Parpiroq chehra

0
112
marta koʻrilgan.

Yuragim tongdanoq, negadir, Huvaydo mavzesi sari talpinaverdi. Ustozni ertaga yoʻqlashga borish haqida oʻrtoqlar bilan kelishib qoʻyganimga qaramay, ularga sim qoqib, bugun boraqolaylik, deb tiqilinch qildim. Bordik. Statsionarda yotgan chogʻidagiga nisbatan ancha tetik koʻrindi ustoz. Koʻnglimiz yorishdi. Oltiariqdan joʻnatilgan uzum bargidan qiymali oʻrama pishirtirib olgandim, ishtahasiz bemorni tamaddilanishga qiziqtirish umidida, ota yurtingizning taomidan bir tatib koʻring, deb qistay ketdim.

Charchatib qoʻyishdan hadiksirab, orada bir-ikki bor qoʻzgʻalishga chogʻlansak-da, hozir ahvolim yaxshi, yana ozgina oʻtiraylik, deb shashtimizdan tushiraverdi. Oʻtgan-ketgan voqealarni eslashdik, endigina nashrdan chiqqan, ustozning ijodi va hayoti toʻgʻrisidagi maqolalar jamlangan “To quyosh sochgayki nur” nomli kitobni varaqlab, joʻsha-joʻsha fikrlashgan boʻldik.

Ketishdan oldin Mirzajon qurʼon tilovat qilyapti-yu, koʻzim oʻz-oʻzidan yoshlanaverdi. Ilgari hech bunday boʻlmagandi. Yigʻimni ustozdan yashirib, chetga oʻgirilib oldim. Xayrlashayotib yuzimni yuziga bosdim. Battardan toʻliqdim. Bu oxirgi marta koʻrishishimiz ekanini men gʻofil hali bilmasdim.

Oʻsha kunlari oʻzimni notetik sezayotgandim, qishloqqa borib, davolanishni boshladim. Bir kuni Iqbolbek telefon qilib, ustozdan ayrilib qoldik, dedi ovozi titragancha. Osmon boshimga qulayotgandek tuyuldi…

Taʼziyaga ulgurdim. Ostonasidan ne-ne moʻtabar kishilar hatlab oʻtgani gʻurur bagʻishlayotgandek doim purviqorlanib koʻringuchi mehmonnavoz uy bu gal mungʻaygancha choʻkinib turganga oʻxshardi. Qadrdondan qadrdon egasi poydevordan boshlab uni oʻzi tiklagandi, nahot endi bir chiqib ketgancha, boshqa qaytmasa?

Betoblik surunkali tus olganidan keyingi voqealarning ancha-munchasidan xabardorman. Operatsiya qilingan yurakni shifokor nazoratidan oʻtkazish muddati yaqinlashganida Isroilga borib kelish zarurati tugʻilgani hisobga olinmasa, uyidagilar falon yurtdagi doʻxtirlargayam bir koʻrsatsakmikan, deyishsa, jonajon goʻshasidan sira nari siljigisi kelmasdi ustozning, hatto statsionarga borishgayam oyogʻi tortavermasdi. Oʻz yurtini, oʻz qavmini yoniqib sevgandek sevardi bu uyni.

 

Navoiy sheʼr bitgan tilda soʻylasang,

Qodiriy jon tikkan oʻyni oʻylasang,

Rajabiyga hamroz qoʻshiq kuylasang,

Charxda oʻz uyi bor elat boʻlasan.

Qavmingdan narida – oʻgayqon dunyo,

Quvonching omonat, boyliging roʻyo,

Hayoting soʻnggida baxt boqib qiyo –

Oʻz uyingda oʻlsang, yayrab oʻlasan…

 

Ustozni dafn qila boshlashadi. Bolalik paytim tili chiqib-chiqmagan ukam vafot etib, uni koʻmishayotganda, shunday yupqa kafanda qishni qanday oʻtkazarkin, deb ezginlanganim esimda. Oʻshandan beri qabr ustiga borishdan seskanishim bois, beriroqdagi gʻoʻla ustiga oʻtiraman. Karaxt edim. Koʻzimda nam yoʻq edi.

Koʻrayotganlarimning hammasi yolgʻon! Erkin Vohidovdek ulkan togʻ qandaqasiga birdan yoʻq boʻpqolishi mumkin? Bunga aql bovar qilmaydi! Bularning bari shunchaki tush! Yurak butkul oqib bitmasidan, tezroq uygʻonsaydim!

Koʻz oʻngim shuvalashadi. Tegramda goʻyo hech kim qolmagan. Qabriston oʻrnida  – nimqorongʻi sahna. Sahnada – birgina Erkin aka. Turli joydagi turlicha voqealar lip-lip namoyon boʻla boshlaydi.

Yoshlar nashriyoti. Bosh muharrir Erkin aka miyigʻida kulimsirab soʻzlamoqda:

– Bolalarga atalgan kitobingizni oʻqib, sizni Toshkentga ishga chaqirgim kepqoldi. Beshta farzandingiz bor ekan, chidab turishga jasorat topsangiz, uy-joy masalasini ham biror yilda hal qilarmiz.

Badavlatlikdagi kabi, mashhurlikda ham odamning koʻzini yogʻ bosa boshlaydi, oʻzidan boshqani koʻrmaydigan boʻlib boraveradi, deyishardi. Shunday dovruqli shoir qaysidir qishloqda ivirsib yurgan havaskor qalamkashni qanday ilgʻay oldiykin? Eng hayratlanarlisi – ishlari tiqilib yotgan bu odamni shunday saxovatpeshalikka undagan narsa nima? Shu bechoraning ham sheʼriyatimizga biron-bir nafi tegib qolsa ajabmas, deb oʻylaganmi? Ertaga bu umidi oqlanmasa-chi?

Oʻzi mehr qoʻygan soha istiqbolini oʻz oroyishi, oʻz shuhratidan-da yuqori qoʻyuvchi chinakam elparvarlar masalaning bu tomonini xayoliga ham keltirmaydi shekilli; muhimi shu – kimgadir ortiqcha boshogʻriq, unga esa oddiygina burch boʻlib tuyulguchi yumushni bajarishga jazm etdi, bajardi. Bunday gulkoʻngil kishilar oʻzgalarga saodat ulashish uchun saralab yaratilgan baxt farishtalaridir, balki.

Deputatlikka saylovlar boshlangan payt. Tumanlardan birida Erkin akadan tashqari yana toʻrt kishi oʻz nomzodini qoʻygan. Ulardan uchtasi suyukli shoiriga yuksak ehtiromini namoyishlab, nomzodini qaytarib oldi. Toʻrtinchisi esa, elchi yuborib, Erkin aka hozirda boʻsh turgan falon amalga meni joylab qoʻysa, nomzodimni olaman, deb shartini qistirmaladi. Mazkur tarmoqning kattakoni Erkin akaning yaqin kishilaridan edi, bir ogʻiz shipshitsa bas, ish osongina bitadi-qoʻyadi, deb oʻylayotgandik.

– Yoʻq, bunday qilolmayman, – dedi Erkin aka kutilmaganda. – Agar oʻsha odam shu gapini deputatlikka nomzodim qoʻyilmasidan ilgari aytganida, balki, oʻrtaga tushgan boʻlardim. Falonchi shoir pismadonchining koʻnglini ovlash evaziga deputat boʻldi, degan malomatni koʻtarib yurishga qurbim yetmaydi.

Barchamiz dong qotib qoldik. Mana sizga oʻzbekona oriyatning yuksak namunasi! Bu haqda tarqagan shov-shuv saylovchilarning mard shoirga nisbatan yanada mehrini oshirdimi, aksariyati unga ovoz berdi.

Ustozning yana bir noyob fazilati – nihoyatda koʻzi toʻq inson edi. Bir gal Oltiariqda uchrashuv oʻtkazib tashqariga chiqqanimizda, “chapaki tirikchilik”ka ustamon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamgʻasi bosilgan, oʻsha paytda juda tanqis sanalgan narsani mashinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovgʻa, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.

– Biz choy-poy ichib turaylik, – dedi menga ustoz, yoʻl-yoʻlakay biznikiga kirganimizda. – Siz boyagi odamning sovgʻasini uyiga tashlab keling. Erkin akaning boshqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb koʻnglini tinchiting.

– Taxminan, qanaqa iltimosi boʻlsaykin, deb qolsa-chi?

– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. Boshi qotib yuraversin.

Qizil saltanat quturib borayotgan davr edi; Erkin aka Gurjistondagi namoyishchilarni oʻqqa tutishga buyruq berganlarning qatorida turolmayman, deb kompartiya safidan chiqdi. Baʼzilar oʻzi kattaroq ish koʻrsatsa, senlar jim turishdan boshqaga yaramaydigan suvaraksanlar, degandek oʻzgalarga tuyaqarash qiladi. Erkin aka tugalay boʻlakcha edi. Oʻsha kunlari ustozga uchrashib, nashriyotimizdagi ayrim yigitlar ham firqa aʼzoligidan voz kechmoqchi boʻlyapti, desam, shosha-pisha eʼtiroz bildirdi:

– Yoʻq, yoʻq! Zinhor unday qilishmasin! Meni darrov piypalab tashlasholmasa kerak. Sizlar ehtiyotlanib tura turinglar, boshqa ishlarda juda asqatasizlar hali.

Oʻzgalarning koʻnglini avaylashda, qoʻpolroq kesatiqni latifgina qilib ayta olishda ham ustozga teng keladiganini uchratmaganman. Toʻrgʻaychalar burgutga ming taqlid qilsin, baribir hech kimning eʼtiborini tortolmaydi, oʻzlarini behuda qiynagani qoladi xolos, degan dashnomni shunchalar muloyimlab bayon etsayam boʻlarkan-a!

Erkin aka sakkiz jildlik asarining toʻrtinchi jildi korrekturasidagi ayrim tuzatishlarga bir koʻz tashlab qoʻyish uchun “Sharq” nashriyotiga kelgan ekan, oldin Ahrorbek, soʻng Nosirjon ketma-ket sim qoqib, meni xabardor etishdi. Tezda yetib bordim. Chaqchaqlashib-chaqchaqlashib, hammamiz birga tushlik qildik. Kayfiyati oʻta yashnoqlanib ketganidanmi, oʻzini xastalikdan tugalay forigʻ boʻlgandek tutayotgan ustoz, tashqariga chiqayotganimizda yengimdan sekingina chetga tortib, bu ziyofat kimning hisobidan uyushtirilganini surishtirdi. Bari nashriyotning choʻntagidan, deganimdan keyin ham koʻzimga bir zum sinovchan tikilib turdi.

Bilaman, oʻzgalarga, ayniqsa, kamxarjroqlarga qittay boʻlsa ham maloli tushishidan azali parhezlanib yuradi ustoz. Buni tugʻma halollik deysizmi, beozorlik deysizmi, palagi tozalik deysizmi, uyogʻi oʻzingizga havola.

Ustozning eng odmidek tuyulguchi soʻzida ham tagdor bir hikmat biqinib yotgan boʻlardi. Masalan, yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlarda u kishi shunday deb qoldi:

– Tutqunlikda azoblanib-azoblanib, oxiri erkinlikka chiqqan yurtning shoiri yana nimadan kuyinishi mumkinligini hech tasavvur qilolmayapman. Agar kuyinmasa, qanday sheʼr yozadi? Yo oʻzimni qariganga solib, shoirchilikni yigʻishtirib qoʻyaqolsammikin?

Yuragim pala-partish tepindi. Tabarruk yurtining, jonajon xalqining ozodligi yoʻlida tinimsiz kuyinib, muntazam kurashib yashashga koʻnikib ketgan olishuvchan shoirning gʻalatidan gʻalati holatiga tirik guvoh boʻlib turgandim. Oldiniga, shoirona qalbni butkul qamrab olgan lovulloq quvonchning oʻtkinchi isitmasimikan bu, deb oʻyladim. Gapning magʻizini keyinroq chaqdim: kurashsiz yashash – shoirning isteʼfosi.

Arslonfeʼl Erkin Vohidov esa isteʼfo beradigan shoirlardan emas edi. Umr boʻyi shundayligicha qoldi.

Qariganingda bersin, degan naql bor oʻzbekda. Ustozning Xudoyimga yoqqan tomoni koʻpdirki, keksaygani sayin, tobora oilaviy farogʻatini topaverdi. Bittayu bitta oʻgʻli Xurshidbek otaning koʻzi tirikligidayoq xonadonning pishiq ustuniga aylandi. Qizlari Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxonlar haqida gap qoʻzgʻalsa, ming qatla shukrki, ularning uyimizga biron martayam kiprigi namlanib kirib kelganini eslolmayman, deya kennoyimiz Gulchehra opaning bahri ochiladi. Erkin aka har bir muloqotda zargarona oʻlchamga amal qila olishi tufayli boʻlsa kerak, qudalar, kuyovlar oʻrtasidagi issiq munosabatlarga koʻpchilikning havasi kelgani-kelgan. Uyida tinchi yoʻq odamga na boylik tatiydi, na shuhrat. Shu tomondan qaralsa, ustoz oʻz oilasida behad halovatli hayot kechirib oʻtdi. Bu dunyoning asl jannati shu boʻlsa, ajab emas…

Qabrga tuproq tortib boʻlingach, atrofga sukunat choʻkadi, qurʼon tilovati Chigʻatoy qabristoni boʻylab yoyila boshlaydi. Tepada allaqanday sharpani his etgandek boʻlib, asta boshimni koʻtaraman, koʻm-koʻk osmonga tikilaman. Yozning yengil epkiniga ergashgancha imillab suzayotgan siyrak oq bulutlar orasida tanish bir nogoh xiyol chaqnab koʻringandek tuyuladi. Vujudim jimirlaydi.

 

Tanamiz – tuproqdan, samoviydir jon,

Gar oʻlsak, Yer va Koʻk kelishib olar.

Fanoda saylimiz yakun topgan on,

Ikkovi oʻz mulkin boʻlishib olar.

 

Tiriklar bosh egib soqov goʻr uzra,

Turarkan nigohin tuproqqa sayib;

Ziyofat sochgan payt Ilohiy Sura,

Marhum ruhi Koʻkdan boqar jilmayib.

 

Fasllar almashaveradi; bahor ketidan yoz, kuz ketidan qish kelaveradi. Daryolar bir sayozlansa, bir toshqinlanadi. Bular goho, odamzodning hayot tarzini eslatadi. Kim koʻribdiki, u yoki bu insonning umri bir tekisda kechgan boʻlsa? Erkin aka ham ijod karvonsaroyida necha-necha oʻpoq-soʻpoq nusxalarga, ne-ne ogʻir-achchiq gʻalvalarga yoʻliqdi. Ammo, ustozning baʼzi birovimizdan farqi shunda ediki, ichidagi dardni oʻzgaga sezdirmaslikka, iztirobini birovga yuqtirmaslikka urinardi doim. Shu bois boʻlsa kerak, u zotni oʻylaganda, koʻz oʻngimizda nuqul bir xil qiyofa – sirli jilmayib turgan parpiroq chehra namoyon boʻlaveradi. Bu – juda taskinbaxsh surat. Bu – yaxshilikning alomati… yaxshilikdan darak bu…

E, chigalak dunyo, sakson yillik yoʻl namuncha yaqin boʻlmasa?!

 

2016 yilning 27 noyabri

 

Anvar OBIDJON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.