻz navbatida shunday ajoyib insonlar bilan tanishganimdan sevinib, shukrona qilardim.

 

MANGULIK

Kunlar oylarni, oylar yillarni quvib oʻtdi. Bu orada Najmiddin aka yuksak lavozimlarda ishlayotgan boʻlsalar-da, bir necha salmoqli kitoblarni tayyorlab chop ettirishga vaqt topdilar. “Maʼnolar olamiga safar”ni nashriyotga topshirganlarini dugonamdan eshitdim. Bu qadar mehnatsevarlik, fidoyilik hammaga ham nasib qilavermaydi.

– Har bir daqiqani oʻzlaridan qizgʻanadilar, – dedi dugonam. – Bekor oʻtmasin deb ishlayveradilar-ishlayveradilar. Men boʻlsam, u kishini ayayman, charchab qolmasinlar, deyman. Domlaning kamtarliklari, shohu gadoga bir xil muomala qilishlari va yana oʻnlab fazilatlari haqida, yetmish yillik yubileylarida ham qayta-qayta gapirishgan edi.

Tantana chogʻida dugonamning qoʻliga “Shukrona” sheʼrlar toʻplamimni bergandim. Undan avval “Fazilatim fozilaligim”ni ham. U, albatta, domlaga ham koʻrsataman, oʻqib chiqadilar, dedi. Kenja farzand Zeboning toʻyiga taraddud koʻrishayotganda ham guvoh boʻldim, qatnashdim. Ikki dono inson bu toʻyni ham ibratomuz tarzda oʻtkazishdi. Ular orzulari ushalganidan mamnun edilar. Shu kezlarda olimning salomatliklari ancha yomonlashgani sezilardi.

Oradan uch oy chamasi oʻtdi, olimning butunlay betob boʻlib uyda yotganlarini telefonda dugonamdan eshitib, yoʻqlab bordim. Yana oʻsha moʻjazgina, ammo juda fayzli hovlidan ichkari kirdim, hol-ahvol soʻrashib turgandik, domla qoʻshni xonadan chiqdilar, yuzlari soʻlgʻin, majolsiz ekanligi sezilardi. “Dard yomon narsa-da, shunday buyuk insonga yopishmasa nima edi,” – xayolimdan shu oʻy oʻtdi.

Dard bilan kurashayotgan boʻlsalar-da “Shukrona” sheʼrlar toʻplamim haqida iliq, samimiy fikrlarini aytdilar, kamchiliklarini ham.

Domla oʻzlari qiziqib oʻqiganlaridan sevindim. Shu payt stol ustida turgan “Umr ipiga terilgan marjon”ni koʻrdilar. Uni ham dugonamga dastxat yozib olib bergandim. Domla uni varaqlab koʻrdilar-da, keyin:

– Proza ekan, yaxshi, bezagi ham chiroyli. Tabriklayman. Albatta, oʻqib chiqaman, – dedilar ochiq chehra bilan.

– Ruxsat bersam, ahvolingiz yaxshi boʻlsa oʻqiysiz-da, – dedi dugonam. – Charchab qolmang tagʻin. Kirib dam oling.

Gapga koʻnib, ichkari kirib ketdilar.

– Tibbiyot ojizlik qilyapti, doʻxtirlar koʻrdi, dori-darmon qilyapmiz, natijasini koʻrmayapman, – dedi dugonam gʻamgin ohangda.

Oradan hafta oʻtdi, sovuq xabar eshitdim, janozaga toʻplanganlar koʻchaga sigʻmay ketdi, oʻshanda bir narsaga ishondimki, olimning nafaqat nomi, balki ilm sohasidagi betakror mehnati, oʻzgalarga qilgan yaxshiliklari yuzlab emas, minglab muxlislar qalbidan joy olgan. Demak, Najmiddin Komilovning nomi mangu barhayotdir.

 

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.