Oʻn sakkiz ming dars

0
375
marta koʻrilgan.

Hech esimdan chiqmaydi. Yigirma yillar avval poytaxtda ishlardim. Bir gal uyga kelishimda Andijonda poyezddan tushib, taksiga oʻtirdim. U paytlarda bizning Gurkurovga oʻxshagan chekka qishloqlarga avtobus qatnamas, yengil mashina esa anqoning urugʻi edi. Viloyat rahbarlarining tashrifi kutilayotgan boʻlib, mahalla faollari, oʻqituvchilar koʻchaning ikki chetidagi ajriq, oʻtlarni yulib, tozalashayotgan ekan. Oʻtirgan joylarida yelkalari osha taksiga qiziqib qarayotganlar orasida boshlangʻich sinfda meni oʻqitgan muallimam ham bor edi. Menga koʻzi tushdiyu darhol oʻgirilib oldi. Salom berishga ham ulgurolmadim. Oʻshanda dabdurustdan oʻqituvchimizning nega bunday qilganini yaxshi anglamadim. Balki muallimam beoqibat oʻquvchisidan bir bor yoʻqlab qoʻymagani uchun ranjigandir.

Toshkentga qaytgach, “Ustozlarimga” degan sheʼr yozdim. U “Oʻqituvchilar gazetasi”da bosildi. Ammo baribir bu ishimdan ham koʻnglim toʻlmadi. Universitetni bitirgandan ancha keyin maʼlum muddat maktabda ishlagach, oʻqituvchi-murabbiylarning zahmati, tashvishlarini yanada yaxshiroq his etgan, ularning naqadar xayrli va serzahmat kasb egalari ekaniga amin boʻlgan edim.

Aslida, muallimlar toʻgʻrisida juda koʻp yozilgan, aytilgan. Bundan keyin ham yozilaveradi, aytilaveradi. Yozilishi, aytilishi ham zarur, shart. Axir hamma ustozlar sarflagan botmon-botmon mehnatning, yaxshilikning, muruvvatning loaqal bir misqolini qaysi bir yoʻlda qaytarish payida boʻlishi ham lozim emasmi?

Oʻqituvchi oʻz oʻgʻil-qizlariga taʼlim, eʼtibor berishga yetarli vaqt ajrata olmasligi mumkin, illo boshqalarning unga topshirilgan farzandi oldidagi burchini unutishga haqqi yoʻqligini juda yaxshi anglaydi. Axir, oʻqituvchi xat-savod oʻrgatmasa, ilmga, fanga qiziqish, orzu-maqsad uygʻotmasa, oʻquvchidagi isteʼdod kurtaklarini bahor oftobiday qulogʻidan choʻzib katta hayotiy jarayonlarga yoʻllamasa, ixtirolar, kashfiyotlar qayerdan tugʻilardi? Umr oʻlchagich – vaqt qadrini bildiruvchi soat, xonadonlarni nurafshon qilguvchi elektr-chiroq, koʻzlarga, dillarga zavq beruvchi televizor, qancha-qancha bebaho fursatlarning tejalishini taʼminlagan sharikli ruchka, uzoqni yaqin qilguvchi uchqur poyezd, samolyotlar, mobil telefonlar va moʻjizaviy qulayliklarni oʻzida mujassam etgan kompyuter qanday yaratilardi?

Bolaga saboq berish, uning ongu shuuriga ilmu fan ishtiyoqini singdirish esa oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas. Buning uchun oʻqituvchi ham avval muallim-ustozlardan saboq olib, maktabda, kollejda, institutda oʻqishi, yaʼni kamida 15 yil oʻsha ilm dargohlariga qatnashi, hayajon va hadiklarda imtihon topshirishi, diplom himoya qilishi, yana boshqa qancha dovonlardan, sinovlardan oʻtishi kerak.

Bir paytlar kechki maktabning yuqori sinflariga tarix va adabiyotdan bor-yoʻgʻi bir oʻquv yili dars berganman. “Mabodo bironta oʻquvchi men bilmaydigan narsani soʻrab qolsa nima qilaman?”, degan savol shuurimdan hech ketmas, darslik, qoʻllanmalarni qayta-qayta oʻqishga, koʻproq kitob varaqlashga harakat qilardim. Dars mobaynida ham boyagi savol miyamda aylanib turar, tanaffusga qoʻngʻiroq chalinsa, yengil nafas olardim. Toʻgʻri, hamma narsani bilishning iloji yoʻq, lekin oʻquvchiga shunday deb aytolmaysiz-ku. Agar birorta savolga qoniqarli javob berolmasangiz, oʻsha soniyadan oʻquvchi oldida obroʻ-eʼtiboringiz pasaya boshlaydi. Imonim komilki, mendagi xavotir boshqa har qanday oʻqituvchini ham mudom tashvishga, tahlikaga solib turadi – necha yil ishlasa, necha soat dars oʻtsa, shuncha yil, shuncha soat… Bir soat dars oʻtish uchun qancha reja-dastur tuzishning, qancha kitob-darslik oʻqishning, qancha daftar tekshirishning hisobiga ham yetish qiyin. Davomat muammosi esa doimiy bosh ogʻrigʻi…

Oʻqituvchi sinfidagi har bir oʻquvchining bilimi, intizomidan tashqari xatti-harakati uchun ham masʼul. Oʻzlashtirolmayotganlarga alohida vaqt ajratishi, ularning uylariga borib, ota-onalari bilan suhbatlashishi zarur boʻladi. Dakki, tanbeh ham eshitadi. “Bolaga uyda biz, maktabda siz javobgarsiz” deydiganlar bor. Yana, feʼl-atvori murakkab bolalar bilan “til” topishish, ularni yoʻlga solish… Yana qancha jamoat ishlari unga muntazir: mavze, mahalla haqidagi hujjat, maʼlumotlarni tartibga keltirishga koʻmaklashish, saylov jarayonlarida faol ishtirok etish.

Agar qishloqda boʻlsa, fuqarolar yigʻini xodimlari bilan mahalla aylanish: odamlarning yashash tarzlarini oʻrganish, tomorqalaridagi mevali daraxtlar, poliz, sabzavot ekinlarini hisobga olish, ekmaganlarni daʼvat etish, targʻib qilish, yordam koʻrsatish;

“Ha, degan tuyaga madad”, deganday, kuzda dam olish kunlari hasharda, shuningdek, shanbaliklarda ishtirok etish…

Agar oʻqituvchi ayol kishi boʻlsa (hozir ularning toʻqson, balki undan ham ortiq foizi xotin-qizlar ekanligi hech kimga sir emas) uyda ovqat pishirish, kir yuvish, dazmol bosish, hovli supurish (balki sigir ham sogʻar, kuv qilar), eri, bolalarini nonushta qildirib, kiyintirib bogʻchaga, maktabga joʻnatish, mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻdagi toʻy-marosim va boshqa izdihomlarga dasturxon-savat tayyorlab borish va boshqa oilaviy yumushlar ham uning zimmasida. Bir boshga shuncha tashvish, shuncha masʼuliyat!..

Bir oʻqituvchi, aytaylik, haftasiga 16 soat dars oʻtadi. Bu bir oyda 64 soat, bir oʻquv yilida 500 soat…

Agar oʻqituvchi oʻrtacha 35 yil ishlasa, demak, oʻquvchilarga oʻn sakkiz ming soat dars oʻtadi. Bir yilda taxminan uchta sinfga kirsa, 80-100 ta – 35 yilda 35 mingta oʻquvchiga bilim, saboq beradi. Bironta ota yo onaning oʻz farzandiga bir-ikki soat qanoat bilan, astoydil taʼlim-tarbiya, saboq berganini koʻrganmisiz? Tasavvur qila olasizmi?

Biroq oʻqituvchi zimmasiga yuklanadigan vazifalarni aslo ogʻir olmaydi, zorlanmaydi, hammasini tabiiy, hayotiy zarurat deb hisoblaydi. Faqat, tanaffus paytida bironta oʻquvchining tasodifan yiqilib yo qoqilib tushib biron joyi shilingani, boringki, lat yegani uchun dakki-tanbeh eshitsa, malol keladi. Toʻgʻri, oʻqituvchi, xususan sinf rahbari, oʻquvchi uchun masʼul, lekin har bir bolani muttasil, har lahza nazorat qilib turish imkondan tashqari jarayon.

Oʻqituvchi shuning uchun ham har qancha hurmatga munosibki, uning oʻzidagi barcha bilim va fazilatlarni oʻquvchi-shogirdlariga baxshida etishi xuddiki, egnidagi bor ust-boshini sovuqdan dildirab turgan boshqa birovga kiydirib yuborgan kishiga oʻxshaydi. Ammo shuncha xizmati, himmatini minnat qilishni xayoliga ham keltirmaydi, balki shunchaki burchimni oʻtayapman, deb oʻylaydi.

Hazrat Alisher Navoiyning ranj, aziyat chekib birovga bir harf oʻrgatgan odamning, yaʼni oʻqituvchi-ustozning haqqini har qancha tilloyu ganjlar bilan toʻlab, ado etib boʻlmas, degan hikmatini chuqurroq mushohada qilsak edi… Bu boradagi katta eʼtibor va ahamiyatga molik misol – Sohibqiron Amir Temurday buyuk insonning vafotidan soʻng oʻzini piri-ustozi Mir Said Baraka qabrining oyoq tomoniga qoʻyishlarini vasiyat qilishidir. Bu tarixiy hodisa jahon ahliga ibrat boʻlgulik ehtirom timsoli edi.

Birinchi Prezidentimiz qarori bilan “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ning belgilanishi va umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi, har yili bir necha oʻnlab muallim va murabbiylarning davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanayotgani aynan yuqoridagi ehtirom, izzat-ikromning davomi emasmi?

Ey savobu, saxovat ahli! Ey, buyuk Yoʻlboshchimiz “… oʻzimning eng yaqin maslahatchilarim va maslakdoshlarim” deya alqagan ulugʻ va tabarruk insonlar! Ey, olijanob va kamtarin muallim-murabbiylar! Sizlarga oʻzimning, balki kechikkan, balki mavridli taʼzim, ehtiromimni yoʻllayotganim, sizlarga boʻlgan beqiyos mehr-muhabbatimni izhor etayotganimni oʻylab, yengil tortayotgan ekanman, umidvor va aminmanki, Sizlar ranj chekib bir emas, oʻttiz harf oʻrgatgan turli soha egalari – olimlar, arboblar, shifokorlar, muhandislar, ijodkor, sanʼat ahli orasida Sizlarni suyuvchilar, eʼzozlovchilar bisyor va ular, albatta, oʻzlarini ushbu satrlar muallifi bilan hamfikr, deb hisoblasalar ajab emas. Shoir aytganidek:

Ey, mening koʻzimga koʻhna dunyoni,

Ming marta yashartib koʻrsatgan inson.

Ey, menga odobu mehru hayoni,

Hamisha ulugʻlab soʻz qotgan inson…

Oltin kuz tongida yana esladim,

Sizni, ey, aqlimga nur qoʻygan ustoz!

Hayotda oʻzimni baxtli sanardim,

Siz chekkan zahmatni oqlolsam bir oz!

 

 

Qamchibek KENJA,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.