Peshigʻor

0
60
marta koʻrilgan.

Tarixiy manbalar va rivoyatlarda Morguzar togʻ tizmasining shimoliy yon bagʻridagi ovloq goʻshalardan birida joylashgan Peshigʻor miloddan avvalgi 330-328 yillarda Aleksandr Makedonskiy qoʻshiniga qarshi ayovsiz kurash olib borgan yurt bahodirlari hamda turli qavmlarga qoʻnalgʻa boʻlgani taʼkidlanadi.

Gʻorning keng sahnida olis oʻtmishdan yodgorlik boʻlib qolgan qadim oʻchoqlar va bino qoldiqlari hozir ham mavjud. Afsuski, yurtimizda bu kabi soha mutaxassislari tomonidan izchil oʻrganilmagan, tahlil etilmagan ekosayyohlik manzillari talaygina. Shulardan biri Peshigʻorga sayohatimizni Zomin tumanidagi Morguzar togʻi etaklaridan boshladik. Daraga qadam qoʻyishimiz bilan yogʻayotgan qor kuchaydi. Qorongʻi gʻorga kirganimizda oʻzimizni boshqa bir olamga kelib qolgandek his etdik. Ammo gʻor quyida emas, tepada, tik va baland qoyaning qoq belida joylashgan. Bisotimizdagi bor arqonni bir-biriga ulab, bir uchini gʻor ogʻzidagi daraxtga mahkamlab, ikkinchi uchini dara tubiga tushirib, yoritishga moʻljallangan uskuna va boshqa zil-zambil anjomlarni navbatma-navbat yuqoriga koʻtarib chiqa boshladik.

Peshigʻor peshayvonli gʻor ekan, shuning uchun “Peshigʻor” (Peshayvonli gʻor) deb nomlansa kerak. Hudud baland qoyalar bilan qurshalgan. Bu orada arxeolog Valijon Gʻaybullayev hamda tuman oʻlkashunoslik muzeyi xodimi Sundor Qoraboyev kutilmaganda toshlar orasidan qadimiy sopol boʻlaklarini topib olishadi. Qadimgi sopol boʻlaklari bu ovloq goʻshaga qanday kelib qoldi ekan? Biz peshayvon toʻrida qorayib turgan tor tuynuk tomon yuramiz. Tezda ayon boʻladiki, tepadan katta toshlar qulab, gʻor ogʻzi bekilgan, undan tor tuynukkina qolgan. Uzun yoʻlak goh yuqoriga, goh soʻlga, goh oʻnga keskin burilib, tor burumlar hosil qilgan…

Qisinib-qimtinib, tor yoʻlak boʻylab sirgʻalarkanmiz, kutilmaganda oʻzga bir olam – gʻorning keng boʻlmasi yuz ochadi. Shift toʻla koʻrshapalaklar… Qish uyqusidagi jonzotlar bizning tashrifimizga eʼtibor ham berishmadi. Yer yuzida bu jonivorlarning 650 dan ziyod turi mavjud, bizning diyorimizda 19 turi yashaydi. Ayrim gʻorlarda ularning soni 20 milliondan oshadi. Koʻrshapalaklarning zararli jihati yoʻq, turli zararkunandalarni qirib, qishloq xoʻjaligiga foyda keltiradi. Bir necha oʻnlab foydali turlar qonun yoʻli bilan muhofaza qilinadi. Jumladan, bu gʻordagi koʻrshapalaklar ham.

Gʻorning kirish boʻlmasida ona tabiat buyuk musavvir sifatida ish koʻrganiga amin boʻlamiz: oʻng devor qizgʻish tusda, oʻsha qizgʻish fonga sariq, binafsha, nim yashil, koʻkish ranglar ila turli shakllarda oʻta nafis naqshlar berilgan; boshdan-oyoq toʻq sariq rangdagi, soʻl tarafdagi devor esa qizgʻish va toʻq qizil rangdagi bezaklar bilan jilolanadi. Gʻorning navbatdagi boʻlmasida tabiat nafaqat musavvir, balki usta haykaltarosh sifatida ish koʻrganiga ham guvoh boʻlamiz. Keng va baland boʻlmaning oʻng va soʻl devorlari poyida turli shakldagi qoyatoshlar… Bular gʻor shiftida osilib turgan toshlar majmuasi. Ulardan biri – tugun koʻtargan ayolga oʻxshasa, birida kurashga tushish oldidan yengini shimarayotgan polvon qiyofasi aks etgan, yana birida uzoqqa tikilib turgan oʻsmir yigit hayrati mujassamdek.

Chiroq nurida tosh “haykal”larni kuzatayotganimizda, arxeolog yigitimiz chogʻroq tesha bilan yerni kavlashga tushib ketdi. Chiroqlarni oʻsha tomon qaratamiz. U yerda tuproq uyumi doʻmpayib turardi. Qiziq, bu qadar moʻl tuproq gʻorga qayerdan kelib qoldi ekan? Bu orada tuproq orasidan paxsa devor qoldiqlari boʻy koʻrsatib, turli sopol boʻlaklari qoʻlga ilina boshladi. Aniqlanishicha, doʻnglik toʻqqizinchi asrga tegishli bino qoldigʻi ekan. Arxeolog quvonchdan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Negaki, gʻor haqidagi rivoyatlar haqiqatga aylangan – Peshigʻor shunchaki tabiiy gʻor emas, balki qadimiy qarorgohlardan biri ekanligi oʻz tasdigʻini topgan edi. Ammo nega gʻor ichida bino bunyod etilgan, bunga qanday omillar sabab boʻlgan? Shu oʻy-xayolda tor yoʻlakni bosib oʻtib, navbatdagi boʻlmaga roʻbaroʻ boʻlamiz.

Oʻtkir chiroqlar nurida tagʻin qarshimizda ranglar jilosi yuz ochadi. Biz bu gʻaroyibotlarga qanchalik oshufta boʻlmaylik, mavjud xavfni bir daqiqaga boʻlsa-da, xayoldan qochirmaslikka tirishamiz. Tepadagi toshlar omonat, ozgina shovqindan “uygʻonib”, ustingizga qulab tushishi hech gapmas. Yana bir xavf esa gʻor yoʻlagida uchraydigan tik va tor oʻzanlar. Misli quduq kabi bu oʻzanlar chuqur, koʻz ilgʻamas darajada. Tan olish kerakki, gʻor tabiati moʻjiza yaratishga mohir. U oddiygina chakkilar vositasida afsonaviy shakllar yaratganki, ularni nimaga mengzab, nimaga qiyoslashni ham bilmaysan kishi.

Peshigʻor Markaziy Osiyodagi eng yirik, deyarli oʻrganilmagan gʻorlar sirasiga kiradi. Undagi oʻrtacha boʻlmaning eni 15, balandligi 20, uzunligi esa 65 metr. Qoʻshni boʻlmalar hajmi ham shundan kam emas. Biz shartli ravishda bu xil boʻlmalarni “gʻor zali”, kichikroqlarini esa “yoʻlak” deb ataymiz. Uning umumiy uzunligi haligacha nomaʼlum. Bir rivoyatda unga cheksizlik maqomi berilganidek, qolgan afsonalarda gʻor oʻzani togʻdan toqqa oʻtib ketgani naql qilinadi.

Keyingi katta boʻlmada butunlay oʻzga manzara namoyon boʻladi. Bu qismda gʻorning 15 x 20 metr hajmdagi oʻng qanot devori yaxlit oqish tusda hamda oynadek silliq. U musavvir tomonidan molbertga oʻrnatilgan, ammo hali biror chizgi tushmagan yangi polotnoga oʻxshaydi. Qarama-qarshi devorda esa buning butunlay aksi – unda tabiatda mavjud barcha ranglar aksini topgan. Biz bu xavfsiz boʻlmani “ijodkor ustaxonasi” deya nomladik. Biroz oʻtib gʻaroyib bir hiddan sarxush boʻldik. Bu – koʻklam yomgʻirida toʻyingan, saraton oftobida qizigan toza tuproq isi edi. Taajjub, gʻorning qaʼriga bu hid qayerdan kelib qoldi? Hid 15 x 20 metrli oqish devor yuzidan kelayotgan ekan. Bu devor yuzini yupqa toza loy enlagan boʻlib, loy koʻz ilgʻamas tirqishlardan quyiga sizgan qor va yomgʻir suvlaridan hosil boʻlgan. Bu tabiiy jarayon uzoq yillar davom etgan shekilli, boʻlmaning keng sahni qurib tuproqqa aylangan qalin loyqa bilan toʻla. Agar arxeolog yigitimiz topqirlik qilmaganida, boʻlmani enlagan loyqa ostida oʻtmish osorlari yashiringanini xayolimizga ham keltirmasdik. Shu yerda bir muddat hordiq chiqarish niyatida oʻt yoqib choy qaynatishga tushdik. Tutun shiftga qalqib, soʻng gʻor toʻriga, qorongʻi boʻshliqqa intilishidan bildikki, oʻsha tomonda uning yana bir chiqish yoʻlagi bor.

Bir payt arxeologning hayajon toʻla xitobini eshitib, tutun yoʻlini butunlay unutdik. Buni qarangki, u quyqalar orasidan qadimgi oʻchoq oʻrnini topgan ekan. Birinchi oʻchoq yonida ikkinchi oʻchoq ham koʻrinish berdi. U oʻchoq qavatidan chiqqan ikki toshkosa va bir talay soʻngaklarni birma-bir qoʻliga olib, olis oʻtmishda yashab oʻtgan qavmlar xususida nimalarnidir hikoya qila ketdi. Hozircha bilganimiz, gʻorning birinchi katta boʻlmasida uchragan paxsa devor qoldiqlari hamda ushbu boʻlmadan topilgan qadimiy oʻchoqlar mazkur gʻor olis zamonlarda qarorgoh boʻlganini anglatadi. Tuyqusdan koʻzimiz gʻorning shimoliy devoriga oʻyib yozilgan qadimiy bitiklarga tushadi. Ularning bir qismi arabiy imloda, qolganlari esa qadimiy soʻgʻd tilida bitilgan. Bitiklar xira, ayrim oʻrinlari oʻchib ketgan boʻlsa-da, arabiy imloni oʻqishga harakat qilamiz.

Kishi ikki tur… kishi otanur

Biri oʻgratugʻli… oʻrganur.

Chamasi u bunday boʻlsa kerak:

Kishi ikki turlugʻ kishi otanur,

Biri oʻgratugʻli, biri oʻrganur.

Nazarimizda, gʻor tuganmasdek edi. Saldan keyin shiftdan oʻpirilib tushgan qoyatoshlarga toʻla uzun yoʻlakka duch kelamiz. Demak, bu yoʻlak gʻorning xavfli qismlaridan biri. Odatdagidek, imi-jimida goh toshlarni yonlab, goh bir-biriga yelka tirab turgan ulkan qoyatoshlar orasidan sirgʻalib oʻtib, sirli va nomaʼlum boʻshliq sari yurishda davom etamiz.

Tor yoʻlak yanada mahobatli boʻlmaga olib chiqdi. Gʻor shifti qadimiy meʼmoriy obidalar shifti kabi silliq. Suvning chakillashi eshitilar, gʻor devorlari terchigan, qarshimizda esa ulkan qoyatosh koʻndalang turardi. Qoyatoshni asta aylanib oʻtarkanmiz, koʻzimiz keng boʻlma toʻridagi, chamasi, balandligi yigirma metrdan ziyod tik devorga tushadi. Nahotki, gʻor tubiga yetgan boʻlsak? Bu savolga aniqlik kiritish oʻyida boʻlmani tik kesib oʻtib, qoyaga yaqin boramiz. Yoʻq, gʻor yakun topmagan, biz shunchaki gʻorga koʻndalang tushgan tik qoyaga toʻqnash kelgandik. Yoʻlakning davomi qoya tepasida qorayib turardi. Biroq terchigan qoya yagʻriniga chiqishning iloji yoʻq edi.

Izimizga qaytarkanmiz, arxeolog yana bir tosh lagan hamda sopol buyum boʻlaklarini topganini maʼlum qildi. Biz gʻorning iliq havosiga shu qadar oʻrganib qolgan edikki, goʻyo bir umr shu gʻorda umrguzaronlik qilgandek, uni tark etishga koʻpda oshiqmas edik…

 

Normurod NORQOBILOV

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.