Otalar yurtida

0
112
marta koʻrilgan.

Baxmal tumanidagi osmonoʻpar togʻlar orasida joylashgan Aldashmon qishlogʻini tanti tabiatning sakkizinchi moʻjizasi desa hech kimning haqqi ketmaydi. Bu kentni birgina ravzaga mengzash mumkin. Anov-manov suxandonning bu goʻshani taʼriflay olishiga koʻz yetmaydi. Bu yerga kelib ob-havosidan, turfa oʻt-oʻlanlarning boʻylaridan bahramand boʻlishdan sozi yoʻq. Uzoq va yaqin oʻtmishni bilish uchun esa Misr aka misoli quyma quloq qariyalari bilan qishning uzun tunlarini tongga ulab yo javzo oylarida qirga chiqib maysa-qatronlar qoʻynida gurung qilishga toʻgʻri keladi. Uningsiz ham favqulodda yoʻlingiz tushib istagan uyning qopqasini qoqib, mehmonmiz, musofirmiz, yoki boʻlmasam, yoʻlovchi, yoʻqlovchimiz, desangiz bas, sizning amal-tamalingizni, sulton yo sulaymonligingizni surishtirib oʻtirmay oyogʻi bilan emas, boshlari bilan xizmatingizda boʻlishadi. Faqat oʻzingizni katta chogʻlab, osmondan kelmasangiz, sipo-satanglik qilmasangiz boʻlgani. Ishlari ham, yashashlari ham, feʼl-atvorlari ham, tillari ham dashtiycha. Qoʻying-chi, bu yerda – mehmon atoyi xudo, degan gap – gap. Shunday qilib otdan ham tushdingiz. Ana endi siz – izzatda. Uy egalari xizmatda. Qoʻylar soʻyilgan. Doshqozonlar osilgan. Mehmonxonaga banoras, beqasam koʻrpachalar toʻshalgan. Shimingizning taxi buzilmaslik uchun yoningizga barqut yostiqlar taxlami bilan qoʻyilgan. Dasturxonlari ham dashtga xos: qozon patir (ustida qorin yogʻi bilan), qaymoq, oʻz bogʻlarida yetishtirilgan qirmizi olma, yongʻoq, bu – nonushtalik. Tushlik ham bir gap boʻlar. Kechlikni ham aytib oʻtarmiz.

– Qani, miymon, uyalmay jeb oʻtiring!

– Qani, miymon, dasturxonga qarab oʻtiring!

– Joʻl jurib kelgansiz. Picha dam olasizmi?

Bu hali kunduzgi iltifot. Kech kirishi bilan qishloqning yoshi keksasi chorlanib tong otar bazm boshlanadi. Yoz chogʻi qimiz quyruq boviri bilan. Qish boʻlsa qurtoba, qazi-qartasi bilan. Bazm oyoqlay boshlashi bilan davradagilardan biri: “Ertaga jappa bizdikiga,” degan boʻladi.

Shunday qilib, mehmonnavozlikdan boshingiz arimay qoʻlma-qoʻl ham boʻldingiz. Togʻ tabiatli atvorlari dashtiycha odamlar bilan ellashib, tillashib ham oldingiz. Endi, xoynahoy, koʻnglingiz sayr-sayohatni qoʻmsayotgandir. Bosh ustiga. Faqat latifagoʻy, shahar koʻrgan, el kezgan, eng muhimi, bu togʻlarni besh qoʻlday biladigan, kerak boʻlsa kosagullik qiladigan bir kishi kerak.

Oʻngar Tilov oʻgʻli. Bu kishi togʻlar begi. Sharof Rashidovning nazari tushgan.

Sanaqul begali oʻgʻli. Koʻpni koʻrgan. El kezgan. Avlod-ajdodi bek boʻla kelgan.

Muxtor ogʻa Doʻstmurod oʻgʻli. Tilida ham bol, dilida ham.

Mulla Ravshan Xudoyor oʻgʻli. Aravani eskichasiga ham, yangichasiga ham teng torta beradi. Dutorni gapirtirish bu kishiga otameros. Oʻzi ham aldashmonliklarning man-man degan sara va sayroqi qizlaridan birini tanlab olgan. Goʻroʻgʻli Sultonga oʻxshab.

Qay birlarining vaqtlari boʻlsa boʻldi. Xizmatlaringizda boʻlishadi. Yo chek tashlaymiz! Mana chek. Muxtor ogʻaga tushdi.

Oʻrkach-oʻrkach boʻlib yotgan bu silsilali togʻlarning har oʻngir, har qir, har adirini u kishichalik yaxshi bilar kishi Sangzor-Soy boʻyida kamdan-kam. Qani boʻlmasam, endi hamma ot-otiga minsin. Yoʻlga tushdik. Muxtor ogʻa yoʻl-yoʻlakay mehmonlarni bu togʻ, bu daralarning tarixi balan tanishtirib boradi:

– Anavi elas-elas koʻrinib, qor qoplab jatqan qoyaning terskay tomoni Bozorxonim, bu jer Bibixonimning yozlik oromgohi boʻlgan ekan. Minovi jalgʻizoyoq joʻl tuvri Qirqqizgʻa olib boradi. Qirqqiz haqidagi afsona oʻzi bir kitob. Togʻlarning siri-sinotini oʻz koʻzimiz minan koʻraylik. Shaharda jura berib eshakni xachirdan, ohuni olqordan ajaratalmay qolipmiz, desalaringiz Goʻrolosga oʻtamiz. Bir oqshom tunaydigan boʻlib. Xudoning qudratini koʻraman desalaringiz joʻldi Oqchepkan minan Oqtovga solamiz. Narjogʻi Tojikiston. Uyga quruq qoʻl bilan bormaylik desalaringiz Panjikent minan Hurmetan kentlariga oʻtib taʼmi boldan oshib tushadigan tuttalqon minan tutmayizdan, har qaysi Namangonning nokiday keladigan oftobi oʻrigidan ola qaytamiz. U jerda ota-bobolarimiz minan bordi-keldi qila kelgan jon ayamas tojik oshnalarimiz bor. Faqat shu atrofdagi aziz-avliyolardi ziyorat qilmay turib togʻma-togʻ, ovulma-ovul jurishdi qariyalar yaxshi aytmaydi. Shuning uchun birinchi ishdi Murtazaxon Ali minan Xoja Shoqosim Anvar hazratlarini ziyorat qilib, tilovat tushirishdan boshlasak. Sadagʻang ketay bu kishilar Ismoil Buxoriyning nasablaridan.

– Muxtor ogʻa, – deymiz biz, – gapingizga qaraganda bu yerlarning tarixi ming yil nari bilan bogʻliqqa oʻxshaydi.

– Xuddi shunday. Surishtira bersangiz undan ham nariga borib taqaladi. Begali bobo boʻlganlarida u kishi bu savollaringizga boshdan-oyoq javob bergan boʻlardi. U kishining ham oʻtganlariga oʻn yildan oshib qoldi.

Biz uchun Muxtor ogʻaning gapi – gap. Sayru sayohatimiz uch kechayu uch kunduzga aylanib ketdi. Togʻ havosi. Tish qaqshatar chashmabuloq suvlari. Qoʻychibonlarning qatigʻi. Yilqichilarning qimizi. Tuyakashlarning qimroni. Ne bir uy bekalarining besh barmogʻi. Bu togʻlarning pista, bodomlari. Ming bir darga davo tuman-turli giyohlari.

Alhol, safarimiz qarib oʻsha oʻzimiz qoʻnib, qoʻnoq boʻlgan Aldashmonga qaytar ham boʻldik. Kela-kelguncha sheriklarimiz koʻrgan, bilganlarini ayta-ayta kelishdi.

– Bobolarimiz pul topguncha hisob top, deb bekorga aytishmagan ekan. Pul topishga topar ekanmiz, qayga borib dam olib, hordiq chiqarishni bilmas ekanmiz. Hali Sochi deb, hali Yalta deb…

– Bizlar ham yurgan ekanmizda, shahar bizniki deb. Katta yashab, katta umr oʻtkazishni endi bilvopman. Vot, manzara. Vot, tabiat. Nasib qilsa yanagi yili bola-chaqalarni olib, albatta kelamiz.

Hurmetandan qaytishda Muxtor ogʻa bizni boshqa yoʻldan boshlab, yoʻl-yoʻlakay har dara, har qishloq, har soy, har qoya bilan tanishtira keldi:

– Qaytar joʻlimiz qadam-baqadam enish. Anavi koʻrinib turgʻan jakka archa. Aldashmonliklarning jonliq moli tushda shu archa atrofida soyalaydi. Manovi katta qirding chor atrofi ekin-tikinlik jerlar. Arpa, buvday, noʻxat, kunjut, zigʻir deganday. Qibla tomondagʻi koʻrinib turgan – Qiziljar. Oʻttizinchi jillari bu jerda ellik-oltmish xoʻjalik jashar edi. Biri quloq, biri xalq dushmani, biri basmachi, biri… Quv-quv, ushla-ushla, terga-terga boshlanib qishloqqa it tegdi. Biri jon saqlash uchun choʻlga koʻchdi, biri qurama eliga ketdi. Shuytib butun boshliq bir qishloq joʻq boʻp ketdi. Anavi Soyboʻyidagi jakkatol. Aylanasiga diyqonchilik qilgan kishi bir jilda oʻzini tiklab oladi. Jerlari qora tuproqli, qumloqli. Toʻbalida bitgan qovun-tarvuzning mazasi sharbatdan oshib tushadi. Hali-hamon bu jerlarga selitar-pelitar degan narsa joʻlagʻancha joʻq. Bu jerlarda pitgan kartishkaning mazalikda mayakding sarigʻidan parqi joʻq. Ayniqsa, tandirning qoʻrigʻa koʻmsangiz borma. Eha! Makkayisini aytmaysizmi! Arpa minan buvdayning boshi choʻlda bitgan makkayining soʻtasiday keladi.

Gap bilan boʻlib Aldashmonning mirza teraklari bilan qora tollari koʻzga chalinib qolganini bilmay qolibmiz. Bir mahal sayhonlikda qoʻsh haydayotgan bir kishining xirgoyisi eʼtiborimizni tortdi.

– Ha, bu Mustafoqul goʻyanda, – dedi Muxtor ogʻa. – Diyqonligi shoyirligidan, shoyirligi diyqonchiligidan ustuvor. Uzangi joʻldoshlari hazillashib Joʻqiyman degan shoyirlarding bari Mustafoquldan tarqagan deyishadi.

– Aytganlari, toʻqiganlari hech qayerda chiqqanmi? – soʻraymiz ogʻadan.

– Joʻgʻe, qayoqda deysiz. Oʻzi ishlab, oʻzi aytib juradi. Shoyir zotini jaman koʻradi oʻzi. Shigʻir ham, shoyir ham it juzumiday koʻpayib ketdi, deb. Ayniqsa, hozirgi jashlarimiz aytadigan suyuqdan suyuq, jalangʻoch, pardasiz qoʻshiqlardi eshitsa jon-poni chiqib ketadi. He, oʻsha, aytgan seni ham, senga jazib bergan shoirdi ham… deb.

Yoʻlimizni oʻsha qoʻshchi tomon burmoqchi boʻlgan edik. Sheriklarmiz koʻnmadi.

– Oʻzi charchab kelyapmiz. Shu vaqti goʻyanda tugul bulbulning ovozi kishiga malol kelib turibdi, – deyishdi.

Qoʻying-chi, Oybotganga kelganda boʻlinar boʻldik. Safardoshlar qishloqqa, men esa haligi qoʻshchi tomonga. Oʻsha Mustafoqul goʻyanda degan kishimiz xirgoyi qilib qoʻsh haydamoqda edi:

 

Oʻtgan qish qorli keldi,

Koʻklam yomgʻirli keldi.

Asad hovurli keldi,

Kuzin bersin ilohim.

 

Hozir avji qoʻsh vaqti,

Tinim bilmas ish vaqti,

Kelsa dam olish vaqti,

Roʻzin bersin ilohim.

 

Toshni bossang un boʻlsin,

Nonimiz butun boʻlsin,

Ziroat durkun boʻlsin,

Jazm bersin ilohim.

 

Bir kun oʻtar har yerda,

Bir burda non bor yerda,

Kun kechirish or yerda,

Izom bersin ilohim.

 

Xizr dorib xirmonga,

Oʻralar toʻlsin donga.

Tinim bilmas bu jonga,

Toʻzim bersin ilohim.

 

Qiz turibdi boʻy yetib,

Oʻgʻil esa er yetib –

Meni gʻam asr etib

Oʻzim bersin ilohim.

 

Umr oʻtdi xorlanib,

Sir boy bermay orlanib,

Dilda armon qalanib,

Arzim bersin ilohim.

 

Oldinda oydin tunlar,

Bundan-da yorugʻ kunlar,

Rizqi roʻzi butunlar,

Ramzin bersin ilohim.

 

Kushoyish har kuniga,

Xotirjamlik tuniga

Biriga oʻn, oʻniga

Yuzin bersin ilohim.

 

Niyatning xolisligini qarang, Mustafoqul akaning qoʻlini olib, hormang-bor boʻl, salom-alik qilib ulgurmasimdan burun u kishi hoʻkizlarini omochdan ayirib – “ozodlik” berib, tushlik taraddudini koʻrmoqda edi. Avval gapimiz koʻpam qovusha bermadi. Chunki ishlayotgan odamning koʻziga “sanqib” yurgan odam balo-qazoday koʻrinadi.

– Kelinglar? Bu tomonlarga qanday shamol uchirdi? Oʻzi ham shaharlikka oʻxshaysiz? (u kishi aslida, oliftaga oʻxshaysiz, demoqchi edi sheklli) – deya gapni oʻzi boshlab qoldi qoʻshchining.

– Men Sulaymonqulning oʻgʻli Toʻraqulman, Mustafoqul aka.

– Ha, mulla Boybekning nabirasiman deng. Eshitganim bor. Haligi Toʻra Sulaymon degan shoyir?

– Shunday.

– Bobolaringiz Sangzor-Soy boʻyining eng izzatli kishilari edi. Ena tomondan bobongiz Nurmat polvon. Ziyoda usta edi. Rahmatli. Yana Ibrohim choʻyan. Bu kishining bir choʻbiri boʻlgan. Oʻzi charchaganda choʻbiri, choʻbiri charchaganda oʻzi koʻtarib keta bergan. Kuch ham xudoning bandasiga bergan bir neʼmati. Saidazim togʻangiz bosmachilarning boshligʻi boʻlib…

– Hammalarini bilasiz ekan.

– Nega bilmas ekanmiz, oshna. Otangiz rahmatli ham quloq boʻlib… Qamoqdan kelgandan soʻng Mirzachoʻlga koʻchirma xoʻjalik qilindi. U vaqtlari sizlar etagini koʻtarib jurgan bola edilaringiz.

– Qismat-da, qismat, Mustafoqul aka. Shunday behishtga bergusiz elimiz turib Mirzachoʻlda javlon urib yuribmiz…

– Javlon urib deng. Tuvri aytdingiz. Nasib-da nasib. Hay, endi ishlar yaxshimi axir? Kelgan ekansizlar-da? Kecha eshitgan edim Toʻraqullar kepti, deb. Yaxshi. Kep turish kerak. Mehr ikki koʻzda, deydilar…

Bizning hangomamiz koʻproq yaqin oʻtmishga ketgani uchun gapni qoʻshchining oʻziga qaratib burdim:

– Mustafoqul aka deyman?

– Labbay.

– Yurgan ekanmizda, biz ham shoirmiz, deb.

– Nima edi?

– Qoʻsh hayday turib aytgan qoʻshiqlaringiz mening uchun quymaliga, tugʻmaliga, suymaliga oʻxshab tuyuldi? Shu aytganlaringizni menga koʻtarasiga sotmaysizmi?

Hazil aralash aytgan bu gapim goʻyandaning koʻnglini ogʻritib qoʻydi-yov deb yuragim orqaga tortib ketdi. Xayriyat, Mustafoqul aka hazilga hazil bilan javob berdi:

– Koʻtarolmaysiz-da. Choʻlliklarning suyagi moʻrt boʻladi. Undan tashqari men sizlarga oʻxshab sotib tirikchilik qilishga hali oʻtganimcha joʻq. Xudo meni jerdan, oʻz kasb-korimdan ayirmasa boʻgʻani. Ana shu omoch minan qoʻsh hoʻkizim – mening traktirim. Bir gektarcha jerim bor. Kuzda bir haydayman. Koʻklamda bir. Ogʻan hosilim, koʻtargan xirmonim bir jilgʻa jetib ortadi. Traktirdi biron marta jerimgʻa kiritganimcha joʻq. Traktir kirgan jer jer boʻlmaydi. Qora jer boʻladi. Odamlarimiz traktirga oʻrganib jalqov boʻp ketdi. Buni bilgan biladi. Keyin diyirmonning uni minan zavodning uni oʻrtasidadagi farq – jer minan koʻkcha. Juvozding moyi qaydayu, magazinning oqmoyi qayda…

Men gapni yana “hayda-yo, hayda”ga burmoqchi boʻlaman.

– Mustafoqul aka, yozish-chizishni bilarsiz?

– Xat-pat yozish qoʻldan keladi.

– Aytgan baytu bandlaringizni yozib berasizmi, yo…

– E-ha, bunga vaqt qayda deysiz. Keyin nima qilaman jazib. Har kim oʻz kasbidan qolmasligi kerak.

– Boya aytgan “Haydayo, hayda”ngizni biron bir gazit, yo jurnalga chiqaraylik.

– Oʻzingiz bilasiz. Lekin mening nomimdi koʻrsatmang. Odamlar yana, bu Mustafoqul tuppa-tuzuk odam edi. Bunday chaqa hunari borligini bilmas ekanmiz… Shoʻrlikning peshonasida bor ekan-da, deb jurmasin yana… Eshitganim bor, koʻpchilik shoyirlar orqali boʻladi, deb…

Tushlik ham tugab, Mustafoqul aka qoʻshini qoʻshishga chogʻlanishi bilan xayr-xoʻshlashib, qoʻnib-qoʻnoqlab yurgan yerim Oʻrazali fermerniki qaydasan, deb… Yoʻl-yoʻlakay kelaturib oʻzimiz yozib yurgan (necha oʻchirib, necha koʻchirib) sheʼrlar bilan Mustafoqul aka aytgan “Hayda, jonim, hayda”ni solishtirgan boʻlaman. Bizning eshik-teshikni bekitib olib, ilhom parisining kela qolishini tunlab kutganlarimiz, kunlab kutganlarimiz yodimga tushadi. Ana endi ne mashaqqatlar bilan bitilgan sheʼrlarimizni nashrma-nashr kezib bir oʻtkazib, bir oʻtkaza olmaganimiz yodimga tushadi. Bahouddin Balogardon pirim “dil ba yoru dast ba kor,”, degan oʻlmas gaplari yodga tushadi. Aslida oʻsha Mustafoqul akaning qoʻsh haydab yurib aytganlari sof xalq qoʻshiqlari emasmi? Axir xalq qoʻshiqlarini xalq bir yerga yigʻilib, xor-kapellaga oʻxshab aytmaydilar, yozmaydilar. Ana shunday quyma satrlar tildan-tilga oʻtib xalq qoʻshiqlariga aylanmaydimi? Bunday qoʻshiqlar oʻz kuyi, oʻz ohangi bilan yaralib xalqning maʼnaviy mulkiga aylanmaydimi? Mening bu gaplarim hukmmas, albatta. Bu mening qoʻshiq haqidagi dashtliklarga xos oʻz falsafam. Xalq qoʻshiqlariga, uning ijodkorlariga boʻlgan mehru muhabbatim. Yana deng, har ikkalasi oʻrtasidagi tafovutni bilib-bilmay, ajratib-ajrata olmay bolishday-bolishday ilmiy nashr qilib, ilmiy darajalar olib yana oʻzimizni osmon qadar chogʻlashimiz haqidagi iztiroblarim.

Alalxusus, dam olishimiz ham, sayru sayohatimiz ham dashtliklarga xos edi. Olgan taassurotlarimiz esa oʻzgacha boʻldi.

 

Toʻra SULAYMON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.