Ona sayyorasi

0
10384
marta koʻrilgan.

“Onajon” (Toshkent, “O‘zbekiston”, 2013) kitobiga yozilgan soʻzboshi

 

Ona!

Bu tabarruk soʻzni aytish yoki eshitish bilan yuragimizda bexosdan cheksiz mehr paydo boʻladi. Va har safar vujudimizda onaning munis va mehribon siymosi aks eta boshlaydi. Tomirlarimizda samimiyat va yaxshilik daryoday joʻsh uradi. Ona, deyish bilan tilimiz ham, dilimiz ham beqiyos insoniy mehr-muhabbatga, ezgulikka toʻlib-toshib boraveradi, boraveradi…

Bolaligimizda, aniqrogʻi esimizni taniy boshlagan kezlarda bizga; “Onangni yaxshi koʻrasanmi yoki otangni yaxshi koʻrasanmi”, deb paydar-pay savol berishadi. Va tabiiyki, koʻpchilik, “onamni”, deb javob beradi. Bu aslo otamni yomon koʻraman, degani emas. Aksincha, bu onaga boʻlgan mehr-muhabbatning yuksak ramzi, onaga boʻlgan samimiyatning bebaho izhori ekanligini otalarimiz ham tushunadi. Onalarimizni yaxshi koʻrishimiz, ardogʻlashimiz va xurmat qilishimiz otalarimizga hech mahal ogʻir botmaydi. Chunki, otalarimizning ham onalari bor. Ular ham oʻz onalarini bizday qadrlab, bizday yaxshi koʻrib biz kabi xurmat qilishiga ishonamiz. Onani eʼzozlash, qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyib, boshga toj kabi koʻtarish bizlarga ota-bobolardan meros. Mashhur qoʻshiqda aytilganidek: “Bu olamda ulugʻ zot kim, desang, doim onam derman”.

Ona ulugʻ zot boʻlish bilan birga, oʻzida hayratli moʻjizalarni mujassam etgan sir-sinoatlarga boy inson. Masalan, goʻdak chinqirib yigʻlayapti. Uni atrofidagilar qancha harakat qilmasin tinchlantirolmayaptilar. Bola na aldovga, na doʻqqa koʻnadi. Yumushlardan boʻshagan onasi uni darhol bagʻriga bosadi. Goʻdak ona isini olishi bilan tinchiydi. Yana bir holat: bola kasal, issigʻi baland, bir ahvolda yotibdi. Unga doktorning dori-darmonlari ham unchalik kor qilmayapti. Shunda ona alahsirayotgan farzandining peshonasiga mehr bilan haroratli kaftini qoʻyadi. Bir pastdan soʻng bola orom ola boshlaydi. Ona bilan bogʻliq bunday hayratli misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Ona shu qadar ulugʻ va qudratli zotki, u koʻzga koʻrinmas ulkan kuch bilan, mehr-muhabbat bilan faqat farzandlarini, yaqinlarini emas, balki butun boshli insoniyatni bagʻriga bosib, dardiga darmon boʻla oladi.

Ona hamisha oʻzida beqiyos kuch-qudrat topaoladigan noyob qudrat egasi. Yana bir gap: jafokash tarix sahifalaridan yaxshi bilamizki, onalar eng ogʻir va qiyin davrlarda ham, qatagʻon va qahatchilik yillaridan ham metin irodali va mehribon, jasoratli va samimiy, dovyurak va mehnatkash boʻlib, avvalo, jonidan ham aziz farzandlarini, tugʻilib oʻsgan Vatanini asrab qolish uchun hayotini fido qilishdan aslo qaytmaganlar. Onalar qatagʻonlardan qoʻrqmaganlar, tuhmatlardan aslo choʻchimaganlar. Farzandlar esa onalarning jasorati va mardona nigohlaridan kuch-quvvat olganlar, botir boʻlganlar… Bunday ulugʻ onalar xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhlariga hamisha duolar qilish insoniy burchimizdir.

Odam bolasi ona tufayli bu yorugʻ jahonni koʻrish baxtiga muyassar va musharraf boʻladi. Ona tufayli bu hayotning barcha lazzatlaridan bahramand boʻladi. Ona tufayli dunyoning zavq-shavqiga, quvonchlariga koʻmilib yuradi. Ona tufayli baxt-iqbolga erishadi. Ona tufayli umrini yaxshiliklarga, ezguliklarga, fidoyi ishlarga safarbar etadi. Ona tufayli umrini yaxshi va ezgu amallar bilan bezaydi. Har bir farzand, xoh u oʻgʻil boʻlsin, xoh u qiz boʻlsin eng avvalo, onasini rozi qilishga intiladi. Onasi oldidagi qarzni uzishni sharafli burchi, deb biladi.

Ona baxti – farzandlar baxti, oila baxti, jamiyat baxti. Ona bu bebaho baxtni hech kimga, hech nimaga alishmaydi.

Baʼzan onani umri uzoq va metinday mustahkam daraxtlarga qiyoslashadi. Yoki ona irodasini ulkan togʻlarga, ona mehrini daryolari-u ummonlarga oʻxshatishadi. Bu oʻxshatishlarning barchasi haqiqat. Goʻyo eng yoshi ulugʻ daraxtlar ham onalar umriga taqlid qiladilar. Togʻlar ham aslida oʻz irodalarini onalarga qarab chamalaydilar. Daryo-yu dengizlar mehr-muhabbatda onalarga teng kelish-kelmasligi haqida bahs yuritadilar.

Tabiat onalar bilan hisoblashadi, onalar bilan maslahatlashadi, onalar bilan birga qadam tashlaydi. Oʻatto tabiat ham onaizorga ozor bergisi kelmaydi. Tabiat mehr koʻrsatishda, mehribon boʻlishda onalardan ibrat oladi. Shu bois uni ona-tabiat deymiz.

Dunyoda qancha millat boʻlsa uning shuncha onasi bor. Har bir millat farzandi oʻz onasini yaxshi koʻrmasligi, qadrlamasligi va hurmat qilmasligi aslo mumkin emas. Ona Afrikada ham, Amerika va Hindistonda ham, Osiyo, Yevropa va Antarktidada ham ona. Ona ulugʻ va bebaho zot sifatida har joyda, har mamlakat va millatda beqiyos darajada eʼzozlanadi. Rang-roʻyidan, urf-odatidan, turmush-tarzidan qatʼiy nazar ona ulugʻ zotligicha qoladi. Jumladan, biz, oʻzbeklarda ham. Onamiz, onajonimiz, porlab turgan quyoshimiz, toʻlin oyimiz, charaqlab turgan yulduzimiz. U bizning – jonajonimiz…

Dunyo xalqlari ichida onalarni sevish, qadrlash va ulugʻlash borasida oʻzbeklar hamisha eng oldingi saflarda borayotgani, boshqa millatlarga oʻrnak boʻlayotgani kishiga faxr va iftixor bagʻishlaydi. Bu ajoyib va bebaho fazilatimiz bilan har qancha gʻururlansak, faxrlansak arziydi. Bizday onani boshiga koʻtaradigan va onaday ulugʻ zotning hurmatini joyiga qoʻyadigan millat kam topilsa kerak, ehtimol biz kabi onaparast xalqlar barmoq bilan sanarlidir…

Mustaqillik davri nafaqat Vatanga, insonga boʻlgan munosabatlarni balki birinchi galda onaga, onajonlarimizga boʻlgan mehr-muhabbatimizni, samimiy munosabatimizni, batamom oʻzgartirib yubordi. Mustaqillik tufayli oʻzbek onalari yuksak qadr topdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Onalar jamiyatning ijtimoiy kuchiga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov iborasi bilan aytganda: “Onalarning obroʻ-eʼtiborini jiddiy ravishda oshirish, ularning mehnatini, jismoniy sogʻlom, maʼnaviy boy hamda axloqan pok yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatini munosib baholashimiz kerak. Ona toʻgʻrisida, uning farzandi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish davlatimizning muqaddas burchidir.”

Mamlakatimizning mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumentida quyoshday porlab turgan “Baxtiyor ona” haykali yuqorida aytilgan hayotiy fikrlarning amaldagi yorqin namunasidir.

Onalar baxtiyor yurt – kelajagi buyuk yurt.

Onalar baxtiyor yurt – tinchlik barqaror yurt.

Onalar baxtiyor yurt – farzandlari hech kimdan kam emas yurt.

Onalar baxtiyor yurt – mangu ozod va obod yurt…

Bizda katta bayramlar, yirik tantanalar “Baxtiyor ona” haykali poyiga guldastalar qoʻyish, onani ziyorat qilish bilan boshlanadi. Bu ziyoratda hikmat bor… Goʻyo onaning pok duosi bor…

Millatning ulugʻligi – onaning ulugʻligi bilan belgilanadi. Onaga boʻlgan ehtirom – millatga boʻlgan ehtiromdir. Millat komilligi – ona komilligi bilan oʻlchanadi.

Oʻzbek onasi hamisha mehnatkashligi, mehnatsevarligi va zahmatkashligi bilan boshqa millat onalariga ibrat boʻlib kelayotir. Oʻzbek onasi mehnat oldida tiz choʻkmaydi, aksincha mehnat ustidan hamisha Qolib keladi. Mehnat undan chekinadi. Ona har qanday mehnat va yumushni ezgulikka aylantiradi. Mehnatga saxovat bagʻishlaydi. Onaning harakatida barakat bor, saxovat bor.

Oʻzbek onasi pazandalikda ham, hunarmandlikda ham boshqalarni lol qoldiradi. U yopgan nonlardan ona mehri kelib turadi. U pishirgan taomlardagi lazzatni hech qayerdan topolmaysiz.

Onalarimizni, onajonlarimizni taʼriflab, ulugʻlab va ularni madh etib yozilgan asarlarni, chop etilgan kitoblarni yiQsak, ulkan togʻ boʻlishi tabiiy. Lekin bu asarlarning birortasida ham ijodkorlar hali onaga aniq va loʻnda taʼrif berolmagan. Oʻali onaning mukammal siymosini aks ettirgan badiiy asarning yaratilmagani ham haqiqat. Shunday boʻlsada ijodkorlarimiz onalarni madh etishdan, ularni taʼriflab-tavsiflashdan bir lahza toʻxtaganlari yoʻq. Irmoqlar daryolarga, daryolar dengizlarga mudom quyilib turgani kabi onalar haqidagi asarlar ham adabiyot ummonini muntazam boyitib borayotir.

Ushbu kitob onalarga bagʻishlab yozilgan sheʼrlar ummonidan bir tomchi xolos. Shu bois kitob dunyodagi eng yangroq, dilrabo qoʻshiqday tuyuladi. Kitobdan oʻrin olgan sheʼrlarga va ularning mazmun-mundarijasiga ham toʻxtalmadik. Hatto “Ona”, “Onajon” soʻzlari bilan bezangan sheʼrlar sarlavhalarini ham asl holicha qoldirdik. Bu oʻquvchi meʼdasiga tegmaydi. Sheʼrlarga baho berishdan ham oʻzimizni tiydik. Chunki har bir ijodkor oʻz onasi haqida qanday yozgan boʻlsa, shundayligicha chop etishni lozim topdik. Sheʼrlarga baho berish siz-aziz kitobxonlar hukmiga havola.

Yana bir gap; kitobdan barcha ijodkorlarning ona haqidagi sheʼrlarini toʻla gʻamrab olishning imkoni boʻlmadi. Keyingi nashrlarda bu kemtikni toʻldirib boramiz. Umid qilamizki, bu ezgu ishda sizlar ham bizga yordam berasiz. Kitobni oʻqib chiqgach, siz ham oʻz onajoningiz haqida sheʼr yozib yuborsangiz ajab emas. Agar ona haqidagi sheʼr yuragingizda paydo boʻlgan boʻlsa, qoʻlingizga darhol qalam oling. Va faqat toʻgʻrisini yozing. Ona – muqaddas mavzulardan biri. Onalar haqida yengil-yelpi va yolgʻon yozib boʻlmaydi. Onalar quruq va soxta maqtovlarga hech qachon muhtoj emas. Shunda ona oldidagi mingdan bir qarzingizni uzishga harakat qilgan boʻlasiz.

Ona aslida oʻz ulugʻlik koʻlamining keng chegarasizligi, mehr olamining beqiyosligi va hadsizligi bilan sayyoraga oʻxshaydi.

Ona koinot misol insoniy fazilatlari, tinchlik, ezgulik, bagʻrikenglik, mehr-muhabbat ramzi sifatida odamzotni doimo bagʻriga mehr bilan bosib turadi.

Ona yer sharini balo-qazolardan, yomonlik va yovuzliklardan asrovchi buyuk jasorat timsolidir.

Ona buyuk sayyora… har birimiz ana shu sayyoraga mudom talpinamiz va hamisha uning atrofida parvonamiz. Ona sayyorasidan najot kutib yashaymiz.

Mangu bor boʻl, mangu boqiy boʻl, najotkorimiz – Ona sayyorasi!..

 

Ashurali JOʻRAYEV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.