O‘zbekistondagi unutilmas lahzalar

0
17
marta ko‘rilgan.

ANOR, 

Ozarboyjon xalq yozuvchisi, 

Yozuvchilar birligi raisi

 

O‘zbekistondagi unutilmas lahzalar

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan men va dramaturg Feruz Mustafo Toshkentda o‘tadigan xalqaro  anjumanga taklif etildik. 6 avgust kuni ikki soatlik parvozdan so‘ng Islom Karimov nomidagi  Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndik. Aeroportda bizni O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Prezident devoni sho‘ba mudiri, yozuvchi va tarjimon Mamatqul Hazratqulov va boshqalar kutib olishdi. Konferensiya mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotini o‘rganishning dolzarb masalalari hamda o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitish mavzusiga bag‘ishlangan. Tan olish kerak, g‘oyat muhim masalaga bag‘ishlangan ushbu anjuman yuksak saviyada tashkil etilgan. Anjumanning ochilish marosimidan so‘ng Turkiya, Eron, Misr, Hindiston, Afg‘oniston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Belarus, AQSH, Kanada, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Shvetsiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Latviya, Litvadan kelgan mehmonlar turli sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Oliy Majlis Senatining raisi Ne’matulla Yo‘ldoshev o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng YUNYeSKOning O‘zbekistondagi vakili Dender Badarch, men, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdeulet, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim — birin-ketin  so‘zga chiqdik.

Men Ozarboyjon bilan qardosh O‘zbekistonning asrlarga tutash madaniy, adabiy aloqalari, hazrat Navoiyga Bokuda haykal qo‘yilgani haqida  so‘zladim. Xalqaro siyosiy maydonda O‘zbekiston hamisha Vatanimiz bilan yonma-yon turib, bizning manfaatlarimizni himoya qilgani uchun minnatdorlik bildirdim. Ozarboyjon Yozuvchilar birligi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan maxsus jurnal chiqargani haqida gapirib, Senat raisidan uning bir nusxasini O‘zbekistonning muhtaram Prezidentiga yetkazishni iltimos qildim.

Ochilish marosimidan avval Alisher Navoiy yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘ydik.  Anjuman ulug‘ mutafakkir nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘ldi. O‘zbek do‘stlarimiz iftixor bilan ilgari o‘zbek tili va adabiyoti universitetlarda bitta fakultet miqyosida o‘rgatilgan bo‘lsa, endi bu fanlar uchun alohida universitet ochilganini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yaqinda qurilgan ikki qavatli zamonaviy binoga ko‘chib o‘tibdi. Eng so‘nggi rusumdagi jihozlar va uskunalar bilan ta’minlangan bu binoda uyushmadan tash­qari to‘rtta jurnal tahririyati, shuningdek, “Ijod” va “Ilhom” fondlari joylashgan. Ularning bari davlat byudjetidan moliyalashtirilar ekan. Fond­larning qo‘shimcha daromad manbalari ham bor.

Yozuvchilar uyushmasi, yozuvchilarning ijtimoiy ta’minoti va ushbu fondlarning moddiy ahvoli haqida keyinroq yozaman. Yozuvchilar uyushmasidagi uchrashuv paytida men Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi faoliyati haqida, muassasamizga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor xususida so‘zlab berdim. Marhum Prezidentimiz, Millat yetakchisi Haydar Aliyevning adabiyotga e’tiborini yodga oldim. 1993 yilda H.Aliyev hokimiyat tepasiga kelgan paytlarda Yozuvchilar uyushmasi va unga tegishli tashkilotlarni davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirgani haqida, Ozarboyjonning eng yuksak “Istiqlol” mukofoti ham birinchi bo‘lib yozuvchilarga – Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rizo, Muhammad Arazga berilganini aytdim.

Hurmatli Prezidentimiz Ilhom Aliyevning tarjima markazimizning byudjet hisobiga o‘tkazilishi haqidagi qarori, yozuvchilarga uy-joy qurish uchun yer berilishi, kitoblarni lotin alifbosida chop etish uchun mablag‘ ajratilishi haqidagi farmonlari, binomizning kapital ta’mirlanishi, har yili o‘ttiz nafar yozuvchiga 300 manatdan, 20 nafar yosh yozuvchiga 200 manatdan maosh to‘lanishi, 2014 yilda tashkilotimizning 80 yilligi va qurultoyimizning xorijlik mehmonlar ishtirokida yuksak saviyada o‘tkazilgani, jurnalistlar uchun qurilgan uy-joylarda  matbuot tizimida ishlayotgan bir qancha yozuvchi va shoirlarimiz ham istiqomat qilayotgani – bularning barchasi davlatimizda adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tibor namunalaridir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va men adabiy aloqalarimizni yanada kengaytirish to‘g‘risida memorandum imzoladik. Memorandumda ikki taraflama tarjimalar, uchrashuvlar, nashrlarimizda adabiyotimiz namunalarini chop etish, adabiy-badiiy tanlovlar o‘tkazish, kitob musobaqalariga oid band­lar kiritilgan.

Uyushmadagi uchrashuvlardan so‘ng buyuk Nizomiy yodgorligini ziyorat qilib, gulchambarlar qo‘ydik. Bu ulug‘ hamyurtimiz nomidagi  universitetda uchrashuvlar o‘tkazdik Men uchrashuvda aytganimdek, bugun ikki so‘z dahosi — Navoiy va Nizomiyning yodgorliklari poyiga gul qo‘ydik, ularning nomlarini olgan ta’lim maskanlarida uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Demak, ko‘p asrlar avval bo‘lganidek, bugun ham bu ikki mutafakkir adabiy va abadiy qardoshligimizni tamsil etayotir. Navoiy Nizomiy yaratgan an’anani davom ettirib,  o‘zbek tilida “Xamsa” yozgan, ganjalik ustozining nomini  ehtirom ila tilga olgan bo‘lsa, Fuzuliy o‘z “Layli va Majnun”ini ona tili – ozarboyjonchada bitib, o‘zbek shoiri nomini yuksak hurmatla tilga oladi. Men yaqinda yozib bitirgan “Uch Layli va uch Majnun” nomli badiamda ushbu shoirlarimiz yaratgan uch doston haqida so‘z boradi. Ozarboyjonda Navoiy asarlari bilan birga “Boburnoma” ham tilimizga o‘girildi. Yaqinda Jovid, Javod, Mushfiq singari Stalin qatag‘onlarining qurboniga  aylangan Cho‘lpondan tortib, bugungi eng yosh shoirlargacha bo‘lgan o‘zbek mualliflarining antologiyasi bosmadan chiqdi.

O‘zbekistonda bir qator mumtoz va zamonaviy adiblarimiz qatori mening ham to‘rtta kitobim chop etilgani, turli gazeta, jurnal va to‘plamlarda ijod namunalarim o‘rin olgani, bir paytlar “Karavella” nomli pyesam asosida o‘zbek bastakori Kalontarov tomonidan yaratilgan “Zanjir” nomli musiqali komediya sahnaga qo‘yilgani, albatta, menga katta iftixor va quvonch baxsh etadi.

O‘tgan yili vafot etgan marhum tarjimon do‘stim Usmon Qo‘chqor, boshqa bir qator tarjimonlarim mehnatidan behad minnatdorman. “Dantening yubileyi” nomli qissam o‘zbek tilida ikki marotaba, “Gruzincha familiya” nomli hikoyam uch marotaba mustaqil tarjimonlar tomonidan o‘girilgan va chop etilgan. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, “Dantening yubileyi”ni tarjima qilgan yozuvchi birodarim Mamatqul Hazratqulov ushbu asarim asosida telenovella  ham yozib muxlislar hukmiga havola etgan. Safar davomida kaminaga hamrohlik qilgan Mamatqulning  menga tuhfa qilgan “Ko‘kko‘l” kitobi Ozarboyjonga bag‘ishlangan, bu asarni biz, albatta, tarjima qilib o‘quvchilarga yetkazishimiz kerak.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi”, “Hurriyat” gazetalari hamda bir qator o‘zbek telekanallariga bergan intervyularimda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdim.

Tushdan so‘ng sho‘balar o‘z ishini boshladi.

Feruz Mustafo ikkinchi sho‘bada “Mustaqillik davrida ozarboyjon-o‘zbek adabiy aloqalarining muhim aspektlari” mavzusida, men beshinchi sho‘bada “Uch Layli va uch Majnun” mavzularida chiqishlar qildik. Bizning sho‘bada so‘zga chiqqan  O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam o‘zi rahbarlik qilayotgan “Tafakkur” jurnalida “Oq qo‘chqor,  qora qo‘chqor” nomli qissamni chop etishini aytdi. 

 Ertasi kuni, 8 avgustda Samarqandga yo‘l oldik.

Oltmishinchi yillarning oxirlarida Toshkent­da o‘tkazilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivalida ishtirok etish asnosida Samarqandga borgandim. O‘sha festival kunlari mashhur o‘zbek rejissyori Shuhrat  Abbosov bilan tanishganman. Oradan yillar o‘tib u bilan Turkiyada uchrashganmiz. Shuhratning bir necha oy muqaddam qazo qilgani, men shaxsan tanigan qadrdonim, tojik shoiri Mo‘min Qanoat ham yaqinda dunyodan o‘tganini eshitib, beixtiyor Sergey Yeseninning  quyidagi misralari yodimga tushdi:

Abadiy sukunat yurtiga

Barchamiz jo‘naymiz birma-bir,

Va men  ham bugun yo ertaga

Tadorik ko‘rmog‘im kerakdir.

Men kamida yarim asr ilgari ko‘rgan  shaharlar bilan bugungi Toshkentu Samarqand o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Toshkent ham, Samarqand ham hayratomuz darajada o‘zgargan, yangilangan, yanada go‘zallashib, obod kentlarga aylangan.  Qadimiy obidalari bilan jahonni lol etib kelayotgan Samarqand bu durdonalarni ko‘z qorachig‘idek asrash barobarida tamomila yangi, zamonaviy qiyofa kasb etgan. O‘zbekistonga ilk bor kelganimda Toshkent o‘zining yam-yashil bog‘lari, xiyobonlari bilan yodimda qolgan. Bugun o‘sha bog‘-rog‘lar, xiyobonlar yanada ko‘rkamlashgan, shahar yangi-yangi, muhtasham binolar  bilan yanada yoshargandek. Hayratdan so‘z topolmayman.

Birgina aeroportdan Yozuvchilar uyushmasigacha bo‘lgan yo‘llarda alvon gullar, chechaklardan ko‘z qamashadi. Ulug‘vor, sersoya daraxtlar, anvoyi chamanzorlar, favvoralarning raqsu samosi, ariqlardagi zilol suvlar qirq darajadan yuqori haroratni his etishingizga yo‘l bermaydi.

Samarqandda, tabiiyki, eng avval tarixiy obidalarni ziyorat qildik.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Samarqand shahrida dunyoga kelgan. Toshkentda, Oqsaroy qarorgohida unga muhtasham haykal qo‘yilgan bo‘lsa-da, buyuk davlat rahbari o‘z vasiyatiga ko‘ra poytaxtda emas, ona shahridagi qadimiy masjid yonida dafn etilgan. Bokuda Navoiy haykalining ochilishida Prezidentimiz Ilhom Aliyev meni Islom Karimov bilan tanishtirgandi.  O‘shanda u menda donishmand va samimiy inson sifatida taassurot qoldirgan. Shu sababli  uning qabrini ziyorat qilishni sharafli burchim, deb bildim.

Islom Karimov o‘ta g‘ururi baland, oriyatli inson ekani haqida ko‘p eshitganman. YUNYeSKOning sobiq bosh direktori Federiko Mayor Samarqandda Ulug‘bek rasadxonasini ziyorat qilgan chog‘ida shunday degan ekan: “Ulug‘bekning matematik hisob-kitoblaridan yaxshi tanish bo‘lgan olimlar bu hisob-kitoblar zamonaviy kompyuterlar ko‘rsatgan natijalardan juda kam farqlanishini aytishadi, Ulug‘bek juz’iy xatolarga yo‘l qo‘ygan ekan, xolos”. Shunda Karimov Federiko Mayorga qarab: “Bu juz’iy xatolarga Ulug‘bek emas, zamonaviy kompyuterlar yo‘l qo‘ygan bo‘lsa kerak”, degan ekan. Keyinchalik Federiko Mayor O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini yozarkan, Karimovning o‘sha hazil aralash e’tirozini eslab, uni asl vatanparvar sifatida yodga oladi.

Ulug‘bek rasadxonasi ham, madrasasi ham, umuman, davlat rahbari sifatida ko‘rsatgan faoliyati ham haqiqatan mo‘jizaning o‘zi. Amir Temurning sevimli nabirasi hukmdor sifatida ham o‘z vazifalarini bajargan. O‘zi qurdirgan rasadxonada koinot sirlarini o‘rgangan. Rasadxonani ko‘rdik, uning qarshisidagi Ulug‘bek muzeyida o‘sha davr astronomik asboblari bilan  tanishdik.

Nabiradan so‘ng boboning abadiy oromgohiga yo‘l oldik. Amir Temur maqbarasi o‘zining muhtashamligi bilan kishini hayratga soladi. Garchi bino sharqona usulda qurilgan bo‘lsa-da, negadir menga Parijda, Napoleonning Nogironlar uyidagi qabrini  esga soldi. Bir xil ulug‘vorlik,  muhtashamlik, bir xil buyuklik timsoli.

Amir Temurning, o‘g‘illari Shohruh va Mironshoh, nabirasi Ulug‘bek va boshqalarning qabri pastda joylashgan. Sayyohlar ko‘radigan tepadagi qabr toshlari pastdagilar bilan deyarli bir xil. Amir Temur qabri ustidagi nefrit toshi boshqa qabrlardagidan keskin farqlanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur: “Agar qabrimni ochadigan bo‘lsangiz, katta falokat yuz beradi”, deb karomat qilgan emish.

Sovet arxeologlari bu rivoyatga e’tibor  bermay, 1941 yil 21 iyunda qabrni ochadi. Ertasi kuni urush boshlanadi. Bu jarayonni suratga olgan operator frontda bir oyog‘idan ayriladi. Ushbu jarayonlarda qatnashgan yana bir rejissyor Malik Qayumov to‘qsondan oshib   vafot etibdi.

Buyuk Amir Temurni sovet davrida zolim, qahri qattiq hukmdor sifatida ko‘rsatishgan. Bugun uning shaxsiyatiga xolis baho berilmoqda. U jahon siyosati tarixida Iskandar Maqduniy, Yuliy Sezar singari buyuk va jasoratli sarkardalardan biri ekani e’tirof etilayotir. Shu bilan birga, u ilm-fanga, she’riyatga, san’atga alohida e’tibor bilan qaragan, Samarqand va boshqa shaharlarda mislsiz go‘zal obidalar barpo ettirgan. Bu uning tarixda ezgu nom bilan qolishida katta o‘rin tutadi. Amir Temur shoiru olimlar, san’at va hunar ahliga alohida g‘amxo‘r­lik qilish bilan birga, bugungi ta’bir bilan aytganda, tolerantlik, ya’ni diniy bag‘rikenglikka ham alohida e’tibor bergan.

Samarqandning chetida yassi tepalikda avliyo Daniil yoki Xoja Doniyor ismli zotning maqbarasi bor. Ba’zilar avliyoning jasadi  Bag‘doddan shu yerga olib kelib dafn qilingan desa, ba’zilar faqat bir hovuch tuproq keltirilib ramziy qabr bunyod etilgan deyishadi.

Tepalik etagida xuddi  Shushadagi buloqlar singari muzdek suvli chashma bor. Yana bir rivoyatga ko‘ra, bu buloqdan niyat qilib suv ichish kerak ekan. Isroilda, Quddusdagi “Yig‘i devori” oldida niyatlarimni bir parcha qog‘oza bitib, tosh orasiga joylab ketgandim. Samarqanddagi bu buloqdan suv icharkanman, eng ulug‘ niyatimni — Qorabog‘ va boshqa ishg‘ol qilingan tuproqlarimiz tezroq ozod etilishini Yaratgandan so‘radim.

Samarqandni  ochiq  osmon ostidagi muzey deganlaricha bor. Bu shahar bilan faqat Rim bellasha olishi mumkin. Registon maydoni aniq hisob-kitoblarga tayanib bunyod etilishi bilan  Rimdagi Avliyo Pyotr, Peterburgdagi Senat, Parijdagi Etual obidalari bilan tenglasha oladi.

Registon aslida “qumloq” degan ma’noni beradi. Maydonning uch tarafida mo‘jizakor imoratlar tiklangan. To‘rtinchi tarafi kirish va ko‘rish uchun ochiq qoldirilgan. Shu ochiq tomondan qaralganda, chap tomondagi bino Ulug‘bek madrasasidir. Madrasaning to‘rt tomondan devorlar bilan o‘ralgan ichki qismi Yevropa shaharlarida, xususan, ispan me’morchiligida keng tarqalgan patio – ichki hovlilarni eslatadi. Tabiiyki,  Ulug‘bek madrasasi hovlisi ancha katta.

Registon maydonining ochiq tarafida o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Vaqti-vaqti bilan bu yerda turli tomoshalar, bayramlar, festivallar o‘tkazib turiladi. Kelin-kuyovlar bu yerga kelib, Registon fonida rasmga tushishadi.

Samarqandning mashhur obidalari qatorida Bibixonim masjidi, Shohizinda majmuasi ham butun dunyoga mashhur. Shohizinda majmuasini yaratgan ustalar orasida ozarboyjonlik vatandoshlarimiz  ham bo‘lgan.

Samarqand bilan xayrlashib, tezyurar poyezd­da Toshkentga yo‘l oldik. Ikki soatda poytaxtga yetib keldik. Biz turgan “Siti palas” mehmonxonasi hovlisida qabul marosimi uyushtirildi. Xushovoz xonandalar o‘zbek qo‘shiqlari bilan birga Rashid Behbudov, Edit Piaf, Frenk Sinatra repertuaridan namunalar, Rossinining “Sevilyalik sartarosh”, Puchchinining “Malikai Turondot” operalaridan  ariyalar ijro etishdi. Qoraqalpog‘istonlik iste’dodli yosh xonanda Jenisbek Piyazov Muslim Magomayev ijro etgan ikkita qo‘shiqni kuyladi. U Muslim Magomayev nomidagi xalqaro tanlovda qatnashib, birinchi o‘rinni egallagan ekan.

Turkiyalik yozuvchi va tarjimon, adabiyotimizning sodiq  do‘sti Imdat Afshar bilan ancha suhbatlashdik. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ancha yil davom etgan sovuq munosabat yo‘qolganidan xursand bo‘ldik. Siyosiy va madaniy aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib borayotir.

Turkiyada turkiy tilli davlatlar o‘rtasida o‘tkazilgan turli anjumanlarda O‘zbekiston vakillarining yo‘qligini ko‘rib, ochig‘i, biroz ko‘nglim cho‘kardi. Chunki turk dunyosi o‘zbeklarsiz kemtik bo‘lib qoladi. Turkiya ham O‘zbekiston uchun qadrdon va qardosh o‘lka sanaladi.

Imdat meni Janubiy koreyalik turkolog xonim — In Geng O bilan tanishtirdi. U turkologiya bo‘yicha dastlabki tahsilni Seulda olgan, Istanbulda tamomlagan ekan. Ko‘plab turkiy tillarni, jumladan, turk, ozarboyjon, o‘zbek tillarini bilarkan. Turk dunyosining eng chekka hududlarida, hatto Yoqutiston va Oltoyda ham bo‘lgan. Ozarboyjonga kelib universitetimizning professori, yozuvchi Voqif bilan ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan  ekan.

Xonim o‘zbeklarning “Alpomish”i va koreyslarning “Jumong” eposi o‘rtasidagi topologik tahlilga bag‘ishlangan kitobini menga sovg‘a qildi. Agar “Alpomish” bizning “Dada Qo‘rqut” dostonidagi Alp Bamsiga yaqinligini e’tiborga olsak, xonimning  Ozarboyjon folklori bilan ham qiziqishini ko‘rish mumkin. O xonim   biz bilan Bokuga uchib,  yigirma kun diyorimizda mehmon bo‘lishini aytdi.

Endi yuqorida va’da qilingan masala —  yozuvchilarga bog‘liq masalalar hususida bir necha og‘iz so‘z yuritsam. Biz hamisha uyushmamiz hech qachon yo‘qolmay, parchalanmay kelayotgani, gazeta va jurnallarimiz hamon nashr etilayotgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Zero, ko‘pgina sobiq sovet respublikalarida ittifoq parchalanganidan so‘ng yozuvchilar tashkilotlari yopildi, parchalandi, adabiy nashrlar to‘xtadi, bori ham abgor ahvolga tushib qoldi.

Bularning barchasi haqiqat. Ammo yaxshi misollar ham bor. Bunga O‘zbekistonni bemalol misol keltirsa bo‘ladi. Bu yerda Yozuvchilar uyushmasi hech qachon yopilgan yoki bo‘linib ketgani yo‘q. Adabiy nashrlar soni tobora ortib bormoqda. Har bir viloyatda Yozuvchilar uyushmasining  beshta  shtatga ega bo‘limlari bor. Bo‘lim rahbarlariga yuqori maosh va xizmat mashinalari ajratilgan. Bundan tashqari viloyatlar  hokimlari yozuvchilar uchun homiylik kengashini boshqaradi. Yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyidan tashqari mamlakatning yana ikki hududida ijod uylari qurilmoqda. Toshkentda yozuvchilar uchun ajratilgan hududda 120 xonadonga mo‘ljallangan ikkita turar-joy majmuasi davlat hisobidan bunyod etilayotir.

Ilgarigi adabiyot jamg‘armasi o‘rniga ikkita zamonaviy fond – “Ijod” va “Ilhom” fondlari tuzilgan. Ularning moliyalashtirilishi ham e’tiborimni tortdi. “Ijod” fondi faqat yozuvchilar, “Ilhom” esa  boshqa yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarga xizmat qilarkan. Bu fondlar davlat byudjetidan, qisman homiylik yordamlaridan, qisman davlat tasarrufidagi va boshqa nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblardan tushadigan daromadlarning muayyan foizi hisobidan moliyalashtirilar ekan.

Nashriyotlarning bu foizlari me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solingan. Agar shu to‘lovlarni bo‘yniga olmasa, nashriyotlarga litsenziya berilmas ekan. Bu tajribani biz ham qo‘llab ko‘rsak ziyon qilmasdi.

Alisher Navoiy  nomidagi Milliy bog‘da  o‘zbek shoir va yozuvchilaridan Abdulla Qahhor, Oybek va boshqalarning haykallari o‘rnatilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyaning takliflariga ko‘ra, shaharning boshqa hududlariga o‘rnatilgan  mashhur shoirlar – Hamid Olimjon, uning rafiqasi, shoira Zulfiyaxonim va o‘afur o‘ulom  haykallari ham  Adiblar xiyoboniga ko‘chirilgan.

Bu yerda xalq shoirlari Erkin Vohidov va uyushmaning sobiq rahbari Abdulla Oripovning haykallari ham o‘rnatiladi. Ushbu xiyobonda ma’naviyat darslari, o‘quvchilar, birinchi nav­batda yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etish, xorijlik mehmonlarni o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodi bilan tanishtirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi zali ham Yozuvchilar uyushmasi ixtiyoriga berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Yozuvchilar uyushmasi nufuzini yanada oshirishga yo‘naltirilgan qator farmon va qarorlari e’lon qilingan.

Bir qator adiblarning ijod maktablari tashkil etilgan. Ularda  o‘zbek adabiyotini chuqur o‘rgatishga alohida ahamiyat  beriladi. Biz ishtirok etgan xalqaro anjuman ham o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitishda, o‘rganilishida, targ‘ib etilishida muhim qadam bo‘ldi. Navoiy va Bobur daholari ila, Muqimiy, Hamza, Cho‘lpon singari adiblar merosi ila boy va mukarram o‘zbek adabiyoti chindan-da dunyoga keng tanilishga, o‘rganishga va namuna bo‘lishga  loyiqdir.

Qardosh o‘zbek yozuvchilari bilan mustahkam ijodiy hamkorligimizni yanada kuchaytirish Ozarboyjon Yozuvchilar birligi  zimmasidagi sharafli va muhim vazifadir.

 

Ozarboyjonning “525-gazet” gazetasi, 18 avgust soni.

Ozarboyjonchadan tarjima

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.