Qadri osmonlarim mening

0
260
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Islom Abdugʻaniyevich Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida 2015 yilni “Keksalarni eʼzozlash yili” deb nomlashni taklif qilar ekan, shunday degan edi: “Xalqimizning qadimiy va shonli tarixini uzviy davom ettirishga, shu tarixning oʻchmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk merosini, madaniyat va urf-odatlarini yoshlarimizga yetkazish, hayotimizni tobora poklash va fayzu barakali qilishda, bir soʻz bilan aytganda, uni maʼnaviy yuksaltirishda, bugun Yaratganning bizga bergan har bir kunini maʼnoli va sermazmun oʻtkazishda beqiyos hissa qoʻshayotgan ota-bobolarimizga har tomonlama hurmat, eʼzoz va ehtirom koʻrsatish barchamiz uchun ham farz, ham qarz, deb oʻylayman”.

Insoniyat ilm-fani taraqqiyotiga bemisl hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz koʻz oldimga keladi bir-bir. Soʻng Urganch shahrining markaziy maydonidagi buyuk bobomiz Muhammad Muso al-Xorazmiy xayollarni uzoqlarga yetaklab ketadi.

783 yilda tugʻilgan Abu Abdulloh Muhammad ibn al-Xorazmiy oʻrta asrlarning eng buyuk allomalaridan biri boʻlib, hayoti va faoliyatiga oid saqlanib qolgan maʼlumotlar uncha koʻp emas.

Buyuk bobomiz umrguzaronlik qilgan oʻrta asr Sharqi, shaharlarning paxsa devorlardan tiklangan pastqam uylari orasidan koʻkka boʻy choʻzgan niliy gumbazli mahobatli masjid, madrasalar, Osiyoning turli burchaklaridan bozorlarga kirib kelayotgan horgʻin savdo karvonlari, bobolarimiz yashagan, qizgʻin ilmiy munozaralar olib borgan davralarni tasavvur qilishga urinaman.

Maʼlumotlarga qaraganda, Al-Xorazmiy avval Xorazmshoh Al-Maʼmun saroyida xizmat qilgan. 819 yilda Al-Maʼmun xalifalik taxtiga chiqqach, Al-Xorazmiy ham xalifa bilan arab dunyosining poytaxti Bagʻdod shahriga yoʻl oladi.

Maʼrifatparvar xalifa Al-Xorazmiyni islom poytaxtidagi “Dorul hikma”ga boshchi etib tayinlaydi. Markaziy Osiyoning turli burchaklari va arab dunyosining turli mamlakatlaridan kelgan oʻz davrining mashhur olimlari faoliyat olib boradigan ushbu muqaddas dargohga rahbarlik qilish topshirilgani allomaning ilm olamidagi nufuzidan darak berar edi.

“Dorul hikma” qoshida maxsus rasadxona bunyod etilgan, koʻp asrlik eng nodir qoʻlyozmalar jamlangan boy kutubxona bor edi.

Abu Abdulloh Muhammad ibn al-Xorazmiy bu yerdagi qizgʻin ilmiy jarayonlarga boshchilik qilibgina qolmay, 20 dan ortiq ilmiy asarlarni ushbu moʻtabar dargohda yaratdi. “Hind hisobi haqida”, “Al-jabr va al-muqobala”, “Zij”, “Usturlobning tuzilishi haqida”, “Zamin surati haqida kitob”, “Usturlob bilan ishlash haqida kitob”, “Quyosh soatlari haqida kitob”, “Tarix kitobi” shular jumlasidandir.

Biroq bizga allomaning faqat yetti asari, ularning ham koʻpchiligi lotin tiliga qilingan tarjimalari orqali yetib kelgan.

Al-Xorazmiyni butun dunyoga “Hind hisobi haqida” asari mashhur qilgan. Chunki alloma bu asari bilan oʻsha vaqtdagi mavjud hisob ilmini takomillashtirgan. Asarning XII asrda lotin tiliga qilingan tarjimasidan anglashiladi-ki, buyuk bobomiz hisob ilmini oʻnlik sanoq asosiga solib alohida fan sifatida tizimga solgan. Bu kashfiyot insoniyat ilm-fani taraqqiyotida mislsiz rol oʻynadi.

Qoʻlyozmaning lotincha matni “Dixit Algorizmi” yoki “Al-Xorazmiy dedi” soʻzlari bilan boshlanadi. Shundan keyin “Algorizmi” – Al-Xorazmiy nomining lotin tilidagi talaffuzi maʼlum qolipga solingan barcha hisob tizimlariga nisbatan qoʻllanila boshlangan. Hozir “algoritm” matematikadan kibernetikaga ham oʻtib olgan.

Fanlar tarixini oʻrganuvchi olim J. Sarton Al-Xorazmiyni taʼriflab shunday degan edi: “Oʻz zamonasining buyuk matematigi, agar uning hayoti va ijodiga doir barcha holatlar hisobga olinsa, hamma zamonlarning eng buyuk olimlaridan biri”.

Soʻng 1990 yilda Pekindan boshlanib Tokioda nihoyalangan “Buyuk ipak yoʻli” boʻylab oʻtgan xalqaro ekspeditsiya aʼzolarining Xorazmga tashrifini eslayman. Men bu ekspeditsiyaga Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining muxbiri sifatida qoʻshilgan edim.

Tashrifning birinchi kuni. Biz, Xorazm viloyati jamoatchiligi, dunyoning 120 mamlakatidan jam boʻlgan olimlar jamoasini Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl va Xorazmning Urganch tumanlari oraligʻida Amudaryoga oʻrnatilgan ponton koʻprikdan oʻtar yerda kutib oldik. Non-tuz. Sovgʻa-salom. Karnay-surnay sadolari. Oʻta hayajonli daqiqalar. Biz muxbirlar yugurib-yelib mehmonlardan intervyular olishga intilamiz. Ekspeditsiya aʼzolarining ham kayfiyati koʻtarinki. Aytishlaricha, ekspeditsiya aʼzolari Toʻrtkoʻl tumanida saqlanib qolgan Kat qalʼasi vayronalariga yaqinlashganda avtobuslarni toʻxtatishni iltimos qilishibdi. Keyin hammasi ulovlardan tushib, qalʼa vayronalariga taʼzim bajo qilishibdi. “Xuddi mana shu zamin insoniyatga Abu Rayhon Beruniydek buyuk insonni yetkazib bergan!” – deyishibdi ular hayron boʻlganlarga.

Ajabo, deyman oʻzimga, vafotidan ming yil oʻtib ham tugʻilgan tuprogʻiga taʼzim qildirishi uchun qanday inson, kim boʻlishi kerak odam?..

“Beruniyning olamshumul kashfiyotlar qilishiga butun insoniyat ilm-fani markazlarida oʻzigacha qilingan kashfiyotlarni chuqur oʻzlashtirgani sabab boʻlgan edi. Bu titanik aqlning tahlil va umumlashtirish quvvatiga qoyil qolmay iloj yoʻq. Masalan, antik davrdan Beruniygacha boʻlgan olimlarning koʻpchiligi Yevroosiyo qitʼasini “Dunyo Okeani” oʻrab turadi, deb hisoblaganlar. Biroq katta qismini suv qoplab turgan boʻlsa, yer sharining muvozanati nima boʻladi? Beruniy mineralogiyani chuqur bilganidan barcha minerallarning nisbiy zichligi va ogʻirligini, tabiatda ularning bir-biriga taʼsirini oʻrganib chiqdi. Solishtirma ogʻirlikning mohiyatini kashf etgan Beruniy minerallar suvdan ogʻirroq ekanligini bilar edi. Ana shulardan kelib chiqib olim oʻsha paytda maʼlum boʻlgan Yer kurrasidan boshqa qitʼalar ham boʻlishi lozim, degan xulosaga keladi”, deb yozadi AQSHdagi Xonkins universitetining Pol Nitshe nomli Xalqaro munosabatlar Oliy maktabi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kafkaz instituti raisi Fraderik Starr “Beruniy kashfiyotiga ming yil” deb nomlangan asarida.

Abu Rayhon Beruniy oʻsmirlik chogʻidayoq matematika, astronomiya, mineralogiya, geografiya, kartografiya va trigonometriya kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirgan edi. Fors, arab va tabiiy, xorazm tilini puxta bilardi. Keyinroq u sanskrit tilini ham oʻrgangan.

Oʻn yetti yoshida oʻzi tugʻilib oʻsgan Kat shahrining jugʻrofiy kengligi va uzunligini oʻlchab chiqdi. Ptolomey (90-168 yy.) va unga yaqin boʻlgan antik davr mualliflarining asarlarini puxta oʻrgandi. Shularga asoslanib oʻz tadqiqotlarini ham oʻtkazdi. Izlanishlari natijasida Yer dumaloq, degan toʻxtamga keladi. Shuning bilan birgalikda u Koinot geliotsentrik tuzilishga ega, boshqacha aytganda, Yer Quyoshning atrofida aylanadi, aksincha emas, degan xulosaga ham keladi.

30 yoshga yetganida Yerning aylanasini hisoblab chiqishga kirishadi va bu ishni muvaffaqiyat bilan ado etadi.

Oʻrni kelganda, oʻsha davrda Oʻrta Osiyoda ilm olamining butun boshli “charaqlagan yulduzlari” faoliyat koʻrsatganini ham aytib oʻtish darkor. Ular ichida Ahmad al-Fargʻoniy ham bor edi. Al-Fargʻoniy ekvatorning bir gradusi uzunligi maydonini, keyinroq esa Yerning aylanasini hisoblab chiqqan edi.

Bu voqealardan besh asr oʻtgach, Kolumb Yevropada Alfraganus nomi bilan mashhur boʻlgan Al-Fargʻoniyning lotin tilidagi asarlarini puxta oʻrgangan. Buyuk sayohatchi oʻzining Yer atrofini aylanib chiqishi haqidagi gʻoyasiga uncha ishonqiramagan homiylar fikrini oʻzgartirishda aynan Al – Fargʻoniyning Yer aylana shaklida, degan ilmiy xulosalarini asosiy dalil sifatida keltirgan.

2014 yilning 15-16 may kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Oʻrta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Prezidentimiz oʻtmish va oʻtmishda yigʻilgan boy madaniy va ilmiy merosga boʻlgan munosabatning asosiy mohiyati haqida shunday degan edilar: “Oʻzining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylashga, boyitish va koʻpaytirishga, shuningdek, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga yetarlicha eʼtibor qaratmaydigan, har tomonlama uygʻun rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, oʻz qarash va yondashuviga, grajdanlik pozitsiyasiga ega boʻlgan shaxsni kamol toptirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymaydigan har qanday davlat va jamiyat tarix va taraqqiyot yoʻlidan chetda qolib ketishga mahkum ekanini biz oʻzimizga yaxshi tasavvur qilganmiz”.

Ushbu fikrlardan keyin mustaqillik yillarida mamlakatimizda xalqimizning jon tomirlarini hayotbaxsh oʻtmishimizga bogʻlash borasida amalga oshirilayotgan koʻlamdor tadbirlar mohiyatini tobora chuqurroq anglaymiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 1997 yilda qayta tiklangan Xorazm Maʼmun Akademiyasi oʻtgan yillar davomida mamlakatimizning salohiyatli ilm markazlaridan biriga aylandi. Bu yerda mehnat qilayotgan olimlar oʻta muhim ilmiy va amaliy muammolarni hal qilish yoʻlida jiddiy saʼy-harakatlar qilmoqdalar. Hozirgi kunda 5 ta fundamental, 5 ilmiy-amaliy va bitta OʻzFTQQF loyihalari, shuningdek, 3 ta innovatsiya granti ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Oʻtgan yillar ichida qoʻlga kiritilgan yutuqlarning baʼzilarini sanab oʻtish mumkin.

“Xorazm urbanizatsiyalashgan madaniyatining eng qadimgi va qadimgi tarixi” loyihasi boʻyicha Hazorasp tumanidagi Xumbuztepa yodgorligida qazish ishlari olib borildi. Pol sathidan pastda koʻmilgan 12 ta xum va xumchalar, bir qancha zoomorf haykalchalar va soʻnggi arxaik davrga oid bronza kamon uchlari topildi.

Tuman hududida olib borilgan qazishmalarda qator arxeologik kashfiyotlar qilindi: Xumbuztepada Oʻrta Osiyo hududida eng qadimgi Zardoʻshtiylik ibodatxona qoldiqlari ochildi va oʻrganildi. Bu ishlar Xorazm Zardoʻshtiylikning vatani, degan fikrni toʻliq isbotladi. Savdo yoʻli ustida joylashgan Meshekli karvonsaroyi aniqlandi. Tuproqqalʼa massivida bronza davri manzilgohi, antik va ilk oʻrta asrlar davriga oid Tosh qalʼa-2 yodgorligi topildi. Uch oʻchoq tepaligi hududidan Oʻrta Osiyoda birinchi marta toʻliq saqlangan yogʻoch yopilmalar topildi.

Xivadagi Ichon va Deshon qalʼa paxsa devorlaridan, Qalʼajiq qoʻrgʻoni devorlaridan namunalar olindi. Uning strukturasi, tarkibi, fizik-mexanik xususiyatlarini aniqlash uchun maxsus laboratoriyada sinov ishlari bajarildi. Olingan natijalar 2014 yil 14 martda Xorazm viloyati hududiy “Innovatsion gʻoyalar, loyihalar va ishlanmalar yarmarkasi”da namoyish etildi.

Akademiklar R. Rtveladze va A. Hakimov, shuningdek, professor D. Alimova va boshqalardan iborat mualliflar jamoasining “Oʻzbekiston davlatchiligi tarixida Xorazm” monografiyasi chop qilindi. Arxeologik izlanishlar, yozma asarlar tahlil qilindi hamda qadimgi davlatchilik tarixiga oid ilmiy manbalar muomalaga kiritildi. Oʻzbek davlatchiligining asosini tashkil qiluvchi Xorazm davlatchiligi tarixi 2700 yil ekanligi ilmiy isbotlandi.

Abu Rayhon Beruniyning “Tafhim” asari arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib muomalaga kiritildi. Allomaning “Saydana” asari ilmiy jihatdan tahlil etilib, Xorazmdagi dorivor oʻsimliklar va ulardan dori tayyorlash usullari keltirilgan “Saydana durdonalari” asari chop qilindi. Ismoil Jurjoniyning “Zahirayi Xorazmshohiy” asari oʻzbek tiliga tarjima qilindi va Ibn Sinoning “Tib qonunlari” bilan qiyosiy oʻrganilib nashr etildi. Masihiyning “Tib ilmidan yuz bobli kitob” asari arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Bularning bari oʻtmishga, ajdodlarimizning bebaho merosi – abadiyatga daxldor maʼnaviy xazinadan samarali foydalanish mamlakatimizning chekka bir viloyatida qanday samaralar berayotganligiga kichik bir misoldir. Zero, xalqimizning asrlar davomida toʻplagan boy ilmiy va maʼnaviy merosi mamlakatimizning jadal taraqqiyotini taʼminlaydigan ulugʻ chashmadir.

 

Shuhrat MATKARIMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.