Olimning suvrati va siyrati

0
145
marta koʻrilgan.

Odamki bor, uning suvrati siyrati uchun niqob vazifasini oʻtaydi. Odamki bor, uning suvrati va siyrati bir-biriga monand, ular oʻrtasida ajib bir uygʻunlik bor. Bunday odamlarni nuroniy odamlar deb atashadi – ularning chehrasidan nur yogʻilib turganga oʻxshaydi. Bu nur bir qarashda dabdurustdan koʻzga tashlanmaydigan, lekin odamning butun xulqi-atvorida, xatti-harakatida, gap-soʻzlarida sezilib turadigan fazilatlar nuri.

Bu gal shunday insonlardan biri toʻgʻrisida hikoya qilib bermoqchiman. (Bu Shoislom Shomuhamedov)…

…Mening Shoislom Shomuhamedov bilan yaqindan tanishuvim 1957 yilda sodir boʻldi. Shu yili Toshkentda, hozir Gʻafur Gʻulom nomi bilan atalayotgan Adabiyot va sanʼat nashriyoti tashkil qilindi. Nashriyot direktori Nasrullo Oxundiy meni adabiyotshunoslik boʻlimida ishlashga taklif qildi. Men bilan birga sharq boʻlimida ishlash uchun Shoislom Shomuhamedov ham taklif qilingan ekan. Biz qisqa muddatda juda inoqlashib ketdik. Shoislom aka mendan sakkiz yosh katta edi – u urushga borib kelgan, keyin universitetda oʻqigan, bir necha yil amaliy ishlarda ishlab durustgina tajriba orttirgan edi. U ham men kabi avval nashriyotlarda ishlab koʻrmagan boʻlsa-da, adabiyotni yaxshi koʻrgani va yaxshi bilgani uchun, aql-zakovati va idroki yuqori boʻlgani sababli birinchi kunlardan boshlaboq butun umri nashriyotda oʻtgan odamdek ishga kirishib ketdi…

…U sharqning mashhur asarlarini nashr ettirishda har gal qandaydir yangilikka intilar, kitoblarning jozibadorligi yuksak boʻlishiga, kitobxon qoʻlida choʻgʻday yonib turishiga erishishga harakat qilardi. Mana, buyuk sharq bulbuli Hofizning gʻazallarini olaylik. Bu kitobning oʻzbek tilida chiqishining oʻzi-ku har bir oʻzbek uchun ulugʻ bir tuhfa. Lekin Shoislom aka bu bilan qanoatlanmaydi. U kitobning bir betida gʻazalning oʻzbekcha tarjimasini beradi-da, ikkinchi betida uning forscha matnini arabcha husnixatda beradi. Tishi oʻtadigan odam tarjimani asliyat bilan taqqoslab, kerakli xulosani chiqarib olaveradi. Yoki Umar Xayyom ruboiylarini olaylik…

…Shoislom aka, nazarimda, Umar Xayyomni boshqacha bir mehr bilan suyar va shuning uchun ish kabinetida bu buyuk insonning ruhini barqaror qilishga intilardi. Kitob javonlarida shoirning rus, ingliz, fransuz, eston, hind, turk, oʻzbek va fors tillarida chiqqan kitoblari terilib turardi. Bir kuni Shoislom akanikiga borib, kabinetga koʻtarildim. Yozuv stolining yonida oʻrtacharoq kattalikda bir xum paydo boʻlipti. Uning usti sirlanmagan, lekin arabcha chiroyli yozuvda Umar Xayyomning bir ruboiysi yozib qoʻyilipti. Hayron boʻlib, Shoislom akaga qaradim.

– Ota-bobolarimiz shunaqa xumlarda sharob ichishgan. Biz ham shu udumni qilaylik-da…

Shoislom aka xumning oldiga borib, uning ichiga qoʻlini tiqdi-da, ikki shisha oq musallas oldi. Xayyom ruboiylarini oʻqiy-oʻqiy musallasdan noʻsh qilmoqning gashti boshqacha boʻlar ekan. Xullas, Shoislom aka ana shunaqa shinavanda, dilkash odam…

 

Ozod Sharafiddinov,

Oʻzbekiston Qahramoni

 

2001 yil

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.