“Qalban qorabogʻlikman!”

0
0
marta koʻrilgan.

Ozarboyjonga safarim “uchishdan” boshlandi. Ham ruhim, ham qalbim, ham jismim uchdi, osmonlarni boʻyladi, koʻkda oʻzini bir qadar erkin, hur his qildi, quvondi, shodlandi, baxt bilan uchrashdi. Bu xushnudlikning boshlanishi ekanini sezib turardim. Birinchi navbatda, men Ozarboyjon xalqidan, Oʻzbekistonning qadrli doʻstlari, Ozarboyjon Yoshlar Demoqratik Harakati Ittifoqi asoschisi Vusala Huseynlidan, shoir va tarjimon Akbar Qoʻshalidan minnatdorman. Ularning Oʻzbekistonga, oʻzbek yoshlariga boʻlgan eʼtibori uchun tashakkur aytaman. Bir-biriga azal-azaldan qardosh ikki milatning bugungi kundagi aʼloqalari, yanada yaqinlashuvida “Kitob dunyosi” gazetasining bosh muharriri Xosiyat Rustamovaning alohida hizmatlari borligi hammamizni mamnun qiladi. Qadrli Xosiyat opaga ham alohida tashakkur!

Ozarboyjonga safarim juda maroqli oʻtdi. Ozarboyjon xalqining mehmondoʻstligi, ochiq koʻngil odamlari, ayniqsa Boku shahrining shamolli tonglari menda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Tongda osmonga boqar ekansiz, boshinggiz uzra moviy, oq bulutlar uchoqlar misoli uchib oʻtadi. Qay insonning chehrasiga boqsang, avvaldan tanishday, qadrdoningday tuyulaveradi, koʻngillar yaqinligini sezasan kishi.

Ozarboyjonda mehmon boʻlishimdan asosiy maqsad “Yoshlar forumi”da Oʻzbekiston nomidan qatnashish, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yangiliklar haqida soʻz yuritishdan iborat. Yoshlar muammolarini oʻrganish, hal qilish, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish haqida uch kunlik forum tashkil etildi. Forumda oʻnga yaqin: Iordaniya, Iroq, Belarussiya, Ukraina, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Oʻzbekiston kabi mamlakatlardan bittadan vakil ishtirok etdi. Har millat vakili oʻz yurtidagi yoshlarga berilayotgan eʼtibor, imkoniyatlar haqida alohida toʻxtalib, yoshlar sharoitlarini yanada yaxshilash uchun oʻz takliflarini bildirdi. Men ham davlatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan “Yosh kitobxon” tanlovi va uning gʻolibiga avtomashina berilishi, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti taʼsis etilgani va uning sohiblari oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinishi haqida gapirdim.

Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar bilan Ozarboyjonning xususiy media-markazida mehmon boʻldik. Bu media-markazda xususiy telekanallar, radiokanallar, internet saytlari faoliyat yuritar ekan. Firma rahbarining soʻzlari meni hayron qoldirdi: “Men bu firmani ochgan paytimda bitta telekanalimiz, bitta saytimiz, bitta gazetamiz, bor-yogʻi yettita ishchimiz bor edi. Mana hozirgi kunda oʻzingiz koʻrib turganingizdek faoliyatimizni kengaytirdik, saytlarimiz, telekanallarimiz tinimsiz ishlab turibdi, ishchilarimiz soni esa 350 tadan oshdi.”

Men Oʻzbekistonda paytim “Kulis.az” saytini kuzatardim, buni qarangki shu sayt ham bu firmaga tegishli ekan. “Kulis.az” saytining muharrirlari va ishchilari bilan yaqindan tanishdim. Tanishganimdan mamnun va minnatdorligimni, Ozarboyjon saytlarning doimiy kuzatuvchisi ekanimni ularga bildirdim.

Uchinchi kun esa Ozarboyjonlik shoir ogʻalarimiz, qardoshlarimiz bilan uchrashdik. Akbar Qoʻshali, Intiqom Yashar, Kanan Haji, Sulaymon Abdulla, Turol Turon, Emil Rasimoʻgʻli, Nijot Hoshimzoda kabi shoir va yozuvchilar bilan boʻlgan suhbatlarimiz haqida alohida toʻxtalmogʻim lozim. Ularning oʻzbek adabiyotiga boʻlgan qiziqishi, ikki qardosh xalqning adabiy aʼloqalari, tarjima toʻgʻrisidagi fikrlari ham menda iliq taassurotlar qoldirdi. Bokuning salqin oqshomida kichik choyxonada gurunglashib oʻtirar ekanmiz, bir ozarboyjonlik begona odam suhbatimizga qoʻshildi: “Men bu davradigilarning ziyoli odamlar ekanini aniq bilaman. Sizlar shunchaki soʻzlayotganingiz yoʻq. Avvalo uzr, suhbatingizga quloq solmoqchi emasdim, ammo birdan eshitib qoldim, sizlar millat haqida gapirdingiz, adabiyot, yoshlar haqida soʻzladingiz, – dedi va menga qaradi – Siz Qorabogʻlikmisiz, yuzingiz, koʻzingiz, ayniqsa burningiz juda oʻxshayapti?!”

Yonimdagilar “Yoʻq-yoʻq, bu oʻzbek shoiri, mehmon boʻlib kelgan”, deyishdi. Haligi odam jilmaydi: “Xush kelibsiz! Biroq juda Qorabogʻliklarga oʻxshar ekansiz!“

“Rahmat! – dedim qoʻlimni koʻksimga qoʻyib, – qalban Qorabogʻlikman, ruhan Qorabogʻlikman, ogʻa!”. U yana jilmaydi va ketar chogʻida: “Oʻzbek qardoshlarimizga bizdan salom deng!”, – dedi qoʻlini silkib.

Uchinchi kun oqshomida forum yakunlandi va ishtirokchilarga esdalik sovgʻalarini topshirishdi. Men oʻz tugʻilgan makonimdan qanchalik uzoqda ekanimni, “Sogʻindim!” deyish oson, biroq sogʻinch aslida qanday boʻlishini Oʻzbekistonga qaytar chogʻimda tushundim. Uchoqda paytim “Oʻzbekistonga borsam, hamma yaqinlarimni mahkam quchaman, yerga tushishim bilan yerni oʻpaman, kerak boʻlsa…” qabilidagi fikrlar miyamdan oʻtardi.

Men forum tashkilotchilariga, ozar qardoshlarimizga yana bir bor rahmat aytaman! Ajoyib forum uchun, mehmondoʻstlik uchun, sogʻinch uchun rahmat, azizlar!

 

Rahmat Bobojon,

yosh ijodkor,

“Kitob dunyosi” gazetasi muxbiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.