Odil Yoqubov fenomeni

0
268
marta koʻrilgan.

Ey charx, ne davrlarniki dast etting,

Davringda muhabbat ahlini mast etting.

Har kimniki olamda zabardast etting,

Oxir ajal ilgidin oni past etting.

(Alisher Navoiy)

 

Odil Yoqubov fenomeni. Uni idrok etish, fahmlashga intilish oʻz xalqini jondan sevgan ulugʻ adibning bepoyon olami sirlaridan voqif etadi. Bu hol beqiyos tarixiy asarlari, goʻzal qissalari, takrorlanmas hikoyalaridagina emas, balki fikri-zikri, oʻy-mulohazalarida ham aks etganiga shubha yoʻq. Zero, oʻz ichki his-tuygʻularidan oziqlangan ijod ahli dil va til birligiga erishibgina samimiy hamsuhbat topa oladi.

U ijtimoiy-siyosiy hayotning eng murakkab jarayonlariga faol aralashar, kurashar, oʻz xalqi manfaatlarini himoya qila olmasa, ertaga yozganlarini birov oʻqib tushunmaydigandek xavotir his etayotganga oʻxshardi.

Bu xavotir bugun bizga ham begona emas.

Atoqli yozuvchining asarlari tarozi posangisining bir tarafini bosib tursa, ikkinchisini ijtimoiy-siyosiy faoliyati band etgan. Uning Moskvadagi tarixiy nutqi buning yorqin dalili. Adibning quyida eʼlon qilinayotgan turli masalalarga bagʻishlangan fikr-mulohazalari ana shu fenomenning oʻziga xos jihatlarini aks ettirgani bilan ahamiyatlidir.

 

“Bunday qilish madaniyatga kirmaydi”…

Har qanday jamiyatning oʻziga xos muammolari, vazifalari boʻladi. Qadim-qadimdan shunday. Oʻsha muammo-yu vazifalarni adabiyot oʻrtaga olib chiqadi, hal qilishda yoʻl koʻrsatadi. Albatta, biz adabiyot deganda boʻlar-boʻlmas gaplarni kitob qilib chiqarishni emas, haqiqiy maʼnodagi adabiyotni nazarda tutamiz. Adabiyot xalqning koʻnglida qat-qat boʻlib yotgan gaplarni aytadi.

Sobiq Ittifoq oʻrnida mustaqil davlatlar paydo boʻldi. Bu burilishlar, oʻzgarishlar adabiyotda qanday ifodasini topishi kerak, ongi hali oʻsha eski tushunchalar bilan qotib qolgan inson nimalarni topayapti-yu nimalarni yoʻqotayapti – bu gaplarni adabiyot tushuntirmasa, siyosiy guruhlar oʻz manfaatlaridan kelib chiqib nimalar demaydi? Ularning aksariyati hokimiyatni egallab olgach, xalqqa bergan vaʼdalarini unutadi yoki “soʻzda boshqa, amalda boshqa” qabilida nayrang bilan aldashni boshlab yuborishadi. Mustabid tuzumning eng katta illat ana shunda edi. Koʻngil kechinmalari, evrilishlarini asosiy mavzu sifatida belgilagani uchun adabiyot Inson tomonida. Hamisha uning himoyasiga otlanib turadi, agar shunday qilmasa, u soxta niqobda tezda unutilishga mahkum boʻladi. Mana, masalan, Aleksandr Soljenitsin Rossiyaga qaytib kelgach “rahmat, rahmat”, deb qoʻlini koʻksiga bosib, oʻziga qulay sharoit istagani yoʻq. Uzoq Sharqqacha borib koʻrdi, odamlarning turish-turmushi, hayot qiyinchiliklaridan ogoh boʻlib, “ijtimoiy himoyasiz tashlab qoʻyilgan odamlarni koʻrdim”, degan gapni aytdi. Buni Rossiya hukumatidagilar ham toʻgʻri qabul qildi. “Mustaqil boʻldi-yu hamma muammolar bartaraf boʻlib ketdi”, degan gaplardan qochish kerak. Bizda shunga moyillik kuchli. Toʻgʻri gapniyam maqtovga aylantirib aytmasak, negadir koʻnglimiz toʻlmaydi. Bunday qilish madaniyatga kirmaydi.

 

“Odamlar hozir kitob oʻqimay qoʻydi”

Hayotdagi burilishlarni adabiyot baholi qudrat aks ettiryapti. Ammo adabiyotning oʻzida ham burilishlar, oʻzgarishlar boʻlyapti, deb aytish qiyin. Shu kunni aks ettirayotgan katta asarlar kerak. Intilishlar, harakatlar bor-u, lekin qoniqarli emas. Adabiy asarni yozishdan maqsad-muddao nima? Uni xalq oʻqisin-da! Endi toʻgʻrisini aytish kerak, odamlar hozir kitob oʻqimay qoʻydi. Gazeta-jurnallargayam koʻp qaramaydi. Televizor koʻradi. Oʻyinchi, yallachilarning chiqishlari juda koʻp. Mayli, men qarshi emasman, lekin Lev Tolstoy keltirgan oʻsha nemis knyazining gapida jon bor-da! Oʻsha knyaz “qayerda qullar boʻlishini xohlashsa, oʻsha yerda koʻproq musiqa yaratilishi kerak”, degan ekan. Almoyi-jalmoyi musiqa joduga oʻxshab fikrni allalasa kerak-da! Bizga esa bugungi kunda fiklaydigan, tafakkuri keng odamlar kerak.

 

“Soxtalik tezda fosh boʻladi”

Endi biz va keyingi avlodni “yarq etgan asarlar berdi”, deb aytish qiyin. Yoshlarda intilish sezilib turibdi, baʼzan yaxshi natijalar ham berayapti. Hozir shunday bir gap bor: guyoki Sovet davrida yaratilgan asarlarning hammasi boʻlmaydi, ular partiyaviylik prinsipida faqat kommunistlarni maqtagan. Lekin oʻsha vaqtdayam adabiyotda insonparvarlik gʻoyalarini ilgari surgan, yaxshilikni, ezgulikni targʻib qilgan talay asarlar yaratilgan. Adabiyot oʻsha hayotni aks ettirgan boʻlsa, oʻquvchi undan kommunist obrazini olib tashlaydimi? Bu gaplar endi koʻproq tarixga nisbatan aytilib, yangi tarix yaratamiz, deyilayapti. Umuman olganda, prinsipial jihatdan olib qaralganda, bularning hammasi toʻgʻri. Har xil qarashlar shakllanayapti, jamiyatga qarashlar ham oʻzgarayapti. Masalan, “bosmachilik” deb atalgan harakatni olib koʻraylik. Bu harakatni faqat qoralash tendensiyasi mavjud edi, kim bosmachi-yu, kim milliy ozodlik harakatining qurbonlari ekanini bizga teskari tushuntirishardi. Mana, endi shu masalalarga aniqlik kirayotgani, albatta, yaxshi. Lekin “yangi tarix yaratamiz”, degan gaplarni kampaniyaga aylantirmaslik kerak. Tarix haqida juda oʻylab yozish kerak, tarix degani har kimning didi-taʼbiga qarab oʻzgaradigan hodisa emas. Haqiqatga suyanish kerak. Haqiqat qaror topganda yolgʻon gaplar uchun yerga qarab, uyalib qolish kerak emas. Haqiqat baʼzan fikrlaringni rad qilishi mumkin, oʻylayotganlaringga mos kelmasligiyam mumkin, lekin nachora, u abadiy hodisadir, soxta haqiqat yarataman, deb chiranganlar tezda fosh boʻladi. Chala-chulpa, u yoqning hammasini qoralab, endi bu yogʻini “nurafshon” qilishning hech hojati yoʻq. Xalq hammasini oʻz koʻzi bilan koʻrib turgach, bunaqa chalgʻitishlardan boshqacha xulosa chiqaradi. Ehtimol, muayyan doiralarning manfaatlari uchun bu narsalar maʼlum bir vaqtda xizmat qilar, ammo umri uzoqqa choʻzilmaydi. Har bir hodisaga har tomonlama, chuqur ilmiy yondashuv kerak. Oʻzi biz biryoqlamalikka oʻrganib qolganmiz, ogʻzimizdayam bitta emas, bir nechta til borga oʻxshaydi.

 

“Tarixchi xolis boʻlishi kerak”

Avval Stalinni juda “bardor-bardor” qilishgan. Tirikligida unga bagʻishlab sheʼrlar yozilar, uning sharafiga qoʻshiqlar toʻqilardi. Toʻgʻri, qattiq qoʻrqishgan-da… Shuning uchun oʻlganidan keyin uning yaramas ishlari, millionlab odamlarning yostigʻini quritgani haqida adolatli gaplar yuzaga chiqdi. Uni qoralab, hamma magʻzavani ustiga toʻkdik. Lekin xalqning bu odamga munosabati boshqacha edi. Hozir ham shunday. Nega? Mana shu mustabidning qilgan ishlari juda dahshatli, million-million odamlarning yostigʻini quritgani kechirilmas boʻlgani bilan urush davrida uning ham xizmatlari boʻlgan ekan. Endi-i baʼzilar “bizni Gitler bosib olgandayam yaxshi boʻlardi”, deyishadi, bu ahmaqona gap. Chunki fashizmga oʻshandayam, hozir ham insoniyat qarshi turgan. Chunki fashistik gʻoyalar kommunistik gʻoyalarga qaraganda ming marta dahshatli va fojiali oqibatlarga olib kelganini tarix isbotlagan. Men oʻzim urush qatnashchisi sifatida fashizmni bartaraf etishda Stalinning qanday xizmati singganini yaxshi bilaman. Uning shaxs sifatida koʻrinib turgan jihatlarini ham nuqsonga aylantirib aytish oson, ammo Moskvaga fashist yaqinlashganda shaharni tashlab ketmagani, Navoiy yubileyi qamal holatidagi Leningradda nishonlanishi kabi hodisalar ham uning nomi bilan bogʻliq. Tarixga hayotiy haqiqatdan kelib chiqib, toʻgʻri yondashish kerakligi shunda bilinadi. Hozirgi soxta tarixchilar erta bir gap boʻladigan boʻlsa, oʻzlarini darrov panaga tortmay, shunday gaplarni aytganman, deya olish uchun ham bu borada xolislik zarur.

 

“Xalq – abadiy hodisa”

Xalq, xalq deymiz-u, lekin koʻpincha bu xalqning oʻzi kim, uning qoʻlidan nima keladi, uning nomi bunchalik koʻp tilga olinadi, deb oʻylab ham koʻrmaymiz.

Xalq juda murakab tushuncha.

Masalan, Pushkin uni “qora avom”, deb atagan. Xalq shundayki, baʼzan yaxshilikni tushunmaydi, bilmaydi. Buni men hozir dabdurustdan aytayotganim yoʻq. Pushkin nima uchun shunday degan? U xalqning dardini aytib turganida, xalq qabul qilmaganidan keyin “qora avom” deb qoʻya qolgan-da!

Nima deysiz, xalq-da!

Chernishevskiyning “Nima qilmoq kerak?” degan kitobi mashhur edi. Inqilobchi boʻlgan-da uyam! Oʻzicha xalq uchun kurashgan. Uni oʻlimga hukm qilishgan. Senatda koʻrib chiqishib, keyin surgun qilmoqchi boʻlishgan. Oʻsha kuni Senat maydoniga Peterburgning yoshu qarisi toʻplanib chiqqan.

Ular Chernishevskiyning yonini olish uchun chiqishganmidi?

Oʻzlari uchun umrini xazon qilayotgan fidoyi insonni sharmandagarchilikdan qutqarib qolmoqchi boʻlishganmidi?

Aslo!

Ular shunchaki tomosha qilish uchun chiqishgan. Hayvonot bogʻi yoki sirkka qanday kayfiyatda borishsa, Senat maydoniga ham shu kayfiyatda toʻplanishgan.

Endi-i Chernishevskiyning ahvolini bir tasavvur eting-da! Bundan koʻra boshini qilich bilan shartta uzib tashlashsa maʼqul edi-ku?!

“Shu xalq uchun kurashdimmi, ahmoq ekanman”, degan Chernishevskiy.

Buyam xalq-da.

Mana, hozir Qodiriy, Choʻlponlarni koʻtarib, oʻsha vaqtlarda notoʻgʻri ishlar boʻlganini aytmoqdamiz. Lekin ularni qamaganda hammayam notoʻgʻri ish boʻldi, deb aytmagan. Hatto majlislar qilishib, odamlar qoralab gapirishgan, bir-birlarining gaplarini tasdiqlashgan, “xalq dushmanlariga oramizda oʻrin yoʻq”, deyishgan. Bunday gaplarni aytgan, hatto yozib, unga qoʻl qoʻyib berganlar orasida katta-katta yozuvchilar ham boʻlgan. Ular tazyiqdan boʻlak, toʻgʻri boʻlayapti, deb oʻylashgan-da!

Bunga nima deysiz?

Xalq Leninning shafqatsiz gʻoyalari ortidan ham ergashib ketdi-ku?! Burjuylar deb, savdogarlar deb oʻris millatining “guli”ni qirib tashlashdi-ku! Ularning hammasi yuz yillik biologik kurashdan chiqan yangi qatlamlar edi, millatning “guli” hisoblanardi – bu oʻzining oyogʻiga oʻzi bolta urish bilan barobar edi. Dvoryan boʻlish oson emasdi. Qobiliyatli, isteʼdodli odamlar ajralib chiqqandi. Oʻzimizdayam shunday boʻldi: “boysan, quloqsan, eshonsan”, deb qanchadan-qancha aqlli odamlarni qirishdi. Shu gaplarga ishongan, shu gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlagan xalq, bunday aytgan-da, olomon bor-da!

Bir podshoh “Boʻysiningiz”, deya amr qilarkanu, keyin “qullarni boshqarishdan charchadim”, deb nola chekarkan.

Xalqchilik-da.

Endi “xalq” tushunchasi juda murakkab. Xalqni yomonlab hech kim obroʻ topmagan. Chunki oxir-oqibatda u haq boʻlib chiqadi. Tarixda qoladigan xalq. Xalq – abadiy hodisa.

 

“Haqiqat”

Katta haqiqatlarni aytgan yozuvchilarniyam xalq har doim toʻgʻri qabul qilavermaydi. Masalan, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini oʻsha vaqtda rus xalqi juda sovuqqonlik bilan qarshi olgan. Oʻqimagan. Shu darajaga borganki, Lev Tolstoyda Rossiyani tark etish istagi ham tugʻilgan. Butun yurak qoʻrini berib yozgan asarini oʻz xalqi bunday kutib olishi yozuvchini qattiq ranjitgan. Endi “Urush va tinchlik”ning bosh qismlari biroz zerikarli yozilgani, choʻzilib ketgani bor gap. Lekin bir narsani unutmaslik kerak: umuminsoniy, dunyoviy muammolarni koʻtarib chiqishga bel bogʻlagan jiddiy, haqiqiy maʼnodagi nasr hamisha ham xuddi hangoma yoki latifaga oʻxshab yengil-yelpi yoki qiziqarli voqealar bilan boshlanishi shart emas. “Urush va tinchlik” asari dunyo turguncha turadigan asar, lekin oʻsha paytdagi rus xalqining tushunchasi uni qabul qilishga tayyor boʻlmagan. Umuman, “haqiqat, haqiqat”, deyishadi-yu haqiqatni har kim ham oʻz vaqtida toʻgʻri tushunavermaydi. Shuning uchun Navoiy Zunnun Misriy tilidan “uchinchi ilm keltirdim, na omma qabul qildi, na xos qabul qildi – bu haqiqat ilmi”, deydi.

 

“Inqilob”

Umuman olganda, Marks va Leninning gʻalati tomoni shundaki, ming yillardan buyon inqilob boʻlayotgani, lekin birorta inqilob xalqqa baxt-saodat keltirmaganini bila turib, baribir “yana inqilob kerak”, deyaverishgan. Stalin esa atrofidagi hamma inqilobchilarni qirib tashladi.

Endi fransuz inqilobini olib koʻraylik.

Fransuz xalqi rus xalqiga nisbatan ancha maʼrifatli ekan, oʻzining inqilobidan tez sovugan, tez qaytgan.

Rus inqilobi million-million odamlarning yostigʻini quritdi. Shunday boʻlsa-da, bunga ishongan odamlar koʻp edi. “Baxt keltiradi, yaxshilik keltiradi”, deb ishonishgan-da! Men bunday odamlarning koʻpchiligini bilaman.

“Diyonat” nomli asarimda Normurod Shomurodov obrazi bor. Mana shu odam hayotda bor edi. Otamning doʻsti edi. Bu odamlar gʻoya bilan yashagan, hayotda roʻshnolik koʻrmay, xor-zorlikda oʻlib ketishgan.

Bobom dindor kishi edi, shayx boʻlgan. Oʻtgan asrning oʻn oltinchi yili nihoyatda ogʻir kelgan. Qurgʻoqchilik boʻlgan, yomgʻir yogʻmagan. Gʻalla kuyib ketgan. Mollar qirilgan. Shunda shayxning bolasi, yaʼni otam oilasini boqolmay qolgan. Bir boyning oʻgʻli oʻrniga yollanib, mardikorlikka ketgan. Belorussiya oʻrmonlarida front uchun daraxt kesgan. Oʻsha yerda bir juhud Marks taʼlimotini oʻrgatgan. Qarabsizki, otamiz “bolshavoy” sifatida qishloqqa qaytib, toʻpolon boshlagan. Bobomiz dindor boʻlgani uchun uniyam tinch qoʻymagan, sal qolgan yoʻq qilib yuborishiga. Oʻzining otasini-ya! Oʻsha kommunistlar mol-dunyo toʻplamagan, kambagʻallar qanday yashasa, shunday yashagan. Oʻzlarining gʻoyasiga nihoyatda sadoqatli boʻlgan.

 

“Adabiyot”

Gʻarb adabiyotiga intilish masalasida oʻz fikrimni aytsam, bu yaxshi natijalar berishi kerak. Ammo chalkashib ketishdan ehtiyot boʻlish lozim. Soddaroq boʻlishi uchun tabiatdan misol keltiraman.

Afrikada baobab daraxti oʻsadi. Juda ulkan daraxt. Koʻp hayvonlar uning soyasida yotib, mevasini yeb umrguzaronlik qiladi. Kokos degan daraxtning har biri handalakday-handalakday keladigan katta yongʻoqlari boʻladi. Ichida sutga oʻxshagan shirasi bor. Nihoyatda shirin, foydali. Ana shu daraxtlarni Oʻzbekistonga olib kelib ekilsa, oʻsmaydi.

Bizda esa shunaqa shirin qovunlar borki, afrikaliklar bunaqasini tushidayam koʻrmaydi. Bolalik paytimizda har xil kimyoviy dorilar yoʻq edi, shuning uchun boʻlsa kerak, qovunlarning taʼmi tilni yorardi. Abu Ali ibn Sino qovunning shifobaxsh xususiyatlarini koʻp taʼriflagan. Oʻrik bilan qovun ichki kasalliklarga judayam davo emish. Goʻshti bir qarich boʻlgan qora, oq qovunlar, bosvoldi… Oʻshalarni yeb katta boʻlganmiz-da! Hozir bosvoldini yeb boʻlmaydi…

Adabiyotda ham tabiatdagi kabi bir xususiyat bor. Uyam oʻz zamini, ildizi, anʼanalariga ega boʻlishi kerak. Abdulla Qodiriy buni yaxshi tushungan, shuning uchun xalq yaxshi koʻradi. Adabiyot ahli hadeb oʻzini uyoq-buyoqqa uravermasdan ana shu jihatlarni doimo yodda tutishi kerak.

Endi adabiyotdagi fojialarimizni aytay. Balki bu bizning shaxsiy, adashishlardan soʻng anglagan fojiamizdir – unchalik ahamiyati yoʻq. Yozuvchi oʻz soʻzi, oʻz fikriga ega boʻlishi kerak. Har qanday oʻzgarishlarni birovlarning gapi yoki buyrugʻi bilan emas, oʻz qalbida sintez qilishi lozim. Yozuvchi qalbi aldamaydi. Shelli “Shoirlar – dunyoning tan olinmagan qonunshunoslaridir”, deganda haqiqiy ijodkorlarni nazarda tutgan. Haqiqiy yozuvchilar ham shunday.

Xalq xarakterini bor boʻy-basti bilan tasvirlashda ancha oqsaymiz. “Xalqning haqiqiy ahvolini yozish kerak”, degan bilan, shiorbozlik qilish bilan ish bitmaydi. Madhiyabozlik adabiyotni oʻldiradi. Masalan, zamonlar oʻtib ketsayam, xalqning haqiqiy ahvolini koʻrsatgan adabiyot tarix boʻlib qoladi. “Ana shunaqa boʻlgan ekan”, deyishadi. Ilgari optimistik degan gaplar bor edi. Hatto optimistik tragediya deyishardi. Tragediya ham optimistik boʻladimi? Ahmoqona gaplar-da! Bu kasallik miyasiga urmagan kamdan-kam yozuvchi bor edi. Chingiz Aytmatov yaxshi ustozning qoʻliga tushdi. Muxtor Avezov mashhur “Abay” romanidan tashqari juda koʻp yaxshi asarlar yozgan, ulkan yozuvchi. Chingizning “Jamila”dan keyingi qissasi “Noviy mir” jurnalida bosilganda “Toʻgʻri yoʻldan ketayapsan” deb unga dalda bergan, shogirdining har bir qadamini diqqat bilan kuzatgan. Biz endi-i… chalgʻib kelganmiz.

Qanchadan-qancha iqtidorli, gullab turgan yozuvchilar surgunda oʻlib ketishdi, otilib ketishdi. Adabiyot va siyosat masalasi juda murakkab-da. Adabiyotning umri boqiy, siyosat esa oʻtkinchidir. Adabiyot oʻzini oʻtkinchi narsalarga sarflamasligi lozimligini partiyaviylik prinsipi koʻrsatib qoʻydi. “Unday-bunday” deymiz-u, hamon saboq chiqarishni bilmaymiz.

Oʻsha paytlarda haqiqatni yozgan yozuvchilarning asarlarini chiqarishmagan. Ular xor boʻlgan, qora non yegan, yeyishga noni boʻlmagan, lekin hech kimga hech qachon sotilmagan.

Mana, misol uchun Mixail Bulgakovni olaylik. “Usta va Margarita”, “Oq gvardiya” asarlarini vaqtida chiqarishmagan, zugʻum qilishgan. Lekin yozuvchi haqiqatni aytishdan toymagan. Chunki u toʻgʻri yoʻlni tanlaganini juda yaxshi bilib turgan.

Adabiyotda toʻgʻri yoʻlni tanlay olish juda muhim.

 

“Milliy gʻurur”

Milliy gʻurur haqida ikki ogʻiz mulohaza: keyingi paytlar negadir oʻzimizning nonimizni talashib yeyolmaydigan boʻlib qolayapmiz-da! “Qachon odam boʻlamiz?” degan maqolamda bu haqda aytgan edim. Ziyolilar orasidayam, boshqalar orasidayam bir-birini koʻrolmaslik, bir-birining payini qirqish, kovlashtirish hech qaysi millatda bizdagidek boʻlmasa kerak. Mudom oʻtib ketgan ota-bobolarimiz bilan ogʻiz toʻldirib maqtanamiz, bu yoqda esa bilganimizdan qolmaymiz, juda maydalashib ketganmiz.

Masalan, otadan toʻrt nafar farzandga katalakday bir hovli meros qolgan. Hovlida har kuni qirpichoq, urush-janjal. Shu bir parcha yerni talashish bilan mashgʻul. Boshqa joydan uy qurish hech kimning xayoliga kelmaydi.

Bunday holat boshqa millatlarda boʻlmasa kerak. Endi-i oʻzbeklar ham hadeb bir-birini kovlashtirmay, bir-birini qoʻllab-quvvatlashi kerak. “Oʻsadigan el bir-birini botirim deydi”, degan gapni tez-tez takrorlaymiz, biroq unga amal qilishga kelganda esa ahvol “eski hamom-eski tos”!

 

“Urush”

Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 50 yilligi nishonlanayotganda Moskvadagi bir yigʻilishga Oʻzbekistondan vakil boʻlib bordim. Sobiq Ittifoqning hamma respublikalaridan vakillar kelgan ekan. Hammasining vajohatidan ot hurkadi – generallar, marshallar. Ular orasida faqat men yozuvchi edim. Eski tartib boʻyicha avval ukrainalik vakilga soʻz berildi. Bir general minbarga chiqib olib, Sovet Ittifoqini parchalaganlarning poʻstagini qoqa ketdi. Xumordan chiqquncha soʻkdi. Uni rosa olqishlashdi. Hammasi harbiylar-da! Belorussiyadan kelgan vakil avvalgisining gaplarini aynan takrorladi. Ungayam rosa qarsak chalishdi.

Keyin menga navbat keldi. Urush paytida bir million nafarga yaqin odam Oʻzbekistonga koʻchib kelganini, ikki yuz ming yetimni oʻzbek xalqi asrab olganini gapirdim.

Oʻn toʻqqizinchi asrda rus adabiyoti eng adolatli adabiyot boʻlganini aytdim. Kavkaz urushi boʻlayotgan paytda Tolstoy, Pushkin, Lermontov kavkazliklarning yonini olib, uchta bebaho asar yozishdi, dedim. Tolstoy qarigan chogʻida yaratgan “Hojimurod” asarida Hojimurodning oʻlimi tasvirini yigʻlab yozgani, Nikolay poshsho, bosqinchi ruslarga nafratini yashirib oʻtirmagani, chechenlar tarafini olganini aytdim.

Zal jim.

“Mana, hozir birorta rus madaniyat arbobi chiqdimi, oʻzi bu xalqqa nima boʻldi, aynidimi?” deb soʻradim. Urush toʻgʻrisida filmlar yaratdilaring, “Gʻalaba” filmini ham koʻrdik, hamma qahramonlar oʻris, bittayam oʻzbek yoʻq, boshqa xalqlarning ham vakillari yoʻq. Gʻalabaga faqat oʻris erishgan boʻlsa, bizni nega bu yoqqa chaqirib oʻtiribsizlar”, dedim.

Bu gal mengayam qarsak chalishdi.

 

“Ijodkor va Shaxs”

Ijodkor va Shaxs – katta masala. Ideal ijodkor, albatta, Shaxs boʻlishi kerak. Oʻzbek adabiyotida, masalan, Mashrabni Shaxs deyish mumkin. Uning birinchi vazifasi haqiqatni, xalqning dardini aytish boʻlgan.

Shaxsning qarashlari koʻpincha jamiyatdagi qarashlarga toʻgʻri kelmasligi mumkin. Shunda uning boʻyniga biror arzimas ayb qoʻyib, oʻldirib yuborishadi. Biroq ularning ruhi hamma zamonlarda bedor boʻlib turadi.

Ulamolar fatvo berib, Mashrabni Balxda oʻldirishdi. Hozir “dindorlar shunday qildi”, deyishga hech kim jurʼat etmaydi. “Mahmud Qatagʻon oʻldirgan”, deb aytishadi, lekin Mahmud Qatagʻon osishdan avval ulamolarning fatvosini olgan. Ulugʻbekniyam shunday qilishgan. Oʻn olti nafar ulamo fatvo bergan. Faqat bittasi – Samarqand qozisi Xoʻja Mishkingina bunga qarshi chiqqan. Aslida, u oʻz vaqtida Ulugʻbekka qarshi gapirgan, Ulugʻbekni qoʻllab-quvvatlamagan.

Navoiy hazratlari yirik Shaxs boʻlgan. Ul zot ijoddan tashqari bogʻlar yaratgan, machit-madrasalar qurgan, yetim-yesirlarga homiylik qilgan. Podsho Husayn Boyqaroga ham haqqoniy gaplarni ayta olgan.

Shaxs boʻlish, Shaxs sifatida tan olinish judayam qiyin. Eng muhimi, yozuvchi ijodida xalqning asl dardlarini ayta olsa, hayotni haqqoniy tasvirlasa, uning boshqa kamchiliklarini xalq kechiradi. Ayniqsa, hozir bunday fazilatlar juda zarur.

 

“Mustaqillik”

Mustaqillikni yengil tushunmaslik kerak, uni shiorbozlikka aylantirib yubormaslik zarur. Mustaqillik – bu oʻsha xalqning oʻz fikriga ega boʻlishi, Shaxsning kamol topishi degani. Mana, allani boshqa tilda eshitib boʻlmaydi. Shunday boʻladigan boʻlsa, oʻz xalqi, oʻz tuprogʻi, oʻz Vatanini sevadigan odam boʻlib yetishish qiyin. Soxta vatanparvarlikdan Xudo asrasin!

 

Shoyim BOʻTAYEV

 

Manba: ishonch.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.