Oʻzbekning soddasi

0
130
marta koʻrilgan.

Toshkent dorilfununining domlasi Bahodir Gʻulomov boladek begʻubor, sodda odam edi, rahmatli. Safarga chiqadimi, oʻtirishga keladimi, deyarli har gal navbatdagi “shumlik”ning qurboni boʻlib, yo choyxona palovga, yo ziyofatga “tushar”, “tushmaganiga” qoʻymas edik.

…Bobotogʻda, archa tagida davra qurib oʻtiribmiz. Bahodir aka “tandir” pishguncha “jindek mizgʻib olish” uchun yonboshladiyu pinakka ketdi. Keyin motori yaxshilab sozlangan “Jiguli”dek bir tekis, osoyishta xurrak ota boshladi. Qarasak, pidjagining ichki choʻntagidan pasporti koʻrpachaga tushib qolibdi. Tabiiyki, pasportni “oʻgʻirladik”.

Ozod Sharafiddinov “tekshiruv” operatsiyasini ishlab chiqdi. Bizni toqqa olib chiqqan “RAF” mashinasida mezbonlardan biri bilan azza-bazza pastga tushib, boʻlajak hangomani pishitib chiqdi.

Tandir kabob pishganda domla uygʻondi. Yeyildi, ichildi. Kechga tomon sharillatib jala quyib berdi. Mashina sirgʻalib-sirgʻalib, amallab pastga tushib oldi. Hamon momaqaldiroq gumburlaydi, yomgʻir chelaklab quyib turibdi. Biydek dalaning qoq oʻrtasida bir militsioner mashinani toʻxtatdi. “RAF”ga chiqib sovuqdan tishlari takillagancha gapirdi:

– Kechirasizlar, hujjatlaringizni koʻrsatinglar!

Jahlimiz chiqqan boʻlib, pasportlarimizni koʻrsata boshladik.

Bahodir aka tipirchilab qoldi.

– Boshpurtim yoʻq-ku! – dedi xavotirlanib. – Haligina yonimda edi.

Xuddi shu payt militsioner yigit domlaning yaqiniga keldi.

– Marhamat, sizning hujjatingiz!

– Haligina bor edi, – dedi Bahodir aka alanglab. – Mana, bular guvoh, boshpurtim bor edi.

– Nima gap oʻzi, choʻrt poberi? – dedi Ozod aka achchiqlangan boʻlib.

– Xavfli jinoyatchi toqqa qochgan, degan xabar bor. – Militsioner yigit Bahodir akaga qarab qoʻyib davom etdi. – Oʻzi keksaroq, koʻzoynak taqib yuradi, tilla tishi bor, deyishgan.

– Voy, bu meni aytyapti, shekilli. – Domla butunlay esankirab qoldi. Yaylovning qoq oʻrtasida militsioner nima qiladi, nega endi mashinani tekshirishi kerak, degan gap xayoliga kelmabdi. – Men jinoyatchi emasman, ukajon, – dedi yalinib. – Olimman, Toshkentdan kelganmiz. Mana, hammalari guvoh.

– Men bu odamni tanimayman! – dedi Ozod aka jiddiy qiyofada. – Hozir, yoʻldan mashinaga chiqdi.

– Voy, domla, esingizni yedingizmi? – Bahodir aka hammamizga javdirab qaradi. – Unaqa hazil qilmanglar. Meni hammasi taniydi.

Biz ham Bahodir akani “tanimadik”.

– Pastga tushishingizga toʻgʻri keladi. – Militsioner kulib yubormaslik uchun teskari qaradi.

Domla xoʻp yalinganidan keyin uni “kafillika” oladigan boʻldik. Evaziga bitta ziyofat qilinadigan boʻldi.

Militsioner shofyor yoniga oʻtirib uf tortdi.

– Qoyil-e, ikki soatdan beri kutaman-a! Hammayogʻim shiltai shalabbo boʻldi-ku!

– Nima deyapti? – deb soʻradi Bahodir aka ovozini pasaytirib.

– Jim! – dedim labimni tishlab. – Jahli chiqib turibdi. Melisa bilan hazillashib boʻladimi? Omon qolganingizga quvonmaysizmi?

– Rost aytasiz. Quruq tuhmatdan asrasin! – Bahodir aka qunushib oʻtirib oldi-da, shaharga kirgunimizcha bir ogʻiz ham gapirmadi.

Ertasiga domlaning pasportini “topib”, suyunchisiga yana bitta osh qarzdor qildik.

 

 

* * *

Qorakoʻlga boradigan boʻldik. Ozod aka, Bahodir aka, Abdugʻafur Rasulov, Begali Qosimov poyezdga oʻtirib joʻnadik. Bir mahal, tong pallasida provodnik kupe eshigini taqillatdi.

– Jon akalar, – dedi yalinib. – Vagon yoʻlagida yugurib yurgan odam sizlarning sherigingizmi? Aytinglar, bir soatdan beri u yoqdan-bu yoqqa chopadi. Qiynalib ketdi-ku, bechora… Ustiga-ustak, xotin-xalaj yuvingani oʻtishga qiynalyapti.

Norozilik bilan toʻngʻillab, oʻrnimizdan turishga majbur boʻldik.

– Biron narsasini oʻgʻirlab qoʻying, ikkinchi saharlab hammani bezovta qilmaydigan boʻladi, – dedi Ozod aka.

Bahodir akaning yap-yangi doʻppisi vagon tokchasida yotgan ekan. Olib, jomadonimga solib qoʻydim. Domla terlab-pishib kirib keldi.

– Ha, dangasalar, turdinglarmi? – dedi iljayib.

Qorakoʻl bekatida poyezd ikki daqiqa toʻxtar ekan. Hammamiz tushib ketyapmiz-u Bahodir aka nuqul timirskilanadi. “Nima boʻldi?” desak, “doʻppim bor edi, topolmayapman”, deydi.

Ozod aka jerkib berdi.

– Qanaqa odamsiz oʻzi, sizning doʻppingiz deb poyezd toʻxtab turarmidi? Boʻling tezroq!

Pastga tushishimiz bilan Ozod aka juda jiddiy qilib gap boshladi.

– Bu tomonlarda meningit kasali tarqagan, deyishadi, ehtiyot boʻlinglar.

– Meningit nimadan boʻladi? – soʻradi hamrohlarimizdan biri oʻzini goʻllikka solib.

– Nimadan boʻlardi, shamollashdan-da!

– Eng kerakligi bosh-da, – dedi Begali falsafiy ohangda.

– Meningitga yoʻliqqan odam uch kunda oʻladi. – Ozod aka qattiq tayinladi. – Ayniqsa boshni ehtiyot qilinglar!

Bahodir aka sekin yonimga keldi.

– Ukajon, – dedi. – Mabodo bironta ortiqcha doʻppingiz yoʻqmi?

Eshitmagan kishi boʻlib ketaverdim.

– Bu – organizmga bogʻliq, – dedi kimdir. – Meningit birovni uch kunda, birovni uch soatda oʻldirishiyam mumkin.

– Ukajon! – dedi Bahodir aka iltijo qilib, – bittagina ortiqcha doʻppingiz yoʻqmi?

– Ortiqchasi yoʻq-ku, oʻzimniki bor. Sizga kichkina kelarmikan deyman…

– Mayli, vaqtinchaga boʻlsayam, – deb domla endi gap boshlashi bilan Ozod aka meni urishib berdi.

– Bosh kiyimni birovga berib boʻlmaydi. Tem bolee safarda yurganda!

Bahodir aka yana yalinishga tushdi:

– Xoʻp desangiz, doʻppingizni sotib olardim.

Ogʻringan kishi boʻlib portfelimni ochdim.

– Yigirma besh soʻmga oluvdim, – dedim ikkilanibroq.

– Oʻttiz soʻm! – Ozod aka gapni kesdi. – Bu yoqlarda doʻppi qimmat.

Oʻttiz soʻmga “bor-baraka” qildik. Pul menga, doʻppi Bahodir akaga oʻtdi.

– I-ya, oʻzimniki shekilli? – domla yupqa koʻzoynagini taqib doʻppiga uzoq termilib qoldi.

Ozod akaning “jahli chiqib” ketdi:

– Bering, pulini qaytarib bering! Bir odam oʻz hayotini xavf ostida qoldirib yaxshilik qilsa-yu, bu kishi…

– Yoʻq, yoʻ-oʻq, – Bahodir aka doʻppini mahkam changallab oldi. Boshiga kiyib mamnun jilmaydi. – Toʻgʻri aytibsiz, sal kichikroq ekan. Mayli, boʻlaveradi. – Doʻppini yechib yana tomosha qildi. – Qarang, siznikini guli ham boshqacharoq ekan.

Meni ranjidi, deb oʻyladi shekilli, koʻnglimni koʻtardi:

– Xafa boʻlmang, ukajon, ertalab yoʻlakka chiqib ketayotganimda kupe eshigi oldida afti xunukroq bir odam turgandi. Menikini oʻsha oʻgʻirlagan. Toshkentga borsak, sizga oʻzim yaxshi doʻppi olib beraman. Rahmat, ukajon!

 

***

Ohangarondan qirq chaqirim narida, togʻ tepasida Arashon buva degan buloq bor. Mashina bormaydi. Besh-olti kishi otliq yoʻlga tushdik. Kelinchak degan joyda fargʻonalik chorvadorlarning oʻtovida tunab qoldik. Allamahalgacha gurunglashib oʻtirdik. Bahodir aka esa oʻtovning bir chekkasida mazza qilib uyquni urib yotibdi. Ora-sira oʻrtacharoq xurrak ham otib qoʻyadi.

– Choʻrt poberi, hozir uyquni uradi-da, soʻfitoʻrgʻay uygʻonmasdan turib olib hammani bezovta qiladi, – dedi Ozod aka. – Bir ish qilmaymizmi?

Ertalab bajarilishi kerak boʻlgan “operatsiya” pishitildi. Unga ishtirok etishga oʻtov egasi – Chimirvoy akani ham koʻndirdik.

Ertalab choy ustida Chimirvoy aka salmoqlab gap boshladi.

– Mehmonlar, sizlarni koʻrib boshimiz osmonga yetdi. Qaniydi, sizdek ulugʻ odamlar har kuni kelsa… Koʻrib turibsizlar, bizda goʻsht koʻp. Soʻrasangiz oʻzimiz beramiz. Oʻgʻirlash shart emas. Togʻliklar qoʻli egri odamni yomon koʻradi.

– Nima, hali siz bizni oʻgʻri gumon qilyapsizmi? – deb oʻrnimizdan turib ketdik.

Chimirvoy aka kulib yubormaslik uchun oʻzini zoʻrgʻa tutib davom etdi.

– Bilaman, sizlar taniqli odamlarsiz. Biringiz – olim, biringiz – yozuvchi… shundoq boʻlgandan keyin soʻrasangizlar oʻzimiz…

– E, och jomadoningni! – Ozod aka baqirib yubordi. – Hammang och!

Oʻzi birinchi boʻlib jomadonini ochib ichidagi narsalarni toʻkib tashladi. Sochiq, tish choʻtka, balo-battarlar hammayoqqa sochilib ketdi. Keyin Umarali aka, Abdugʻafur aka, Begali, men jahl bilan jomadonimizni toʻkib koʻrsatdik. Bahodir aka kattakon portfelini shaxt bilan ochib bir siltagan edi, ichidan eski gazetaga nari-beri oʻralgan toʻrtta kattakon pishgan goʻsht boʻlagi lop etib yerga tushdi. (Kechasi oʻzimiz solib qoʻygan goʻshtlar.)

– Ie? Voy? Vo-o-oy! – Bahodir aka turgan joyida taxta boʻlib qoldi. Yupqa koʻzoynagi ortidan hammamizga jovdirab qaraydi.

Chimirvoy aka, “ana”, dediyu u yogʻini gapirsa kulib yuborishini bilib oʻtovdan qochib chiqib ketdi.

– Koʻrdingizmi, mezbon sizning qiligʻingizga chidolmay qochib ketdi!

– Shuning uchun hammadan oldin turarkansiz-da!

– Siz bizni sharmanda qildingiz!

– Oʻgʻri degan nom orttirdik!

Hammayoqdan talab tashladik, “aybini” boʻyniga qoʻydik. Bahodir aka minbaʼd boshqalardan avval uygʻonmaslikka, Toshkentga borganidan keyin bitta choyxona palov qilishga vaʼda berib arang qutildi.

…Tilla odam edi Bahodir Gʻulomov!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.